Sidebar

"Қашқадарё" ва "Новости Кашкадарьи" газеталарининг расмий веб-сайти
Ўқимоқчи бўлган газетангиз номи устига босинг!
(Нажмите на логотип газеты, которую планируете прочитать)

22 - iyul, yakshanba.

5 OYDA 345 YONG‘IN, 5 TA O‘LIM HOLATI, 521 MILLION SO‘MDAN ORTIQ MODDIY ZARAR

So'nggi yangiliklar
Tipografiya

Olov – xotirjamlikka g‘ov

 

5 OYDA 345 YONG‘IN, 5 TA O‘LIM HOLATI,

 

521 MILLION SO‘MDAN ORTIQ MODDIY ZARAR

 

Bu viloyatimizda YOXX tomonidan qayd etilgan raqamlar

 

Inson tafakkurining mahsuli sifatida kashf etilgan olov bugun biz uchun hayotimizning ajralmas qismiga aylandi. Olovsiz bir kunimizni ham tasavvur eta olmaymiz. Biroq u kundalik turmushimizda qanchalik muhim o‘ringa ega bo‘lsa, xavfli talafotlarga ham qodir. Buni esa har doim ham o‘ylab ko‘ravermaymiz, bilib-bilmay yong‘in chiqishiga yo‘l qo‘yib beramiz.

 

To‘g‘ri, ba’zida yong‘inlarning kelib chiqishi tasodif, uning oldini olish imkonsizdek tuyuladi. Ammo bunday emas, aksariyat hollarda yong‘inning yuz berishiga kishilarning e’tiborsizligi, xavfsizlik qoidalariga bepisand qarashi sabab bo‘ladi.

 

Holatlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, joriy yilning o‘tgan 5 oyi davomida viloyatimizda 345 ta yong‘in ro‘yxatga olingan. Ular oqibatida 5 kishi halok bo‘lgan. Yong‘inlarning 74 foizi aholi turar joylariga to‘g‘ri keladi. Bunda ko‘rilgan umumiy zarar miqdori esa 521 million 340 ming so‘mni tashkil etmoqda.

 

Sodir bo‘lgan yong‘inlarning 33 tasi, ya’ni qariyb 10 foizi bolalarning olov o‘ynashi oqibatida kelib chiqqan. Shuningdek, nosoz gaz uskunalari, neft mahsulotlaridan xavfsizlik talablariga zid ravishda foydalanish hamda texnik nosoz avtomobillarni boshqarish oqibatida sodir bo‘lgan yong‘inlar ham talaygina.

 

Misol uchun, joriy yilning 25 may kuni Qarshi tumani Istiqlol mahallasida istiqomat qilayotgan Jamshid Davronov suv qizdirish uchun o‘choqqa o‘tin qalagan. Tutab turgan olovga neft mahsuloti (solyarka) sepgan. Natijada birdaniga hosil bo‘lgan baland alanga uning tanasi 28 foizini jarohatlagan.

 

2018-yil 13-may kuni Kasbi tumani Komilon qishlog‘ida yashovchi fuqaro, 1999-yilda tug‘ilgan Islom Abdukarimov “VAZ-2107” rusumli avtomobilning o‘t oldirish moslamasi nosozligi bois, unga ulangan elektr simlarini bir-biriga tutashtirish yo‘li bilan motorni harakatga keltirmoqchi bo‘ladi. Natijada mashinada yong‘in sodir bo‘lib, u tanasining 30 foiz qismi kuygan holatda shifoxonaga olib kelingan.

 

Xuddi shunday yana bir holat: Yakkabog‘ tumani Shov qishlog‘ida yashovchi, 1994-yilda tug‘ilgan Asror Aralov ham 1979-yilda ishlab chiqarilgan “VAZ-21011” rusumli mashinasidagi nosozliklarga e’tibor qaratmagan. Natijada mashinaning motor qismidagi elektr simida qisqa tutashuv yuz berib, yong‘in sodir bo‘lgan. Yong‘in oqibatida mashina to‘liq yonib ketgan, Asror Aralov esa og‘ir darajadagi tan jarohati bilan shifoxonaga yotqizilgan.

 

Xulosa o‘rnida ta’kidlashni istardimki, umr – bebaho ne’mat. Biroq ozgina e’tiborsizlik, beparvolik natijasida bu ne’matga o‘zimiz raxna solishimiz mumkin. Yong‘in bilan bog‘liq keltirilgan holatlar bunga misol bo‘la oladi. Birgina xonadonimizda xavfsizlik qoidalariga rioya etmaslik yong‘inni yuzaga keltirishi, oqibati ayanchli tugashi ham ehtimoldan xoli emas. Shunday ekan, o‘zini xavf xatardan yiroq tutishni istagan har bir fuqaro bu borada mas’uliyatni yanada teranroq his etishi, yong‘in xavfsizligi qoidalariga doimo e’tiborli bo‘lmog‘i lozim.

 

Sohibjon VAYITOV, viloyat IIB YOXB katta muhandisi, katta leytenant