Sidebar

"Қашқадарё" ва "Новости Кашкадарьи" газеталарининг расмий веб-сайти
Ўқимоқчи бўлган газетангиз номи устига босинг!
(Нажмите на логотип газеты, которую планируете прочитать)

22 - iyul, yakshanba.

15 MING TONNAGA YAQIN MЕVA-SABZAVOT 15 DAN ZIYOD MAMLAKATGA JO‘NATILDI

So'nggi yangiliklar
Tipografiya

Qashqadaryo va dunyo

15 MING TONNAGA YAQIN MЕVA-SABZAVOT 15 DAN ZIYOD MAMLAKATGA JO‘NATILDI

Ma’lumki, yurtimizda tashqi iqtisodiy faoliyat, aniqroq aytganda, xorijga tovar sotish bilan shug‘ullanayotgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari eksport bojxona bojlarini to‘lamaydi. Prezidentimizning 2017-yil 15-dekabrdagi “Tashqi bozorlarda mahalliy mahsulotlar raqobatdoshligini ta’minlash va eksportini rag‘batlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq joriy etilgan bu kabi imtiyoz va qulayliklar amalda albatta o‘z samarasini bermoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning o‘tgan davrida viloyatimizda faoliyat ko‘rsatuvchi tadbirkorlik subyektlari tomonidan vazni 14 ming 575 tonnaga teng qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti amalga oshirilgan. Xorijiy hamkorlarga asosan olma, gilos, pomidor, piyoz, karam va ko‘kat singari sarxil noz-ne’matlar yetkazib berilgan. Asosiy xaridorlar sifatida Rossiya Federatsiyasi, Koreya, Latviya, Qozog‘iston kabi o‘n beshdan ortiq mamlakatni sanash mumkin.

Ayni kunlarda ham vohada qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti avjida. Viloyatning Koson, Chiroqchi, Mirishkor va G‘uzor tumanlarida yetishtirilgan xushta’m qovunlar “Oltin voha agro invest” va “Gold fruit exim” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari tomonidan Rossiya Federatsiyasi, Latviya va Qozog‘iston respublikalariga peshma-pesh jo‘natilmoqda. Raqamlarga e’tibor qaratsak, 17-iyun holatida 149 tonna qovun eksportga chiqarilganiga guvoh bo‘lamiz.

- Zimmamizdagi vazifalardan kelib chiqib, shuningdek, viloyatning eksport salohiyatini oshirish maqsadida har kuni 24 soat davomida bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshirmoqdamiz, - deydi viloyat bojxona boshqarmasi tasarrufidagi “Nasaf” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti boshlig‘i G‘ani Bozorov. - Bundan tashqari, eksportyorlar vaqtini va mablag‘ini tejash uchun bojxona rasmiylashtiruvlari internet tarmog‘i orqali masofadan turib, onlayn tarzda tezkorlik bilan bajarib berilmoqda. Olib borilayotgan bu kabi sa’y-harakatlar o‘z samarasini ko‘rsatib, iyun oyining o‘tgan davrida qariyb to‘rt ming tonna meva-cheva, sabzavot va poliz mahsuloti eksport qilinishiga erishildi.

Darhaqiqat, mamlakatimiz serquyosh zaminida yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari mazali, totli, ekologik toza va vitaminlarga boy ekani bilan dunyoga tanilgan. Bugun ushbu meva-sabzavotlarning xorij bozorlarida xaridorgir bo‘lib borayotganini ham shu bilan izohlash mumkin.

Aziza XUSHVAQTOVA,

viloyat bojxona boshqarmasi inspektori