Sidebar

"Қашқадарё" ва "Новости Кашкадарьи" газеталарининг расмий веб-сайти
Ўқимоқчи бўлган газетангиз номи устига босинг!
(Нажмите на логотип газеты, которую планируете прочитать)

22 - iyul, yakshanba.

SHAXMAT-SHASHKA BO‘YICHA QAYSI OILA ENG KUCHLI?

So'nggi yangiliklar
Tipografiya

Sport

SHAXMAT-SHASHKA BO‘YICHA QAYSI OILA ENG KUCHLI?

Qarshi shahridagi “Nuroniylar maskani”da shaxmat-shashka bo‘yicha “Biz aql-idrokli oilalarmiz” sport musobaqasining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha viloyat kengashi va boshqa hamkor tashkilotlar qo‘llovi bilan tashkil etilgan ushbu musobaqada turnirning shahar va tumanlar bosqichlarida g‘olib bo‘lgan 15 oila ishtirok etdi.

- Ta’kidlash joizki, bu turnir yurtimizda sportni ommalashtirish, xususan, oilalar o‘rtasida turli musobaqalarni tashkil etish orqali yosh avlodning mantiqiy fikrlash qobiliyatini rivojlantirish, ularning bo‘sh vaqtlarini samarali tashkil etish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish kabi maqsadlarni o‘zida mujassam etgani bilan yanada ahamiyatlidir, - deydi Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha viloyat kengashining yoshlar ishlari bo‘yicha bosh mutaxassisi Alisher Ahmedov. - Eng muhimi, uning nufuzi yildan yilga oshib, ularda ishtirok etayotgan yurtdoshlarimiz soni ko‘payib borayapti. Masalan, o‘tgan yilda turnirning shahar va tuman bosqichida 500 ga yaqin oila qatnashgan bo‘lsa, joriy yilda ularning soni 700 ga yaqinlashdi.

Musoboqa yakunida 1-o‘rinni Qarshi shahridagi Maxsumobod mahallasidan Mahmudovlar oilasi egalladi. Keyingi o‘rinlarni Shahrisabz tumani Chorshanbe mahallasidan Abrorovlar va Muborak tumanidagi Sariq mahallasidan Shomamadiyevlar oilaviy jamoalari qo‘lga kiritdi.

- Vohamizda shaxmat va shashkaga qiziquvchi oilalar ko‘pligidan, ochig‘i, rosa quvondim, — deydi g‘olib jamoa sardori Shuhrat Mahmudov. - Murosasiz kechgan musobaqada g‘olib bo‘lganimizdan mamnunmiz. Albatta, bundan keyin ham oilamiz a’zolari bilan mazkur sport turlarini yanada ommalashtiramiz.

G‘oliblar tashkilotchilar tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Shohista BOZOROVA