Sidebar

"Қашқадарё" ва "Новости Кашкадарьи" газеталарининг расмий веб-сайти
Ўқимоқчи бўлган газетангиз номи устига босинг!
(Нажмите на логотип газеты, которую планируете прочитать)

25 - aprel, chorshanba.

IZZA

Ma'naviyat
Tipografiya

Hikoya

IZZA

Mehmonlar tadorigi bilan shoshib yurgan Burxon qo‘lida tokqaychi bilan narvonchada turib ishkomlarni to‘g‘rilayotgan otasini ko‘rib asabiylashdi.

- Bu nima degan gap-a, ota? Buguncha qo‘ysangiz-chi shu ishlaringizni! Axir G‘oziyev kelayapti!

- Kim? - tepadan o‘g‘liga ajablanib termuldi ota.

- G‘o-zi-yev! Boshlig‘im!

- Nima, G‘oziyeving tok ko‘rmaganmi? Yo tokqaychi ushlagan odamdan qo‘rqadimi u?

- Ey, boring-yey... - Burxon nari  ketdi. So‘ng peshayvonning ochiq derazasiga bosh suqib, nevarasini o‘ynatib o‘tirgan onasiga shipshidi:

- Aya, aldab-suldab chaqiring qaysar boboyingizni! Mehmonlar ham yo‘lga chiqqandir! - onasi joyidan qo‘zg‘algach, ovozini yanada pastlatib qo‘shib qo‘ydi: - Aytganday, aya, tag‘in o‘zingiz ko‘z-quloq bo‘ling. Otam hadeb hovlida aylanib, G‘oziyevning oldida odamni xijolatga qo‘ymasin. Ayniqsa, kirib o‘tirmasin oldimizga...

Ona o‘g‘liga norozi boqdi:

- Kirsa nima qilibdi, o‘g‘lim? Qaytanga sizlarga nasihat beradi, gurunglaringni qizitadi-da... Es-hushi joyida bo‘lsa.

- Siz nimani bilardingiz, aya! - Burxon yig‘lamoqdan beri bo‘ldi. - G‘oziyev nasihat eshitadigan odammi sizga?!  G‘o-o-oziyev-a?! Uning o‘zi vallomat inson-ku! Undan keyin otam bir gapga tushsa, to‘xtatib bo‘lmaydi... Bas, chaqiring, ichkariga kirsinlar.

G‘udrana-g‘udrana onasining oldidan uzoqlasharkan, oshxonada pishir-kuydir qilayotgan xotiniga-da o‘shqirdi:

- Loba-ar!

Erining tergayverishlaridan xunob bo‘lgan, shekilli, xotini ham asabiy javob berdi:

- Haa-a!

Burxonning dami ichiga tushdi. Kapkir ko‘tarib turgan ayoliga biroz termulib turgach:

- Tezlashtiring, ayasi, tezlashtiring... - dedi sekin. - G‘oziyev... Kelib qoladilar...

***

Uch-to‘rt kishidan iborat mehmonlar kelib bo‘lgan, to‘kin dasturxon atrofida suhbat qizirdi. Shu payt to‘rda o‘tirgan G‘oziyev:

- Burxon, - deb murojaat qilib qoldi mezbonga, - boya hovlingizda keksaroq bir kishiga ko‘zim tushdi, kim bo‘ladilar u kishi?

- Haligi... Oq yaktakdagi boboymi?.. - xuddi ayb ish qilib qo‘ygandek taysalladi u.

- Ha-ha, o‘sha kishi.

- U kishi... otam...

Boshlig‘i Burxonning o‘zini tutishidan hayron edi.

- Nega otangiz bo‘lsa bizni tanishtirmaysiz? - so‘radi G‘oziyev hayratini yashirolmay. - Nuroniy kishi ekan, chaqiring, bir suhbatini olaylik...

Burxon bunaqa bo‘lishini kutmagandi. U “xo‘p-xo‘p”, deb mehmonlar yonidan chiqdi-yu, shoshib ota-onasi va xotini o‘tirgan xonaga kirib bordi.

- Ota, - dedi iltijo bilan. - Yuring, sizni G‘oziyev so‘rayapti.

- Iya, - qosh chimirdi otasi. - Boshliq seniki bo‘lsa, nega meni so‘raydi? Chaqir, o‘zi kelaversin.

Unga boqib onasi va xotini “piq-piq” kular, Burxon ojizligidan otasiga yuvosh bir holatda javdirab turardi.

- Joo-on, ota! - nihoyat yalinishga tushdi u. - Sharmanda qilmang meni. Shu buguncha qo‘yib turing qaysarligingizni, iltimos sizdan...

***

Burxonning otasi bilan hamma qo‘shqo‘llab ko‘rishdi, boshlig‘i G‘oziyev esa quchoq ochdi, otani bag‘riga bosib, negadir uzoq turib qoldi. Dasturxon to‘ridagi o‘zi o‘tirgan joyni bo‘shatib berarkan, otaning yelkalaridan silab qo‘ydi. G‘oziyevdagi bu yengil hayajon hammaga sezilib turardi.

Endi suhbatda avvalgidek baqir-chaqir, qiyqiriq yo‘q, ammo kulgi hamon taralib turar, mamnuniyat barchaning yuz-ko‘zidan bilinar edi.

- Otaxon, - murojaat qilib qoldi bir mahal G‘oziyev. - Mana, ko‘pni ko‘rgan odamsiz. Avvalgi sharoitlarni o‘zingiz bilasiz. Odamlarning ustidan dori sochishib, eh-heye... Kimdir och-nahor... Chaqaloqlar egatda tug‘ilardi. Kasal bo‘lsa davolanishga sharoit yo‘q edi... Lekin nimagadir odamlar hozir avvalgidaqa sog‘lom emasday, deyman-da. Olimlar ekologiya buzilgan deydi, siz nima deysiz shunga, a?

- Bolam, boisi ilgari odamlar soddaroq bo‘lishgan-da... - otaxon davradagilarning kayfiyatiga monand jilmayib javob qaytardi. - Ko‘ngli toza bo‘lgan, qorni to‘yib ovqatlansa, shunga xursand bo‘lib ketavergan. Beorroq desammikin, beo‘yroq deb tushuntirsammikin, senga... Masalan, mashinam atigi bitta, shuni uchta qilay, hademay bola-chaqam ulg‘aysa, uyga sig‘may qolamiz, qo‘sha-qo‘sha uchastka solib qo‘yay, demagan. Hozir mushtday bola bilan suhbatlashsang ham tashvishi olam-jahon... - so‘ngra kula-kula qo‘shib qo‘ydi u. - Innaykeyin, ilgarilari ha desa kasal bo‘ldim, deb tabletka-mabletkaga yopishish ham bo‘lmagan. Tunov kuni qizimnikiga borsam, to‘qqiz yashar o‘g‘ilchasi dori qutini yoniga qo‘yib, obdaa-an dori saralab ichayapti. “Mana bu bosh og‘riqqa”, “mana bu ich og‘riqqa” deb. Nomlarini dilbuzardagi reklamadan ko‘rgan-da!

Otaxonning sodda javobidan davradagilar zavqlanib kulishdi. Ayniqsa, Burxonning o‘zi maza qilib kulardi. G‘oziyev qahqahadanmi, hayajondanmi yoshlangan ko‘zlarini arta-arta, tag‘in so‘radi.

- Odamzod necha yoshida qariganini bilar ekan, otajon?

- Eyy, bolam, odamzodning o‘zidan so‘rasang, hech qachon qaridim, demas ekan, - qo‘lini havolatdi ota. - Bugun bir ishga kuchi yetmay qolsa, charchaganga o‘xshayman, ertaga bajaraman, der ekan. Ertaga ham qurbi yetmasa, belim tuzalsin, indinga bajaraman, der ekan. Ammo sira “qaribman” demas ekan.

Burxon o‘rnidan turib ketdi.

- Menga qaranglar, lekin-chi, - dedi xuddi juda dono bir gap aytmoqchiday jo‘shib. - Ba’zan bu mehnat degani odamni yashartiradimikan, deb o‘ylab qolaman! Mana, uyda tok qirqish bormi, yer chopishmi, hammasini boboy o‘zi bajaradi. Vey, stulda o‘tirib ishlab men yiliga ikki marta davolanaman, boboy esa biror marta davolanay demaydilar-a! Xa-xa-xa!..

Hammaning kayfiyati ko‘tarinki, Burxonning gapini hangoma qilib kulishardi. Birgina G‘oziyev boshini egib, dasturxonga tikilib, mutaassir bo‘lib qoldi...

***

Fotiha o‘qildi, mehmonlar tarqala boshladi. G‘oziyev esa otani tag‘in bag‘riga bosib, qo‘llarini qo‘ymasdan hali yana ko‘p kelishini, u kishi bilan ko‘p-ko‘p suhbatlashish orzusida ekanini aytdi. G‘oziyevning bunday ko‘ngliga yaqin olishidan Burxon juda xursand edi...

Ketish oldi G‘oziyev mezbonni o‘z mashinasi tomon boshladi.

- Burxonjon, avvalo mehmondorchilik uchun rahmat, - dedi ohista, ko‘ngilga botmaydigan mayinlik bilan. - Otangiz juda tabarruk inson ekan, u kishini avaylang. Mehnat yashartirarkan, deb uy ishlarini qo‘liga topshirib qo‘yavermang-da, inim. Yarim kun ish bo‘lsa, deyarli yarim kun bo‘shsiz, bunday ishlarni o‘zingiz bajaring. Qolaversa, men yiliga ikki davolanaman, otam davolanmaydi, deb o‘tirmay sihatgohlarga jo‘nating... Mana, keksalar uchun davlatimiz shuncha imkoniyat yaratib berayapti... Biror xizmat yo yordam kerak bo‘lsa, ayting, uka, biz tayyor, - qo‘lini ko‘ksiga bosdi u. – Mayli, Burxonjon, rahmat yana bir marta. Biz boraylik...

Shu gaplarni aytib mashinasiga o‘tirgan G‘oziyev, eshikni yopmasdan yonginasida qo‘l qovushtirib turgan Burxonga yana bir bor qaradi.

- Darvoqe, jon ukam, bundan keyin o‘z otangizni “boboy” demasdan, “ota” desangiz yaxshiroq bo‘lardi. “Ota” deyishning, “otajon” deyishning baxtini, sururini otasi borlar anglamaydi. Buni otasi yo‘qlardan so‘rang, ukajon... Ota-ona ham bir davlat ekan. Shunday davlat ekanki, bir marta boy bersangiz qaytib kelmas ekan. Hozir otam yonimda bo‘lsa unday qilardim, hozir onam yonimda bo‘lsa bunday qilardim, degan armon bilan qolaverarkansiz mung‘ayib...

Mashina eshigini yopayotganda G‘oziyevning ko‘zlarida ikki tomchi yosh bor edi. Burxon hangu mang bo‘lib qoldi. U bir uyi tarafga, bir olislashib borayotgan G‘oziyevning mashinasiga esankirab tikilar ekan, jismi zil-zambil, oyoqlari go‘yo yerga yopishib qolganday edi...

Bayram ALI