Sidebar

"Қашқадарё" ва "Новости Кашкадарьи" газеталарининг расмий веб-сайти
Ўқимоқчи бўлган газетангиз номи устига босинг!
(Нажмите на логотип газеты, которую планируете прочитать)

22 - yanvar, dushanba.
As soon as you open an account Bet365 will send you a 10 digit Offer Code via email. Receive Your £200 bet365 Welcome Promo Bonus plus £50 Mobile Promo

MARDLIK, MATONAT VA JASORAT TIMSOLI

Ma'naviyat
Tipografiya

MARDLIK, MATONAT VA JASORAT TIMSOLI

1

- Keyin botir o‘g‘lon qo‘lida qilichini mahkam tutganicha, sakrab tulporiga minibdi va o‘sha dahshatli ajdaho makon tutgan keng dala sari yo‘l olibdi. Ko‘zlagan manziliga yaqinlashgan sari qarshidan taralayotgan issiqlikka chidash qiyinlasha boshlabdi. Qayerdadir yonayotgan olov taftidan butun vujudi terlab ketgan o‘g‘lonning kiyimlari jiqqa ho‘l bo‘lib ketibdi. Egnidagi sovuti borgan sari og‘irlasha boshlabdi...

- Ayajon, sovut nima degani?

- Sovut – jang mahali kiyiladigan, temir simdan to‘qiladigan, o‘q o‘tkazmaydigan kiyim, qizim!

- Davomi, ayajon! Davomini ayting, - ichi toshib ketguday bo‘ladi olti-yetti yoshlardagi bolaning. So‘ng singlisini urishib beradi. – Hadeb savol beraverasan, kechayam shunday qilganding. Avval eshitgin-da oxirigacha...

- Bo‘ldi, bo‘ldi, Azamat! Tushunmagan so‘zni so‘ragan yaxshi-ku, bolam! O‘zing ham ilgari shunaqa qilarding-ku, nima, esingdan chiqdimi? – kulib bolalarini tinchlantiradi ona. So‘ng ertakni davom ettiradi. – Botir tishini tishiga qo‘yib, olg‘a boraveribdi. Ajdahoning manziliga yaqinlashib qolganida uning tulpori butunlay holdan toyibdi, issiq taftga dosh berolmay yiqilibdi. Botir o‘g‘lon piyoda yo‘lida davom etaveribdi, etaveribdi. Ming bir mashaqqatlar bilan ajdahoning yoniga yetib boribdi. Keng dalani yolg‘iz o‘zi egallab, ulkan gavdasi bilan quyoshni to‘sib yotgan uch boshli bahaybat ajdaho o‘g‘lonni ko‘rishi bilanoq g‘orday og‘zini lang ochibdi-da, dushmaniga olov purkay boshlabdi. Botir o‘g‘lon o‘q o‘tmas, o‘tda kuymas qalqonini pana qilganicha, qilichini tik ushlab, dushmanga qarshi dadil boraveribdi. Payt poylab turib, ajdahoning bitta boshini sapchadek uzib tashlabdi. Olov purkashdan to‘xtagan ajdaho shiddat bilan botirga tashlanibdi va ular o‘rtasida tengsiz, omonsiz jang boshlanibdi. Jang roppa-rosa uch kechayu uch kunduz davom etibdi. Oxir-oqibat esa jangda botir o‘g‘lonning qo‘li baland kelibdi. U xalqini yovuz dushmandan xalos aylabdi...

- Zo‘r ekan-a, aya? – hayajon bilan deydi Azamat. Singlisining ko‘zlarida esa hayrat uchquni porillaydi. Jajji ko‘nglidagi savol tezda tiliga ko‘chadi:

- Aya, o‘sha botir o‘g‘lon shunday katta ajdahodan sirayam qo‘rqmabdimi?

Azamatning jahli chiqib ketadi:

- E, nega qo‘rqarkan? Axir, u o‘g‘il bola-ku! To‘g‘rimi, aya? O‘g‘il bolalar qo‘rqmasligi kerak, a?!

Farzandlarining tortishuviga ona nuqta qo‘yadi:

- Ha, to‘g‘ri, o‘g‘il bolalar qo‘rqmas bo‘lishlari kerak. Ertakda buni yozishmabdi-ku-ya, kim bilsin, balki o‘sha botir o‘g‘lon ich-ichida ozgina qo‘rqqan, o‘z joni uchun tashvish chekkan bo‘lishi ham mumkindir. Lekin uning ortida turgan odamlar – ota-onasi, oilasi, yor-birodarlari, hamyurtlarining unga bildirgan ishonchi botir o‘g‘lonni chekinmaslikka, qo‘rquvni yengishga majbur qilgandir... Mayli, buni katta bo‘lganingizda tushunib olasiz. Botir o‘g‘lonning bu ishi nima deyiladi, bilasizlarmi?

- Qo‘rqmaslikmi?

- Botirlikmi?

- Buning nomi – Jasorat...

2

- Dada, Orzigul yangamni bugun televizorda ko‘rsatishdi, - otasi ishdan qaytgani hamono “kun yangiliklari”ni o‘rtoqlashishga oshiqadi Jasurbek.

- O, shunaqami? – o‘g‘lining xabarini tasdiqlatish uchun rafiqasiga yuzlanadi ota. – Nega ekan?

Endi gapga og‘iz juftlagan onani gapirtirgani qo‘ymasdan kichkina xabarchi o‘z vazifasini davom ettiradi:

- Qahramon tog‘am harbiy xizmatga ketgan-ku! Yaqinda Vatan himoyachilari kuni. Shuning uchun askarlar va ularning onalarini uchrashtirishdi. Dada, ko‘rmadingiz-da, biram ko‘p askarlar, komandirlar kelishgan ekan! Katta shapkali bir harbiyning medallari shunday ko‘p ekanki!.. Aytgancha, Orzigul yangam gapirdilar, o‘g‘lim otasining izidan borib, mana, askar bo‘ldi, harbiy xizmatni tamomlab, Qurolli Kuchlarimiz safida mardonavor xizmat qilishni niyat qilgan, men bundan juda xursandman, dedilar-da, to‘satdan yig‘lab yubordilar... Nega yig‘ladilar, a, aya? Boya ham so‘ragandim, aytmadingiz...

- O‘zim aytib beraman, o‘g‘lim, - bolani xotirjam qildi ota va xo‘rsinib qo‘ydi...

Kechki tanovuldan so‘ng bola otasiga va’dasini eslatdi. Bu vaqtda u aytgan o‘sha lavhani televizordan qayta ko‘rsatishdi. Orzigul yanganing gaplarini tinglay turib, onaning ko‘zlarida yosh miltilladi, ota yana xo‘rsindi. Ko‘z o‘ngida bundan 17 yil muqaddam bo‘lib o‘tgan mash’um voqealar, yurtimizning olis sarhadida yuz bergan qonli to‘qnashuvlar va shunday janglardan birida halok bo‘lgan Orzigul yanganing turmush o‘rtog‘i – hozir askarlikda xizmat qilayotgan Qahramonning otasi gavdalandi...

- Qahramon tog‘angning ismini otasi o‘zi harbiy bo‘lgani uchun shunday deb qo‘ygandi, u o‘g‘lim ulg‘ayib, men kabi harbiy zobit bo‘ladi, ismi jismiga monand qahramon bo‘ladi, deb niyat qilgandi, - xotiralarini o‘g‘liga gapirib berarkan, qo‘shib qo‘ydi ota. - Mana, o‘sha qahramon jangchining o‘g‘li bugun rostdan ham azamat yigit bo‘lib o‘sdi, ota izidan borib, harbiylikni tanlabdi. Orzigul yanganing yig‘laganiga kelsak, o‘g‘lim, bu aslida sevinch yoshlari. U o‘g‘lining otasi istagandek alp askar bo‘lganidan, shu kunlarga yetkazganidan quvonib yig‘ladi. Nasib etsa, Qahramon tog‘ang hali katta zobit bo‘ladi, uning ham ko‘ksi boya ko‘rganing katta shapkali harbiyniki singari orden-medallar bilan to‘lib ketadi...

Otasining hikoyasini ta’sirlanib tinglagan bolaning ko‘zlarida orzu chaqnaydi:

- Dada, men ham katta bo‘lsam, harbiy bo‘lsammikin?

- Bo‘ladi, o‘g‘lim! – tasdiqladi ota, so‘ng o‘g‘liga sinovchan nazar tashladi. – Avval ayt-chi, harbiy bo‘lish uchun kishida qanday fazilatlar bo‘lishi kerak?

Jasurbek bir muddat o‘yga toldi. Keyin bilganlarini sanay boshladi:

- Harbiy bo‘lish uchun jasorat, mardlik kerak... yana qo‘rquv bilmaslik kerak... yana...

- Yana, o‘g‘lim, buning uchun odamda Matonat ham bo‘lishi kerak! – ta’kidladi ota. – Agar sendan talab qilingan vazifani bajarishga sabring, matonating yetmasa, harbiy bo‘lolmaysan. Buni esingdan chiqarma.

- Matonat... – takrorladi bola. Bu so‘z uning tilidan diliga ko‘chganday bo‘ldi. Qaddini g‘oz tutdi. – Albatta, men matonatli askar bo‘laman!

3

Bugun shahar ko‘chalari odamlar bilan gavjum. Markaziy yo‘lning ikki tarafida zich saf hosil qilganlarning qo‘llarida yurt ramzi – jajji bayroqchalar hilpiraydi. Bolalarning ko‘zlarida hayajon, yuraklarida qiziqish, yuz-ko‘zlarida orziqish ifodasi. Bir mahal ko‘chani to‘ldirib, bahaybat harbiy mashinalar o‘ta boshladi. Markaziy maydon sari yo‘l olgan harbiy texnikalar, ularga ortilgan aslahalarni ko‘rib, safdagi bolalar shodlik va hayrat aralash qichqirishdi:

- Voy-bo‘! Tankni qaranglar, buncha katta!

- Manavi mashinaning oyog‘ini-chi! Bizning bo‘yimiz yetmas ekanmi?

Qurolli Kuchlarimizning bor salohiyati va qudratini o‘zida namoyon qilgan harbiy mashinalar, aslahalar karvoni belgilangan joyda to‘xtadi. Ularning yoniga kelishga izn berilgach, bolalar avvaliga biroz hadik bilan texnikalarga yaqinlashishdi. Mashinalar yonida qaddini g‘oz tutib turgan askarlarning muloyim muomalasi ularni bu texnika va aslahalarga yaqinlashtirdi. Singlisining qo‘lidan tutib turgan Azamat unga askarning egnidagi qalin, o‘qo‘tmas kiyimni ko‘rsatib, astagina dedi:

- Ana, qara, Guli, kecha sen so‘ragan sovutning hozirgi ko‘rinishi ekan bu, boyagina aytishdi, eshitib, bilib oldim. Otini...nimaydi-ya, bir narsa deyishuvdi-da...

- Bronjilet! – jilmayganicha unga yordamga keldi boyagi askar. – Bu bronjilet, deyiladi. YA’ni o‘q o‘tkazmaydigan kamzul.

Azamat unga ham hayrat, ham havas bilan qaradi. Akasining qo‘lidan mahkam ushlab, ortiga sal tisarilib turgan Guli uning qo‘lini qo‘yib yuborib, askarning yoniga keldi va iltimos qildi:

- Huv anavi narsani ushlab ko‘rsam bo‘ladimi?

Qizaloq ko‘rsatgan qurolga qaragan askar boshini irg‘ab qo‘ydi. Keyin aka-singilni navbati bilan tank ustiga chiqardi. Narigi mashina ustida o‘tirgan Jasurbek qo‘shnilarini ko‘rib, qo‘l silkitib qo‘ydi.

- Bilasizlarmi, bizning askarlar nimaning timsoli? - u savoliga javob kutmasdan o‘zi javob berib qo‘ya qoldi. – Ular Mardlik, Matonat va Jasorat timsoli!

Xurshida ABDULLAYEVA