Sidebar

"Қашқадарё" ва "Новости Кашкадарьи" газеталарининг расмий веб-сайти
Ўқимоқчи бўлган газетангиз номи устига босинг!
(Нажмите на логотип газеты, которую планируете прочитать)

22 - iyul, yakshanba.

SHOHLARNING XURMACHA QILIQLARI

Ma'naviyat
Tipografiya

SHOHLARNING XURMACHA QILIQLARI

yoxud qaltis hazil ularga xosmi?

Rus hukmdorlari va sobiq sovet mamlakati rahbarlari hazillashishni xush ko‘rishgan, ammo ularning hazili bir-biridan tubdan farq qilib, o‘ziga xos xususiyatga ega bo‘lgan.

Kulish, birovlarni chuv tushirish, aldash, laqillatish azaldan bo‘lgan, ammo imperiyaning zulmkor hukmdorlaridan biri – Ivan IV bahorning ikkinchi oyi birinchi sanasini aynan laqillatish, ahmoq qilish, masxarabozlarga tiliga kelganini gapirishga ruxsat berilgan rasmiy kun sifatida muomalaga kiritgan.

1575-yilning 1-aprelida u taxtdan voz kechadi va o‘zining o‘rniga Chingizxon avlodidan bo‘lmish cho‘qintirilgan tatar shahzodasi Simeon Bekbulatovichni o‘tqazadi. Bu masxarabozlik roppa-rosa bir yil davom etadi. Haqiqiy shoh Ivan Grozniy soxta shohni yil davomida tahqirlab, masxaralab, haqoratomuz ohangda “hurmatini joyiga qo‘yib” keladi. Masalan, “Butun Rus hukmdori buyuk knyaz Simeon Bekbulatovichga Ivan Vasilyevich farzandlari Ivan va Fyodorlar bilan ta’zim bajo keltiradi”, deb har tongda soxta shohni bezovta qilib, qalbiga g‘ulg‘ula solib, qahrini sochib, bechorani vahima iskanjasida ushlab turgan. O‘sha davrlarda, ya’ni XVI asrlarda bunday xurmacha qiliqlar, balki chindan ham kulgili bo‘lgandir...

Ivan Grozniyning hazillari judayam qaltis edi va shu boisdan ham boyonlar undan o‘lgudek qo‘rqishardi. Bu hukmdor hazil qila turib, o‘ldirib qo‘yishdan ham toymasdi.

Saroy boyonlaridan bo‘lmish Goloxvastov hukmdor g‘azabidan qo‘rqib, monastirga borib yashirinadi. Ammo shoh uni tezgina toptirib keladi-da, porox to‘ldirilgan bochkaga bog‘lab... o‘t qo‘yadi. “Bochkada uchish” marosimiga yig‘ilganlarga qarata quvnoq kayfiyatda, zavq-shavqqa to‘lib shunday deydi: “U olam sarvariga yaqinlashmoqchi edi, men unga yordamlashib yubordim. Endi u o‘z manziliga tezroq yetib oladi”.

Ivan Grozniy saroy ayonlarini mazax qilishdan huzur qilardi. Ularga sharob to‘ldirilgan qadah uzatib, oxirigacha ichishlarini talab qilardi. Jonidan umidini uzolmagan ayonlar shoh nima desa, so‘zsiz itoat etib, bajarishga majbur edilar. Erta tongdan esa saroy mirzasidan shohning “marhamati”dan bahramand bo‘lgan boyonlarning mast bo‘lib, nimalar degani haqida hisobot talab qilardi. Xullas, Grozniy davrida saroy ahli jon hovuchlab yurardi. Negaki, hukmdor bilan bo‘ladigan har qanday uchrashuv o‘lim bilan tugashi hech gap emasdida.

Petr I davrida Rossiyada yevropacha yashash tarzi joriy qilina boshlagach, xalqning bunga ko‘nikishi ancha qiyin kechadi. Yurtga yevropacha uslubni olib kelgan islohotchi shoh o‘z qo‘l ostidagilarni nafaqat kaltak bilan urardi, balki gap bilan, hazil bilan ham ayamay “savalardi”. Hukmdor ajabtovur farmonlar chiqarardi. Ularning ayrimlari bugungi kunda ham o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan. Masalan, quyidagi farmonga e’tibor qarating: “Janob senatorlar qog‘ozda yozilganiga qarab emas, o‘z so‘zlari bilan gapirsin, toki ularning aslida kim ekanligini hamma bilsin”.

Tartib-intizomni xush ko‘rgan va harbiy o‘yinlarning haqiqiy ishqibozi bo‘lgan imperator Pavel kunlardan bir kun jang qilishning o‘zicha bir noyob usulini qo‘llamoqchi bo‘ladi. U o‘zining bir guruh qo‘shini bilan qal’aga hujum qilishi kerak bo‘ladi. Qal’a ichida o‘rnashib olgan himoyachilarga esa soat 12 gacha bardosh berib, “dushman”ni ichkariga kiritmaslikni tayinlaydi. Belgilangan vaqtga bir yarim soat qolganda imperator qal’aga yaqinlashadi. Shunda to‘satdan kuchli yomg‘ir sharillab quyib beradi. Pavel komendantga darvozani ochishni buyuradi, ammo u imperatorni ichkariga kiritishni xayoliga ham keltirmaydi. Soat roppa-rosa 12 bo‘lgandagina imperatorni ichkariga kiritishadi. Yomg‘irda qolib, ust-boshi shalabbo bo‘lgan imperator komendantni tezda toptirib, po‘stagini qoqay, deb turganda intizomni xush ko‘ruvchi komendant unga imperatorning o‘zi imzo chekkan farmonni ko‘rsatadi. Imperatorning buyruqqa so‘zsiz itoat etgan matonatli polkovnikni maqtab, unga tashakkurnoma bildirishdan boshqa chorasi qolmagandi. Shu zahotiyoq unga general-mayor unvoni beriladi, ammo u ham xuddi imperator kabi bir muddat yomg‘ir ostida turishga mahkum etiladi.

Ojizalardan bo‘lmish Yekaterina II ning ham hazil-huzulga moyilligi baland bo‘lgan. Bir safar uning qabuliga munkillagan general Fyodor Shestakov pensiya masalasida tashrif buyuradi. Yekaterina II uni birinchi marta ko‘rib turganini, uni tanimasligini aytadi. Shunda soddadil general ham imperatorni birinchi bor ko‘rib turganini bildiradi.

- Men-ku, bechora bir beva bo‘lsam, qayoqdan ham tanirdingiz. Siz bo‘lsangiz, Fyodor Mixalich, kimsan, genaralsiz! - deb qariyani xijolat qilib, dovdiratib qo‘ygan.

Imperator Nikolay I kompozitor Glinkani negadir xushlamasdi. Jazoga loyiq ofitserlarining ta’zirini berib qo‘yish uchun ularga tanlash imkoniyatini bergandi:gaupvaxta yoki jini suymagan kompozitorning operalarini tinglash.

Fuqarolarning oilaviy muammolarini yechishda ham imperator o‘ziga xos yo‘l tutardi. Masalan, bir ofitser o‘zi yaxshi ko‘rgan qizni uning ota-onasining noroziligiga qaramay olib qochadi va ular yashirincha nikohdan o‘tib olishadi. Bu shov-shuvli muammo imperatorgacha yetib boradi. Imperator bu ishni o‘rganib, quyidagicha farmon beradi: “Ofitserning unvoni pasaytirilsin, nikoh bekor hisoblansin, qiz ota-onasiga qaytarilsin va u bokira deb hisoblansin!”

Imperator Aleksandr III ham hazil-mutoyibani xush ko‘radigan, uni yaxshi tushunadiganlardan edi. Kiyev harbiy okrugining keksa qo‘mondoni Dragomirov imperatorning tug‘ilgan kunini esidan chiqarib qo‘yadi. Faromushxotir qo‘mondon bir maqtanmoqchi bo‘lib, imperatorga uning tug‘ilgan kuni munosabati bilan, mana uch kundirki, uning sog‘ligi uchun ichayotganini bildirib, telegramma jo‘natadi. Telegrammani olgan imperator esa qisqagina qilib shunday javob yozgan: “Endi hammasiga yakun yasasangiz ham bo‘lar”. Bu bilan ishga ham, ichishga ham, qariligini nazarda tutib, yashashga ham barham berish vaqti yetganligini hazil aralash “qistirib” o‘tadi.

Kunlardan bir kun iste’fodagi qandaydir bir askar qovoqxonada rosa bo‘kib ichib, o‘zini bilmaydigan darajada mast holda shu yerda osig‘liq turgan Aleksandr III ning portreti ro‘parasiga kelib, shunday deydi: “Men tupurdim o‘sha davlatpanoh imperatorga”. Bu hukmdorga nisbatan haqorat hisoblanib, nodon piyonista ahmoqona xatti-harakati uchun qattiq jazoga loyiq edi. Ammo imperator bu nodonni jazolashga otashin bo‘lib turgan haybarakallachi amaldorlarini to‘xtatib, piyonista ahmoqqa imperatorning o‘zi unga tupurganini yetkazishni buyuradi va bundan keyin qovoqxonalarda uning portretini ilmaslikni tayinlaydi.

Leninni yaqindan bilgan Gorkiy shunday yozgandi: “Lenin menga hazil-mutoyibaga moyilligi yo‘qligini aytib, buni ochiqchasiga tan olgandi”. Ammo “proletariat dohiysi”ning “siyosiy fohisha” iborasi hali-hanuz siyosiy maydonlarda keng ishlatib kelinadi.

Stalin kommunistik partiyaning sodiqyalovbardorlariga qaltis hazil qilardi. Kutilmaganda, to‘satdan “Sizni haliyam otishmadimi?” deb savol berib qolardi. Qarshisida turgan partiya xodimi bunday savoldan so‘ng rangi oqarib, bo‘ladigani bo‘lardi. Bu gaplarning hazilmi-chinligini ham, na kulishni, na qarindosh-urug‘lari bilan vidolashishni ham bilmay, kalovlanib qolardi.

Taniqli aktrisa Lyubov Orlova bir gal Stalinning qabulida bo‘lganda, bosh kotib undan ering xafa qilmayaptimi, deb so‘raydi va agar xafa qiladigan bo‘lsa, uni osishadi, deydi. Shunda rangi-quti uchgan Orlova qanaqasiga osishadi, deb so‘raganda, hozirjavob Stalin: “Qanaqasiga bo‘lardi, bo‘yniga arqon solib-da”, deb javob beradi.

Bir chet ellik muxbir Stalindan nima uchun Armanistonning gerbida Ararat tog‘i aks etgan, axir u Turkiyada-ku, deb so‘raganda, u shunday javob beradi: “Turkiyaning gerbida yarim oy aks etgan, lekin u ham Turkiyada emas-ku”.

Xrushchevga farqi yo‘q edi. Uning kallasiga nima kelsa, shu zahotiyoq beting-ko‘zing demasdan gapiraverardi.

Sobiq sovetlar mamlakatining birinchi va oxirgi prezidenti Mixail Gorbachyov o‘zi haqida latifalar aytgani to‘g‘risida gap-so‘zlar yuradi. Ammo u latifalarni iste’foga chiqqandan so‘ng aytgan. Ularning eng sevimlisi bir dehqonning kolbasa olish uchun navbatga turgani haqida. U uzundan-uzoq navbatning hecham tugamayotganidan darg‘azab bo‘lib, men ketdim, borib Gorbachyovni o‘ldirib kelaman, deganicha shiddat bilan navbatni tashlab chiqib ketadi. Ammo tezda qaytib kelib, yana navbatiga turadi va: “Uni o‘ldirmoqchi bo‘lganlarning navbati bunisidan ham uzun ekan”, deydi.

Xorij matbuotidan Muso MURODOV tarjimasi.