Sidebar

"Қашқадарё" ва "Новости Кашкадарьи" газеталарининг расмий веб-сайти
Ўқимоқчи бўлган газетангиз номи устига босинг!
(Нажмите на логотип газеты, которую планируете прочитать)

22 - iyul, yakshanba.

MUHABBAT

Ma'naviyat
Tipografiya

Qatralar

MUHABBAT

Qirg‘oqdagi baland yong‘oq tagida doimgidek daryoni tomosha  qilib o‘tirardim. Tun sutdek yorug‘, hamma tomon osuda, faqat daryo suvining shovullashi eshitiladi, xolos. Dam oluvchilarning ko‘pchiligi uxlash uchun xonalariga kirib ketganmi, sayr qiluvchilar kam.

Qayoqdandir ro‘paramdagi yalanglikda yigit va qiz paydo bo‘ldi. Yigitning bo‘ylari baland, futbolka kiygan, qop-qora tutash  qoshlari oy yorug‘ida ham ko‘rinadi. O‘rta bo‘yli do‘mboqqina qiz qo‘lini yigitning bilagidan o‘tkazib olgan. Ular mendan sal narida turishar, oy shulasini to‘sgan yong‘oq ostida o‘tirganim uchun ko‘rishmas, daryo shovullashi esa gaplarini aniq eshittirmas edi.

Dastlab ular xursand edi. Yigit hatto qizning kiftlarini silab qo‘yardi. Qiz yerga qaragancha nimadir dedi, yigitning avzoi birdan o‘zgardi, qizni siltab tashladi. Qiz o‘tirib qoldi va qo‘llarini cho‘zib, yolvorgan tovushda:

– Tashlab ketma, ko‘rnamaklik qilma, - dedi. Uning ovozini men aniq eshitdim.

Yigit shart burildiyu jo‘nab qoldi.

...Oradan ko‘p yillar o‘tib, pensionerlarga beriladigan yo‘llanma bilan yana o‘sha yerga bordim. Sihatgoh qayta ta’mirlangan, binolar butunlay yangi qiyofa olgan, favvoralar qurilgan, faqat yong‘oq tagidagi o‘rindiq o‘z holicha saqlanib qolgandi. Uni ko‘rib sevinib ketdim.

Odatim bo‘yicha shu yerdan turib daryoni tomosha qilaman. Shunday kunlarning birida 7-8 yoshlardagi bola yetaklab kelayotgan qora ko‘zoynakli kishi diqqatimni tortdi (ular men tomonga kelishardi). U men o‘tirgan joyga ikki-uch qadam qolganda boladan so‘radi:

- Shu yerda katta bir tosh bo‘lishi kerak.

 Hassasi bilan paypaslashidan sezdimki, ko‘zlari ojiz.

- Mana tosh,- dedi bola yarmi suvga botib turgan katta oq tosh tomon uni yetaklab.

- Endi sen o‘ynayver, - dedi u joylashib o‘tirar ekan. Bola kapalak quvib ketdi.

Men erkakka yaqinlashib, salom berdim va uning tutash qoshlariga zehn solib qarar ekanman, yuragim o‘ynab ketdi. Bu o‘sha oydin tunda qizga qo‘pollik qilib jo‘nab ketgan yigit ekanligiga mutlaqo ishondim.

Uning ovozi hasratli edi. Biz undan-bundan suhbatlashgan bo‘ldik.

- Bu yerga tez-tez kelib turasizmi? - so‘radim undan.

- Har yili kelaman, yoshligimdan shu yerlarga o‘rganib qolganman.

- Ha, men sizni ko‘p yillar oldin shu yerda ko‘rgandekman, - dedim sinovchan tikilib.

Afzalbek (uning ismi shunday ekan) ko‘zoynagini olib, ko‘zlarining chetini ro‘molchasi bilan artdi.

- 19... yil edi chamamda, – deb so‘zimda davom etdim, - tunda sayr qilib yurganlaringizda uchratgan edim...

Afzalbek seskanib ketdi va sir bermaslikka harakat qilib, qaltirayotgan qo‘llarini qayerga yashirishni bilmay mujmal ohangda:

- Bo‘lishi mumkin, - dedi va gapni burdi.

- Nimadir meni shu yerga tortaveradi, kelganimni o‘zim bilmay qolaman. U zo‘raki kulmoqchi bo‘ldi, ammo eplolmadi. Men ham qaytib savol bermadim. Pushaymon va armon toshlari ezib tashlagan bu insonga achinmadim ham. Chunki bir ayol muhabbatini toptaganining guvohiman.

Uni muhabbatning uvoli tutgandi.

ODAMGARCHILIK

Yarim tunda poyezddan tushgan o‘rta yoshlardagi ikki ayol taksilar to‘xtaydigan joyga kelishgach, bir zum taraddudlanib qolishdi.

- Vaqt juda kech bo‘layapti. Nasiba ham uxlab qolgandir, bu paytda borish juda noqulay-da, – dedi uzun bo‘yli qizg‘ish sochli ayol.

- Kelishimizni biladi, uxlamagandir, o‘zi chaqirdi-ku, kursdoshlar uchrashuvi bor deb, yana bir telefon qilib ko‘raylik, - dedi qorachadan kelgan istarasi issiq ayol.

Telefonni hech kim ko‘tarmadi.

- Boraveramiz, boshqa boradigan joyimiz bo‘lmasa ko‘chada tunaymizmi, mana manzilgoh qo‘limizda, – dedi birinchi ayol.

Taksi bir zumda ularni ko‘p qavatli uylar oldiga  olib borib qo‘ydi. Ayollarning uzoqdan kelganini bilgach, haydovchi ularning tashvishli qiyofalariga qarab “Qanday kirishni bilasizlarmi, boradigan xonadoningizning nomerini tersangiz eshik ochiladi,”  dedi.

- Biz unday narsalarni bilmaymiz, - dedi qorachadan kelgan ayol.

Haydovchi mashinadan tushib, eshik yoniga keldi va ayollar aytgan raqamni terdi, ammo hech kim javob bermadi, yana terdi. Erkak kishining “Kim u?” degan tovushi eshitildi.

- O‘zlaringiz javob bering, -dedi haydovchi ayollarga shivirlab.

- Biz Nasibaning dugonalari...

Hech qanday sado chiqmadi. Ancha paytdan keyin boyagi erkakning “Ertalab kelinglar” degan ovozi eshitildi. Ayollar nima qilishini bilmay toshdek qotib qolishgandi.

- Biznikiga yuringlar, keksa onam bor, gurunglashib yotasizlar, ertalab o‘zim kuzatib qo‘yaman, - dedi haydovchi yigit ayollarni mashina tomon boshlab.

Bo‘ston RAHMONOVA