Sidebar

"Қашқадарё" ва "Новости Кашкадарьи" газеталарининг расмий веб-сайти
Ўқимоқчи бўлган газетангиз номи устига босинг!
(Нажмите на логотип газеты, которую планируете прочитать)

25 - aprel, chorshanba.

SOLIQ SOHASIDAGI O‘ZGARISHLARDAN XABARDORMISIZ?

Iqtisodiyot
Tipografiya

Islohot qirralari

SOLIQ SOHASIDAGI O‘ZGARISHLARDAN XABARDORMISIZ?

Ma’lumki, yurtimizda soliq tizimini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish, aholi va tadbirkorlarga soliq yukini kamaytirishga qaratilgan ishlar izchil amalga oshirilmoqda. Bundan ko‘zlangan maqsad iste’mol bozorini o‘zimizda ishlab chiqarilgan raqobatbardosh mahsulotlar bilan to‘ldirish, yangi ish o‘rinlari yaratish hisobiga odamlarning xarid qobiliyati va daromadlarini oshirishdan iborat. O‘z navbatida ushbu sohadagi islohotlar davlatimizning iqtisodiy qudrati oshishi, xalqimiz turmush farovonligi yanada yuksalishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Aytish joizki, har yili soliq qonunchiligiga bir qator o‘zgartirishlar kiritilishi asnosida bu borada jismoniy va yuridik shaxslarga beriladigan qator yengilliklar, imtiyozlar ko‘lami oshayapti. Birgina joriy yilning 11 oyi davomida viloyatimizda faoliyat yuritayotgan xo‘jalik subyektlarining 2 mingdan ortig‘iga jami 406 milliard so‘mdan ortiq soliq imtiyozi qo‘llanilgani buning isbotidir. Shu tariqa mazkur subyektlar iqtisod qilingan mablag‘ni samarali yo‘naltirib, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, yangi loyihalarni ro‘yobga chiqarish imkoniga ega bo‘ldi. Soliq sohasidagi yangiliklar Jahon banki tomonidan ham yuqori baholanib, mamlakatimiz “Soliq solish” reyting ko‘rsatkichida 60 pog‘onaga yuqoriladi. Ya’ni 2016-yildagi 138-o‘rindan 2017-yilda 78-o‘ringa ko‘tarildi.

Barchamizga ma’lumki, har yili soliq stavkalari qayta ko‘rib chiqiladi. Soliq va byudjet siyosatining 2018-yildagi asosiy yo‘nalishlaridan kelib chiqib joriy etilgan ayrim o‘zgarishlar ishlab chiqarishni rag‘batlantirish, samarali xo‘jalik yuritishga qaratilgan bo‘lsa, ba’zilari davlat budjeti barqarorligini ta’minlashga xizmat qilishi bilan muhimdir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 29-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining 2018-yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va Davlat byudjeti parametrlari to‘g‘risida”gi qarori va O‘zbekiston Respublikasining “Soliq va byudjet siyosatining 2018-yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” Qonuni qabul qilindi. Mazkur hujjatlarda ham soliq yukini yanada kamaytirishga, soliq solish mexanizmini har jihatdan soddalashtirishga hamda soliq ma’murchiligini takomillashtirishga  alohida e’tibor qaratildi.

IKKITA SOLIQ BIRLASHISHI – TADBIRKOR FOYDASIGA

Mazkur qaror asosida 2018-yilda amal qiladigan soliq stavkalariga bir qator o‘zgartirishlar kiritildi. Jumladan, tegishli Qonunga muvofiq Soliq kodeksining 47 ta moddasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar, 2 ta bo‘lim va 1 ta bobning nomiga tahririy o‘zgartirishlar kiritildi hamda 2 ta bo‘lim va 1 ta bob chiqarib tashlandi.

Shunga asosan 2018-yil 1-yanvardan soliq qonunchiligida quyidagi yangiliklar joriy etildi. Birinchi navbatda foyda va obodonlashtirish hamda ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish soliqlari birlashtirildi. Ilgari foyda solig‘i stavkasi 7,5 foiz va obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig‘i stavkasi 8 foizni tashkil etgan. Endilikda ushbu soliq stavkasi avvalgi 15,5 foiz o‘rniga 14 foiz qilib belgilandi hamda chegiriladigan xarajatlar tarkibi kengaytirildi. Xususan, Soliq kodeksining 147-moddasida keltirilgan 28 turdagi soliq solish bazasidan chegirilmaydigan xarajatlardan 10 tasini chegirish imkoni berilmoqda.

Jumladan, doimiy muassasa orqali faoliyat yuritadigan norezidentlar uchun sof foydadan olinadigan 10 foiz miqdoridagi soliq bekor qilindi. Vaholanki, norezidentlar foyda solig‘idan tashqari sof foydadan ham soliq to‘lar edilar.

TAYYORLOV TASHKILOTI FAOLIYATI ULGURJI SAVDOGA TENGLASHTIRILDI

Shuningdek, tovar aylanmasidan davlat maqsadli jamg‘armalariga ajratmalarning birlashtirilishi va umumiy stavka 3,2 foiz qilib belgilanishi munosabati bilan Soliq kodeksining 3 ta moddasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi va 2 ta bo‘lim chiqarib tashlandi.

Jismoniy shaxslarning daromad solig‘i bo‘yicha uchinchi va to‘rtinchi shkaladagi stavkalar 0,5 foizga pasaytirilib, bular mos ravishda 16,5 va 22,5 foiz qilib belgilandi hamda fuqarolarning shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga o‘tkaziladigan majburiy badal summasi 1 foizdan 2 foizga oshirildi.

Yagona soliq to‘lovi bo‘yicha 2017-yildagi soliq stavkalari esa hech bir o‘zgarishsiz saqlab qolindi. Ahamiyatlisi,  tayyorlov tashkilotlari faoliyati ulgurji savdoga tenglashtirildi va ular uchun soliq stavkasi tovar aylanmasidan 4 foiz miqdorida belgilandi. Shu vaqtgacha tayyorlov tashkilotlari uchun yagona soliq to‘lovi yuzasidan soliq solish obyekti – realizatsiya qilingan tovarlarning xarid qiymati bilan sotish qiymati o‘rtasidagi farq bo‘yicha hisoblab chiqilgan yalpi daromad edi.

YAKKA TADBIRKOR UCHUN QAT’IY SOLIQ MIQDORI KAMAYDI

Qolaversa, egaligida bir gektardan oshadigan yeri bor bo‘lgan yagona soliq to‘lovi to‘lovchilar uchun jami yer maydoni bo‘yicha yer solig‘ini to‘lash joriy etildi. Shuningdek, ular uchun yagona soliq to‘lovini uch karra yer solig‘idan kam bo‘lmagan miqdorda to‘lash tartibi bekor qilindi. Yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun qat’iy belgilangan soliq stavkalari o‘rtacha 30 foizga pasaytirilgani ham alohida e’tiborga molik. Albatta, bu o‘zgarish yurtimizda ishbilarmonlik muhiti yanada yaxshilanishiga, tadbirkorlar safi kengayishiga sharoit hozirlaydi.

Bundan tashqari, tadbirkorlik subyektlarini faoliyat ko‘rsatayotgan joyiga qarab tabaqalashtirish kengaytirildi. Masalan, avval oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari bilan chakana savdo qilish uchun qat’iy belgilangan soliq miqdori Toshkent shahri uchun belgilangan eng kam ish haqining 10 barobari va viloyatlar markazlarida 6,5 barobari miqdorida belgilangan bo‘lsa, 2018-yilda bu ko‘rsatkichlar tegishlicha 7 barobari va 5 barobari miqdoriga teng bo‘ldi. Yuk tashish xizmatlari uchun avtomobillarning yuk ko‘tarish tonnasiga qarab eng kam ish haqining 2-4 barobari miqdorida soliq solingan bo‘lsa, joriy yilda bu borada yengillik (tegishlicha 1,5-3,5 barobar) taqdim etildi.

YER SOLIG‘I STAVKASI 15 FOIZGA INDEKSATSIYA QILINDI

Ma’lumki, yurtimizda suv hamda yerdan samarali va oqilona foydalanish dolzarblik kasb etmoqda. Ushbu resurslarni tejab, unumli ishlatish rizq-ro‘zimiz mo‘l-ko‘lligini ta’minlashga xizmat qiladi. Shu bois suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari 15 foizga va yer solig‘i stavkasi 15 foizga indeksatsiya qilindi.

Aksiz solig‘i stavkalari qayta ko‘rib chiqilgani ham ahamiyatlidir. Jumladan, bu stavkalar respublikamizda ishlab chiqariladigan etil spirtiga – 25 foizga, tabiiy vinoga (etil spirti qo‘shilmagan) – 10 foizga, boshqa turdagi vinolarga – 20 foizga, konyak – 27 foizga, aroq va boshqa alkogol mahsulotlariga – 25 foizga, pivo - 20 foizga, tamaki mahsulotlariga - 50 foizga indeksatsiya qilindi.

Yana bir jihati, alkogolli mahsulotlar, qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan buyumlar bilan chakana savdo qilish huquqi uchun yig‘imlarning hududlar bo‘yicha tabaqalashtirilgan stavkalari joriy etildi. Ilgari ushbu yig‘im miqdori barcha hududlar uchun bir xil qilib belgilangan.

KO‘CHAR MULK MOL-MULK SOLIG‘I OBYEKTI HISOBLANMAYDI

Shuningdek, Soliq kodeksining 6 ta moddasiga o‘zgartirish kiritilib, yuridik shaxslar uchun mol-mulk solig‘i obyektidan ko‘char mulklar chiqarildi. Buning hisobiga tadbirkorlik subyektlarining 236 milliard so‘m mablag‘i tejalishi kutilmoqda. Ta’kidlash joiz, ayni vaqtga qadar mol-mulk solig‘i obyektiga ko‘chmas mulkdan tashqari mashina va uskunalar, transport vositalari va boshqa ko‘char tusdagi asosiy vositalar kirar edi.

YONILG‘I ISHLATGANLIK UCHUN...

Benzin, dizel yonilg‘isi va gaz ishlatganlik uchun olinadigan soliq stavkalarida ham o‘zgarishlar yuz berdi.

Benzin yonilg‘isi–1 litr uchun 232,5 so‘m/1 tonnaga 308850 so‘m;

dizel yonilg‘isi – 1 litr uchun 232,5 so‘m/1 tonnaga 282500 so‘m;

suyultirilgan gazga – 1 litr uchun 230 so‘m/1 tonnaga 436000 so‘m.

siqilgan gazga – 1 kub metr uchun 305 so‘m miqdorida belgilandi.

Joriy yilda benzin va dizel yonilg‘isi uchun soliq stavkasi 50 foizga pasaytirilgan bo‘lsa, suyultirilgan gaz uchun 2017-yil stavkasi saqlanib qolindi va siqilgan gaz uchun soliq stavkasi esa 10 foizga indeksatsiya qilindi.

Yuk tashish korxonalariga har bir avtomashina uchun yakka tartibdagi tadbirkorlar to‘laydigan qat’iy belgilangan soliqdan kam bo‘lmagan miqdorda soliqlarni to‘lash belgilandi. Bunda yuk tashish xizmatini ko‘rsatuvchi korxonalar tomonidan jami to‘langan soliq va boshqa majburiy to‘lovlar summasining bitta transport vositasi birligiga to‘g‘ri keladigan miqdori ushbu faoliyat bilan shug‘ullanadigan yakka tartibdagi tadbirkorlar to‘laydigan qat’iy belgilangan soliq summasidan kam bo‘lmasligi lozim.

MOL-MULK SOLIG‘I KADASTR QIYMATIGA QARAB BELGILANADI

Soliq kodeksining tegishli 3 ta moddasiga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarga asosan, jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq kadastr qiymatidan kelib chiqib hisoblanishi hamda soliqning asosiy stavkasi kadastr qiymatiga nisbatan 0,2 foiz (2017-yilda 1,7 foiz edi) miqdorida va soliq hisoblashda kadastr qiymati 42 million so‘mdan (2017-yilda 3 million so‘m) kam bo‘lmasligi belgilandi.

Kadastr qiymati mavjud bo‘lmaganda soliq hisoblash uchun Toshkent, Nukus shaharlarida va viloyat markazlarida 210 million so‘m (2017-yilda 20,3 million so‘m) hamda boshqa shaharlarda va qishloq joylarda 90 million so‘m (2017-yilda 8,8 million so‘m) miqdorida mol-mulkning shartli qiymati o‘rnatildi.

Shu bilan birga, soliq yuki 2018-yilda keskin oshib ketmasligi uchun kadastr qiymatiga asosan hisoblangan soliq summasi 2017-yildagi summaga nisbatan 20 foizdan ko‘p bo‘lmasligi belgilandi. Bunda Vazirlar Mahkamasiga jismoniy shaxslar mol-mulkining kadastr qiymatini aniqlash tartibini bir oy muddatda tasdiqlash topshirildi.

ABONENT RAQAMIDAN FOYDALANGANLIK UCHUN TO‘LOV OSHDI

 Kiritilgan yana bir o‘zgartirishga ko‘ra, notijorat tashkilotlarga tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirganda ishchilar sonidan qat’iy nazar yagona soliq to‘lovini to‘lashga ruxsat berildi.

Shuningdek, uyali aloqa kompaniyalaridan abonentlik raqamlaridan foydalanganlik uchun olinadigan to‘lov miqdori har oyda 4000 so‘m qilib belgilandi. Shuning 29 foizi budjetga, 70 foizi axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasiga taqsimlanadi.

Yagona ijtimoiy to‘lov (mikrofirma va kichik korxonalar, fermer xo‘jaliklari uchun 15 foiz va boshqalar uchun 25 foiz) hamda fuqarolar sug‘urta badallarining (8 foiz) amaldagi stavkalari saqlanib qolindi.

Soliq kodeksining 285- va 286-moddalariga kiritilgan o‘zgartirishga asosan yuridik shaxslar uchun yer solig‘i bo‘yicha hisob-kitoblarni taqdim etish muddati 10 yanvar qilib va to‘lash muddati har oyning 10-kuniga qadar yillik summaning o‘n ikkidan bir qismi miqdorida amalga oshirilishi qayd etildi. Avvallari hisob-kitob 15-fevralgacha topshirilar va to‘lash har chorakda amalga oshirilar edi.

Soliq kodeksining 372- va 375-moddalariga kiritilgan o‘zgartirishlar esa yuridik shaxslarning qat’iy belgilangan soliqni har oyda keyingi oyning 10-kunidan (ilgari 25-sana edi) hamda yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan har oyning 10-kunidan (ilgari 25-kunidan edi) kechiktirmay to‘lanishini nazarda tutadi.

2018-YIL 1-APRELDAN NIMALAR BEKOR BO‘LADI?

Joriy yilning 1-aprelidan e’tiboran ayrim imtiyoz va tartib-qoidalar bekor qilinayotganini aytish lozim. Xususan, mahalliylashtirish dasturi bo‘yicha soliq imtiyozlari endi qo‘llanilmaydi. Albatta, bu turdosh mahsulotlar ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida tenglik muhitini ta’minlashga imkoniyat yaratadi.

Bundan tashqari, eksport hajmining ulushiga qarab foyda solig‘i, mol-mulk solig‘i va yagona soliq to‘lovi bo‘yicha pasaytirilgan stavkalarni qo‘llash tartibi bekor qilinmoqda. Soliq kodeksining 156-, 179- va 356-moddalariga kiritilgan o‘zgartirishlarga asosan ustav jamg‘armasiga yo‘naltirilgan dividend summasiga nisbatan soliq imtiyozi yo‘qqa chiqadi. Soliq kodeksining 290-moddasiga kiritilgan o‘zgartirishga asosan yakka tartibdagi uy-joy qurilishi uchun berilgan yer uchastkalari bo‘yicha – yer uchastkasi berilgan oydan keyingi oydan e’tiboran ikki yil muddatga yer solig‘idan ozod etish tarzidagi imtiyoz ham o‘z kuchini yo‘qotadi.

Soliq qonunchiligida amalga kiritil(ayot)gan bu o‘zgarish va yangiliklar yurtimiz rivoji yanada jadallashishi,  xalqimiz hayotida sifat o‘zgarishlari yasalishiga, tadbirkorlikning yanada faollashuviga zamin yaratishiga shubha yo‘q.

Viloyat davlat soliq boshqarmasi bilan hamkorlikda M.SHUHRATOV tayyorladi.