Sidebar

"Қашқадарё" ва "Новости Кашкадарьи" газеталарининг расмий веб-сайти
Ўқимоқчи бўлган газетангиз номи устига босинг!
(Нажмите на логотип газеты, которую планируете прочитать)

23 - sentabr, yakshanba.

KORXONA OILAVIY, MANFAATI ESA UMUMIY

Iqtisodiyot
Tipografiya

Kichik biznes

KORXONA OILAVIY, MANFAATI ESA UMUMIY

Kishi fikrlasa, izlansa, intilsa, harakat qilsa har qanday ishni uddalashi mumkin. Binobarin, bir paytlar tikuvchilik hunarini o‘rganishga, mohir chevar bo‘lishga ahd qilgan yakkabog‘lik Muhabbat Nusratovani ham aynan shu omillar hayotinio‘zgartirdi, yutuqlarga boshladi. O‘zi tinib-tinchimas, doimo olg‘a intilishni xo‘sh ko‘radigan bu ayol bugun nafaqat tumanda, balki viloyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan tadbirkor ayollar safidan joy egalladi. Ko‘plab tanlov va ko‘rgazmalarning g‘olib va sovrindoriga aylandi.

- Aslida tikuvchilik menga momomeros kasb, - deydi u. – Onam, momolarim ham mohir chevar bo‘lishgan. Yaqinlari, qo‘ni-qo‘shnilari uchun turli kiyim-kechaklar tikib, tirikchilik qilishgan. Men ham yillar davomida shu hunarni o‘rganib, o‘z ustimda ishlab, uni yanada boyitib kelmoqdaman. Ko‘plab shogirdlar tayyorladim. Shu bilan birgalikda, yurtimizda tadbirkorlar uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar, imtiyoz va imkoniyatlardan ruhlanib, faoliyatimni yanada kengaytirish, ishni rivojlantirishga ahd qildim. Oila a’zolarim bilan birgalikda “Farhod M.N” oilaviy korxonasini tashkil etib, bir necha turdagi tikuvchilik mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydik.

Muhabbat Nusratovaning sa’y-harakatlari samarasida tashkil etilgan korxonada ayni vaqtda 28 turdagi tikuvchilik mahsulotlari tayyorlanmoqda. 12 kishi doimiy ish o‘rniga ega bo‘lgan subyektda ko‘rpa, ko‘rpacha, choyshab, yostiq jildlari, beshik yopinchiqlaridan tortib, milliy qo‘g‘irchoqlar ishlab chiqarishga qadar o‘zlashtirilgan.

- Korxonamizda qaysi mahsulotni tayyorlashimizdan qat’i nazar sifat birinchi o‘rinda turadi, - deydi tadbirkor. – Har bir mahsulotning bejirim va mustahkam bo‘lishiga asosiy e’tiborni qaratamiz. Bugungi kunda nafaqat viloyatimiz, balki respublikaning turli hududlaridagi hamkorlardan buyurtmalar olganmiz.

O‘tgan yili oilaviy korxonada 300 million so‘mlikdan ortiq mahsulot tayyorlanibdi. Joriy yilda esa bu ko‘rsatkichni yanada oshirish reja qilingan.

Jahongir BOYMURODOV

Suratlarda: oilaviy korxona faoliyatidan lavhalar.

Sobir NARZIYEV olgan suratlar.