Sidebar

"Қашқадарё" ва "Новости Кашкадарьи" газеталарининг расмий веб-сайти
Ўқимоқчи бўлган газетангиз номи устига босинг!
(Нажмите на логотип газеты, которую планируете прочитать)

24 - sentabr, dushanba.

53 OILA YANGI UYGA KO‘CHIB O‘TDI

Jamiyat
Tipografiya

Ijtimoiy himoya

53 OILA YANGI UYGA KO‘CHIB O‘TDI

Inson manfaati har narsadan ustun va uning sha’ni oliy qadriyat. Shunga muvofiq yurtimizda ehtiyojmand, nogironligi bo‘lgan fuqarolarga mehr-muruvvat, g‘amxo‘rlik ko‘rsatilib, ularning orzu-istaklarini ro‘yobga chiqarish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Yakunlangan yilda Qarshi shahrida zamonaviy qulayliklarga ega 7 ta arzon, ko‘p kvartirali uy-joy o‘z egalariga topshirilgani, qishloqlarda mingdan ortiq yangilangan namunaviy loyihalar asosidagi arzon uy-joylar qad rostlagani buning yorqin dalilidir.

Yangi yil bayrami arafasida Qarshi shahridagi 5 nafar imkoniyati cheklangan fuqarolarga   Prezident sovg‘asi - zamonaviy uylar kaliti tantanali ravishda topshirildi. Tadbirda jam bo‘lganlar yurtimizda hech kim mehr va e’tibordan chetda emasligi, ijtimoiy himoyaga muhtoj, imkoniyati cheklangan insonlarning hayotdan roziligini va ertangi kunga ishonchini mustahkamlashga alohida ahamiyat berilayotganini ta’kidlashdi. Viloyat hokimi Zafar Ro‘ziyev xonadon egalarini yangi uy bilan qutladi.

- Quvonchim ichimga sig‘maydi, - deydi Qarshi shahridagi yangi xonadon sohibalaridan biri, II guruh nogironi Dilrabo Ahmedova. - Ko‘p yillar avval baxtsiz hodisa tufayli qattiq lat yeb, yurolmay qoldim. Doim kayfiyatim tushkun edi. Prezidentimiz tomonidan ko‘rsatilgan bunday rag‘batdan ko‘nglim tog‘dek ko‘tarildi. Xastaligimni unutgandek bo‘ldim. Qalbimda yangi umidlar, orzular paydo bo‘ldi.

Darhaqiqat, davlatimiz rahbarining 2016-yil 22-noyabrdagi "2017-2020-yillarda shaharlarda arzon, ko‘p kvartirali uylarni qurish va rekonstruksiya qilish Dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori ijrosi doirasida Qarshi shahrida 1 ming 701 xonadonli jami qirqta ko‘p qavatli turar joy qurilishi belgilangan. Joriy yilda 315 ta xonadon egalari Yangi yil bayramini yangi uylarda qarshi olishdi.

Bu kabi ezgu ishlar keyingi yillarda ham tizimli davom ettiriladi. Xususan, joriy yilda Qarshi shahrida 14 ta ana shunday arzon narxdagi ko‘p qavatli uylar quriladi. Ayni paytda Qarshi shahridagi Jayxun ko‘chasida 2 ta, O‘zbekiston ko‘chasida 5 ta uy qurilishi jadal olib borilmoqda. Oydin mahallasidagi uylarning esa poydevor ishlari boshlab yuborilgan.

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, 2017-yilning 30-31-dekabr kunlari viloyatimizning Shahrisabz shahri (2), Kasbi (2), Mirishkor (3), Koson (1), Muborak (3), G‘uzor (3), Nishon (12), Dehqonobod (7), Shahrisabz (2), Yakkabog‘ (4), Chiroqchi (3), Qamashi (6) tumanlaridagi imkoniyati cheklangan fuqarolarga ham yangi uylar kaliti topshirildi.

Barcha tumanlarda uy topshirish marosimi tantanali ruhda tashkil etildi. Taniqli xonandalar ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar barchaga xush kayfiyat bag‘ishladi.

Shohista BOZOROVA

 

Jamshid NORQOBILOV olgan surat.