Sidebar

"Қашқадарё" ва "Новости Кашкадарьи" газеталарининг расмий веб-сайти
Ўқимоқчи бўлган газетангиз номи устига босинг!
(Нажмите на логотип газеты, которую планируете прочитать)

25 - aprel, chorshanba.

JANGOVAR TEXNIKALAR NAMOYISHI

Jamiyat
Tipografiya

Vatan himoyasi – muqaddas burch

JANGOVAR TEXNIKALAR NAMOYISHI

YOSHLARNI JASORATGA RUHLANTIRDI

Qarshi shahrida 14-yanvar – O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topganining 26 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan harbiy vatanparvarlik oyligi doirasida jangovar texnikalar, qurol-yarog‘lar va Vatan himoyachilarining faoliyati bilan bog‘liq boshqa ashyolar ko‘rgazmasi tashkil etildi.

Ma’lumki, bu yilgi bayram tadbirlari Prezidentimizning tegishli farmoyishiga binoan yangi shaklda, “Milliy armiyamiz – yoshlarning mardlik, matonat va jasorat maktabidir!” umumiy shiori ostida nishonlanmoqda. Tadbirlar dasturida yoshlarda vatanparvarlik ruhini kuchaytirishga, ularda harbiy kasbga nisbatan kuchli g‘urur va iftixor hissini uyg‘otishga, xalq va armiya yakdilligini ta’minlashga xizmat qiluvchi harbiy texnika, qurol-yarog‘ namoyishi, harbiy orkestrlar konsertlari, harbiy xizmatchilarning qo‘l jangi elementlari bilan ko‘rgazmali chiqishlarini tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Viloyat hokimligi, Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi va boshqa hamkor tashkilotlar tomonidan tashkil etilgan bu galgi tadbirda harbiy qism va muassasalar, O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi Vatanparvar tashkiloti viloyat kengashi, viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga tegishli harbiy texnikalar karvoni shahar ko‘chalari bo‘ylab harakatlandi. Tepasida yurtimiz bayrog‘i hilpiragan, turli-tuman ko‘rinishdagi, har xil vazifalarni bajaruvchi bu qudratli texnikalar karvonini shahar va viloyat markaziga yaqin tumanlar aholisi, voha mehmonlari tomosha qilishdi. Ular orasida o‘quvchilar, talabalar, faxriylar, bir so‘z bilan aytganda, yetti yoshdan yetmish yoshga qadar bo‘lgan fuqarolar bor edi.

- O‘g‘lim Saidmuhammadxon Alovxonovning orzusi - harbiy bo‘lish, - deydi Koson tumani Xo‘jaquduq qishlog‘ilik Farhod Usmonov. – Shu bois, bugun Qarshi shahrida harbiy texnikalar ko‘rgazmasi bo‘lishini eshitib, uni o‘zim bilan olib keldim. Turli harbiy mashinalarni yaqindan ko‘rdik, bu mas’uliyatli va sharafli kasb egalarining faoliyati haqidagi tasavvurlarimiz kengaydi. Shu asnoda farzandimda ushbu kasb mashaqqati, mas’uliyati, sharafi haqida keng tushuncha shakllandi.

Ta’kidlab o‘tish joiz, bunday tadbirlar, ayniqsa, yoshlarda harbiy vatanparvarlik tuyg‘usini kuchaytirishda muhim ahamiyatga ega. Ko‘rgazmada viloyat hududida faoliyat ko‘rsatayotgan akademik litsey va kasb-hunar kollejlarining maxsus guruh o‘quvchilari ham ishtirok etdi.

Viloyatimizda harbiy vatanparvarlik ruhidagi bu kabi tadbirlar davom etmoqda.

Jahongir BOYMURODOV

Suratlarda: ko‘rgazmadan lavhalar.

Sobir NARZIYEV olgan suratlar.