Sidebar

"Қашқадарё" ва "Новости Кашкадарьи" газеталарининг расмий веб-сайти
Ўқимоқчи бўлган газетангиз номи устига босинг!
(Нажмите на логотип газеты, которую планируете прочитать)

21 - iyul, yakshanba.

62 TA MAHALLADA JINOYAT SODIR ETILMADI

Jamiyat
Tipografiya

Yig‘ilish

62 TA MAHALLADA JINOYAT SODIR ETILMADI

Biroq viloyatimizda 730 ta fuqarolar yig‘ini mavjudligini inobatga olsak, bu juda past ko‘rsatkich ekani o‘z-o‘zidan ayon bo‘ladi

 Qarshi shahrida Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha viloyat kengashining 2017-yil yakunlariga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Tahliliy-tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda tizimda amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi. Unda viloyat kengashi mas’ul xodimlari, barcha shahar va tumanlar kengashlari raislarining o‘rinbosarlari ishtirok etdi.

Qayd etildiki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida hamda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 25 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali marosimdagi ma’ruzasida mahalla tizimiga oid belgilangan ustuvor vazifalardan kelib chiqib, faoliyatni yanada takomillashtirish zarur. Chunki erishilgan natijalar qatorida yechimini kutayotgan masalalar, kamchiliklar ham ko‘p.

- O‘tgan yilda ehtiyojmand, boquvchisini yo‘qotgan oilalar, yakka-yolg‘iz qariyalar, nogironlar hamda tabiiy ofatdan jabr ko‘rgan 2958 nafar fuqaroga jami 1 milliard 489 million 476 ming so‘mlik moddiy yordam ko‘rsatildi, - deydi Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha viloyat kengashi raisining birinchi o‘rinbosari Do‘stmurod Sultonov. - Shuningdek, "Oila - mahalla - ta’lim muassasasi" hamkorligi doirasida sababsiz ma’lum muddat darsga kelmagan 98 nafar maktab va 815 nafardan ortiq kollej va akademik litsey o‘quvchilari ta’limga jalb etildi. Bundan tashqari, farzandining uzluksiz ta’limga jalb etilishiga qarshilik ko‘rsatayotgan 72 nafar ota-ona va ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar ro‘yxati shakllantirilib, voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha komissiyalarga ko‘rib chiqish va qonuniy tartibda choralar ko‘rish uchun taqdim etildi.

Kengash yig‘ilishida mahallalarda jinoyatchilik hamda huquqbuzarliklarga barham berish bo‘yicha jamoatchilik nazorati to‘liq yo‘lga qo‘yilmagani ham qayd etildi. Mahalla xodimlari, ayniqsa, posbonlar haligacha mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga tayyor emas. Tahlillarga ko‘ra, o‘tgan yili viloyatimizdagi 62 ta mahallada umuman jinoyat sodir etilmagan. Agar viloyatimizda 730 ta  fuqarolar yig‘ini mavjudligini inobatga olsak, bu juda past ko‘rsatkich   ekani o‘z-o‘zidan ayon bo‘ladi.

Shuningdek, yig‘ilishda ayrim tuman kengashlari ijro intizomi, fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqish, yig‘inlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash borasida xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani tanqid qilindi. Ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilandi.

Kun tartibidagi masalalar yuzasidan tegishli mutasaddilar hisobotlari tinglandi. Muhokama etilgan masalalar bo‘yicha qarorlar qabul qilindi.

Yig‘ilishda Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi raisi o‘rinbosari Azimjon Mirzajonov ishtirok etdi.

 

Shohista BOZOROVA