Sidebar

"Қашқадарё" ва "Новости Кашкадарьи" газеталарининг расмий веб-сайти
Ўқимоқчи бўлган газетангиз номи устига босинг!
(Нажмите на логотип газеты, которую планируете прочитать)

22 - iyul, yakshanba.

JURNALIST, YOZUVCHI VA SHOIR

Jamiyat
Tipografiya

27 iyun - Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni

JURNALIST, YOZUVCHI VA SHOIR

ularning ijodiy farqi nimada?

Maqolamga shunday deb sarlavha qo‘yishga qo‘ydim-u o‘ylanib qoldim, gapni nimadan boshlashni bilmay boshim qotdi. Aslida har uchalasi ham ijodkor, har uchalasining ham ish quroli qalam, biroq ularni tanish kerak: ularning alohida-alohida o‘z nomi bor - jurnalist, yozuvchi va shoir.

Lekin shunga qaramay jurnalistika, uning asosiy ifoda usuli bo‘lgan publitsistika, proza va poeziya o‘rtasida devor qo‘yib bo‘lmaydi. Negaki ko‘p hollarda ular bir-birini to‘ldiradi, bir-biriga zamin yaratadi, qaysidir nuqtada bir-biri bilan tutashib ketadi. Masalan, Hamid Olimjonning “Zaynab” ocherki uning “Zaynab va Omon” dostonini yozishiga turtki bo‘lgan. Oybekning Pokistonga qilgan sayohati natijasida yozilgan “Pokiston xotiralari” ocherkidan keyin “Nur qidirib” qissasi, “Zafar va Zahro”, “Haqiqatgo‘y” dostonlari yozilgan. Abdulla Qodiriyning “Julqunboy”, “Kalvak Maxzum”, “Toshpo‘lat”, “Dumbul”, “Ovsar” taxalluslari bilan yozgan hajviy maqolalari, felyetonlari keyinchalik uning “Toshpo‘lat tajang nima deydi?”, “Kalvak Maxzumning xotira daftaridan” va boshqa ko‘plab asarlariga turtki bergan. Bunday misollarni istagancha keltirish mumkin. Ko‘rinib turibdiki, aksariyat yozuvchilarimiz ham publitsist, ham adib sifatida qalam tebratishgan. Ba’zan publitsistik maqolalari badiiy asarlarga aylangan. Ijod maydoniga publitsist sifatida kirib, keyin nasrda samarali ijod qilgan yozuvchilarimiz ham ko‘p.

Adabiyotshunos Hotam Umurov o‘zining “Adabiyot qoidalari” kitobida ocherk, felyeton va xotirani epik turning maxsus janri sifatida ko‘rsatib o‘tadi. Bundan shunday xulosa chiqarish mumkinki, publitsistikaning o‘zi ham adabiyotning proza turidagi maxsus yo‘nalishdir. Faqat u og‘zaki yoki yozma shaklda matbuot bilan, radio, televideniye yoki internet bilan yashaydi.

Aslida publitsistika, ta’bir joiz bo‘lsa, qaynoq bir yo‘nalishdir. U ijodkor qalamini charxlaydi, hayotga yaqinlashtiradi. Sirtdan qaraganda osonday tuyulgan publitsistika aslida murakkab va qiyin jarayon. Publitsistik maqola yozish o‘zini shoir yoki nosir deb bilgan har qanday ijodkorning ham qo‘lidan kelavermaydi. Ammo teskarisi bo‘lishi mumkin.

Afsuski, bugungi kunda publitsistikaning badiiylik bilan qorishib ketgan yorqin namunasi - ocherklar kam yozilayapti. Lavha, reportaj, felyetonlar deyarli unutildi. Holbuki, o‘ttizinchi va undan keyingi yillarda adabiyotimizga kirib kelgan har bir yozuvchi ijodida publitsistik asarlar istagancha bo‘lgan.

Publitsistikaning yuki og‘ir. Bu yuk xoh tanqidiy maqola bo‘lsin, xoh istalgan mavzudagi boshqa maqola, jurnalistning yelkasidan bosib turadi. Negaki, publitsistika dalillarga, isbotlarga tayanadi, ular albatta, hayotiy va haqiqatga mos bo‘lishi kerak. Aksariyat maqolalar qahramoni hayotdagi real shaxs. Bu jurnalistdan hushyorlikni, his-tuyg‘ularini jilovlab turishni, maqola mazmunli, asosli, ortiqcha bo‘yoqlardan, hashamlardan xoli bo‘lishini talab qiladi. “O‘zida yo‘q xislatni ko‘rib, uyalib yurardi sho‘rlik qahramon”, degan misralarni bejizga yozmagan O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov.

Tanqidiy maqola esa yanayam mas’uliyatli. Tanqid nishoniga olingan shaxs, voqelik asosli, dalilli bo‘lishi kerak. Bir vaqtlar “G‘alaba” (hozirgi “Kitob tongi”) gazetasi tahririyatida ishlaganimda o‘nlab tanqidiy maqolalar yozganman. O‘shanda muharririmiz, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Suxrob Rustamov har bir tanqidiy maqolani sinchiklab o‘qib, asoslarini tekshirib, tushuntirish xatlari, dalillar, isbotlar va hokazolarni seyfda saqlab qo‘yib, e’tirozga o‘rin qoldirmas edilar. Ammo hozir kuzatyapman, ayrim nashrlarda, xususan, internat nashrlarida shov-shuv ketidan quvib bir yoqlama tanqidlar ko‘p chiqyapti. Muxbir o‘rtada xolis ekanini unutib, isbotlanmagan ma’lumotlarni e’lon qilib yuboryapti va bu, o‘z navbatida, haqli e’tirozlarga, bahs-munozaralarga sabab bo‘lyapti. Ko‘za kunda emas, kunida sinadi, bu, albatta, yaxshilikka olib bormaydi. Negaki, tanqiddan maqsad birovni yomon otliq qilish, yuziga loy chaplash emas, voqelikka obyektiv yondashish, muammoning hal bo‘lishiga turtki berishdir.

Yozuvchining yo‘rig‘i boshqa. Nasr, u hikoya, qissa yoki roman janri bo‘ladimi, qalam erkin, yayrab yuradi, to‘qima obrazlardan keng foydalanadi. Ammo bu yozuvchi ishining yengilligini belgilamaydi, har biri o‘ziga xos, biri-biriga o‘xshamagan xarakterlar orqali voqealar silsilasini rivojlantirish adibdan juda katta mahorat talab qiladi. Mahorat oqsagan joyda asar “o‘xshamay qoladi”, ba’zan publitsistik ruh ustuvorligi, ba’zan tildagi g‘alizlik seziladi va hokazo.

Shoirlik yana bir dunyo. Bizda hayoti mobaynida bir she’r yozishga urinib ko‘rmagan kishining o‘zi yo‘q, desam ko‘pam xato bo‘lmas. Maqola yozmasligi mumkin, hikoya yozmasligi mumkin, ammo she’r yozadi, chunki shoirlik qon-qonimizga singib ketgan. So‘z qo‘shimchalarini qofiyalashtirib o‘zini shoir sanab yurganlar ham, o‘rtachadan bundayroq she’rlarini to‘plab kitob chiqarganlar ham, hayotdagi sitamlarini she’r deb o‘ylagan narsasiga tushirib, o‘zini o‘zi ovutib yurganlar ham ko‘p.

Ammo bizda vaqt degan oliy hakam bor. Uning o‘zi barchasini sinovdan o‘tkazadi. Alisher Navoiy davrida ham Hirot adabiy muhitida 500 dan ortiq shoir borligi ma’lum, ammo sanoqlilarigina adabiyotda yashab qolgan.

Yuqorida ham publitsistik maqola, ham badiiy asar yozgan yozuvchilar haqida to‘xtalib o‘tdik. Proza, poeziya va publitsistikada birday samarali ijod qilganlar va qilayotganlar ko‘p. “Navoiy”day roman yozgan Oybekning “Na’matak” she’rini o‘qib kim rohatlanmaydi, deysiz. Yoki “Opa-singillar”, “Davr mening taqdirimda” kabi romanlar muallifi Asqad Muxtorning falsafiy she’rlaridan bahra olmagan bormi?

Xulosa qilib yuqorida aytgan fikrimni takrorlamoqchiman: publitsistika, proza va poeziya o‘rtasida devor yo‘q. Aksariyat hollarda ular bir-birini to‘ldirib turadi.

Biroq, ijodkorning ijodiy faoliyati mahsuli ayni davrda uning qaysi nomga ko‘proq haqli ekanini anglatib turadi: JURNALIST, YOZUVCHI, SHOIR. Bir paytda har uchalasiga munosiblik esa oddiygina qilib aytganda, yuksaklikdir.

Lola O‘ROQOVA