Sidebar

"Қашқадарё" ва "Новости Кашкадарьи" газеталарининг расмий веб-сайти
Ўқимоқчи бўлган газетангиз номи устига босинг!
(Нажмите на логотип газеты, которую планируете прочитать)

22 - iyul, yakshanba.

YUKSAK MARRALARGA CHORLOVCHI BEQIYOS RAG‘BAT

Jamiyat
Tipografiya

30-iyun – Yoshlar kuni

YUKSAK MARRALARGA CHORLOVCHI BEQIYOS RAG‘BAT

Bugungi kunda dunyo aholisining 20 foizini yoshlar tashkil etadi. Yurtimizda esa bu ko‘rsatkich 60 foizdan oshishi yoshlarning jamiyatimiz hayotidagi o‘rnini ko‘rsatib turibdi. Binobarin, mamlakatimizda yosh avlod kamoloti yo‘lida imkoniyatlar eshigi keng ochilgan. Bunga javoban yoshlar ham fan, ta’lim, madaniyat, sport, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari kabi ko‘plab sohalarda yuksak natijalarni qo‘lga kiritmoqdalar.

Xususan, ayni paytda 4 ming nafarga yaqin yosh turli mukofotlarga loyiq ko‘rilgan bo‘lsa, yuzdan ziyod yigit-qiz Vatanimizning yuksak unvonlari bilan taqdirlandi. 22 ming nafardan ziyod yoshlar fan olimpiadalarida, 200 nafardan ortig‘i  xalqaro olimpiadalarda g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Yoshlarimiz orasida fan nomzodlari, fan doktorlari ham talaygina. Shuningdek, 192 ming nafardan ortiq yoshlar turli sport musobaqalari, uch mingdan ko‘prog‘i xalqaro musobaqalar g‘olibidir. Yoshlarimiz orasida 600 nafar jahon chempioni, 1 ming 300 nafar Osiyo chempioni bor.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 30-iyun – Yoshlar kuni etib belgilangani esa yoshlar uchun o‘ziga xos quvonchli bayram bo‘lish bilan birga, ularni yangi, yuksak marralarga chorlovchi, jonajon Vatanimizga sadoqatini yanada kuchaytiruvchi beqiyos rag‘bat bo‘ldi, desak ayni haqiqatdir.

Prezidentimiz ta’kidlaganidek, millionlab yoshlarning hayoti va kelajagiga bevosita daxldor bo‘lgan o‘zgarishlar har tomonlama chuqur o‘ylab ish tutishni, yetti o‘lchab, bir kesishni talab etadi. Mamlakatimiz tarixida ilk marta o‘tkazilayotgan “Yoshlar kuni” tadbirlari esa jamiyatimiz va davlatimizning yoshlar siyosatidagi qat’iy irodasini namoyon etib, mazmun-mohiyati va ahamiyatiga ko‘ra nafaqat yurtimiz yoshlari, balki butun xalqimiz manfaatlariga xizmat qilishiga shubha yo‘q.

Yoshlar mamlakat kelajagi ekan, ularning orzu-istaklarini amalga oshirishdagi barcha imkoniyatlardan to‘laqonli foydalanish, kerak bo‘lsa, har bir yoshning intilishini o‘rinli baholash, yo‘ldan adashganlariga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish, imkon izlaganlarga sharoit yaratib berish, shiddat bilan rivojlanib borayotgan zamonda yoshlarni hamisha sergak bo‘lib, har qanday ijtimoiy voqelikka o‘z munosabatini bildirishga da’vat etish “Yoshlar kuni” tadbirlarining asosiy mazmunidir.

Shu maqsadda bugun barcha tuman-shaharlarda “Hokim va yoshlar” uchrashuvlari bo‘lib o‘tmoqda, imkoniyati cheklangan hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘rilayotir. “Yoshlar – kelajagimiz” dasturida belgilangan vazifalar ijrosiga e’tibor qaratilmoqda.

Davra suhbatlari, fotoko‘rgazmalar, trening, viktorina va interfaol o‘yinlarni jamlagan “Men va Yoshlar ittifoqi” aksiyasiga ham qizg‘in tayyorgarlik ko‘rildi.

Shuni ham qayd etish kerak, mazkur sana oldidan “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasining bo‘limlari tashkil qilinib, ularga hududdagi yosh, istiqbolli va harakatchan tadbirkorlar rahbar etib tayinlanishi belgilandi. Joylardagi prokuratura organlari mazkur jamg‘armaning ish faoliyatiga bevosita amaliy yordam ko‘rsatib boradi.

Bugungi  “Yoshlar kuni” tadbirlari haqiqiy bayram tusini oladi. Bunda eng avvalo, O‘zbekiston Respublikasi   Prezidentining yoshlarga bayram tabrigi o‘qib eshittirilishi, so‘ng yil davomida yaxshi natijalarga erishgan namunali yoshlarga hokimlar va homiylarning esdalik sovg‘alari topshirilishi ko‘zda tutilgan.

“Kitobxonlik viktorinalari”, kitob yarmarkalari, yangi asarlar taqdimotlari, “Nazm va navo” kechalari, yosh dizaynerlar liboslari namoyishi, yosh oshpazlar tanlovi, “Dunyo raqslari” shoulari, “Baxtli oila quramiz” shiori ostida ixchamlashtirilgan namunali to‘ylar allaqachon boshlab yuborildi. Yoshlar bandligini ta’minlash bo‘yicha mehnat yarmarkalari, “Biz sog‘lom turmush tarafdorimiz” shiori ostida estafeta, sport musobaqalari o‘tkazilayotir.

Buyuk Gogol yoshlik shu narsa bilan baxtiyorki, uning kelajagi bor, degan edi. Shunday ekan, ertangi kunning nurafshon bo‘lishi bugungi qadamlarga, maqsad va harakatga ko‘p jihatdan bog‘liq. “Yoshlar kuni” tadbirlarida jarang sochayotgan “O‘zbekistonga sadoqat bilan xizmat qilishga doim tayyormiz!” so‘zlari esa o‘g‘il-qizlar qalbidagi qat’iy maqsadning uchqunlaridir.

N.XO‘JAYEV