Sidebar

"Қашқадарё" ва "Новости Кашкадарьи" газеталарининг расмий веб-сайти
Ўқимоқчи бўлган газетангиз номи устига босинг!
(Нажмите на логотип газеты, которую планируете прочитать)

21 - sentabr, juma.

JAMOATCHILIK NAZORATI: UNI KIM, QANDAY, QAYERDA AMALGA OSHIRADI?

Jamiyat
Tipografiya

JAMOATCHILIK NAZORATI:

UNI KIM, QANDAY, QAYERDA AMALGA OSHIRADI?

Huquqiy-demokratik davlat va adolatli jamiyat barpo qilishda har bir fuqaro ishtirokini ta’minlash, ayrim insonlarning hayotda ro‘y berayotgan voqea-hodisalarga befarqlik va loqaydligiga barham berish, amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorlik hissini oshirish biz tanlagan taraqqiyot yo‘lining muhim sharti sanaladi. Shunga muvofiq, davlat organlari va muassasalari hamda mansabdor shaxslarning faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish bugungi kunda hayotiy zaruratga aylangan.

Ana shu bois O‘zbekiston Respublikasining “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi Qonuni loyihasi ishlab chiqildi. U Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan 2017-yil 15-noyabrda qabul qilinib, Senat tomonidan 2018-yil 19-martda ma’qullangan va 2018-yil 12-aprel kuni Prezident tomonidan imzolangan va e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kirgan.

Xo‘sh, ushbu qonun mazmun-mohiyati nimalardan iborat?

Ma’lumki, jamiyatdagi turli-tuman munosabatlarni tartibga solish uchun qonun hujjatlari zarurdir. Ular mukammal bo‘lishi va hayotda “ishlashi” orqali turli muammolar yechim topadi, islohotlar amalga oshiriladi.

Shu nuqtayi nazardan qarasak, mazkur qonun jamoatchilik nazorati sohasidagi munosabatlarni tartibga soladi. Unga asosan O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ommaviy axborot vositalari, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ro‘yxatga olingan nodavlat notijorat tashkilotlari jamoatchilik nazorati subyektlari hisoblanadi.

Jamoatchilik nazorati obyektlari deganda esa davlat organlari va ular mansabdor shaxslarining qabul qilayotgan qarorlari, qonun hujjatlari talablari ijrosi, jamoatchilik manfaatiga daxldor vazifalar bajarilishi, davlat xizmatlarini ko‘rsatishga doir faoliyat kabilar nazarda tutilgan.

Bunday nazoratni amalga oshirishga vakolatli shaxslar davlat organlariga murojaatlar bilan chiqish, ochiq majlislarda ishtirok etish, jamoatchilik fikrini o‘rganish, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida mansabdor shaxslarning hisobotlarini eshitish imkoniga ega.

Shuo‘rinda ta’kidlash joiz, saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish, mudofaa, jamoat xavfsizligi, tezkor-qidiruv, surishtiruv va tergov, sud ishlarini yuritish va jazolarni ijro etish sohasidagi jamoatchilik nazorati alohida qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.

Qonunda davlat organlari va jamoatchilik subyektlarining huquq hamda majburiyatlari ham aniq belgilab qo‘yilgan. Unga ko‘ra, jamoatchilik nazorati subyektlari tadbirlar o‘tkazish tashabbusi bilan chiqish, qonunda belgilangan tartibda axborotlarni so‘rab olish, nazorat natijalari bo‘yicha tegishli davlat organlariga tavsiya va takliflar yuborish, qonunga xilof holatlar aniqlanganda materiallarni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborish, yuqori turuvchi idoralar yoki sudga belgilangan tartibda shikoyat qilishga haqlidir.

Bunda jamoatchilik nazoratining natijalariga ko‘ra bayonnoma, xulosa yoki ma’lumotnoma shaklida yakuniy hujjat tayyorlanadi. U axborot va tavsiya xususiyatiga ega bo‘ladi. Axborot, tavsiya va takliflar tegishli davlat organlari tomonidan ko‘rib chiqilishi hamda ular yuzasidan qonuniy qarorlar qabul qilinishi shart.

Ushbu nazorat usulida jamoatchilik muhokamasi va jamoatchilik eshituvi hamda so‘rov muhim ahamiyatga ega. Masalan, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ommaviy muhokama qilish jamoatchilik muhokamasi hisoblanadi. Mansabdor shaxslarning faoliyatiga taalluqli axborot va hisobotni muhokama qilish uchun tashkil etiladigan yig‘ilishda esa jamoatchilik eshituvi amalga oshiriladi. So‘rovlar ham alohida nazorat shakli bo‘lib, ular qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi. Misol uchun, O‘zbekiston Respublikasining “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi Qonuni 351-moddasiga asosan ommaviy axborot vositasining davlat hokimiyati va boshqaruvi organlaridan axborot olish to‘g‘risidagi og‘zaki yoki yozma shakldagi so‘roviga ko‘pi bilan yetti kun muddatda asoslantirilgan javob yuborilishi kerak.

Xo‘sh, jamoatchilik nazoratiga oid ushbu qonun ijrosini ta’minlash borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda? Qonunning davlat va jamiyat hayotidagi o‘rni, ahamiyati sezildimi?

Nazarimda nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining jamoatchilik nazoratini amalga oshirishdagi faoliyati past darajada qolmoqda. Ular qonun bilan belgilangan vakolatlaridan to‘laqonli foydalanmayotgani islohotlarga befarqlik va loqaydlik sifatida talqin etilsa, xato bo‘lmas.

Viloyat hokimligi tomonidan “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi Qonun ijrosini ta’minlash, mohiyatini keng ommaga tushuntirish va targ‘ib qilish borasida chora-tadbirlar ishlab chiqilgan. Xususan, hokimlikning normativ-huquqiy hujjatlari loyihalari 2018-yil 1-maydan boshlabYagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga jamoatchilik muhokamasi o‘tkazilishi uchun joylashtirilmoqda. O‘zbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi Qonuni talablari asosida hokim, prokuror, IIB boshlig‘i va boshqa mansabdor shaxslarning hisobotlari tegishli Kengashlarda eshitib borilmoqda. Shuningdek, tegishli qonun talablariga muvofiq, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida har chorak yakuni bo‘yicha mansabdor shaxslarning hisobotini eshitib borish belgilangan. Ammo bu hisobotlar ayrim joylarda tizimli ravishda eshitib borilmayotganligi, sifati va samaradorligi past ekanligini e’tirof etmoq, tan olmoq joizdir.

Xulosa qilib aytganda, har bir fuqaro rivojlangan huquqiy demokratik davlat va insonparvar fuqarolik jamiyatida yashashni istaydi. Bu istak har birimiz davlatu jamiyatimizdagi voqea-hodisalarga befarq bo‘lmasak, islohotlarga daxldorlik hissi bilan yashasak va shu yo‘lda samarali mehnat qilsakkinaamalga oshishini unutmaslik zarur.

Abdishukur OMONOV,

viloyat hokimligi Yuridik xizmat boshlig‘i