Sidebar

"Қашқадарё" ва "Новости Кашкадарьи" газеталарининг расмий веб-сайти
Ўқимоқчи бўлган газетангиз номи устига босинг!
(Нажмите на логотип газеты, которую планируете прочитать)

23 - sentabr, yakshanba.

JAZO QO‘LLASH TAHDIDI EMAS, SAMARALI PROFILAKTIKA ZARUR

Jamiyat
Tipografiya

Nazorat va natija

JAZO QO‘LLASH TAHDIDI EMAS, SAMARALI PROFILAKTIKA ZARUR

Har qanday inson o‘zini to‘laqonli baxtiyor sanashi uchun u hayot kechiradigan muhit tinch-osoyishta bo‘lishi zarur. Aks holda har qancha to‘kin ne’mat, moddiy farovonlik tatimaydi. Prezident tashabbusi bilan davlat idoralari, ziyolilar, mahalla faollari, boshqa jamoatchilik tuzilmalari hamkorligi va ishtirokida har haftaning payshanba kuni – huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni o‘tkazilayotgani hududlarda jinoyat va huquqbuzarliklar soni kamayishida, osoyishtalik ta’minlanishida ijobiy samara berayotir. Buni yaqin kunlar ichida aniqlangan holatlar ham tasdiqlaydi.

BOZORDA HAM DARVOZA BOR

Yakkabog‘ tumani Ibn Sino mahallasida yashovchi, 1988-yilda tug‘ilgan Umid Oqmirzayevning Jambul mahallasida joylashgan bozorda audio hamda videodisk savdosi bilan shug‘ullanishini aslida qoralab bo‘lmaydi. Har holda iste’mol bozorida ana shunday xizmatga ehtiyoj bor. Biroq u faqat disk sotish bilan kifoyalanmasdan noutbukidagi pornografik mazmundagi materiallarni boshqalarga (albatta tekinga emas) tarqatayotganini qanday tushunsa bo‘ladi?

Buning yuqoridagi masalaga – osoyishtalikka qanday daxli borligiga qiziqsangiz, shu narsa ayonki, behayo mazmundagi materiallar hech qachon yaxshilikka, tinch-totuv hayotga yetaklamaydi. Azal-azaldan ma’naviyatli, pok iymonli sanalgan kishilarning avlodlari orasida bugun fohishabozlik, nomusga tegish kabi jinoyatlar uchrayotgani aslida ana shunday bema’ni, behayo videolar ta’siri ekanini kim inkor eta oladi?

Shunga asosan mazkur fuqaroga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 189-moddasi bo‘yicha hujjatlar rasmiylashtirilib, chora ko‘rish uchun tuman ma’muriy sudiga yuborildi.

INSTITUT TALABASI AROQ SOTAYOTGAN EKAN

Yurtimizda tadbirkorlik uchun juda katta imkoniyatlar yaratib berilgan, bu yo‘ldagi barcha g‘ov va to‘siqlar deyarli olib tashlandi. Endi hammasi ishbilarmonning o‘ziga bog‘liq: qonun doirasida halol ishlab, o‘ziga va elga naf keltirib, faoliyatni yanada kengaytirish mumkin.

Buni Yakkabog‘ tumani G‘ozliq qishlog‘ida yashovchi, 1993-yilda tug‘ilgan, Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti talabasi bo‘lgan Jumaniyoz Nazarov bilmasdi, deb bo‘lmaydi. Bilardi, savdoda suyagi qotgan emasmi, qaysi faoliyat uchun qanday hujjat talab etilishidan yaxshigina boxabar edi. Profilaktika tadbirlarida ma’lum bo‘lishicha, u o‘ziga tegishli savdo do‘konida maxsus ruxsatnoma – litsenziyasiz spirtli ichimlik savdosi bilan shug‘ullangan. Shunga ko‘ra, 3 dona 1,5 litrlik pivo spirtli ichimligi hamda 1 dona aroq tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi. Mazkur holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

SUD CHЕKLOVLARIGA RIOYA QILMAY MAST HOLDA YURIBDI

Kishi jamiyat oldidagi xavfli qilmishi uchun qonun oldida javob berishga majbur. Tegishli jazoni o‘taganidan so‘ng ham ma’lum muddat uning xatti-harakatlari, qilayotgan ishlari nazoratda bo‘ladi. U yana boshqalarga ta’sir ko‘rsatmaydimi, huquqbuzarlik yoki jinoyatga qo‘l urmaydimi, buni bilish va navbatdagi jinoyat sodir bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik darkor.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qamashi tumani sudining 2017-yil 29-dekabrdagi qaroriga ko‘ra, Husniddin Keldiyorovga nisbatan 6 oy muddatga ma’muriy nazorat o‘rnatilgan. Afsuski, u shu orada huquqbuzarlik sodir etgan, shuning uchun tuman ma’muriy sudining joriy yil 5-martdagi qaroriga asosan ma’muriy javobgarlikka tortilib, unga nisbatan eng kam oylik ish haqining 2 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlangan.

Biroq fuqaro bundan to‘g‘ri xulosa chiqarmasdan sud tomonidan o‘rnatilgan cheklovlarga rioya qilmay ma’muriy nazorat qoidalarini buzgan. Ya’ni, Qamashi tumani Oynako‘l MFY Kattakuba qishlog‘ida o‘tayotgan bayramda qatnashib, spirtliichimlik iste’mol qilgan va mast holda jamoat joyida yurgan. Mazkur holat yuzasidan, tuman IIB TB tomonidan H.Keldiyorovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 226-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

3,5 ASRLIK QUROL

Ma’lumki, Jinoyat kodeksining 248-moddasiga muvofiq tegishli ruxsatnomasiz o‘qotar qurol, shuningdek, o‘q-dorilar, portlovchi moddalar yoki portlatish qurilmalari tayyorlash, olish, olib yurish, saqlash, olib o‘tish yoki jo‘natish jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi. Yuqorida nazarda tutilgan buyumlarni o‘z ixtiyori bilan topshirgan shaxs esa javobgarlikdan ozod qilinadi.

Shu asosda olib borilgan tushuntirish-targ‘ibot ishlari natijasida Chiroqchi tumani Langar qishlog‘ida yashovchi, 1947-yilda tug‘ilgan G‘ozi Rahmonov otasidan qolgan, uy-muzeyida saqlanayotgan, taxminan 350 yil muqaddam qo‘lbola usulda yasalgan 1 nilli, hozirgi kunda yaroqsiz holga kelib qolgan ov qurolini o‘z ixtiyori bilan tuman IIBga topshirdi.

Mirishkor tumani Kalta mahallasida yashovchi Oltiboy Mamatqulov esa eski imoratlarini buzayotgan vaqtida devor orasidan topib olgan, marhum otasiga tegishli bo‘lgan, ov qurollarida otishga mo‘ljallangan 16 dona gilzani o‘z ixtiyori bilan tuman IIBga keltirib berdi.

Shahrisabz tumani Qo‘rg‘ontepa MFY Yomchi qishlog‘ida yashovchi Hoshim To‘rayev ham 1 nilli, 16 kalibrli “Ij” rusumli o‘qotar ov qurolini ixtiyoriga ko‘ra topshirdi.

Shahrisabz shahri Ipak yo‘li mahallasida yashovchi Bahodir Mamanov esa yashash uyining old tomonida qurilish ishlarini bajarayotgan vaqtda yer ostidan 1 nilli, 1893-yilda ishlab chiqarilgan o‘qotar ov qurolini topib oldi. Keyin o‘zi uchun manfaatli, qonun oldida to‘g‘ri yo‘lni tanladi.

Nishon tumani Nuriston shaharchasida yashovchi, 1982-yilda tug‘ilgan O‘ktam Pardayev ham yashash uyining tomini tozalash uchun chiqqan vaqtida bobosiga tegishli o‘qotar ov qurolini topib olgach, qonuniy yo‘l tutishni afzal bildi va to‘g‘ri qildi.

YANA O‘SHA...

Inson xulqining buzuqligi, ma’naviyatining pastligi unga o‘z vaqtida ta’lim-tarbiya berishda ko‘p oqsashlarga yo‘l qo‘yilganini ko‘rsatadi. Bo‘lmasa, hayotga yengil ko‘z bilan qaraydigan o‘smir-yoshlar boshdan ma’lum bo‘ladi, ota-ona, ustoz-murabbiylar shunga qarab taraddudini ko‘rishi mumkin, ammo “menga nima” qabilida ish tutish, bosh og‘ritadigan holatga ko‘z yumish kelajakda ko‘plab muammolarni keltirib chiqaradi. Deylik, fohisha(boz)lik ko‘rinishida.

Negadir shu holat keyingi vaqtda ko‘payib borayapti. Bunga esa sabablar ko‘p. Globallashuv, internet, ijtimoiy tarmoqlar va ulardagi “qarmoq”lar haqida soatlab gapirish mumkin, biroq qani natija?

Profilaktika kuni tadbirlari shu vaqtgacha 26 marta o‘tkazilgan bo‘lsa, biror kun yo‘qki, fohishabozlik bilan bog‘liq holat aniqlanmagan bo‘lsa. Yaqin-oradagi holatlarga murojaat qilsak, Kitob tumani Guliston mahallasida yashovchi, 1986-yilda tug‘ilgan D.X. o‘z yashash uyida mahalladoshi H.S. bilan 20 ming so‘m pul evaziga jinsiy munosabatga kirishgan.

Mirishkor tumani Chandir mahallasida yashovchi, 1992-yilda tug‘ilgan R.O. Avazcho‘l qishlog‘i hududidagi ochiq dala maydonida mahalladoshi I.O. bilan 10 ming so‘m pul evaziga munosabatga kirishgan vaqtda ushlangan.

Muborak tumani Ko‘hnashahar MFYda yashovchi, 1985-yilda tug‘ilgan T.X. moddiy manfaat evaziga fohishalik bilan shug‘ullangan.

Qarshi tumani Kaxlak qishlog‘ida yashovchi, 1987-yilda tug‘ilgan U.Z. Qarshi shahar Shayxali MFY Koson yo‘li ko‘chasida joylashgan suv quyish shoxobchasida fohishalik qilgan.

Qarshi tumani Bog‘obod qishlog‘ida yashovchi, 1982-yilda tug‘ilgan U.J. ijarada yashayotgan uyida Chiroqchi tumanilik X.F. hamda xonobodlik S.F.ga jinsiy aloqa qilishlari uchun 75 ming so‘m pul evaziga sharoit yaratib berib, qo‘shmachilik qilgan.

Yakunda yuzi qora bu kimsalar qonun oldida javob berishdi.

345 MING SO‘MNI QIMORGA TIKISHIBDI

“Yo, Jamshid” hikoyasini ko‘pchilik o‘qigan bo‘lsa kerak. Hikoyaga epigraf sifatida tanlangan “Rabbim de, Mariya” so‘zlarida ham katta hikmat mujassam. Asar, bilasizki, qimor mavzusida – borini qimorga tikib, butun aymog‘ini qiyin vaziyatda qoldirgan insonning fojiasi ko‘rsatib berilgan. Shuning uchun “Bandamisan, rabbim de, xudo de, rizqingni u bersin, qimor emas” degan ta’kid bo‘y ko‘rsatadi unda.

Hech kimga sir emaski, qimorda bir tomon yutarkan, narigi taraf albatta yutqazadi. Bir tomon osongina mo‘may pulga ega bo‘lib olsa, u tomon bir lahzada bor budidan ayriladi. Tabiiyki, bundan nizo kelib chiqadi, adovat oshadi.

Hayotga yengil ko‘z bilan qaragan, Kitob tumani Alaqo‘yliq mahallasida yashovchi A.Luqmonovning yashash uyida to‘plangan bir guruh fuqarolar shu haqiqatni yodda tutganida edi, pul tikib qimor o‘ynamasdi.

Xuddi shunday Koson tumani Esaboy mahallasida yashovchi E.Ashurov xonadonida jam bo‘lgan yigitlar ham 345 ming so‘m pulni qimorga emas, foydali bir yumushga sarflagan bo‘lishardi. Balki shunda ular ma’muriy javobgarlikka tortilmas, har biri eng kam ish xaqining ikki baravari miqdorida jarima to‘lamasdi.

MOLXONADAGI “DЕHQONCHILIK”

Giyohvandlik – asr illati. Bunga hech qanday shubha yo‘q. Chunki bu illat dunyoda millionlab insonlarning yostig‘ini quritayapti, qancha oilani parokanda etib, necha-necha bolalarni yo‘qlik, yetimlik qa’riga uloqtirmoqda. Afsuski, bu borada tushuntirish-targ‘ibot ishlari harchand kuchaytirilmasin, yurtimizda ham zahri qotilni ekib-yetishtirayotgan, shu bilan foydani ko‘zlaydigan kishilar yo‘q emas.

Qamashi tumani Navoiy mahallasida yashovchi, 1973-yilda tug‘ilgan Muxtorjon Eshmurodov giyohvandlik vositalarini o‘tkazish maqsadini ko‘zlab, Buxoro shahri Chupboz ko‘chasida yashovchi E.Sh.ga 3 dona “Spichki” yozuvli gugurt qutisiga joylangan 10,2 gramm miqdordagi marixuana giyohvandlik vositasini Qamashi tuman dehqon bozori yonida o‘z boshqaruvida bo‘lgan “Tiko” rusumli avtomashinada 300 ming so‘mga sotgan vaqtida ushlangan.

Qamashi tumani Qoratepaqishlog‘ida yashovchi Poyan Rajabovning yashash hovlisi ko‘zdan kechirilganda, molxonada 16 tup yashil rangli, ninasimon bargli, o‘tkir hidli kannabis giyohvandlik o‘simligi ekilib, parvarishlab kelinayotgani aniqlandi.

Chiroqchi tumani Chuvulloq qishlog‘ida yashovchi, 1965-yilda tug‘ilgan Jo‘ra Jumanov esa molxonasi ichidagi chuqurda turli xil yovvoyi ekinlar orasida 1 tup o‘tkir hidli o‘simlik parvarishlayotgani ma’lum bo‘lgan.

Amaliyot shuni ko‘rsatayaptiki, jazo qo‘llash tahdidi emas, avvalo, aholi ongiga jinoyatga qo‘l urmaslik, birovning haqiga xiyonat qilmaslik, qonunlarga itoatda bo‘lish kabi fazilatlarini singdirish yuqori samara beradi. Yuqorida qayd etilgan holatlar tafsilotidan ko‘zlagan maqsadimiz ham shu.

Suhrob RAHMONOV,

viloyat IIB huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi katta inspektori, kapitan

Bekzod SAYFIYEV, jurnalist