Sidebar

"Қашқадарё" ва "Новости Кашкадарьи" газеталарининг расмий веб-сайти
Ўқимоқчи бўлган газетангиз номи устига босинг!
(Нажмите на логотип газеты, которую планируете прочитать)

22 - iyul, yakshanba.

YURIDIK XIZMAT FAOLIYATI BARCHA IDORALARDA HAM SAMARALI YO‘LGA QO‘YILGANMI?

Jamiyat
Tipografiya

Ijro va natija

YURIDIK XIZMAT FAOLIYATI BARCHA IDORALARDA HAM SAMARALI YO‘LGA QO‘YILGANMI?

Davlat organlari va tashkilotlari o‘z vakolatlari doirasida ishchi-xizmatchilari hamda boshqa fuqarolar manfaatiga ta’sir etuvchi hujjatlar qabul qiladi. Bu hujjatlarning Konstitutsiya va qonunlarga muvofiqligini ta’minlash, xodimlarning huquqiy savodxonligi va huquqiy madaniyatini oshirishda ishtirok etish yuridik xizmat xodimlarining vazifasi hisoblanadi.

Xo‘sh, davlat organlari va tashkilotlarida yuridik xizmat qanday tashkil etiladi? Yuridik xizmat xodimlarining faoliyati, huquq va majburiyatlari nimalardan iborat? Ular qanday ishlarni amalga oshirmoqda?

Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 19-yanvardagi “Yuridik xizmat faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori muhim hujjat ekanini ta’kidlash o‘rinli.

Prezident qaroriga asosan yuridik xizmat faoliyatining asosiy 5 ta yo‘nalishi hamda davlat organlari va tashkilotlarida Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan eng kam me’yor va mezonlarga asosan majburiy tartibda yuridik xizmatlar tashkil etilishi belgilandi. Yuridik xizmat xodimlariga adliya xodimlariga belgilangan martaba darajalarini berish, ko‘p yillik xizmat uchun ustamalarni to‘lash tartibi tatbiq etildi. Ular huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ishga o‘tganda martaba darajalari va ko‘p yillik xizmat ustamalarini to‘lash uchun mo‘ljallangan mehnat staji hisobga olinadigan bo‘ldi. Sohada uch yillik mehnat stajiga ega bo‘lgan xodimlar endilikda stajirovka o‘tmasdan litsenziya olish uchun advokat maqomiga ega bo‘lishga talabgor shaxs sifatida malaka imtihonida ishtirok etish huquqiga egadirlar.

O‘rnatilgan tartibga ko‘ra, davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xususiyatga ega barcha hujjatlarining loyihalari huquqiy ekspertizani amalga oshirish uchun majburiy tartibda yuridik xizmatga taqdim etilishi kerak. Jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va erkinliklarini amalga oshirishga ta’sir qiladigan qarorlar yuzasidan yuridik xizmatlarning xulosasi olinishi lozim.

Yuridik xizmat xodimlarini lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod etish masalalari majburiy tartibda adliya organlari bilan kelishiladi. Yuridik xizmat xodimlari har uch yilda kamida bir marta malakasini oshirishi, uch yilda bir marta attestatsiyadan o‘tishi shart. Sud yoki sudga qadar tashkilot foydasiga undirilgan summaning 5 foizi, biroq eng kam oylik ish haqining 50 baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda mukofotlanadi. Har yili qonun ustuvorligi va qonuniylikning ta’minlanishi ahvoli to‘g‘risida uning hisoboti eshitiladi.

Yuridik xizmat o‘zi viza qo‘ygan va o‘zi bergan xulosalarning qonunchilikka muvofiqligi uchun javob beradi. Ularning maxsus unvonlari 3, 2, 1-darajali yurist va 3, 2, 1-darajali adliya maslahatchisi darajalaridan iborat. Martaba darajalari O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri tomonidan beriladi. Martaba darajalariga ega bo‘lgan yuridik xizmat xodimlarining lavozim maoshlariga Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan miqdorlarda qo‘shimcha haq to‘lanadi.

Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 22-noyabrdagi 244-sonli qarori bilan Yuridik xizmatlar xodimlarini attestatsiyadan o‘tkazish va ularning malakasini oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlangan bo‘lib, unga asosan yuridik xizmat xodimlari tegishli ravishda Adliya vazirligi va uning hududiy organlarida har uch yilda bir marta attestatsiyadan o‘tishi shart. Birinchi marta ishga kirgan shaxslar olti oy mobaynida attestatsiyadan o‘tkazilishi kerak. Yosh mutaxassislar ishni boshlagan vaqtdan ikki yil o‘tgach, uch oydan kechikmay attestatsiyadan o‘tkazilishi lozim. Homilador ayollar va uch yoshgacha bolasi bor ayollar attestatsiyadan o‘tkazilmaydi.

Attestatsiya suhbat shaklida bo‘lib, komissiya qaroriga asosan o‘tgan yoki o‘tmagan deb e’tirof etiladi. O‘tgan xodimga ikki kun muddatda guvohnoma beriladi, uning muddati uch yil. Yuridik xizmat xodimi attestatsiyadan o‘tmagan tashkilot shu xodimni takroriy attestatsiyadan o‘tkazish uchun uch oy o‘tgach, biroq olti oydan kechikmay murojaat qilishi mumkin. Takroriy attestatsiyadan o‘ta olmagan yoki qayta murojaat qilinmasa, adliya organining bildirishnomasi asosida bu xodim vazifasidan bo‘shatilishi kerak.

Yuridik xizmatlar xodimlari har uch yilda kamida bir marta Adliya vazirligi huzuridagi Yuristlar malakasini oshirish markazida ikki haftadan kam bolmagan muddatda malaka oshiradi. Malaka oshirishdan o‘tgan xodimlarga sertifikat beriladi. Malaka oshirish markaz bilan tegishli tashkilot o‘rtasida tuziladigan shartnomalar asosida to‘lov evaziga amalga oshiriladi.

Tashkilotlar har yili 1-iyunga qadar tegishli adliya organlariga yuridik xizmat xodimlari to‘g‘risida axborot taqdim etadi. Yil davomida yuridik xizmat xodimlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar o‘zgargan taqdirda, tashkilotlar o‘n kun muddatda tegishli axborotni adliya organiga yuborishi kerak.

Adliya vazirining 2017-yil 28-fevraldagi buyrug‘i bilan tasdiqlangan Yuridik xizmat xodimini lavozimgatayinlash va ozod qilish masalalarini adliya organlari bilan kelishish tartibi to‘g‘risidagi nizomga asosan tashkilotning nomzod haqidagi taqdimnomasini tegishli adliya organi bir oy ichida ko‘rib chiqadi. Nomzod suhbat o‘tkazishdan kamida uch kun oldin xabardor qilinishi kerak. Uzrsiz sabablar bilan suhbatga kelmagan nomzod suhbatdan o‘tmagan hisoblanadi. Suhbat natijasi bo‘yicha tashkilot xabardor qilinadi. Tashkilot suhbatdan o‘tmagan nomzod o‘rniga bir oy ichida boshqa nomzod tavsiya qilishi mumkin. Bu nomzodlar ham suhbatdan o‘tmasa, adliya organi o‘n kun ichida muqobil nomzodlarni tashkilotga tavsiya qilishga haqlidir. Shuningdek, suhbatdan o‘ta olmagan nomzodlar uch oydan keyin qayta tavsiya qilinishi mumkin.

Adliya vazirining 2017-yil 28-fevraldagi buyrug‘i bilan Davlat organlari va tashkilotlari yuridik xizmati xodimi lavozimiga birinchi marta tayinlangan shaxslarning adliya organlarida stajirovkadan o‘tishi tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlangan. Tashkilot yuridik xizmat xodimi birinchi marta lavozimga tayinlangandan so‘ng, o‘n kun ichida shu xodimni stajirovkadan o‘tkazishni so‘rab tegishli adliya organiga murojaat etadi. Adliya organi bir oy ichida stajirovka o‘tash vaqtini belgilab, kamida bir haftaoldin tashkilotni yozma ravishda xabardor qiladi. Stajirovka o‘tash muddati ikki haftani tashkil qiladi va uning rahbari kamida besh yillik ish stajiga ega bo‘lishi kerak. Stajyor tasdiqlangan reja asosida o‘tkazilgan stajirovka natijalari bo‘yicha yozma hisobot tayyorlaydi. Stajirovka rahbari stajirovka yakuni bo‘yicha stajyorga nisbatan tavsifnoma tuzadi. Tavsifnoma mas’ul bo‘linma rahbari tomonidan imzolanadi va xat bilan stajyorni yuborgan tashkilotga jo‘natiladi.

Maxsus unvon martaba darajalari esa o‘tkazilgan attestatsiya natijalari, malakasi va ish staji, oldingi ish joyidagi maxsus unvoniga asoslanib beriladi. Tashkilot rahbari tegishli adliya idorasiga tavsiya xati yozishi kerak. Martaba darajasi Adliya vazirining tashabbusi bilan ham berilishi mumkin. Zarur hollarda martabadarajalariga tavsiya etilgan nomzodlarattestatsiya komissiyasi tomonidan suhbatdan o‘tkazilishi mumkin.

Adliya vaziri buyrug‘i bilan yuridik departament va yuridik boshqarma, yuridik bo‘lim, yuridik byuro, bitta shtatdan iborat yuristkonsult uchun shart-sharoitlar yaratishning minimal talablari ham belgilab berilgan. Yuridik xizmatda O‘zbekiston Respublikasi kodekslarining rasmiy nashrlari va O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarining to‘plami bo‘lishi shart.

Davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari yuqorida bayon qilingan talablardan kelib chiqib o‘zlari boshchilik qilayotgan idorada yuridik xizmat faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yishga jiddiy e’tibor qaratishlari kerak.

Korxona, muassasa va tashkilotlarda yuridik xizmat yaxshi yo‘lga qo‘yilsa, birinchidan, qabul qilinayotgan qonunlar va qonun osti hujjatlaridan xabardorlik hamda ijro ta’minlanadi. Ikkinchidan, noqonuniy qaror, buyruq va boshqa asossiz hujjatlar qabul qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Uchinchidan, turli darajadagi qonun buzilishlarning oldi olinadi, xodimlarning huquqiy himoyasi ta’minlanadi. To‘rtinchidan, tashkilotning qonuniy huquqlarini samarali himoya qilishga erishiladi. Beshinchidan, xodimlarning huquqiy ong va huquqiy madaniyatini oshirish orqali qonun buzilishlar hamda asossiz shikoyatbozliklarning oldi olinib, bu o‘z o‘rnida, jamoada sog‘lom muhit shakllanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

AbdishukurOMONOV,

viloyat hokimligi yuridik xizmat boshlig‘i