Sidebar

"Қашқадарё" ва "Новости Кашкадарьи" газеталарининг расмий веб-сайти
Ўқимоқчи бўлган газетангиз номи устига босинг!
(Нажмите на логотип газеты, которую планируете прочитать)

22 - iyul, dushanba.

INNOVATSION KЕLAJAKNI YOSHLAR BЕLGILAYDI

Jamiyat
Tipografiya

Tadbir

INNOVATSION KЕLAJAKNI YOSHLAR BЕLGILAYDI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoni bilan 1-iyuldan respublikaning barcha tuman (shahar)larida “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi amalga oshirila boshlandi.

Ma’lumki, Davlat dasturi doirasida “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi ham tashkil etilgan bo‘lib, uning mablag‘laridan yoshlarning biznes tashabbuslari, startaplari, g‘oyalari va loyihalarini amalga oshirish uchun tijorat banklari orqali yillik 7 foiz stavka bilan imtiyozli kredit va mol-mulkni lizingga berish, kredit hajmining 50 foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda kafilliklar berish, amalga oshiriladigan tadbirkorlik loyihalarida ular qiymatining 50 foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda ishtirok etish, tegishli ko‘nikmalarga ega, band bo‘lmagan yoshlar yashaydigan uy xo‘jaliklari uchun 20 tagacha parranda va quyon bolasi, 5 ta mayda va 2 ta yirik qoramol sotib olish, qiymatini kelishilgan muddatlarda qaytargan holda ularni boqish va keyinchalik realizatsiya qilishda ko‘maklashish kabi maqsadlarda foydalaniladi.

Bu borada viloyatda bajarilajak ishlar xususida esa viloyat hokimining investitsiyalar, innovatsiyalar, xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari hamda turizmni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Oybek Shagazatov Qarshi davlat universiteti talabalari, yosh ilmiy izlanuvchilari, professor-o‘qituvchilar ishtirokida o‘tgan tadbirda ma’lumotlar berib o‘tdi.

- Qashqadaryo vohasi 4 viloyat, 2 respublika bilan chegaradosh ekani uning salohiyati naqadar yuqori ekanini ko‘rsatadi, - dedi viloyat hokimi o‘rinbosari. – Ko‘rinib turibdiki, hudud tadbirkori oldida kattagina bozor bor. Ana shunday omillarni hisobga olib respublikada birinchi bo‘lib “Yoshlar innovatsion markazi” tashkil qilmoqchimiz. To‘g‘risi, bizda innovatsiya deganda go‘yoki olamshumul yangiliklar tushunib qolingan. Innovatsiyani yangilik emas, bor narsani yangilash deb tushunish kerak. Ya’ni yangidan tashkil qilinadigan yoshlar sanoat zonalarida faoliyat ko‘rsatishni istaydigan yoshlarning loyihalari juda olamshumul bo‘lishi shart emas, oddiy yangilik bilan hayotniyengillashtirish, qulaylashtirishga qaratilgan bo‘lsa kifoya. Jamg‘arma hisobidan viloyatga keladigan 74 milliard so‘m shu kabi loyihalarni ro‘yobga chiqarishga qaratiladi.

Yoshlar sanoat zonalarida yosh tadbirkorlarga imtiyozli shartlarda binolar, ofis texnikasi va sarflash materiallari ijaraga beriladi, internet bilan ta’minlanadi, shuningdek, yoshlarning biznes tashabbuslari, startaplari, g‘oyalari va loyihalarini amalga oshirishga zarur ko‘mak ko‘rsatiladi. Biznes-rejalar ishlab chiqish, maslahat, yuridik, buxgalteriya va boshqa xizmat turlarini ko‘rsatish, forumlar, master-klasslar va seminarlar tashkil etish uchun “Yosh tadbirkorlar” kovorking-markazlari quriladi.

Mazkur jarayonda asosiy mas’uliyat yoshlar zimmasida ekani ko‘rinib turibdi. Zero, innovatsion kelajakni yoshlar belgilaydi. Shunday ekan, tashabbuslar, yangicha loyihalar mualliflari yoshlar bo‘lishi kerak.

- Xitoy fanlar akademiyasi va Tyanszin universiteti bilan hamkorlik asosida 1 yil davomida ilmiy tadqiqotlar olib bordim, - deydi Qarshi davlat universiteti kimyo fanlari bo‘yicha falsafa doktori, 28 yoshli olim Elyor Berdimurodov. – Mazkur tadqiqotlar davomida yaratilgan metall korroziyasiga qarshi qoplamalardan ayni paytda Muborak gazni qayta ishlash zavodi, Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasida foydalanilmoqda. Hozirgi kunda Malayziya Putra universiteti bilan hamkorlikda supromolekulyar birikmalar tadqiqoti ustida ish olib borayapman. Bu birikmalar saraton kasalligini davolashda zamonaviy dori vositasi sifatida ishlatishga mo‘ljallangan. Yurtimizda ana shunday ilmiy izlanishlar, innovatsiyalar qo‘llab-quvvatlanayotgani bu boradagi ishlarimizni yangi bosqichga ko‘tarishiga ishonaman.

Tadbir savol-javob ruhida o‘tdi. Talabalar va ilmiy izlanuvchilarning loyihalari bilan tanishilib, ularni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi.

N.XO‘JAYEV

Suratlarda: tadbirdan lavhalar.

 

Sobir NARZIYEV olgan suratlar.