Sidebar

"Қашқадарё" ва "Новости Кашкадарьи" газеталарининг расмий веб-сайти
Ўқимоқчи бўлган газетангиз номи устига босинг!
(Нажмите на логотип газеты, которую планируете прочитать)

25 - aprel, chorshanba.

“SARIQ” NIQOB ORTIDA NIMALAR YASHIRINGAN?

Jarayon
Tipografiya

“Qashqadaryo”ga javob beradilar

“SARIQ” NIQOB ORTIDA NIMALAR YASHIRINGAN?

YOKI YANA YO‘NALISHSIZ TAKSILAR HAQIDA”

Tahririyatimizga “Qashqadaryo”ning 2017-yil 5-dekabr sonida chop etilgan “Sariq” niqob ortida nimalar yashiringan? Yoki yana yo‘nalishsiz taksilar haqida” sarlavhali maqola yuzasidan viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Sh.RADJABOV imzosi bilan quyidagi javob xati keldi:

“Maqola boshqarmada o‘rganib chiqilib, muhokama qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 18-maydagi qarori asosida yo‘nalishsiz taksi faoliyati bilan shug‘ullanuvchi 17 yuridik shaxsga jami 590 taga yaqin avtotransport vositalari shartnoma asosida a’zo qilingan bo‘lib, ularning 22 tasi avtobus, 8 mikroavtobus, 315 taga yaqin yo‘nalishsiz taksi va 18 tasini yuk avtomashinalari tashkil etadi, shuningdek, soha korxonalarida hozirda 1,6 mingga yaqin ishchi-xodimlar xizmat qilib kelmoqda.

Yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanuvchi 315 ta yo‘nalishsiz taksilarning barchasida taksometr (nazorat-kassa mashinasi ham ichida) o‘rnatilgan bo‘lib, yo‘nalishsiz taksilar tomonidan o‘tgan yil davomida jami 2 milliard 481,7 million so‘mga yaqin naqd pul kirim qilingan va inkassatsiya xizmati orqali bank muassasasiga topshirilgan.

O‘tgan yilda Qarshi shahridagi avtotransport korxonalarida 57 marotaba monitoring olib borilib, ular natijalariga ko‘ra naqd pul tushumini korxona xazinasiga kirim qilmay kelayotgan 5 ta subyektda nazorat tekshirishlari o‘tkazilib, korxonalarga nisbatan moliyaviy va rahbarlariga nisbatan ma’muriy jazo choralari qo‘llanilgan. Shuningdek, 3 ta korxonada hujjatli tekshirishlar o‘tkazilib, kameral nazorat natijasiga ko‘ra davlat byudjetiga qo‘shimcha summalar undirilgan.

Qarshi shahri hududida aholiga noqonuniy pullik xizmat ko‘rsatuvchi shaxsiy transport egalarini aniqlash, aniqlangan transport egalarini joylardagi aholiga pullik transport xizmati ko‘rsatayotgan uyushmalarga a’zo qildirish bo‘yicha viloyat IIB yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi, O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi viloyat  boshqarmasi hamda viloyat davlat soliq boshqarmasining qo‘shimcha chora-tadbirlariga asosan jami 239 marotaba reyd tekshiruvi o‘tkazilib, 813 ta avtotransport vositasi tekshirib ko‘rilgan. Reyd tekshiruvlarida noqonuniy ravishda aholiga transport xizmati ko‘rsatib daromad olayotgan fuqarolar aniqlanib, rasmiylashtirilgan hujjatlar chora ko‘rish uchun sud organlariga yuborilgan va sudlar tomonidan ma’muriy jarimalar qo‘llanilgan.

Ushbu yo‘nalishdagi ishlar ustidan nazorat yanada kuchaytirilgan holda ish samaradorligini oshirishning barcha choralari ko‘rildi”.

TAHRIRIYATDAN: Maqolada yo‘nalishsiz taksilar faoliyati mavjud tartibga mos emasligi, nazorat-kassa mashinasi va terminal bilan jihozlanmagani, natijada naqd pul tushumi bankka topshirilishi ta’minlanmayotgani aytilgan, maqsad esa yo‘nalishsiz taksilar aslida qanday bo‘lishi yuzasidan jamoatchilik fikrini shakllantirish, shu orqali sifatli xizmatni ta’minlashdan iborat edi.

Men nima deyman, qo‘bizim nima deydi, deganlaridek, viloyat davlat soliq boshqarmasi mutasaddilari maqola yuzasidan bajarilgan ishlar emas, transport xizmati xususidagi statistik ma’lumotlarni jo‘natishni ep ko‘rishibdi. Vaholanki, bu statistika ham bahsli bo‘lib, soliq idorasi ma’lumotlarida 590 ga yaqin yo‘nalishsiz taksi borligi keltirilgan bo‘lsa, O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi viloyat boshqarmasi ma’lumotlarida 1035 ta avtotransport vositasiga yo‘nalishsiz taksi xizmati ko‘rsatish uchun litsenziya berilgani, birgina Qarshi shahrining o‘zida 750 ta yo‘nalishsiz taksi mavjudligi aytiladi. Agar soliq idorasi keltirgan ma’lumot bir yo‘nalish, masalan, Qarshi shahridagi 1-yo‘nalishga tegishli deb olsak, javob xatida buni tasdiqlaydigan biror dalil, o‘rganish natijasi yo‘q.

Qolaversa, javob xati quruq hisobotdan boshqa narsa emas. Chunki unda keltirilgan misollar maqola yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganishlar natijalarini o‘z ichiga qamrab olmagan. Javob xatida barcha taksilar nazorat-kassa mashinasi bilan jihozlangani aytilayotgan bo‘lsa-da, qaysi yo‘lovchi chek berilishiga duch kelibdi? Qaysi haydovchi chek berishni tabiiy qabul qiladi? Balki bunday transport vositalarida nazorat-kassa mashinalari o‘rnatishning imkoni yo‘qdir? Nega mutasaddilar bu borada hech narsa demaydi? Agar taksilarni nazorat-kassa mashinasi bilan jihozlash o‘zini oqlamayotgan bo‘lsa, yangicha, innovatsion yondashuv kerakdir. Bu borada o‘zgartirish, taklif berishdan nega qo‘rqish kerak? Axir yurtimizda barcha jabhada foydaga xizmat qiladigan har qanday o‘zgarish qilish imkoni bor-ku hozir.

Bundan tashqari, yo‘nalishsiz taksilar tomonidan o‘tgan yilda kirim qilingan 2 milliard 481,7 million so‘mga yaqin naqd pul soliqchilarga sal kamday tuyulmayaptimi? Boringki, ular aytgan raqamda to‘xtab, 590 ta yo‘nalishsiz taksi bor, deb olsak va ular (avtobus, mikroavtobus, yengil mashina) kuniga o‘rtacha 40 ming so‘mdan topshiradi, desak (avtobuslar uchun “kunlik to‘lov” 200-300 ming so‘m), bu bir kunda 23 million so‘mdan oshadi. Buni bir oyga cho‘tlasak, 700 million so‘mdan, bir yilga chamalasak, naq 8,5 milliard so‘mga yetadi. Xo‘sh, bu raqamlar soliq idorasi mutaxassislari uchun qiziq emasmi? Qolgan pul qayerga ketayapti? Qaysi yo‘l bilan aylanayapti?

Agar hammasi viloyat davlat soliq boshqarmasi xatida aytilgani kabi bo‘lganida edi, ehtimolki maqola ham yozilmasdi. Javob xatini yo‘llashdan oldin mas’ul shaxs o‘tgan yilgi hisobotlarni emas, Qarshi shahridagi O‘zbekiston ko‘chasidagi, 1-yo‘nalishdagi ahvolni chiqib kuzatsa, o‘z ko‘zi bilan ko‘rsa, jonli va ta’sirchan javob yuzaga kelardi balki...