Sidebar

"Қашқадарё" ва "Новости Кашкадарьи" газеталарининг расмий веб-сайти
Ўқимоқчи бўлган газетангиз номи устига босинг!
(Нажмите на логотип газеты, которую планируете прочитать)

22 - iyul, yakshanba.

188,7 MILLIARD SO‘M SARFLANIB, 10 MAHALLA QIYOFASI, AHOLISI TURMUSH SHAROITLARI TUBDAN YAXSHILANADI

Jarayon
Tipografiya

Bunyodkorlik

188,7 MILLIARD SO‘M SARFLANIB, 10 MAHALLA QIYOFASI, AHOLISI TURMUSH SHAROITLARI TUBDAN YAXSHILANADI

Yon-atrof obod, uy-joylar shinam, yo‘llar ravon bo‘lsa, bu odamlarning kayfiyatiga ham ta’sir etmay qolmaydi. Ko‘rkamlik ular ruhiyatini o‘zgartirib, yangi g‘oyalar, ezgu maqsadlar uyg‘onishiga turtki beradi, islohotlarga daxldorlik hissini oshiradi. Kimdadir yangi hunar egallash, tadbirkorlik qilishga, yana kimdadir yanada yaxshi yashashga ishtiyoq tug‘iladi va bu intilishlar natijalari sekin-asta amalda bo‘y ko‘rsatadi.  

Ta’kidlash joiz, bevosita Prezident tashabbusi bilan yurtimizda amalga oshirilayotgan “Obod qishloq” dasturi doirasida bugun chekka hududlardagi 368 ta aholi yashash punktida bajarilayotgan qurilish-obodonlashtirish ishlari allaqachon bu yerlarda yashovchi aholi kayfiyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatib ulgurdi. Ular ham ushbu ezgulikka bosh qo‘shishmoqda.

Mahalliy hokimliklar tashabbusi, xalq irodasi bilan shahar mahallalarida ham “Obod qishloq” dasturiga muqobil “Obod mahalla” loyihasini amalga oshirishga kirishilgani esa  ezgu tashabbus keng quloch yoyganidan darak.

Qishloqlarda kechayotgan ana shunday olamshumul o‘zgarishlar Prezidentimizning 2018-yil 29-martdagi “Obod qishloq” dasturini tasdiqlash to‘g‘risidagi farmoni va uni amalga oshirish yuzasidan qabul qilingan qaror asosida boshlanib ketgan bo‘lsa, endi shahar mahallalarida ham bu borada alohida ish olib borilmoqda. Bunda Prezidentimizning 2018-yil 27-iyundagi “Obod mahalla” dasturi to‘g‘risida”gi farmoni hamda “Obod mahalla” dasturining asosiy parametrlarini tasdiqlash va ularning ijrosini ta’minlash masalalari to‘g‘risida”gi qarori dasturilamal bo‘lmoqda. Unga ko‘ra, joriy yilda mamlakat bo‘ylab har bir shaharda 2 tadan, keyingi yillarda esa 3 tadan mahalla obod qilinadi.

Ushbu xujjat asosida 2018-2019-yillarda qurilish, ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari olib boriladigan mahallalar ro‘yxatida Qarshi shahridagi Otchopar, Shayxali, Kunchiqar, Buyuk Turon, Qarliqxona hamda Shahrisabz shahridagi G‘alaba, Ipak yo‘li,  Qushxona, Do‘stlik, Teparlik mahallalari bor.

Otchopar, Shayxali, G‘alaba va Ipak yo‘li mahallalarida dastur doirasidagi ishlar darhol boshlansa,qolganlarida obodonlashtirish yumushlariga 2019-yilda kirishilishi ko‘zda tutilgan.   

Dasturda ularda amalga oshiriladigan loyihalarning ijrochilari, moliyalashtirish manbalari aniq ko‘rsatilgani boshlangan ezgu ishlar yarim yo‘lda qolib ketmasligini kafolatlaydi. Xususan, bunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar kengashi, viloyatlar hamda Toshkent shahar hokimligi huzurida “Obod mahalla” jamg‘armalari tashkil etilishi belgilangan. Jamg‘arma davlat byudjetidan ajratiladigan transfertlar, hududlarning mahalliy budjetlari, tashabbuskor tadbirkorlar mablag‘lari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan shakllantiriladi.

Aytish joizki, avvalo dasturga kiritilgan mahallalarda ishlar shunchaki o‘zbilarmonlik bilan emas, balki loyihachi tashkilot tomonidan tuzilgan va tasdiqlangan bosh reja asosida amalga oshiriladi. Buning uchun har bir mahallaga loyihachi tashkilotlar biriktirilgan. Loyihani ishlab chiqishda qulay va arzon dorixona, zarur maishiy xizmat va servis shoxobchalari, bolalar maydonchasi hamda kichik istirohat bog‘ini o‘z ichiga olgan mahalla markazlari barpo etilishi ko‘zda tutiladi.

Umumiy hisobda 2018-2019 yillar ichida Qarshi va Shahrisabz shaharlaridagi 10 ta mahallada 13 ta hammom, 20 ta savdo majmuasi quriladi. Hududdagi bo‘sh turgan davlat obyektlari yoki yer maydonlari negizida 20 ta mikro sanoat zonalari tashkil qilinadi. Ularda tikuvchilik sexi, poyabzal ishlab chiqarish va ta’mirlash, hunarmandchilik ustaxonalari va boshqa kichik tadbirkorlik loyihalari yo‘lga qo‘yiladi. Bu loyihalarni amalga oshirishda har bir mahallaning tarixan shakllangan tadbirkorlik va hunarmandchilik salohiyatini hamda ma’naviy-madaniy an’analarini qayta tiklash va rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilishi belgilangan.

Dasturdagi asosiy yo‘nalishlardan yana biri muhim kommunikatsiya tarmoqlarini yangilash, maishiy chiqindilarni to‘plash va tashib chiqarishning zarur infratuzilmasini yaratishga qaratilgan. Buning uchun   dasturga kiritilgan vohamiz mahallalaridagi 61 kilometr ichki avtomobil yo‘llarida rekonstruksiya va mukammal ta’mirlash ishlari olib boriladi. 7 ta avtobus bekati barpo etiladi. Shuningdek, 1,4 kilometr piyodalar yo‘lakchasi yangi qurilsa, 9 kilometri rekonstruksiya qilinadi.

Aytish joizki, ushbu mahallalarda ichimlik suvi, tabiiy gaz va kanalizatsiya tarmoqlari juda ta’mirtalab ahvolga kelib qolgan. “Obod mahalla” dasturi doirasida ular tubdan yangilanadi. Ya’ni, qariyb 40 kilometr ichimlik suvi quvurlari yangi o‘rnatilsa, 70 kilometrdan oshiq suv tarmoqlari, 6 ta mavjud suv inshooti ta’mirlanadi. Xuddi shuningdek, kanalizatsiya, tabbiy gaz va elektr ta’minoti tarmoqlarida ham belgilangan tartibda qurilish, ta’mirlash ishlari olib boriladi.

Bundan tashqari, tomorqa yerlarini sug‘orish uchun 36 kilometr irrigatsiya tizimlari yangi qurilishi, 3,7 kilometri ta’mirlanishi, 17 ta sug‘orish quduqlari qazilishi belgilangan. Shu bilan birgalikda, 139 ta zamonaviy chiqindi to‘plash maydonchalari yangi quriladi. 14 ta ana shunday maydoncha esa ta’mirlanishi ko‘zda tutilgan.

“Obod mahalla” dasturi doirasida hududlardagi ijtimoiy soha obyektlarini ham yangidan qurish, ta’mirlash belgilangan.

Jumladan, dasturga kiritilgan  3 ta mahallada yangi maktabgacha ta’lim muassasasi qurilsa, 2 ta ana shunday muassasa rekonstruksiya qilinadi, yana 8 tasi esa to‘liq ta’mirlanadi. Bundan tashqari, 9 ta maktab hamda 2 ta tibbiyot muassasasida rekonstruksiya va mukammal ta’mirlash ishlari amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, 13 ta sport inshooti, 8 ta mahalla guzari yangidan quriladi.

Ko‘p qavatli uylarning tom qismlari, tashqi fasadlari yangilanadi, hovli uylar ranglanadi.

Umumiy hisobda, 2018-2019-yillarda viloyatimizdagi nomlari qayd etilgan 10 mahallada 188,7 milliard so‘mlik qurilish, ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari amalga oshiriladi. Pirovardida, ularda istiqomat qilayotgan 50 ming nafardan oshiq aholi turmush-tarzi, yashash sharoitlari tubdan yaxshilanadi.

Eslatib o‘tamiz, “Obod qishloq”   dasturi bo‘yicha hozirda viloyatimizdagi 26 ta qishloqda ishlar olib borilayotgan bo‘lsa, yana ikki qishloq tashabbus asosida obodonlashtirilmoqda.

Jahongir BOYMURODOV