Sidebar

"Қашқадарё" ва "Новости Кашкадарьи" газеталарининг расмий веб-сайти
Ўқимоқчи бўлган газетангиз номи устига босинг!
(Нажмите на логотип газеты, которую планируете прочитать)

22 - iyul, yakshanba.

YO‘L USTIDA KO‘NDALANG, ODAM TO‘LDIRAR, QARANG

Jarayon
Tipografiya

Bolta tushguncha kunda dam oladi

YO‘L USTIDA KO‘NDALANG, ODAM TO‘LDIRAR, QARANG

Bu ne jumboq, dersiz. Sarlavha topishmoqqa o‘xshagani rost. Ammo javobini aytishni paysalga solib, sizni qiynamoqchi emasmiz. Bu bir holatga berilgan tavsif. Unga siz ham ko‘p duch kelgansiz. Asosiy yo‘lning ma’lum qismini egallab olgan avtobuslarga ko‘zingiz, hatto ishingiz ham tushgandir. Soatlab hech qayerga jilmay turadi. Chunki “rayon” qatnagich bu ulovlar shu yerdan muntazam yo‘lovchi to‘playdi. Bilmaganlarga bildirish uchun “jarchi”lar manzil so‘rab baqirib ham qoladi. Zo‘rg‘a to‘lib biri ketsa, shu zahoti boshqasi o‘rnini egallaydi. Ushbu joylar “kichik avtostansiya”ga aylangan-qo‘ygan. O‘zining “stoyanshik”i, nazoratchisi (ba’zida pattachisi) ham bor. Xullas, Qarshi shahri va ayrim tumanlar o‘rtasida yo‘lovchi tashishning bugungi ahvoli shunday.

QALOVINI TOPSA, QANDINI URSINMI?

Xo‘sh, shunga nima bo‘pti, birovga xalaqit qilgan joyi bormi, dersiz. Ba’zi avtobus haydovchilardan shu gapni ham eshitdik. “Qatnovni qonuniy amalga oshirayotgan bo‘lsak, litsenziyamiz bor, uyushmaga a’zomiz, to‘lovni kunda to‘lasak”, deganlar ham topildi.

Albatta, bu tomoniga e’tiroz yo‘q. Biroq har narsada tartib bo‘lishi kerak, xususan, yo‘lovchi tashish xizmatini ko‘rsatishda ham. Binobarin, bu to‘g‘rida Adliya vazirligi tomonidan 2003-yil 6-dekabrda 158-son bilan ro‘yxatdan o‘tgan “Yo‘lovchilar avtovokzallari, avtostansiyalari to‘g‘risida”gi Nizomda ham ko‘rsatib o‘tilgan. Unga ko‘ra, shahar, shahar atrofi, shaharlararo va xalqaro avtomobil qatnovi yo‘nalishlarida yo‘lovchilar tashish harakatini tezkor boshqarish maqsadida, shaharlarda, aholi yashash joylarida va avtomobil trassalarida, yo‘lovchilar to‘planadigan manzillar va oxirgi bekatlarda yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish uchun avtovokzallar, avtostansiyalar tashkil etilishi lozim. Shu bilan birga ular qonun hujjatlarida belgilangan tartibda beriladigan o‘z pasportiga ega bo‘lishi kerak.

Boshqacha aytganda, ikki manzil o‘rtasidagi marshrutlar harakati avtostansiyalar orqali tartibga solib turilishi shart. Buning o‘ziga yarasha sabablari bor, albatta. Qatnovning maromini, yo‘lovchilar xavfsizligini, lo‘nda ifoda etsak, xizmat ko‘rsatish sifatini ta’minlash ko‘zlangan bundan. O‘z navbatida avtostansiyaga ham ma’lum talablar qo‘yiladi. Mazkur tuzilma yo‘lovchilar kutishi uchun mo‘ljallangan bino va xonalar, kassa zali (chipta kassalari), bolali yo‘lovchilarga, haydovchilar va yo‘lovchilarning uzoq vaqt dam olishiga mo‘ljallangan xonalar, ma’muriyat xonasi, qo‘l yukini saqlash xonalari, militsiyaning xizmat xonalari, yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash uchun monitor orqali kuzatish uchun texnologik anjomlar o‘rnatilgan xizmat xonalari kabi asosiy bino-inshootlarni o‘z ichiga oladi. Shuningdek, unda yo‘lovchilarni chiqarish va tushirish perronlari, reyslar o‘rtasida avtotransport vositalari to‘xtab turadigan maydonchalar ham bo‘lishi darkor.

Mana nima uchun kerak avtostansiya? Avvalo, yo‘lovchilarga qulaylik yaratish uchun. Bunday faoliyat yo‘lga qo‘yilsa, asosiy yo‘ldagi harakatga ham xalal bermaydi. Avtobuslar ma’lum grafik asosida qatnaydi, odamlar uning qachon kelishiyu ketishidan aniq xabardor bo‘la oladi. Ammo hozirgidek uchragan joyda yo‘lovchi chiqarib-tushirishni mavjud talabga mos, qulay deyish mumkinmi?

“QAYERDAN ODAM OLAY?”

Masalaning yana bir jihati ham bor. Yuqorida qayd etganimizdek, avtobuslar asosiy yo‘llarda o‘rnashib olib, yo‘lovchi to‘playapti. Misol uchun, Qarshi shahridagi “Umida” choyxonasi yaqinidagi vaziyatga baho bersak. Bu yerdan Nishon va “Gress”ga boradigan avtobuslar yo‘lovchi oladi. “Nasaf” ko‘chasining bu qismidagi yo‘l o‘zi shundoq ham 2 tasmali. Choyxonaga qarab piyodalar yo‘lagi ham tortilgan. Yo‘lning sezilarli qismini avtobus egallagach, mashinalar qatnovi uchun qancha joy qolishini tasavvur qilish qiyin emas. Qolaversa, bu yo‘l qismi harakat tig‘izligi yuqori yo‘llar sirasiga kiradi. Shuni inobatga olsak, natija nima bo‘layapti? Bugun bu hududda tirbandlik oshgan. Ba’zan tiqilinchda qolgan mashinalarning pappilashidan quloqlar qomatga keladi.

- Ayting unda, qayerdan odam olaylik? – deydi “Nishon-Qarshi” yo‘nalishida yo‘lovchi tashish faoliyatini amalga oshirish huquqiga ega “Nishon 132” mas’uliyati cheklangan jamiyat rahbari ChoriMaxsumov belgilanmagan joydan yo‘lovchi olish mumkinmi, degan savolimizga javoban. – 5 ta avtobusim bor. Yo‘nalish sxemasida marshrutning oxiri eski avtovokzal ko‘rsatilgan. Hozir bu tashkilot tugatilib, uning mulki tadbirkorga berilgan. Tabiiyki, hududidan stoyanka sifatida foydalanishga qo‘ymaydi. Nailoj, yo‘l ustiga joylashib bo‘lsa ham yo‘lovchi chiqarishga majburmiz. Odamlar ham o‘rgangan. Buning uchun “GAI” ham bir necha marta haydovchilarimizga “shtraf” soldi. Binoyi avtostansiya bo‘lsa, biz ham yo‘q demaymiz. Aholiga sifatli xizmat ko‘rsatishdan biz ham manfaatdormiz.

Ochiq ko‘rinadiki, avtobuslar haydovchilari yo‘lovchi tashishda o‘zboshimchalik bilan ish tutayapti. Oqibati esa harakat xavfsizligiga ham ta’sir etmay qolmaydi.

Ayrim haydovchilar bilan suhbatlashish asnosida shu narsa ham ma’lum bo‘ldiki, ularning o‘rgangan joyini tashlab ketishiga “ko‘zi qiymayotgani”ga asosli omillar bor. Shofyorlarning uqtirishicha, ko‘pchilik odamlar “rayon”ga shu manzildan ketishga odatlangan. Boshqa joyga ko‘chsa, yo‘lovchilar bormay qo‘yishidan, ularni boshqa bir “olg‘ir”lar ilib ketishidan qo‘rqadi.

Bu yerda avtobuslarning asosiy raqobatchisi sanalgan yengil mashinalar egalariga ishora qilinayapti. Avtobus shofyorining battar jahlini chiqarayotgani esa ko‘plab yengil ulov haydovchilarining yo‘lovchi tashish bilan hech bir ruxsatsiz, litsenziyasiz shug‘ullanayotgani. Bunga holatni o‘rganish mobaynida ham qat’iy ishonch hosil qildik. Chunki bu toifadagi aksariyat kirakashlar noqonuniy faoliyat yuritayotganini ochiq bildirdi ham. Birining ajablanib aytishicha, u ko‘pdan beri shu taxlit odam tashib kelgan, lekin shu vaqtgacha birov mushugini pisht demagan.

Shu o‘rinda ajablanarli bir holatga e’tiboringizni qaratmoqchiman. Gap shundaki, qonuniy transport xizmati ko‘rsatishni tashkil etishga javobgar “O‘zavtotrans” agentligi viloyat boshqarmasi joylashgan manzil yon-atrofida oz emas, ko‘p emas to‘rtta noqonuniy, uning ustiga betartib “stoyanka” yuzaga kelgan. Ulardan G‘uzor, Dehqonobod, Nishon, Mirishkor, Shahrisabz, kitobga qatnovchi “taksi”lar yo‘lovchi oladi. Chiroqchi, Yakkabog‘, Kasbi, Koson, Muborak, Qamashi tumanlari yo‘lovchilari qayerdan “ov” qilishini ham mutasaddilar bilmasligi mumkin emas. Asosan “olg‘ir” shofyorlar egallagan bu nuqtalardan endi avtobuslar ham muqim o‘rin olmoqda.

QACHON QO‘NIM TOPILADI?

Ahamiyatlisi, transport sohasidagi amaliyotga muvofiq, avtostansiyalar shahar hududiga kirishda joylashishi lozim. Qarshi shahri hududi kengayishi bilan esa mazkur tartibni qo‘llash talab etilardi. Albatta, bu holat avvaldan e’tiborga olingan.

Gap shundaki, Birinchi Prezidentimizning 2013-yil 25-iyuldagi “Qarshi shahrini kelajakda qayta qurish rejasi va zamonaviy yo‘l-transport kommunikatsiyalarini rivojlantirish Dasturi to‘g‘risida”gi qarorida ham bu borada muhim chora-tadbirlar belgilangandi. Unga ko‘ra, viloyat markazining yangi radial yo‘li bo‘ylab 4 ta, ya’ni “Termiz-Qarshi”, “Samarqand-Qarshi”, “Buxoro-Qarshi”, “Shahrisabz-Qarshi” yo‘nalishida yangi avtostansiyalar qurilishi lozim edi. Qarorda ushbu transport uzellari 2015-yil oxirigacha qurib foydalanishga topshirilishi, ularning har biriga 1 milliard 300 million so‘mdan mablag‘ sarflanishi ta’kidlangan. Moliyalash manbasi sifatida tadbirkorlar sarmoyasi va bank krediti ko‘rsatilgan.

Avvalgi o‘rni avtostansiya bo‘lgan va ular hamon norasmiy so‘ngi bekat sifatida saqlanib qolayotgani esa 5 yildirki, ushbu hujjat ijrosida sustkashlikka yo‘l qo‘yilganini namoyon etmoqda. Yo‘lovchi tashish hamon eski manzildan amalga oshirilayotgani bunga isbot emasmi?

QACHON TARTIB BO‘LADI?

Ayni holatga izoh so‘rab, O‘zbekiston transport agentligi viloyat boshqarmasiga murojaat etdik. Tashkilot mutasaddilarining bildirishicha, avtostansiyalar qurilishi kechikkani yangi radial yo‘lni qurish to‘xtab qolgani bilan bog‘liq. Past sur’at bilan bo‘lsa-da, ularning qurilishi olib borilgan. “Shahrisabz-Qarshi” yo‘nalishida zamonaviy avtoshohbekat qurib bitkazilgan, yangi pasport berilgan. Qolganida esa ayni paytda pardozlash ishlari ketayapti ekan.

 

- Foydalanishga topshirilishi ortga surilgan 3 avtostansiya qurilishini xususiy tadbirkorlar o‘z zimmasiga olgan edi, - deydi boshqarma boshlig‘i Sherzod Norboyev. – Bugungi kunda jarayon deyarli yakunlandi. Qarshi shahri atrofidan o‘tuvchi aylanma yo‘l ishga tushsa, ushbu avtostansiyalar o‘z faoliyatini boshlaydi. Buning samarasida avtobuslar qatnovidagi parokandalik to‘la barham topadi. Ularning shahar ichiga kirishiga butkul chek qo‘yiladi.

Xo‘sh, Shahrisabz-Qarshi yo‘nalishida zamonaviy avtostansiya qurilibdi. Nega u ishga tushirib yuborilmayapti? Buning uchun aylanma yo‘l to‘liq bitishini kutib o‘tirishdan nima mantiq? Qolaversa, zamonaviy deyilayotgan shu avtostansiya hududi foydalanilmayotgani bois asta-sekin tikanzorga aylanib borayapti-ku. Ochiq tan olish kerak, bu boradagi ishlar o‘z holiga tashlab qo‘yilgan. Mutasaddi idoralar mas’ullari esa yo‘nalishlar bo‘yicha tender o‘tkazish, litsenziyasizlar “ov”idan nariga o‘tayotgani yo‘q. Bugungi islohotlar shiddati ham ularni qo‘zg‘ata olmayapti.

Darhaqiqat, risoladagidek avtosansiyalar kerak. Shu asosda tumanlardan keladigan yo‘lovchi tashuvchi transport vositalarining viloyatimiz markaziga kiritilmasligi ham ko‘p tomondan foydali. Avvalo Qarshi shahridagi yo‘llarda (ayniqsa, hozirgi sun’iy avtoturargohlarga tutash joylarda) mashinalar harakatiga xavf kamayadi. O‘z o‘rnida viloyat markazida harakatlanuvchi transport vositalari soni qisqarishi hisobiga qatnov tig‘izligi ham pasayadi. Yo‘lovchilarni qulay va xavfsiz tashish kafolatlanadi. Lekin yangi avtostansiyalar ishlashini ancha kutsak, bu hali beri amalga oshadiganga o‘xshamayapti.

Shu o‘rinda bir narsa yo‘lovchilarni biroz tashvishga solishi turgan gap. Ya’ni shu choqqacha ular Qarshi shahri ichiga, muhim marshrutlarga yaqin joyga kelib tushayapti. Bu yerdan yo‘lovchiga o‘zi istagan manzilga borishi oson bo‘lishi aniq. Avtobuslar faqat avtostansiyalarga kelib to‘xtasa, odamlarni kelgusida shaharga kirish masalasi o‘ylantirmay qolmaydi.

“O‘zavtotrans” agentligi viloyat boshqarmasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, mazkur holatga ham yechim ishlab chiqilgan. Shu maqsadda avtostansiyalar orasida avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Misol uchun, “Shahrisabz-Qarshi” yo‘nalishida joylashgan “Qarshi” avtostansiyasi yangi avtobus yo‘nalishlari orqali Shayx Ali qo‘rg‘oni, Aeroport, Termiz yo‘li avtostansiyasi, “Beshkent” avtostansiyasi bilan o‘zaro bog‘lanadi. Ushbu transport vositalarining Qarshi shahridagi muhim obyektlar oldidan o‘tishi ta’minlanadi. Xullas, bu ham yo‘lovchiga ancha yengillik beradi.

Barcha ishni og‘izda hal etish oson, albatta. Bajarilishi ko‘zda tutilgan vazifalar qay darajada ado etiladi, buni vaqt ko‘rsatadi. Asosiysi, tartibga qat’iy amal qilinsin, yo‘lovchilarga sifatli xizmat taqdim etilsin. Qonuniy tashish bilan shug‘ullanayotgan haydovchi ham o‘z faoliyatidan qoniqish hosil qilsin. Shunda uning o‘z avtobusini yo‘l ustiga ko‘ndalang qo‘yishiga ham, duch kelgan joydan betartib yo‘lovchi to‘ldirishiga ham hojat qolmaydi, hududning transport tizimi jadal rivojlanadi.

Mirzohid JO‘RAYEV