Sidebar

"Қашқадарё" ва "Новости Кашкадарьи" газеталарининг расмий веб-сайти
Ўқимоқчи бўлган газетангиз номи устига босинг!
(Нажмите на логотип газеты, которую планируете прочитать)

25 - aprel, chorshanba.

RESPUBLIKADA E’TIROF ETILADI-YU, VILOYATDA KO‘RINMAYDI. NEGA?

Madaniyat
Tipografiya

Luqma

RESPUBLIKADA E’TIROF ETILADI-YU, VILOYATDA KO‘RINMAYDI. NEGA?

Boshqa sohalar qatorida viloyatimiz san’atda ham o‘ziga xos yo‘lga, uslubga ega. Ovozi binolar ne, qalbni titratadigan san’atkorlar, xonandalar ko‘p vohada. Balki bunga – ovozning eng baland avj pardalarga ko‘tarilishiga bepoyon kengliklarimiz, purviqor tog‘larimiz sababdir. Harholda shunday muhitda ulg‘aygan odam kuylagisi, hayot go‘zalliklarini tarannum etgisi kelsa kerak.

O‘lmas Saidjonov, Zamira Suyunova, Umrzoq Quvvatov kabi “ovoz”lar esa yagona. Ularning yo‘lini davom ettiradigan san’atkorlar ichida yoshlarning ham ko‘pligi quvonarli, albatta.

Balki eshitgan chiqarsiz, Qarshi davlat universiteti qoshida tashkil etilgan, musiqa kafedrasi talabalaridan iborat “Ziyo sadolari” jamoasi 2014-yilda oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida “Yagonasan, muqaddas Vatan” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichida 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan. O‘shanda jamoa solisti Yulduz Nabiyevaning iqtidori, sohir ovozi nufuzli hakamlar hay’ati tomonidan alohida e’tirof etilgandi.

Qarangki, bu jamoa 2015-yilda ham shu tanlovda yana 1-o‘ringa loyiq ko‘rildi. Balki bu tasodifdir, deb o‘ylashingiz mumkin, biroq 2016-yilda ham respublikada “Ziyo sadolari”ga teng keladigani topilmadi.

Boshqa hech qanday e’tirozga o‘rin qoldirmaslik maqsadida jamoa o‘tgan yilda ham ilgarigi natijalarini qayd etib, 1-darajali diplomlari sonini yana bittaga ko‘paytirib qo‘ydi.

Ahamiyatlisi, jamoa tarkibi har yili yangilanadi. Avval-boshda solist sifatida Yulduz Nabiyeva qatnashgan bo‘lsa, keyin Malika Hamroyeva, so‘ng Xurshid Xalilov, Furqat Umarov yakkaxon ijrochi sifatida qobiliyatlarini namoyon etishdi. Ko‘rinayaptiki, jamoa kuchli ijrochilardan tuzilayapti. Bo‘lmasa deng, qatorasiga to‘rt yil g‘oliblikni qo‘lga kiritishning o‘zi bo‘ladimi? Boz ustiga yurtimizda oliy ta’lim muassasalarining soni ham ko‘p bo‘lsa.

Demak, ulardan kelgusida bundan-da yuksak natijalar kutsa bo‘ladi. Dastlabki qadamlar shundan dalolat berib turibdi. Agar bu jamoani viloyatning ommaviy bayram tadbirlariga ham jalb qiladigan bo‘lsak, ular yanada “ochilishi”, qobiliyatini yanada yaqqol namoyon etishi mumkin. Biroq hozircha bu amalga oshmay turibdi, ya’ni ularni viloyat tantanalariga chaqirishmayapti. Negaligi bizga qorong‘i. Balki tegishli bayram dasturlarini tuzib chiqadiganlar bunday jamoa, bunday yoshlar borligini bilishmas. Nima bo‘lganda ham tantanali tadbirlarda “Mana, viloyatimiz yoshlari, 4 karra g‘oliblar!” deya tanishtirilsa, nur ustiga a’lo nur bo‘lar edi.

Tan olish kerak, viloyatda san’atkor, xonanda ko‘p. Holbuki sahnaga yangi, yosh yulduzlar ham kerak – haqiqiy, porlaydigan yulduzlar. Deylik, har yili o‘nlab, yuzlab yoshlarimiz aynan musiqa yo‘nalishida chet ellardan nufuzli natijalar bilan qaytishadi. Agar ular ham viloyat bayramlariga taklif etiladigan bo‘lsa, buning yana bir foydasi shu bo‘ladiki, yosh iste’dod egalari katta sahnalarda, davralarda har tomonlama o‘sadi, kamolga yetadi. Tomoshabinlar ham maza qilib yayraydi.

Ma’lum bo‘lishicha, “Ziyo sadolari”ga bo‘lgan e’tibor universitetda ham o‘ziga yarasha ekan. Jamoaning hatto studiyasi ham yo‘q bo‘lib, ma’nan eskirgan apparaturalardan foydalanib kelinarkan. Xo‘sh, studiya qancha xarajat talab qilishi mumkin? Nari borsa 50-60 million so‘m. Nahotki Qarshi davlat universiteti ma’muriyati uchun bu qiyin vazifa bo‘lsa?! Harholda jamoa erishgan natijalar birinchi navbatda universitet obro‘sini yuksaltirayapti...

B.O‘KTAM