Sidebar

"Қашқадарё" ва "Новости Кашкадарьи" газеталарининг расмий веб-сайти
Ўқимоқчи бўлган газетангиз номи устига босинг!
(Нажмите на логотип газеты, которую планируете прочитать)

22 - iyul, yakshanba.

BOLALAR O‘YINLARIDAGI MOHIYAT

Madaniyat
Tipografiya

BOLALAR O‘YINLARIDAGI MOHIYAT

yoxud siz qanday foydali o‘yinlarni bilasiz?

Qadim-qadimda g‘orda yashagan ibtidoiy odamlar hayvon ovlashga ketishdan oldin olov atrofida raqs tushib, turli jangovar o‘yinlarni bajargan. Bu o‘yinlar esa ularning ov paytida talab qilinadigan tezkorligini oshirar, hujumga o‘tish usullarini o‘zlashtirishga yordam berarkan. O‘sha davrlardanoq insoniyat o‘yinlar shunchaki oddiy ermak emas, aksincha hayot uchun zarur tayyorgarlik jarayoni ekanligini his etishgan. Darhaqiqat, o‘zidan so‘rab ko‘rsangiz, mashhur injener-texnologlar bolaligida o‘yinchoqlarini buzib, qaytadan yig‘ishga uringanini, shifokorlar yolg‘ondakam fonendoskop bilan kattalarning yurak urishlariga quloq solganini, tikuvchi va dizaynerlar qo‘g‘irchoqlariga xilma-xil libos tikishni yaxshi ko‘rganini aytishadi.

 

O‘yinlar necha turga bo‘linadi?

Bizga ma’lumki, qizlar yoshligida qo‘g‘irchoq, "xola-xola" kabi o‘yinlarni o‘ynashni yaxshi ko‘rishsa, o‘g‘il bolalar futbol, quvlashmachoq o‘yinlarini ma’qul bilishadi. Qiz bolalar va o‘g‘il bolalarning qiziqadigan o‘yinlari bir-biridan farq qiladi.  Bu tabiiy. Axir ular ikki xil tarzda hayot uchun tayyorgarlik ko‘rishadi-da!

Bu kabi o‘yinlar esa ikkita katta turga bo‘linadi. Insondan harakat talab qilib uni jismonan chiniqtiruvchi o‘yinlar hamda ziyraklik talab qilib aqliy faoliyatini o‘stiruvchi o‘yinlar! Futbol, quvlashmachoq, varrak uchirish o‘yinlari birinchi turga kirsa, shaxmat, ligo, turli xil shakllarni yig‘ish ikkinchi turga mansub - aqliy faoliyatni o‘stiruvchi o‘yinlardir. Chunki bolalar futbol yoki quvlashmachoq o‘ynash jarayonida yugurishar ekan, tana muskullari nihoyatda ko‘p torayib, kengayadi, organizm kislorodga yaxshigina to‘yinadi. Shaxmat-shashka kabi boshqotirmadan iborat o‘yinlarda esa miya odatdagidan ko‘proq ishlab, hujayralari soni orta boradi... Birgina talab shuki: har narsa o‘z meyorida bo‘lgani yaxshi degan oltin qoidani unutib qo‘ymasak bas!

Qadimiy xalq o‘yinlari...

Xalqimizda qadimdan bolalar tomonidan sevib o‘ynalib kelingan bir qancha o‘yinlar borki, ular o‘zida millatimizning turmush tarzi va ma’naviyati, tafakkur olamini yaqqol aks ettirib turadi...

Bilamizki, "hakka-chillak" o‘yini azal-azaldan o‘g‘il bolalar o‘yini hisoblangan. O‘yinda ko‘pi bilan 12 kishi ishtirok etishi mumkin. Bunda ishtirokchilarga 80-90 santimetrlik tayoqcha - "hakka" hamda 15-20 santimetrlik "chillak" tayoqchasi kerak bo‘ladi. O‘yin boshlanishidan oldin ishtirokchilar navbatma-navbat "hakka"ni qo‘lga olib, kichik tayoqcha - "chillak"ni yerga tushirib yubormasdan havoda urib o‘zlarini sinashadi. Chillakni kim yerga tushirib yubormay eng ko‘p ura olsa, o‘sha bola o‘yinboshi qilib saylanadi.

O‘yinboshi esa yerga katta doira chizib, o‘rtasidan "chillak"ni urib uchirishga qulay bo‘lishi uchun chuqurcha o‘yadi. "Chillak"ni chuqurchaga ikki uchi bilan qo‘yib joylashtirgach, "hakka" yordamida turtib havoga ko‘tarib, zarb bilan urib yuboradi. U urgan "chillak" qancha uzoqqa uchsa, o‘yinchining ochkolari ham shuncha orta boradi. Mabodo otilgan "chillak" tayoqchani havoda uchayotgan payti biror boshqa ishtirokchi tutib qola olsa, o‘yinboshilik vazifasi endi uniki!

"Hakka-chillak" o‘yinining qiyin sanalgan qismi "zuvlash" desak yanglishmagan bo‘lamiz. Bu qismda eng kam ochko olib mag‘lub bo‘lgan o‘yinchi "chillak" kelib tushgan joydan to chizilgan doira ichigacha bir oyoqda sakrab borishiga to‘g‘ri keladi. "Nega shartning nomi "zuvlash" deysizmi? Chunki bir oyoqda sakrab borayotgan o‘yinchi og‘zi yordamida nafas rostlamasdan "Zuuuvvv..." deb ovoz chiqarib sakrashi ham talab qilinadi-da! Agar u zuvlayotgan vaqtida nafas olib qo‘ysa, ortiga qaytib shartni boshqatdan bajarishga majbur.

"Qocharma"  o‘yinini esa azaldan faqat qiz bolalar o‘ynashgan. U juda qadimiy va juda qiziqarli o‘yinlar toifasiga kirib, unda to‘rt kishidan o‘n kishigacha qiz bola qatnashishi mumkin. O‘yinda eng avvalo ikkita ona boshi saylanadi. Qolgan qizlar o‘zaro kelishib, o‘zlariga yasama ism tanlashadi. Tanlab bo‘lishgach, ona boshilarga she’riy tarzda murojaat qilishadi:

- Matti, matti kim navbati?

- Mening! - deydi onaboshilardan biri.

Qizlar so‘rashadi:

- Toji tillo xo‘rozni olasanmi, chalamullo tovuqnimi?

Birinchi onaboshi o‘ziga ma’qul kelgan yasama ismni tanlaydi va o‘sha ismning egasi uning ortidan borib joylashadi. O‘ziga jamoa a’zosini tanlash    navbati shu tariqa ikkinchi onaboshiga keladi. O‘yinning bu qismi "cheklashmachoq" deb atalib, qizlarni bunday tarzda taqsimlash o‘yin adolatli bo‘lishi hamda hech kim xafa bo‘lmasligi uchun zarur.

Shu tarzda nihoyat o‘yinning asosiy qismi boshlanadi. Ya’ni, ikki guruhga bo‘linib, ikki safga tizilgan qizlarning biri to‘pni bor kuchi bilan, imkon qadar uzoqroqqa uloqtiradi va to‘pni uloqtirgan guruhdagilar sanay boshlashadi:

- Bir, ikki, o‘n ikki,

O‘n ikki deb kim aytdi?!

O‘n ikki deb men aytdim.

Ishonmasang sanab boq:

Birim - bilak, ikkim - elak, uchim - ichak, to‘rtim - terak, beshim - beshik, oltim - olganim, yettim - yetganim!..

To sanama tugaguncha ikkinchi guruhdagi qizlardan qator boshida turgani yugurib borib, to‘pni tutib keltirishga ulgurmog‘i lozim. U to‘pni tutib keltira olsa, to‘p otish gali endi ikkinchi jamoaniki, mabodo to‘pni keltirishga ulgura olmasa, o‘yin gali birinchi jamoada qoladi. Yakunida tutib keltirilgan to‘plar soni hisoblanib, mag‘lub jamoa aniqlanadi va yutqazgani uchun she’r yoki qo‘shiq aytib berishga, talab qilinsa, hattoki raqsga tushib berishga ham majburdir.

Xalqimizga mansub mashhur bolalar o‘yinlaridan yana biri - "Oq terakmi, ko‘k terak". Eng ahamiyatli jihati, bu o‘yinni qizlar va o‘g‘il bolalar bahamjihatlikda o‘ynasalar yanada qiziqarliroq bo‘ladi. O‘yin ishtirokchilari soni borasida ham biror cheklov yo‘q...

O‘yinda bolalar ikki guruhga bo‘linib, xuddi shoxlarini keng yozib turgan teraklar kabi (qo‘l ushlashib) maydonning ikki tarafiga qarama-qarshi turishlari kerak. O‘rtalaridagi masofa esa 20 metrdan kam bo‘lmasligi lozim. Shunda birinchi guruh bolalari ikkinchi guruhga qarab baland ovozda so‘raydi:

- Oq terakmi, ko‘k terak! Bizdan sizga kim kerak?

Ikkinchi guruh o‘z tanlovini aytadi. Masalan: "a’lochi Hasan" yoki "a’lochi Zebo kerak!"

Ismi aytilgan bola yugurib borib raqib guruhning bir-birini tutib turgan qo‘llariga o‘zini uradi. Agar u bir-biriga tutashib turgan qo‘llarni uzib o‘ta olsa "Oq terakmi, ko‘k terak! Bizdan sizga kim kerak?" degan savolni endi ikkinchi guruh beradi, uzib o‘ta olmasa savol berish gali yana o‘sha jamoada qoladi.

Endi menga aytingchi...

Shu o‘rinda atoqli qoraqalpoq adibi To‘lapbergen Qayipbergenovning bir gapini eslab o‘tish o‘rinli:

"...Bolaligimizda "Chumchuq uchdi" degan o‘yinimiz bo‘lardi. Bu o‘yinga qari, yosh hamma qo‘shilardi. Yani, "Bizdan bir chumchuq uchdi" deb gap boshlardi birov. Qolganlar "Ta’rifla!" deyishardi. O‘yinni boshlagan odam ta’riflashga tushardi: "Uchgan chumchuqning uch o‘g‘il, uch qizi bor, o‘n oltita tovug‘i, ikkita sigiri bor..."

Ovulda o‘tirgan hamma gap qaysi qo‘shni haqida ketayotganini qidirib ketishardi. Endi-endi ahamiyat bersam, o‘shanda o‘ynagan "Chumchuq uchdi" o‘yinimiz shunchaki o‘yin bo‘lmagan ekan. Biz bolalar ovulimizda yashagan barcha insonlarni yaxshiroq tanib olishimiz, ularning yashash sharoitidan xabardor bo‘lishimiz uchun o‘ylab topilgan g‘aroyib tarbiya vositasi ham ekan..."

Ha, ahamiyat bersangiz, hamma o‘yinlar ham o‘yinqaroqlik hosilasi emas. Meyorida o‘ynalgan ko‘pgina o‘yinlar farzandlarimizni jismonan sog‘lom, aqlan yetuk bo‘lib o‘sishiga xizmat qilishi mumkin. Mulohazalarimiz mobaynida bot-bot ta’kidlaganimizday, bunda faqat va faqat meyor unutib qo‘yilmasa va o‘yinning xavfsiz ekaniga e’tibor qaratilsa bo‘lgani!

Endi menga aytingchi, xo‘sh, siz o‘zingiz farzandingizga qanday foydali va qiziqarli o‘yinlarni o‘rgatgansiz?! Ishqilib farzandingiz hech qanday chaqqonlik va ziyraklik talab etmaydigan kompyuter o‘yinlariga qiziqadigan erinchoq-nimjon bolalar toifasidan emasmi?!..

Bayram ALI