Sidebar

"Қашқадарё" ва "Новости Кашкадарьи" газеталарининг расмий веб-сайти
Ўқимоқчи бўлган газетангиз номи устига босинг!
(Нажмите на логотип газеты, которую планируете прочитать)

22 - iyul, yakshanba.

XALQARO MAQOM FESTIVALIGA TAYYORGARLIK QANDAY BORMOQDA?

Madaniyat
Tipografiya

Taraddud

XALQARO MAQOM FESTIVALIGA TAYYORGARLIK QANDAY BORMOQDA?

Shu yilning 6-10-sentabr kunlari Shahrisabz shahri xalqaro maqom san’ati festivaliga mezbonlik qiladi. Unda dunyoning ko‘plab davlatlaridan tashrif buyuradigan maqom san’atining haqiqiy ustalari, ijrochilari ishtirok etadi. Qizg‘in va ko‘tarinki ruhda o‘tishi kutilayotgan mazkur festival uchun yangidan bunyod etilayotgan Shahrisabz shahar maqomchilar saroyi hamda “Koba” maqom markazi ishtirokchilarni kutib olishga shaylanmoqda.

- Nafaqat mamlakatimiz, balki ko‘plab xorijiy mamlakatlar san’at ahli ham ushbu festivalni orziqib kutmoqda, - deydi O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, Shahrisabz shahar maqom markazi rahbari Elmurod Boymurodov. – Masalan, Indoneziya, Malayziya, Ispaniya, Italiya, Gretsiya, Gollandiya, Germaniya, Fransiya, Chexiya, Buyuk Britaniya, Estoniya, Finlyandiya, Misr kabi davlatlar hozirdanoq  festivalda ishtirok etish istagini bildirdi. Ularning soni yanada kengayishi shubhasiz. Shahrisabzga dunyoning to‘rt tomonidan sayyohlarning kelishi esa turizm salohiyati yuksalishi va istiqboli uchun yangi sahifa ochadi. Zero, festivalni aynan shu shaharda o‘tkazishdan asosiy maqsad ham Shahrisabzning o‘ziga xos turistik salohiyati, tarixi va madaniyati, qadim qadriyat va o‘lmas merosi, boy an’analarini dunyo uzra namoyon etishdir.

Maqomchilar saroyi qariyb 3500 kvadrat metr maydonni egallagan. Bu yerda anjuman va konferens zallari, 400 kishilik katta zal, 134 kishilik kichik zal, milliy musiqa asboblari xonasi, kiyinish va pardozlash xonasi, milliy raqs xonasi, teatr studiyasi, sport inventarlari xonasi, kichik kinoteatr, kutubxona va o‘quv zali o‘rin oladi. Ushbu muhtasham binoni qurish va ta’mirlash uchun davlat budjetidan 7 milliard 800 million so‘m mablag‘ ajratilgan.

Amir Temur xiyoboni hududida joylashgan “Koba” maqom markazi ham betakror qiyofasi bilan barchaning diqqatini tortadi. Devorlarda aks etgan milliy me’morchilik namunalari, ustunlardagi naqshinkor chizgilar hunarmandchilikning uzoq o‘tmishidan so‘zlaydi. Katta sahna o‘zida milliylik va zamonaviylikni mujassam etgan.

Ta’kidlash lozimki, xalqaro festival doirasida ilmiy konferensiya va davra suhbatlari, ijodiy uchrashuvlar, taqdimotlar, mahorat darslari ham o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lib, unga dunyoning san’atga ixtisoslashgan nufuzli ta’lim muassasalari va konservatoriyalarida faoliyat olib borayotgan taniqli san’at namoyandalari taklif qilinadi.

Mazkur xalqaro maqom san’ati festivalini ommaviy axborot vositalari orqali keng yoritish maqsadida dunyoning musiqa va madaniyat sohalariga ixtisoslashgan tele va radiokanallari, bosma ommaviy axborot vositalari vakillari, internet nashrlari jurnalistlarini taklif etish hamda ularni akkreditatsiyadan o‘tkazish choralari ko‘rilayotir. Sovrindorlarga topshiriladigan diplom, sertifikat, statuetka namunalari eskizlarini yaratish ustida ish qizg‘in.

Darhaqiqat, o‘zbek milliy maqom san’ati o‘zining jozibasi, uslubi, dillarni yayratuvchi ta’sir kuchiga ega ekanligi bilan yillar davomida sayqal topib, avlodlar tilida mudom yangramoqda. Bugun ana shu merosni dunyo ahliga namoyon etish barchamiz uchun sharaflidir.

Akbarali XUDOYBERDIYEV