Sidebar

"Қашқадарё" ва "Новости Кашкадарьи" газеталарининг расмий веб-сайти
Ўқимоқчи бўлган газетангиз номи устига босинг!
(Нажмите на логотип газеты, которую планируете прочитать)

21 - sentabr, juma.

QARSHIDA “SABANTO‘Y” NISHONLANDI

Madaniyat
Tipografiya

O‘zbekiston – umumiy uyimiz

QARSHIDA “SABANTO‘Y” NISHONLANDI

Ma’lumki, tatar va boshqird xalqlarining milliy bayrami –“Sabanto‘y” bahor bo‘yi dalalarda qilingan mehnat – qishloq xo‘jaligi ekinlari undirib olinganidan darak beruvchi marosim bo‘lib, uni bizning hosil to‘yiga o‘xshatish mumkin.

 

Har ikkisi ham sayil shaklida katta xursandchilik va zavqu shavq bilan nishonlanadi. Sabanto‘y – “omoch to‘yi” ma’nosini anglatib, bu marosimdastlab bahorgi dala ishlarining boshlanishi munosabati bilan o‘tkazilgan bo‘lsa, keyinchalik bu yumushlarning tugashiga mo‘ljallab nishonlangan.

Viloyat musiqali drama teatri oldidagi xiyobonda ushbu ayyom doirasida madaniy tadbir bo‘lib o‘tdi. Viloyat hokimligi, viloyat tatar-boshqird milliy madaniy markazi va boshqa hamkor tashkilotlar tomonidan uyushtirilgan tantanali tadbirga taklif etilganlar bugun yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari bir oila farzandlaridek umrguzaronlik qilayotgani, o‘zaro tinch-totuv hayot, birdamlik va bahamjihatlik yurt osoyishtaligi va ravnaqida muhim o‘rin tutayotganini e’tirof etishdi.

- “Sabanto‘y”da milliy taomlar tayyorlanadi, sport bellashuvlari o‘tkaziladi, kuy va qo‘shiqlar ijro etiladi, - deydi viloyat tatar-boshqird milliy madaniy markazi rahbari Firyuza Ixsanova. - Ko‘rinib turibdiki, u kishilarni o‘zaro ahillikka, birdamlikka chorlaydi. Bugungi tadbir vohamizdagi boshqa milliy madaniy markazlarning vakillari ishtirokida o‘tayotgani ham shuni ifodalab turibdi.

Tadbir ko‘tarinki kayfiyatda o‘tdi. Ayniqsa, san’atkorlar, xususan, O‘zbekiston vaTataristonda xizmat ko‘rsatgan artist Marat Hakimov ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar barchaga xush kayfiyat ulashdi.

N.XO‘JAYEV

Suratlarda: tadbirdan lavhalar.

Sobir NARZIYEV olgan suratlar.