Sidebar

"Қашқадарё" ва "Новости Кашкадарьи" газеталарининг расмий веб-сайти
Ўқимоқчи бўлган газетангиз номи устига босинг!
(Нажмите на логотип газеты, которую планируете прочитать)

22 - yanvar, dushanba.
As soon as you open an account Bet365 will send you a 10 digit Offer Code via email. Receive Your £200 bet365 Welcome Promo Bonus plus £50 Mobile Promo

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI SHAVKAT MIRZIYOYEVNING OLIY MAJLISGA MUROJAATNOMASI

Siyosat
Tipografiya

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI SHAVKAT MIRZIYOYEVNING OLIY MAJLISGA MUROJAATNOMASI

Muhtaram deputat va senatorlar!

Aziz vatandoshlar!

Hurmatli mehmonlar!

Bugun biz barchamiz jonajon Vatanimizning siyosiy hayotidagi muhim voqeada ishtirok etmoqdamiz.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan birinchi marta mamlakatimiz parlamenti - Oliy Majlisga Murojaatnoma taqdim etilmoqda.

Sizlarga yaxshi ma’lumki, dunyodagi ko‘pchilik taraqqiy topgan mamlakatlarda davlat rahbarining milliy parlament a’zolari huzurida eng asosiy va dolzarb siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy masalalar va jamiyatni demokratik rivojlantirish bo‘yicha Murojaatnoma bilan chiqish tajribasi mavjud.

Davlat boshqaruvining bunday demokratik usuli bugun O‘zbekistonda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, avvalambor, xalq bilan muloqot prinsipiga g‘oyat uyg‘un va hamohang bo‘lib, bizning ish faoliyatimiz samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi, deb o‘ylayman.

Bugungi nufuzli anjumanda Oliy Majlis   Senati va Qonunchilik palatasi a’zolari bilan birga, videokonferensiya aloqa tizimi orqali tuman, shahar va viloyatlardagi mahalliy Kengashlarga saylangan xalq noiblari hamda barcha bo‘g‘indagi ijro hokimiyati va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlari, nodavlat tashkilotlar va jamoatchilik vakillari ishtirok etmoqda.

Taraqqiyotimizning yangi bosqichi bo‘lgan 2017-yilda amalga oshirilgan asosiy ishlar yakuni va O‘zbekiston Respublikasini 2018-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Murojaatnomani e’tiboringizga havola etishga ruxsat bergaysiz.

Avvalo, yil davomida mamlakatimizni yanada taraqqiy ettirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasida ko‘zda tutilgan maqsad va vazifalarni bajarish uchun davlatimiz va jamiyatimizning bor kuch va imkoniyatlari safarbar etilganini ta’kidlash joiz.

Bu borada "Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili" Davlat dasturida belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish muhim qadam bo‘ldi, desak, ayni haqiqat bo‘ladi.

Mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar xalqimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Bu o‘zgarishlarning dastlabki natijalari aholimiz hayoti va kundalik turmushida o‘zining yaqqol ifodasini topmoqda, el-yurtimizning ijtimoiy faolligi, ertangi kunga ishonchi o‘sib bormoqda.

Biz mamlakat hayotiga doir har bir qarorni  xalqimiz bilan maslahatlashib, bevosita muloqot asosida qabul qilmoqdamiz. "Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak" degan g‘oya bu borada faoliyatimiz mezoniga aylanmoqda.

Davlat xodimlari, avvalo, birinchi rahbarlar faqat kabinetda o‘tirmasdan, joylarga borib, aholini bezovta qilayotgan eng dolzarb muammolarning amaliy yechimi bilan shug‘ullanmoqda.

Shu ma’noda 2017-yil xalq bilan yaqindan muloqot qilish, uning dardu tashvishlari, hayotiy muammolarini samarali hal etish bo‘yicha yangi tizim yaratilgan yil bo‘ldi, deb aytishga to‘la haqlimiz.

Bu tizimning asosi bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari va Virtual qabulxonasi fuqarolarning murojaatlari bilan ishlashning o‘ziga xos demokratik instituti sifatida amalda o‘zini oqlamoqda.

Qisqa muddatda ana shu qabulxonalarga bir yarim milliondan ziyod fuqaro murojaat qilgani va qancha-qancha odamning yillar davomida hal etilmagan muammolari ijobiy yechilgani O‘zbekistonda xalq hokimiyati nomiga emas, amalda joriy etilayotganini ko‘rsatmoqda. Joylarda rahbarlarning yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni tezlik bilan bartaraf etish yuzasidan shaxsiy javobgarligi kuchaygani mazkur tizimning muhim natijasi bo‘ldi.

Aynan xalqimiz manfaatlarini hisobga olib, ijtimoiy adolatni ta’minlash bo‘yicha eng muhim institut bo‘lgan sud-huquq sohasida, prokuratura va ichki ishlar organlari tizimida ham katta o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 25 yilligiga  bag‘ishlangan tantanali marosimda atroflicha so‘z yuritilgani uchun, o‘ylaymanki, bugun bu mavzuda  ortiqcha to‘xtalib o‘tirishga zarurat yo‘q.

Joriy yilda O‘zbekiston yoshlar ittifoqini tashkil etish, Xotin-qizlar qo‘mitasi, "Mahalla" va "Nuroniy" jamg‘armalari ishini yanada faollashtirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Yurtimizda yashab kelayotgan, lekin fuqaroligi bo‘lmagan 1100 dan ortiq shaxsga O‘zbekiston fuqaroligi berildi. O‘ylaymanki, bu inson huquq va erkinliklarini amalda ta’minlashga qaratilgan ishlarimizning yana bir tasdig‘idir.

2017 yilda iqtisodiyot sohasida zamon talablariga javob beradigan, yangicha ma’no-mazmundagi va samarali islohotlarni amalga oshirish yo‘lida birinchi qadamlarni qo‘ydik.

Iqtisodiyotimizni mutlaqo yangi asosda tashkil etish va yanada erkinlashtirish, uning huquqiy asoslarini takomillashtirish, ishlab chiqarishni modernizatsiya va diversifikatsiya qilish bo‘yicha qator qonunlar, farmon va qarorlar, puxta o‘ylangan dasturlar qabul qilindi va ular izchil amalga oshirilmoqda.

Mamlakatimizda qisqa muddatda 161 ta yirik sanoat obyekti ishga tushirildi. Bu biz uchun kelgusi yilda qo‘shimcha 1,5 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish imkonini beradi. Masalan, Toshkent issiqlik elektr stansiyasida bug‘-gaz qurilmasi barpo etildi. Bu esa qo‘shimcha ravishda 2,5 milliard kilovatt elektr energiyasi ishlab chiqarish imkonini beradi. Shuningdek, Navoiy issiqlik elektr stansiyasida ikkinchi bug‘-gaz qurilmasi, Qizilqum bag‘ridagi Avminzo-Amantoy oltin konlari negizida gidrometallurgiya zavodi qurish bo‘yicha ishlar davom etmoqda.

Hozirgi vaqtda Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tomonidan "Yoshlik - 1", "Yoshlik - 2" konlarini o‘zlashtirishga kirishildi. Sardoba, Markaziy Farg‘ona va To‘palang suv omborlarini qurish bo‘yicha ishlar jadal olib borilmoqda. Bu yirik inshootlar ham, hech shubhasiz, mamlakatimiz iqtisodiy hayotida muhim voqea bo‘ladi.

Farg‘ona - Marg‘ilon yo‘nalishidagi temir yo‘l tarmog‘i ayni paytda elektrlashtirilmoqda.

Yana bir yirik obyekt - Qandim gazni qayta ishlash kompleksi ishga tushirilishi hisobidan 2018-yilda qo‘shimcha ravishda 4 milliard 100 million kub metr tabiiy gazni qayta ishlash, 67 ming tonnadan ziyod kondensat, 106 ming tonnadan ortiq oltingugurt ishlab chiqarish imkoni yaratiladi.

O‘zbekiston iqtisodiyotining lokomotivlaridan biri bo‘lgan Muborak gazni qayta ishlash zavodida kelgusi yili qo‘shimcha ravishda 6 milliard kub metr tabiiy gazni oltingugurtdan tozalaydigan bloklar to‘liq faoliyat boshlaydi. Shular qatorida "O‘zagrotex-sanoatxolding" aksiyadorlik jamiyatida yangi yilda 5 mingdan ko‘proq zamonaviy traktorlar, mingdan ziyod paxta terish mashinasi va 2 mingdan ortiq pritseplar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.

Bunday misollarni yana uzoq davom ettirish mumkin.

Eng muhimi, mamlakatimiz iqtisodiy siyosatida noreal raqamlar ortidan quvish, amalga oshmaydigan xomxayollarni haqiqat sifatida taqdim etishdek noma’qul ish uslubi tanqidiy qayta ko‘rib chiqildi. Amaliy natijadorlik,  inson manfaati va yana bir bor inson manfaati islohotlarning bosh maqsadi etib belgilandi.

Ayni shu asosda amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida 2017-yilda barqaror iqtisodiy o‘sish sur’atlari 5,5 foizni tashkil etdi, eksport hajmi qariyb 15 foizga ko‘paydi. Tashqi savdo aylanmasining ijobiy saldosi 854 million dollarga yetdi.

Milliy valyutamizni erkin konvertatsiya qilishga kirishdik. Yuridik va jismoniy shaxslar xorijiy valyutani tijorat banklaridan cheklovsiz sotib olish va erkin sotish imkoniga ega bo‘ldi. Chet el valyutasining oldi-sotdi operatsiyalari hajmi liberalizatsiya davriga nisbatan 1,5 barobar oshib, o‘rtacha 1,3 milliard dollarni tashkil etdi. Shu bilan birga, davlatimizning oltin-valyuta zaxiralari yil davomida 1,1 milliard dollarga ko‘paydi.

Joriy yilda mamlakatimizda 12 ta erkin iqtisodiy va 45 ta sanoat zonasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi va bu tashkiliy choralar hududlarni jadal rivojlantirish imkonini bermoqda. Yaqin vaqt ichida yana 50 ta yangi sanoat zonasini tashkil etish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.

Yil davomida biz uchun g‘oyat muhim bo‘lgan yangi ish o‘rinlarini tashkil etish masalasi doimiy e’tiborimiz markazida bo‘ldi. 2017-yilda yangi sanoat korxonalarini qurish, xizmat ko‘rsatish obyektlarini ishga tushirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish hisobidan 336 mingdan ziyod yangi ish o‘rinlari tashkil etildi.

O‘z-o‘zidan ayonki, biz aholi bandligini ta’minlashni o‘z oldimizga ustuvor vazifa qilib qo‘ygan ekanmiz, bu masalaga nafaqat son, balki sifat jihatidan ham alohida ahamiyat berishimiz zarur.

O‘zbekistonda olib borilayotgan davlat siyosatining g‘oyat muhim yo‘nalishi bo‘lgan ijtimoiy sohani isloh qilish bo‘yicha qabul qilingan dasturlar ijrosi ham bosqichma-bosqich ta’minlanmoqda.

Ma’lumki, aholimizni, ayniqsa, budjet sohasi xodimlarini, kam ta’minlangan oilalarni uy-joy muammosi ko‘pdan buyon qiynab kelardi. Bu og‘ir ijtimoiy muammoga biz deyarli e’tibor bermay kelganimiz ham bor gap.

Xalqimizning talab va istaklarini inobatga olib, biz joriy yilda imtiyozli ipoteka kreditlari asosida arzon uy-joylar qurish loyihasini amalga oshirishga kirishdik. Shahar va qishloqlarimizda jami 3,5 million kvadrat metrdan ziyod namunaviy uylar va ko‘p qavatli uy-joylar barpo etildi. Bu raqamni avvalgi yillarga taqqoslaydigan bo‘lsak, 2007-yilga nisbatan 20 barobar, namunaviy uy-joylar qurish dasturi boshlangan 2010-yilga nisbatan 3,5 barobar, 2014 yilga nisbatan esa 2 barobar ko‘p uy-joy qurilganini ko‘ramiz.

Shuni alohida ta’kidlash o‘rinliki, biz keyingi 25 yil davomida birinchi marta aholi uchun arzon, barcha qulayliklarga ega bo‘lgan ko‘p qavatli uy-joylar qurishni boshladik. 2017-yilning o‘zida 800 ming kvadrat metrdan ziyod ana shunday uy-joylar qurib foydalanishga topshirildi. Birgina Toshkent shahrining o‘zida joriy yilda 420 ming kvadrat metr ko‘p qavatli uy-joy fondi foydalanishga topshirildi. Bu o‘tgan yilga nisbatan qariyb 3 barobar ko‘pdir.

Odamlarimizning hayotiy ehtiyoj va manfaatlarini ta’minlashda bu muhim masalaning naqadar o‘tkir va dolzarb muammo bo‘lib turganini hisobga olib, bu ishlarning hajmini oshirgan holda, biz yangi yilda ham albatta davom ettiramiz. Chunki, xalqimiz ertaga emas, uzoq kelajakda emas, aynan bugun o‘z hayotida ijobiy o‘zgarishlarni ko‘rishni istaydi. Bizning mehnatkash, oqko‘ngil, bag‘rikeng xalqimiz bunga to‘la haqlidir.

Orolbo‘yida ekologik vaziyatni yaxshilash yuzasidan aniq choralar ko‘rildi. Moliya vazirligi huzurida Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish jamg‘armasi tuzildi va unga 200 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirildi. Ana shu mablag‘lar hisobidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati aholisining suv ta’minoti, turmush sharoiti yaxshilanmoqda. Shu bilan birga, mazkur hududlarda 3 ming kilometrdan ortiq ichki yo‘llar kapital ta’mirlandi va rekonstruksiya qilindi.

Joriy yilda yangi ta’lim muassasalarini qurish, mavjudlarini ta’mirlashga alohida e’tibor qaratildi. 12 ta umumta’lim maktabi yangitdan barpo etildi, 320 tasi rekonstruksiya qilindi, 152 ta maktab kapital ta’mirlandi. Shuningdek, 107 ta maktabgacha ta’lim muassasasi rekonstruksiya qilindi va qurildi, 195 ta bog‘cha kapital ta’mirlandi.

Farzandlarimiz tarbiyasida eng asosiy bo‘g‘in hisoblangan maktabgacha ta’lim tizimining jamiyatimiz hayotidagi katta o‘rni va ahamiyatini e’tiborga olib, Maktabgacha ta’lim vazirligini tashkil etdik. Biz ushbu sohaning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashimiz, jumladan, yaqin 3-4 yilda barcha hududlarda minglab yangi bog‘chalar qurishimiz, ta’lim-tarbiya sifati va darajasini yangi bosqichga ko‘tarishimiz lozim.

Ko‘plab ota-onalar, o‘qituvchi va o‘quvchilar hamda keng jamoatchilik tomonidan bildirilgan takliflar asosida yurtimizda 11 yillik ta’lim qayta  tiklandi.

Joylardagi o‘qituvchilarga bo‘lgan ehtiyojni qoplash uchun Toshkent viloyatida Chirchiq davlat pedagogika instituti tashkil etildi. Bundan tashqari, 15 ta oliy ta’lim muassasasida tashkil etilgan maxsus sirtqi bo‘limlarda o‘rta maxsus ma’lumotga ega bo‘lgan 5 mingdan ortiq pedagoglar uchun oliy ma’lumot olish imkoniyati yaratildi.

Ta’lim tizimidagi innovatsiya va kreativ yondashuvlar asosida Muhammad Xorazmiy va Mirzo Ulug‘bek nomlari bilan ataladigan, aniq fanlar chuqur o‘qitiladigan maxsus maktablar tashkil etildi.

Oliy ta’lim tizimini yanada takomillashtirish borasida ham ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2017-2021-yillarda oliy ta’lim tizimini kompleks rivojlantirish dasturi qabul qilindi.

Yangi tashkil etilgan institut va filiallar hisobidan yurtimizdagi oliy ta’lim muassasalari soni 81 taga, hududlardagi filiallar 15 taga, xorijiy universitetlar filiallari 7 taga yetdi. Shular qatorida Olmaliq shahrida Moskva po‘lat va qotishmalar institutining, Toshkent shahrida esa AQShning Vebster universitetining filiallarini tashkil etish bo‘yicha kelishuvlarga erishilganini ta’kidlash lozim. Oliy ta’lim muassasalarida iqtisodiyotning real sektoridagi talab va ehtiyojdan kelib chiqib, sirtqi va kechki bo‘limlar ochildi.

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi tizimi takomillashtirildi, moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi, uning tarkibida bir qator ilmiy-tadqiqot institutlari va markazlar faoliyati tiklandi. Ko‘p yillik tanaffusdan so‘ng Fanlar akademiyasiga saylov o‘tkazilib, o‘zining ilmiy ishlari bilan mamlakatimiz va xalqaro miqyosda nom qozongan iste’dodli olimlar akademik degan yuksak sharafga sazovor bo‘ldilar. Endi barchamiz Fanlar akademiyasidan yangi ilmiy ishlanmalar, istiqbolli tadqiqotlar yaratish bo‘yicha amaliy natijalar kutib qolamiz.

Bularning barchasidan biz yagona bir maqsadni ko‘zda tutmoqdamiz. Ya’ni O‘zbekiston ilm-fan, intellektual salohiyat sohasida, zamonaviy kadrlar, yuksak texnologiyalar borasida dunyo miqyosida raqobatbardosh bo‘lishi shart.

Aziz do‘stlar!

Joriy yilda madaniy-gumanitar sohalarni rivojlantirish bo‘yicha qilingan ishlar haqida gapirganda, avvalo, madaniyat, adabiyot va san’at,  ommaviy axborot vositalari sohasiga taalluqli 12 ta muhim hujjat qabul qilinganini qayd etish lozim.

Yurtimizdagi ijodiy uyushmalarning ijtimoiy hayotimizdagi o‘rni va nufuzini oshirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida O‘zbekiston ijodkorlarini qo‘llab-quvvatlash "Ilhom" jamoat fondi, shuningdek, madaniyat va san’at muassasalari hamda yirik kompaniya va banklar hamkorligida "Do‘stlar klublari" tashkil etildi.

Yana bir muhim yangilik - Toshkent shahridagi Milliy bog‘ hududida muhtasham Adiblar xiyoboni, Yozuvchilar uyushmasining yangi binosi, Qoraqalpog‘istonda va bir qator viloyatlarimizda ulug‘ adiblarimizning nomlari bilan atalgan ijod maktablari barpo etildi. Shuningdek, Qo‘qon shahri, Xorazm va Jizzax viloyat drama teatrlari qayta rekonstruksiya qilindi, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining Farg‘ona mintaqaviy filiali tashkil etildi.

Ma’naviy hayotimizda muhim voqea bo‘lgan ana shunday loyihalar haqida gapirganda, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy va Imom Termiziy nomlaridagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Islom akademiyasi kabi ilmiy-ma’rifiy muassasalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish ishlari boshlanganini alohida qayd etish zarur. Shular qatorida buyuk allomalarimizning yodgorlik majmualari qoshida hadisshunoslik, islom huquqshunosligi, tasavvuf, kalom va aqida ilmi kabi diniy-ma’rifiy yo‘nalishlarni o‘rganish bo‘yicha maxsus maktablar tashkil etildi. Albatta, bizning bu ishlarimiz chuqur ilmiy va amaliy asoslarga ega.

Ma’lumki, qadimiy madaniyat va sivilizatsiyalar chorrahasi bo‘lgan yurtimiz zaminidan o‘rta  asrlarda minglab olimu ulamolar, buyuk mutafakkir va shoirlar, aziz-avliyolar yetishib chiqqan. Ularning aniq fanlar va diniy ilmlar sohasida qoldirgan bebaho merosi butun insoniyatning ma’naviy mulki hisoblanadi.

Hozirgi kunda O‘zbekistonimizning kitob fondlarida 100 mingdan ziyod qo‘lyozma asarlar saqlanmoqda. Afsuski, bu nodir kitoblar hali to‘liq o‘rganilmagan, ular olimlar va o‘z o‘quvchilarini kutib turibdi. Ushbu noyob asarlarda bugungi davr o‘rtaga qo‘yayotgan juda ko‘p dolzarb muammolarga javob topish mumkin. Xususan, islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib beradigan, barcha odamlarni ezgulik, mehr-oqibat va hamjihatlik yo‘lida birlashishga da’vat etadigan teran ma’noli fikr va g‘oyalar bugun ham o‘z qimmati va ahamiyatini yo‘qotgan emas. Lekin biz ana shunday noyob meros vorislari, shunday boylik egalari bo‘laturib, ularni har tomonlama o‘qish-o‘rganish, xalqimiz, avvalo, unib-o‘sib kelayotgan yoshlarimizga, jahon hamjamiyatiga yetkazish bo‘yicha, yetarli ish qilmaganimizni ham ochiq tan olish kerak.

Biz diniy jaholatga, zararli oqimlarga qarshi ma’rifat bilan kurashish kerakligi haqida ko‘p gapiramiz. Bu to‘g‘ri, albatta. Lekin ma’rifat, ma’rifiy bilimlar qayerda - avvalo ota-bobolarimiz bizga qoldirib ketgan mana shunday mo‘tabar kitoblarda emasmi?

Bizning ushbu yo‘nalishdagi barcha amaliy harakatlarimiz aynan mana shunday ezgu maqsadga qaratilgan bo‘lib, nafaqat mamlakatimiz va musulmon dunyosida, balki jahon miqyosida ham katta qiziqish va e’tibor uyg‘otmoqda. Ana shunday bebaho boylikka, minglab bilimdon ulamolar, faol ziyolilarga ega bo‘lgan, bu sohada katta tashabbuslar bilan chiqayotgan xalq va davlat sifatida yurtimizdan qandaydir aqidaparast, diniy oqimlarga berilgan kimsalarning chiqishi albatta bizga yarashmaydi.

Hurmatli majlis ishtirokchilari!

2017-yil jismoniy tarbiya va sport sohasi bo‘yicha ham katta ishlar qilindi. Yurtimiz yoshlarining sport sohasidagi yutuqlari barchamizni quvontirmoqda. Jahon va qit’a miqyosida yangi-yangi chempionlar, shaxmat bo‘yicha xalqaro grossmeysterlar yetishib chiqmoqda.

Yakuniga yetib borayotgan yilda o‘zbekistonlik sportchilar boks, dzyudo, taekvando, og‘ir atletika, erkin kurash, sambo bo‘yicha o‘tkazilgan turli xalqaro musobaqalarda salmoqli yutuqlarga erishdilar. 2017-yil ayniqsa o‘zbek milliy kurashi tarixida yorqin sahifa bo‘ldi. Sentabr oyida Turkmanistonda bo‘lib o‘tgan Osiyo olimpiya kengashi Bosh assambleyasi yig‘ilishida ushbu milliy sport turini Osiyo o‘yinlari dasturiga kiritish haqida qaror qabul qilindi. Ya’ni 2018-yil Indoneziyada bo‘lib o‘tadigan 18-Osiyo o‘yinlarida qit’amiz sportchilari o‘zbek milliy kurashi bo‘yicha ham o‘zaro bellashadilar. Endi jahon sport maydonlarida "halol", "g‘irrom", "chala", "yonbosh" degan so‘zlar jaranglab, o‘zbek nomini, O‘zbekiston nomini dunyoga tarannum etadi.

Ayni vaqtda biz O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasining faoliyatini takomillashtirish ustida ish olib bormoqdamiz. Bo‘lg‘usi xalqaro olimpiada o‘yinlari va boshqa nufuzli musobaqalarga tayyorgarlik ishlari endi butunlay yangicha asosda yo‘lga qo‘yiladi.

Bugun, mana shu yuksak minbardan turib, barcha sportchi yoshlarimizga, ularning ustoz va murabbiylariga milliy sportimizni rivojlantirish yo‘lidagi xizmatlari uchun katta minnatdorchilik bildirib, yangi zafarlar tilashga ruxsat bergaysiz.

Muhtaram yurtdoshlar!

O‘tgan davr mobaynida tashqi siyosat sohasida xorijiy davlatlar, birinchi navbatda, qo‘shni mamlakatlar bilan do‘stona va o‘zaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirish borasida sezilarli  natijalarga erishdik.

2017-yilda 21 ta oliy darajadagi tashriflar amalga oshirildi, 60 dan ortiq davlat va xalqaro tashkilotlar rahbarlari va vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Natijada 400 dan ortiq bitim va kelishuvlarga erishildi, qariyb 60 milliard AQSH dollari hajmidagi savdo va sarmoyaviy shartnomalar imzolandi. Qabul qilingan hujjat va kelishuvlarni o‘z vaqtida to‘liq bajarish maqsadida 40 ta "yo‘l xaritasi" ishlab chiqildi va xorijiy hamkorlarimiz bilan birgalikda amalga oshirilmoqda.

"O‘zbekistonning tashqi siyosatida Markaziy Osiyo - bosh ustuvor yo‘nalish" tamoyilini amalda tatbiq etishga kirishdik. Natijada mintaqamizda mutlaqo yangi siyosiy muhit yaratildi, o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilik asosidagi aloqalar mustahkamlanmoqda.

Turkmaniston va Qirg‘iziston bilan strategik hamkorlik o‘rnatildi. Qozog‘iston bilan strategik hamkorligimizni yanada chuqurlashtirish borasida bir qator muhim hujjatlar imzolandi, 2 milliard dollar miqdorida iqtisodiy bitimlar tuzildi. Tojikiston bilan hamkorligimiz har tomonlama  mustahkamlanmoqda. Toshkent va Dushanbe shaharlari o‘rtasida aviaqatnov yo‘lga qo‘yildi.

Qirg‘iziston bilan davlat chegaralari to‘g‘risidagi bitimning imzolanishi Markaziy Osiyoda   xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan katta qadam bo‘ldi. Qo‘shni Afg‘oniston Islom   Respublikasi bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik yo‘lida muhim kelishuvlarga erishildi, yangi iqtisodiy loyihalar bo‘yicha amaliy ishlar boshlandi. Shuningdek, Rossiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Turkiya, AQSH va Yevropa Ittifoqi davlatlari, musulmon mamlakatlari bilan ham samarali bitim va kelishuvlarga erishildi.

O‘zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi kabi   xalqaro tuzilmalar bilan aloqalarni yangi bos-qichda davom ettirmoqda. Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorligimiz tiklandi, Yevropa investitsiya banki bilan sheriklik aloqalari o‘rnatildi. Jahon banki, Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilma investitsiyalar banki bilan o‘zaro hamkorlik samarali tus olmoqda.

Mamlakatimizdagi ijobiy o‘zgarishlar dunyo hamjamiyatida O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishni oshirib, uning xalqaro maydondagi nufuzini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Albatta, yil davomida amalga oshirgan ishlarimiz to‘g‘risida yana ko‘p gapirish mumkin. Lekin bularning barchasi biz tanlagan uzoq va mashaqqatli, ayni paytda yagona to‘g‘ri yo‘ldagi dastlabki qadamlar, desam, ayni haqiqatni aytgan bo‘laman.

Fursatdan foydalanib, "Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili" Davlat dasturini amalga oshirishda munosib ishtirok etgan davlat va nodavlat tashkilotlar, xo‘jalik birlashmalari va kompaniyalarga, bu ezgu ishga hissa qo‘shgan barcha  insonlarga samimiy minnatdorchilik bildiraman.

Muhtaram majlis ishtirokchilari!

Mamlakatimizda shakllangan ijobiy an’anaga muvofiq, endi sizlar bilan birga kirib kelayotgan yangi - 2018 yilga qanday nom berish haqida kelishib olishimiz kerak. Biz bu masala bo‘yicha ko‘p o‘yladik. Yil davomida fuqarolarimizdan  Prezidentning Xalq qabulxonalari va Virtual qabulxonasiga, davlat idoralariga kelgan ko‘plab murojaat va xatlar, joylarda bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda bildirilgan fikr-mulohazalarni ham hisobga oldik,  jamoatchilik fikrini o‘rgandik.

Bildirilgan taklif va tavsiyalarning barchasini inobatga olib, men yangi - 2018-yilga yurtimizda Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili, deb nom berishni taklif etaman.

Shu o‘rinda faol tadbirkorlik degan tushunchaga qisqacha to‘xtalib o‘tish zarur. Faol tadbirkorlik biznes faoliyatini innovatsion, ya’ni zamonaviy yondashuvlar, ilg‘or texnologiya va boshqaruv usullari asosida tashkil etadigan iqtisodiy yo‘nalishdir.

Faol tadbirkor deganda, biz raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarishga qodir, eng muhimi, yangi ish o‘rinlari yaratib, nafaqat o‘zini va oilasini boqadigan, balki butun jamiyatga naf keltiradigan ishbilarmon insonlarni tushunamiz. Bunday tadbirkorlar safini kengaytirish, jumladan, yuqori texnologiyalar, ilm-fanning eng so‘nggi yutuqlariga asoslangan texnika va asbob-uskunalarni mamlakatimizga olib kelish va joriy etish uchun ularga munosib sharoitlar yaratish bizning birinchi galdagi vazifamiz bo‘lishi shart. Kerak bo‘lsa, xorijdagi yetakchi kompaniya va tashkilotlarda tajriba orttirishi, o‘zaro manfaatli hamkorlik qilishi uchun ularga har tomonlama imkoniyat tug‘dirib berishimiz lozim.

Bugun biz davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini tubdan yangilashga qaratilgan innovatsion rivojlanish yo‘liga o‘tmoqdamiz. Bu bejiz emas, albatta. Chunki zamon shiddat bilan rivojlanib borayotgan hozirgi davrda kim yutadi? Yangi fikr, yangi g‘oyaga, innovatsiyaga tayangan davlat yutadi.

Innovatsiya - bu kelajak degani. Biz buyuk kelajagimizni barpo etishni bugundan boshlaydigan bo‘lsak, uni aynan innovatsion g‘oyalar, innovatsion yondashuv asosida boshlashimiz kerak. Shuning uchun biz Innovatsion rivojlanish vazirligini tashkil etdik va uning oldiga aniq vazifalarni qo‘ydik. Bu vazirlik nafaqat iqtisodiyot sohasida, balki butun jamiyat hayotida eng muhim loyihalarni amalga oshirishda o‘ziga xos lokomotiv rolini bajaradi, deb ishonamiz.

Kelgusi yilda ilmiy tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivojlantirish, buning uchun zarur    moliyaviy resurslarni safarbar etish, ushbu jarayonda iqtidorli yoshlar ishtirokini, ijodiy g‘oya va ishlanmalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash vazifasi e’tiborimiz markazida bo‘ladi.

I. Davlat va jamiyat qurilishi tizimini   takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlari

Hurmatli xalq noiblari!

Bugungi kunda jamiyat hayotidagi mavjud muammolarni samarali yechish, keng ko‘lamli islohotlarni izchil davom ettirish zarurati davlat boshqaruvi sohasida mutlaqo yangi tizim yaratishni taqozo etmoqda. O‘ylaymanki, buning uchun "Davlat xizmati to‘g‘risida"gi qonunni ishlab chiqish va qabul qilish vaqti keldi.

Bu borada boshqa muhim masalalar qatorida davlat xizmatchilari mehnatiga haq to‘lash va ularning munosib ijtimoiy ta’minot tizimini yaratish, ayni vaqtda mansabdor shaxslar javobgarligini oshirishni ham ko‘zda tutish maqsadga muvofiqdir.

Biz boshqaruv sohasida birinchi navbatda ijro hokimiyati organlari faoliyatini takomillashtirish, kadrlar, moddiy resurslardan oqilona foydalanish bo‘yicha aniq mezon va tartiblarni joriy etishimiz zarur.

Ikkinchidan, ijro hokimiyati organlari zimmasidagi vazifalarni amalga oshirish tartibini, ularning mas’uliyat doirasini aniq belgilash    lozim.

Uchinchidan, iqtisodiyot tarmoqlariga ma’muriy ta’sirlarni qisqartirish va bozor mexanizmlaridan keng foydalanish kerak. YA’ni davlat ishtirokidagi biznes tuzilmalarini tashkil etishni cheklash, bu borada bozorga xos mexanizmlarni ishlab chiqish, davlatning ayrim funksiyalarini xususiy sektorga o‘tkazish darkor.

To‘rtinchidan, hokimiyatning vakillik organlari va ijro hokimiyati idoralari o‘rtasida yaqin hamkorlikni ta’minlaydigan usul va uslublarni takomillashtirib, o‘ta markazlashgan boshqaruvdan bosqichma-bosqich voz kechish lozim.

Davlat xizmatlarini bevosita quyi bo‘g‘inlarda ko‘rsatish, mahalliy hokimiyat idoralari uchun moliyaviy va boshqa imkoniyatlarni kengaytirish zarur. Bu borada mavjud tartib-taomillarni optimallashtirish va soddalashtirish, boshqaruvning innovatsion shakllarini joriy etish lozim.

Beshinchidan, davlat xizmati institutini isloh qilish, korrupsiyaga qarshi ta’sirchan kurash mexanizmlarini joriy etish kerak.

Bugun hayotning o‘zi bizdan professional, tezkor va samarali davlat xizmati tizimini shakllantirish, yangicha fikrlaydigan, tashabbuskor, el-yurtga sadoqatli kadrlarga keng yo‘l ochish bo‘yicha samarali tizim ishlab chiqishni talab etmoqda.

Yuqorida zikr etilgan vazifalarni bajarish uchun O‘zbekiston Respublikasida Ma’muriy islohotlar konsepsiyasini og‘ishmay amalga oshirishimiz darkor.

Ma’lumki, mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi samarali kurash olib borish maqsadida ushbu yo‘nalishda alohida qonun qabul qilindi. Shu asosda aniq maqsadlarga qaratilgan chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan davlat dasturi izchillik bilan amalga oshirilmoqda. Ana shunday ishlarimiz natijasida shu yilning 9 oyida korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlar o‘tgan yilga nisbatan 33 foizga kamaydi. Biz bunday natijalarni korrupsiyaga qarshi kurash borasidagi uzoq va davomli faoliyatimizning dastlabki samarasi, deb qabul qilishimiz, bu yo‘lda yanada qat’iy ish olib borishimiz shart.

Qadrli do‘stlar!

Islohotlarimiz samarasini oshirishda parlament, deputat va senatorlarning o‘rni va roliga alohida to‘xtalishni joiz, deb hisoblayman.

Shu yil 12-iyulda Oliy Majlis a’zolari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda parlamentimiz haqiqiy demokratiya maktabiga, islohotlarning tashabbuskori va asosiy ijrochisiga aylanishi zarurligini alohida ta’kidlab, amaliy chora-tadbirlar dasturini tasdiqlagan edik. Lekin bu dastur ijrosidan xalqimiz qanday naf ko‘rdi, qaysi deputat yoki senator odamlarimizning og‘irini yengil qilishga, sog‘liqni saqlash, ekologiya, kommunal xo‘jalik, ta’lim yoki boshqa sohalarda ularni qiynayotgan muammolarni hal qilishga qanday hissa qo‘shdi?

Bu boradagi aniq misollarni xalqimiz hayotda ham, matbuot va televideniyeda ham ko‘rayotgani yo‘q. Bu - haqiqat.

Afsuski, deputatlar, senatorlarimiz uyg‘onishi kerak, bu - hayot talabi, degan gaplar gapligicha qolib ketdi. Yana bir bor aytaman, kutilgan amaliy natija yo‘q.

Yil davomida bildirilgan 136 ta qonunchilik  tashabbusidan bor-yo‘g‘i 27 tasi deputatlarga tegishli bo‘lib, ular ham asosan amaldagi qonunlarga Prezidentning farmon va qarorlaridan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalardir. Shuning o‘zi parlamentimiz faoliyati samarasi yetarli emasligini ko‘rsatmaydimi?

Nima, islohotlarni amalga oshirish uchun faqat Prezident farmon va qarorlar qabul qilishi     kerakmi?

Qachon parlament, mayli, ko‘p emas, hech bo‘lmasa bitta sohani tubdan yaxshilashga qaratilgan qaror yoki qonun ishlab chiqadi? Qachon bo‘ladi bu ish?

El-yurtimiz sizlardan, muhtaram xalq noiblaridan bu borada javob kutmoqda. Deputat yoki senator bo‘lib saylandik, endi o‘zimiz xohlagancha yuramiz, degan gaplar o‘tmishda qolib ketdi. Yana bir bor aytaman, uyg‘onish kerak.

Afsuski, parlamentimiz faoliyati ko‘p hollarda shunchaki rasmiy yig‘ilishlardan iborat bo‘lib qolmoqda.

Nima uchun aniqlangan muammolar yoki saylovchilar ko‘tarayotgan masalalar tegishli qonunlar qabul qilish yo‘li bilan yoki ijro hokimiyati oldiga   masalani qat’iy qo‘yish bilan hal etilmayapti? Samarasiz nazorat, quruq majlislarning, aytinglar, kimga keragi bor?

Parlamentimiz sog‘liqni saqlash tizimi, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish hamda mahalliy Kengashlarda ishchanlik, o‘z-o‘zini tanqid ruhini yaratishga bosh-qosh bo‘lishi  zarurligi taklif qilingan edi.

Biroq bu sohalarda parlament va deputatlarning o‘rni yetarlicha sezilmayapti.

Bugungi kunda bironta ham hududda sog‘liqni saqlash tizimi aholi uchun munosib xizmat qiladigan darajada tashkil etilgan, deb aytolmaymiz.

Qonunchilik palatasi (N.Ismoilov) o‘z ish faoliyatida asosiy e’tiborni tizimdagi ana shu muhim muammolarni, ayniqsa, joylarda hal etishga qaratsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Kerak bo‘lsa, Qonunchilik palatasida sog‘liqni saqlash masalalari bo‘yicha alohida qo‘mita tashkil etib, uning a’zolari asosan hududlarda faoliyat ko‘rsatsa, nur ustiga nur bo‘lardi.

Hisobotlarga e’tibor bersak, mahalliy Kengashlar faoliyatida go‘yoki ijobiy o‘zgarishlar yuz berayotgandek tuyuladi, lekin ular faqat raqamlarda aks etmoqda, xolos. Bizga raqamlar emas, aniq natija kerak.

Qachonki, hududlardagi vaziyat ijobiy tomonga o‘zgarsa, budjet ijrosi to‘liq ta’minlansa, jinoyatchilik kamaysa, yangi ish o‘rinlari yaratilsa, eng muhimi, xalqimizning turmush darajasi yaxshilansa, mahalliy Kengashlar faoliyatiga ijobiy baho bersa bo‘ladi.

Afsuski, bironta tumanda xalq deputatlari Kengashining faoliyati namunali asosda tashkil etilgani yo‘q.

Senat rahbariyati (N.Yo‘ldoshev) yuqori palataning bu yo‘nalishdagi ishini tanqidiy ko‘rib chiqishi, aholining fikr va mulohazalarini e’tiborga olgan holda, vakillik organlari faoliyatini tubdan o‘zgartirish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rishi maqsadga muvofiqdir. Shuningdek, hududlarda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish  borasidagi ishlarni ham susaytirmaslik lozim.

Parlamentimizning eng muhim faoliyati - qonun ijodkorligini ham kamchilik va nuqsonlardan xoli, deb bo‘lmaydi. Ochiq tan olish kerak, aksariyat hollarda biron-bir masalani aniq hal etmaydigan, bir-biriga to‘g‘ri kelmaydigan qonun va qonunosti hujjatlarini qabul qilish amalda ko‘plab muammolar tug‘dirmoqda.

O‘zingiz ayting, samarasiz ishchi guruhlar tashkil etish, huquqni qo‘llash amaliyotiga ta’sir ko‘rsatmaydigan, ijro mexanizmlariga ega bo‘lmagan, ta’bir joiz bo‘lsa, "o‘lik" qonunlar kimga kerak? Ana shunday salbiy holatlarni bartaraf etish maqsadida Qonunchilik va normativ hujjatlar ijodkorligini takomillashtirishga doir konsepsiya ishlab chiqib, amalga oshirishimiz lozim.

Bundan buyon turli dasturlar ijrosi doirasida qonun qabul qilish amaliyotini qayta ko‘rib chiqamiz.

Barchamiz bir haqiqatni unutmasligimiz kerak: qonunning birdan-bir manbai va muallifi tom ma’noda xalq bo‘lishi shart.

Har bir qonun loyihasi yuzasidan fikr va takliflarni quyidan - fuqarolardan, joylardagi xalq deputatlari Kengashlaridan olish tartibini keng joriy etish zarur. Qonunlarni qabul qilish jarayonida ularni aholi o‘rtasida har tomonlama muhokama qilish tizimidan samarali foydalanishimiz  kerak.

Oliy Majlis rahbariyati qonunlar muhokamasiga keng xalq ommasini jalb qilish, buning uchun zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, jumladan, Internet tarmog‘ida maxsus "maydon"lar yaratishi zarur. Shu munosabat bilan mamlakatimiz fuqarolari davlat va jamiyat hayotiga daxldor muhim masalalar bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirishlari uchun Internet tarmog‘ida "Mening fikrim" deb nomlangan maxsus veb-sahifa tashkil etish maqsadga muvofiq. Xususan, demokratiyaning ilg‘or mexanizmi sifatida jamoa bo‘lib elektron murojaat kiritish tartibini tatbiq qilish zarur. YA’ni bir guruh fuqarolar tomonidan ilgari surilgan tashabbuslarni Oliy Majlis yoki xalq deputatlari Kengashlari ko‘rib chiqishi majburiy ekani qonunda belgilab qo‘yilishi lozim.

Biz yaqinda Oliy Majlis huzurida Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari institutini tashkil etdik. Ushbu institut Oliy Majlisga kelayotgan turli takliflarni chuqur tahlil qiladigan, ta’bir joiz bo‘lsa, elakdan o‘tkazadigan ilmiy markaz bo‘lishi lozim.

Yana bir muhim masala - barcha sohalarda vaziyatni har tomonlama o‘rganish va mavjud muammolarni hal etish uchun ta’sirchan choralar ishlab chiqishda Oliy Majlis palatalari va siyosiy partiyalar   rolini yanada kuchaytirish kerak. Bu jarayonda ham raqamlar ketidan quvish amaliyotidan voz kechish lozim. Qog‘ozda yuzlab masalalarni hal qilgandan ko‘ra, amalda bir nechta muammoni hal qilib bersangiz, odamlar sizlardan rozi bo‘ladi.

Eng muhimi, hayotdagi o‘zgarishlarni xalqimiz bilishi, davlat hokimiyati tizimida haqiqatda ham o‘z vakili borligini sezishi kerak. Bo‘lmasa, barcha ishlarimiz, tadbirlarimiz zoye ketadi.

Partiyalararo raqobatni ta’minlash, barcha siyosiy subyektlar uchun teng sharoitlar yaratish parlament rolini kuchaytirishning muhim sharti hisoblanadi.

Ma’lumki, 2008 yilda tashkil etilgan O‘zbekiston Ekologik harakati o‘tgan davrda chinakam siyosiy kuchga aylandi. Ammo tan olish kerak, Harakat vakillari parlament quyi palatasiga kvota asosida kiritilishi uning faol va tashabbuskor bo‘lib ishlashini muayyan darajada susaytirmoqda. Barcha siyosiy kuchlar uchun teng sharoit yaratish va parlament quyi palatasidan Ekologik harakat vakillari uchun maxsus o‘rin ajratishdan voz kechish vaqti keldi, deb o‘ylayman. Bu o‘zgarish siyosiy maydonda sog‘lom raqobatni kuchaytiradi va Ekologik harakatning alohida siyosiy kuch sifatida mustahkamlanishiga xizmat qiladi.

Shu o‘rinda siyosiy hayotimizda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan saylov qonunchiligi haqida ham to‘xtalib o‘tmoqchiman. Bu borada qabul qilingan 6 ta qonun va bir qator qonunosti hujjatlari, afsuski, haligacha yaxlit bir hujjat shakliga keltirilmagan. Shu sababli xalqaro norma va standartlarga javob beradigan yagona Saylov kodeksini ishlab chiqish va qabul qilish lozim. Shuningdek, 2019-yilda hokimiyatning vakillik organlariga bo‘lib o‘tadigan saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha tadbirlar dasturini ishlab chiqishga hozirdan kirishish kerak. Dasturda mazkur siyosiy jarayon yanada oshkoralik ruhida o‘tishini ta’minlaydigan yangi, ilg‘or amaliyotni joriy etishga alohida e’tibor qaratish zarur.

Hurmatli do‘stlar!

Oldimizda turgan navbatdagi muhim masala - davlat xizmatlari sifatini tubdan yaxshilash, ularning ko‘lamini kengaytirish orqali aholi uchun qulay muhit yaratishdan iborat. Shuning uchun barcha davlat idoralari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlarni muvofiqlashtirib va nazorat qilib boradigan yangi tuzilma - Adliya vazirligi huzurida Davlat xizmatlari agentligini tashkil etdik. Endilikda ushbu Agentlikning Xalq qabulxonalari qoshida faoliyat olib boradigan Davlat xizmatlari markazlari nafaqat tadbirkorlarga, balki butun xalqimizga tezkor va sifatli xizmat ko‘rsatadigan idora bo‘ladi.

Davlat organlari faoliyatini rejalashtirish, samaradorligini oshirish hamon dolzarb masala bo‘lib turibdi.

Bugun birorta idoraning o‘tgan davrdagi faoliyatini xolisona baholash imkonini beradigan aniq mezon yo‘q. Masalan, hozirgi kungacha men Iqtisodiyot vazirligi yoki boshqa biron vazirlik faoliyatiga qaysi mezonlar bo‘yicha baho berilishini bilmayman. Shuning uchun vazirlik va idoralar, barcha darajadagi hokimliklar prognoz ko‘rsatkichlarni belgilashda o‘z faoliyatida kutilayotgan natijalarning aniq miqdor va sifat ko‘rsatkichlarini belgilab olishi lozim.

Davlat organlari tuzilmasi va vazifalarini qayta ko‘rib chiqish talab etilmoqda. Eng muhimi, bu borada xatoga yo‘l qo‘ymaslik, chuqur o‘ylab qaror qabul qilish uchun Ma’muriy islohotlar konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha komissiyadan albatta ijobiy xulosa olinishi lozim.

Mamlakatimizda qabul qilinayotgan chora-tadbirlarni samarali amalga oshirishda ijro hokimiyati organlarining uyg‘un faoliyat olib borishi g‘oyat muhim ahamiyatga ega.

Afsuski, bugungi kunda faoliyat yo‘nalishidagi javobgarlik darajasi, vakolat mexanizmlari aniq chegaralab, belgilab qo‘yilmagani ishimizga xalaqit bermoqda.

Shu munosabat bilan davlat boshqaruvida ochiqlikka asoslangan, samarali qarorlar qabul qilish tizimini tatbiq etish lozim.

Davlat boshqaruv organlari va Vazirlar Mahkamasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlikda ish olib borish bo‘yicha prinsip va mexanizmlarni qayta ko‘rib chiqish maqsadga muvofiqdir.

Har bir vazirlik o‘ziga ishonib topshirilgan sohada davlat siyosatini amalga oshirishni ta’minlashi va yakuniy natija uchun to‘liq javobgar bo‘lishi shart.

Vazirliklar bilan teng maqomda faoliyat olib borayotgan, hukumat va parlament bilan bevosita hamkorlik qilayotgan agentliklar, qo‘mita, inspeksiya va markazlarni tegishli vazirliklarga bo‘ysundirish talab etiladi. Shuni nazarda tutgan holda, Hukumatning vazifa va tuzilmasini tanqidiy qayta ko‘rib chiqish va optimallashtirish lozim. Bunday o‘zgarishlar davlat va xo‘jalik ishi sohasida deyarli bir xil vazifalarni bajarayotgan yuzdan ortiq boshqaruv organlari sonini tubdan qisqartirish imkonini beradi.

Biz uchun eng og‘ir muammolardan biri - davlatning funksiya va vakolatlari haddan tashqari markazlashib ketganidir. Masalan, hozirgi vaqtda 64 ta litsenziya turi mavjud bo‘lsa, shundan 21 tasi Vazirlar Mahkamasi va 40 tasi markaziy idoralar tomonidan beriladi. Bu litsenziyalarning uchtasi viloyat hokimliklari va faqatgina bittasi tuman hokimliklari vakolatiga tegishlidir. Bunday holatni ruxsat berish bilan bog‘liq hujjatlarni rasmiylashtirish sohasida ham kuzatish mumkin.

Ruxsat berishga oid 220 ta hujjatdan faqatgina 11 tasini tuman yoki shaharlarda olish mumkin. Qolgan 209 tasi uchun respublika va viloyat organlariga murojaat qilishga to‘g‘ri keladi. O‘zingiz ayting, buni to‘g‘ri deb bo‘ladimi? Masalan, Shovot tumanida xususiy bog‘cha ochishga litsenziya olish uchun tadbirkor ming kilometr masofani bosib, Toshkentga kelib-ketishga, 3-4 oylab kutishga majbur bo‘lmoqda.

Kadrlarni tanlash, joy-joyiga qo‘yish, kredit va moliya vositalarini ajratish, mahalliy darajada ko‘pgina muhim qarorlarni tasdiqlash borasida ham shunday holatlar kuzatilmoqda.

Mahalliy hokimlik organlari oddiy masalalarni hal etishda ham vakolatga ega bo‘lmasa, buni  qanday tushunish mumkin?

Bularning barchasi mahalliy tuzilmalarga hududlardagi dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etish bo‘yicha mustaqil ish olib borishda   salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Davlat boshqaruvini haddan tashqari markazlashtirishdan voz kechish zarur. Buning uchun ko‘pgina vakolatlarni markaziy davlat organlaridan hududiy organlarga o‘tkazish kerak. Shuning uchun joylarda - tuman, shahar va viloyat hokimliklarida investitsiyalarni faol jalb etish bo‘yicha hokim o‘rinbosarlari lavozimi joriy etildi.

Shu bilan birga, hududiy boshqaruv organlarining budjet mablag‘larini shakllantirish, qo‘shimcha zaxiralarni yaratish bo‘yicha soliq, moliya va iqtisodiyot sohalari organlarining mas’uliyatini oshirish yuzasidan qaror qabul qilindi.

Budjet tizimini isloh qilish sohasida mahalliy hokimiyat organlari vakolatlari yanada kengaytirildi. Endi har bir hudud rahbari berilgan imkoniyatlardan foydalanib, mas’uliyatni to‘la o‘z zimmasiga olishi, o‘z aravasini o‘zi tortishi kerak.

Yaqin istiqboldagi dolzarb vazifalardan biri - hududlarda ijtimoiy-iqtisodiy masalalarga mas’ul bo‘lgan rahbarlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yish bo‘yicha vakolatlarni tuman va shahar hokimlariga to‘liq o‘tkazishdan iborat. Bundan buyon tibbiyot birlashmasi, xalq ta’limi, iqtisodiyot, moliya bo‘limlari, soliq inspeksiyasi va boshqa tuzilmalar rahbarlarini lavozimga tayinlash va ozod etish tuman hokimi tomonidan amalga oshiriladi. Viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bo‘yicha kadrlarni tanlash, tayinlash va  lavozimdan ozod etish bilan bog‘liq vakolatlar qayta ko‘rib chiqiladi.

Ayni paytda mahalliy rahbarlarga bunday keng vakolat va mustaqillik berish bilan birga, yakuniy natija uchun ularning javobgarligini tubdan oshirishimiz zarur.

Yana bir muhim vazifa - hokimlarning ijro va vakillik hokimiyati rahbari sifatidagi vakolatlarini alohida-alohida ajratib qo‘yish bilan bog‘liq.

Keyingi paytda yurtimizda xalq deputatlari Kengashlarining roli, xalq noiblarining vakolatlari tubdan oshirildi. Siyosiy partiyalarning mahalliy hokimiyat idoralarini shakllantirish borasidagi vakolatlari bosqichma-bosqich kengaytirildi, deputatlik nazorati esa mustahkamlandi. Biroq, ochiq tan olishimiz lozim, hokimlarning ham mahalliy Kengashlarga, ham ijro hokimiyatiga rahbarlik qilishi demokratik prinsiplarga mos keladi, deb bo‘lmaydi.

Hammaga ma’lum, hokimlar hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining eng muhim va dolzarb masalalari yuzasidan mahalliy Kengashlarga hisobotlar taqdim etadi. Kengashlar esa o‘z o‘rnida tegishli qarorlar qabul qiladi. Endi, aytinglar, hisobotini o‘zi rahbarlik qilib kelayotgan mahalliy Kengashga taqdim qilishi va tasdiqlatishi, o‘zining faoliyatiga o‘zi baho berishi to‘g‘rimi?

Bu tizim hokimlar va mahalliy Kengashlar vazifalarini samarali bajarishiga salbiy ta’sir etayotganini zamonning o‘zi ko‘rsatmoqda. Biz kelgusida bu masala bo‘yicha qonunga asoslangan to‘g‘ri yechim topamiz.

Hokimlarning hududlarni rivojlantirish, mahalliy budjetni ijro etish, kommunal muammolarni hal qilish kabi dolzarb faoliyati ustidan xalqimiz o‘z vakillari orqali tegishli nazoratni amalga oshirishiga imkoniyat yaratib berish bizning eng muhim vazifamiz bo‘lib qolishi zarur.

Bugungi sharoitda aynan ochiqlik va hisob berish mas’uliyati davlat apparatini samarali shakllantirishning muhim sharti hisoblanadi.

Yaqin kelajakda barcha davlat xaridlarini amalga oshirish va davlat mulkini sotish uchun Internet tarmog‘ida yagona maydon tashkil etish lozim. Bu budjet xarajatlarini qisqartirish, davlat mulkini samarali boshqarish va katta moliyaviy mablag‘larni iqtisod qilish imkonini beradi.

Muhtaram yurtdoshlar!

Erkin fuqarolik jamiyatini barpo etish, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish borasida amalga oshirayotgan islohotlarimizda nodavlat notijorat tashkilotlarining o‘rni va roli beqiyos ekanini alohida ta’kidlash joiz.

Hozirgi kunda yurtimizda 9 mingdan ortiq nodavlat notijorat tashkiloti mavjud, 29 ta xalqaro va xorijiy nohukumat tashkilotlarining filial va vakolatxonalari faoliyat yuritmoqda. 2017-yilda "Nuroniy" jamg‘armasi, Yoshlar ittifoqi, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, Savdo-sanoat palatasi, o‘zini o‘zi  boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi kabi nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini takomillashtirish, ularni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan alohida farmon va qarorlar qabul qilindi. Ammo ana shunday muhim sa’y-harakatlarga qaramasdan, aholining muammolarini tizimli o‘rganish, ularni aniq hal etish, ayniqsa, ijtimoiy sharoiti og‘ir ayollarni qo‘llab-quvvatlash, yoshlar va xotin-qizlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish, ularni ish bilan ta’minlash masalalarida bu tashkilotlarning ishtiroki yetarli darajada sezilmayapti. Ular faqat nomiga yig‘ilishlar o‘tkazish bilan mashg‘ul bo‘lib qolmoqda.

Nodavlat notijorat tashkilotlari bugun aytilgan tanqidiy gaplardan xulosa chiqarib, o‘z faoliyatida burilish yasaydi, deb ishonamiz. Ushbu ijtimoiy tuzilmalar bilan amaliy muloqotni yo‘lga qo‘yish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha maslahat kengashini tuzish maqsadga  muvofiq, deb hisoblayman.

Bu yo‘nalishdagi yana bir dolzarb muammoga to‘xtalib o‘tmoqchiman. Bugungi kunga qadar davlat organlari faoliyati ustidan samarali jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning aniq huquqiy mexanizmlari yaratilmagan. Bu esa nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan davlat organlari va mansabdor shaxslar faoliyatini xolisona baholashga xalaqit bermoqda. Shundan kelib chiqib, davlat va jamiyat boshqaruvida jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning ta’sirchan va amaliy mexanizmlarini joriy etish maqsadida "Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida"gi qonunni qabul qilish zarur. Shu munosabat bilan barcha davlat organlari qoshida faoliyat olib boradigan jamoatchilik kengashlari tashkil etishni taklif qilaman. Mazkur jamoatchilik kengashlari davlat organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlaydigan, ularni aholi bilan bevosita bog‘laydigan ko‘prik vazifasini bajarishi lozim.

Jamiyatimiz hayotida demokratik prinsiplarni mustahkamlashda ommaviy axborot vositalari muhim va ta’sirchan omil hisoblanadi. Bu borada chinakam professional zamonaviy jurnalistikani shakllantirish, xususan, nodavlat ommaviy axborot vositalarini, axborot va tahliliy Internet saytlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga e’tibor qaratish, buning uchun alohida davlat fondini tuzish maqsadga muvofiq.

Bugungi kunda yurtimizda 1 ming 500 dan ziyod ommaviy axborot vositasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular mulk shakli, yo‘nalishi, axborot uzatish vositalariga ko‘ra turlichadir. O‘z-o‘zidan ravshanki, ularning barchasiga yuqori malakali kadrlar kerak.

Afsuski, bunday keng ko‘lamli vazifani talab darajasida hal etadigan tayanch oliy o‘quv yurti mamlakatimizda mavjud emas. Shu munosabat bilan Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiya vositalari universitetini tashkil etish zarur, deb hisoblayman.

II. Qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlari

Hurmatli deputat va senatorlar!

Men bir fikrni takrorlashdan charchamayman:  xalqimiz hamma narsadan ustun qo‘yadigan adolatni hayotimizda tom ma’noda qaror toptirish eng asosiy vazifamizga aylanishi shart.

O‘tgan bir yil davomida sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar boshlandi. Xususan, sudlar tuzilmasini hamda sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tanlash va tayinlash tizimini yanada takomillashtirish maqsadida hech qaysi hokimiyat bo‘g‘iniga bo‘ysunmaydigan organ - Sudyalar oliy kengashi tashkil etildi. Kengash tomonidan sudyalikka nomzodlarni tanlash va tayinlashda ta’sirchan  jamoatchilik nazorati o‘rnatildi.

Mazkur sohadagi islohotlarni davom ettirishimiz lozim. Shu maqsadda Oliy Majlis huzurida Sud hokimiyati mustaqilligini ta’minlashga ko‘maklashish komissiyasini tashkil etish zarur, deb hisoblayman. Bu komissiya odamlardan kelib tushayotgan murojaatlar, xalq bilan bevosita uchrashuv va muloqot jarayonida ko‘tarilayotgan masalalarni umumlashtirishi, parlament so‘rovi orqali haqqoniy vaziyatni tahlil qilishi, Oliy sud va Sudyalar oliy kengashi bilan birga muammolarni hal etish choralarini ko‘rishi lozim.

Sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash uchun, birinchi navbatda, sudyalarni odil sudlovga ta’sir o‘tkazadigan omillardan himoya qilish kerak. Tergov va sud ishiga aralashish holatlarini aniqlash, buning uchun javobgarlikni kuchaytirish va jazo muqarrarligini ta’minlash g‘oyat muhimdir.

Biz "Xabeas korpus" institutini joriy etish va tergov olib borishda sud nazoratini kuchaytirish borasidagi ishlarni izchil davom ettiramiz. Shundan kelib chiqqan holda, tintuv o‘tkazishga va jinoyat sodir etishda gumon qilingan shaxslarningtelefondagi muloqotlarini eshitib turishga sanksiya     berish huquqini sudlarga o‘tkazish zarur.

Biz ayrim qilmishlarni jinoyatlar toifasidan chiqarish va liberallashtirish, jinoiy jazolarni insonparvarlik nuqtai nazaridan o‘zgartirishga alohida e’tibor qaratamiz. Shu maqsadda 2018 – 2021-yillarda jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchilikni rivojlantirish konsepsiyasini qabul qilishimiz va amalga oshirishimiz zarur.

Xalqimizning kechirimli bo‘lish va bag‘rikenglik kabi azaliy qadriyatlaridan kelib chiqib, jinoiy javobgarlikka tortish muddatlarini qayta ko‘rib chiqish lozim. Shuningdek, yuksak professional darajada faoliyat yuritadigan malakali sudyalarni tayyorlashga xizmat qiladigan O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasini tashkil etishimiz kerak.

Konstitutsiya bayramiga bag‘ishlangan majlisda ta’kidlanganidek, bundan buyon O‘zbekistonda hibsga olingan va jinoiy javobgarlikka tortilgan shaxslarga nisbatan qiynoqqa solish, ruhiy hamda jismoniy bosim o‘tkazish, boshqa g‘ayriinsoniy zo‘ravonlikka mutlaqo yo‘l qo‘yilmaydi. Bunday harakatlarni  sodir etgan xodim yoki kimningdir "buyurtmasi"ni bajargan har qanday shaxs, kim bo‘lishidan qat’i  nazar, muqarrar qonuniy jazoga tortiladi.

Mahkumlar huquqlarini ta’minlaydigan qo‘shimcha mexanizmlar yaratishni hisobga olgan holda, jinoyat-ijro qonunchiligini yanada takomillashtirish alohida ahamiyat kasb etadi.

Jazoni ijro etish muassasalari tizimini tanqidiy o‘rganish va tubdan takomillashtirish    doirasida 2018 – 2022-yillarda tegishli chora-tadbirlar dasturini qabul qilish rejalashtirilmoqda.

Inson huquqlari buzilishining oldini olish maqsadida barcha vaqtincha saqlash va tergov hibsxonalari, jazoni ijro etish muassasalari videokuzatuv vositalari bilan jihozlanadi. Kelgusi yildan boshlab ichki ishlar organlari yo‘l-patrul va post-patrul xizmatlarini o‘z vazifasini bajarish, ayniqsa, fuqarolar bilan muloqot jarayonini qayd etish imkonini beradigan videokameralar bilan ta’minlaymiz. Bu tizim sohadagi mavjud ta’magirlik va suiiste’molchilik holatlarining oldini olish imkonini yaratadi.

Hozirgi vaqtda viloyatlar o‘rtasida yo‘l-patrul postlarining eskicha joylashuvi harakatlanish erkinligini cheklab, savdo-iqtisodiy munosabatlar, ichki va tashqi turizm rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

O‘zingiz o‘ylang, bugungi kunda mamlakatimiz hududida 60 dan ziyod bunday postlar mavjud. Endi tasavvur qiling, oddiy odam Xorazmdan Toshkentga mashinada kelmoqchi bo‘lsa, yo‘lda 17 ta postdan o‘tadi. Farg‘ona vodiysidan kelayotgan kishi esa 8 ta ana shunday postga duch keladi. Shu munosabat bilan viloyatlar chegarasidagi barcha yo‘l-patrul postlarini tugatish, patrul xizmati statsionar postlari  sonini keskin kamaytirish lozim.

Alohida ta’kidlash zarurki, biz huquqiy demokratik davlat qurayotgan ekanmiz, har tomonlama bilimli, yuqori malakali, xalqaro standartlarga javob beradigan, o‘z kasbining haqiqiy fidoyisi bo‘lgan huquqshunos kadrlar tayyorlash ishlarini takomillashtirishimiz kerak.

Ayni paytda yurtimizdagi oliy ta’lim muassasalariga yuridik mutaxassislik bo‘yicha bir yilda 600 ga yaqin talaba qabul qilinadi. Bu jami oliy o‘quv yurtlariga qabul qilinadigan talabalarning atigi bir foizini tashkil etadi. O‘zingiz ayting, bu bilan davlatimiz va jamiyatimizning huquqshunos mutaxassislarga bo‘lgan, tobora ortib borayotgan ehtiyojini qondirish mumkinmi? Albatta, yo‘q. Bu borada Toshkent davlat yuridik universitetining o‘quv-metodik bazasini kengaytirish bilan birga, mamlakatimizda mazkur yo‘nalishdagi yirik va nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalari filiallarini tashkil etish biz uchun muhim vazifa hisoblanadi.

Barchaga ma’lumki, yurtimizda oxirgi yillarda advokaturani rivojlantirish bo‘yicha e’tiborga loyiq ishlar amalga oshirildi. Endilikda advokatlarning konsalting xizmati, ya’ni maslahat berish va tadbirkorlik subyektlariga huquqiy yordam ko‘rsatish borasidagi faoliyatini takomillashtirish choralarini ko‘rishimiz lozim. Advokatlar tomonidan yuridik xizmatlar ko‘rsatish borasidagi faoliyatni kengaytirish darkor. Jumladan, tadbirkorlarga ruxsat beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirishda ko‘maklashish, davlat organlarida vakillik qilish, nizolarni sudgacha hal etish, mehnat huquqi bo‘yicha yuridik xizmatlar ko‘rsatish, huquqiy savodxonlikni oshirish kabi yo‘nalishlarda bunday xizmatlarni kuchaytirish kerak.

Barchamizga ayonki, shu vaqtgacha huquqni muhofaza qiluvchi organlar va sud idoralarining asosiy vazifasi aksariyat hollarda odamlarni jazolashdan iborat bo‘lib kelgan. Bu - achchiq haqiqat. Shu munosabat bilan bir fikrni alohida ta’kidlab aytmoqchiman: huquq-tartibot organlari    xodimlari yaxshi bilib olsin - "tekshir-tekshir" va "dedi-dedi" qabilidagi gaplar asosida    javobgarlikka tortishlardan xalqimiz qattiq  charchagan.

Vakolat doirasidan chiqib, barcha sohalarga aralashish, Vatan va xalq manfaati bir chetda qolib, o‘z manfaati yo‘lida "idora" nomini ro‘kach qilish davri o‘tdi. YA’ni endi bironta fuqaro qalbaki dalillar, tuhmat va bo‘htonlar asosida javobgarlikka tortilmasligi shart. Konstitutsiya va qonun normalari so‘zsiz ishlashi uchun ishonchli kafolatlar yaratishimiz zarur.

Biz har qaysi huquqni muhofaza qilish organi bevosita o‘z vakolati doirasidan chiqmaydigan, bir-birining funksiyasini takror etmaydigan tizim shakllantirishimiz shart. Lo‘nda qilib aytganda, ichki ishlar - jamoat tartibi va xavfsizligini ta’minlash bilan, milliy xavfsizlik - davlatni ichki va tashqi tahdidlardan himoya qilish bilan shug‘ullanishi lozim. Prokuratura esa qonunlar ijrosi ustidan nazorat olib borishi zarur. Sudlarning asosiy vazifasi adolatni qaror toptirishdan iborat. Buning uchun sud har bir ish yuzasidan qonuniy, asosli va adolatli qaror chiqarishi lozim. Shu maqsadda o‘tgan bir yil mobaynida sud, prokuratura, ichki ishlar organlari faoliyatini tubdan isloh qilish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirdik. Ushbu idoralarning vazifalari aniq belgilanib, ularning faoliyati xalq manfaatlariga xizmat qilishga yo‘naltirilmoqda. Lekin bu borada qabul qilingan qator qonun, farmon va qarorlarimiz hayotga to‘liq tatbiq etildi, deyishga, albatta, hali erta.

Ko‘rilayotgan choralarga qaramasdan, ichki ishlar idoralari hali chinakam "Xalqparvar ichki ishlar idoralari"ga aylangani yo‘q.

Prokuratura organlarining esa jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash borasidagi faoliyati yetarli emas.

Sud idoralari hali-hamon har qanday holatda adolat qaror topadigan maskanga aylangani yo‘q.

Mazkur idoralardagi barcha xodimlar faoliyati fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini himoya qilishga to‘liq safarbar etilmoqda, deb aytolmaymiz. Shu sababli bu sohadagi islohotlarni kelgusida ham qat’iy va izchil davom ettiramiz.

Sud va huquqni muhofaza qiluvchi idoralar ishiga faqat va faqat xalqimizning o‘zi baho beradi. Ular uchun yagona va eng qattiq talab - bu fuqarolarning qonuniy manfaatlariga xizmat qilish va ularning huquqlarini har qanday holatda ham himoya qilishdan iborat. Eng asosiysi, biz bir idora qo‘lida barcha vakolat va resurslar to‘planib qolishiga, o‘zaro tiyib turish va manfaatlar muvozanati prinsipi buzilishiga yo‘l qo‘ymasligimiz zarur.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, Milliy xavfsizlik xizmati idoralari bugungi kungacha 26 yil avval Hukumat tasdiqlagan Nizom asosida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Bu Nizom chorak asr davomida o‘zgartirilmagani va har qanday oddiy masala ham milliy xavfsizlikka tahdid deb baholab kelingani ushbu idora vakolatlarining asossiz kengayib ketishiga sabab bo‘lgan.

Ayni vaqtda dunyoning ba’zi mintaqalarida yuzaga kelgan notinch vaziyat aholi migratsiyasi kuchayishiga, bu esa, o‘z navbatida, terrorizm va ekstremizmning tarqalishiga hamda ularning global muammolardan biriga aylanishiga olib kelmoqda. Bunday vaziyatda milliy davlatchiligimiz, mustaqilligimiz, aholimizning tinch va osoyishta hayoti va xavfsizligimizni saqlash biz uchun eng ustuvor vazifaga aylanib bormoqda. Aynan shu nuqtai nazardan va globallashuv davrining barcha tahdidlarini inobatga olgan holda, Milliy xavfsizlik xizmati faoliyatini ham isloh qilish vaqti keldi. Shu munosabat bilan "Huquqni muhofaza qiluvchi organlar to‘g‘risida"gi va "Milliy xavfsizlik xizmati to‘g‘risida"gi qonunlarni ishlab chiqish va qabul qilishni taklif etaman. O‘ylaymanki, ushbu qonunlarning qabul qilinishi fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini hamda farovon hayoti kafolatlarini yanada mustahkamlash uchun huquqiy poydevor yaratadi.

III. Iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirishning ustuvor yo‘nalishlari

Qadrli do‘stlar!

Hammamiz yaxshi tushunamiz, har qanday islohot va o‘zgarishni barqaror iqtisodiyotsiz amalga oshirib bo‘lmaydi. Biz o‘tgan yil davomida bu borada keng ko‘lamli ishlarni boshladik. Lekin milliy iqtisodiyotimizni mustahkamlash, yurtimizni rivojlangan davlatlar qatoriga olib chiqish uchun oldimizda hali ko‘plab vazifalar turibdi.

Bugungi kunda dunyoda innovatsion taraqqiyot modellarini joriy etish, ilg‘or g‘oyalar, "nau-xau" va "aqlli" texnologiyalarni eksport qilish hisobidan tez sur’atlar bilan rivojlanayotgan davlatlar soni tobora ortib bormoqda. Mamlakatimizda bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlarni, afsuski, qoniqarli deb bo‘lmaydi, desam, o‘ylaymanki, sizlar ham bu fikrga qo‘shilasiz.

Xalqaro valyuta fondi ma’lumotlariga ko‘ra, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan yalpi ichki mahsulot hajmi bo‘yicha O‘zbekiston dunyo reytingida 187 mamlakat o‘rtasida 134-o‘rinda turibdi. Vaholanki, O‘zbekiston juda boy tabiiy resurslarga, katta iqtisodiy salohiyatga ega bo‘lgan davlat. Yurtimiz zaminida oltin, kumush, mis, uran, neft, tabiiy gaz, ko‘mir kabi tabiiy qazilma boyliklarning katta zaxiralari mavjud. Umuman, Mendeleyevning kimyoviy moddalar jadvalidagi barcha elementlarni mamlakatimizdan topish mumkin.

Bizdagi unumdor tuproq, to‘rt faslda ham oftob chiqib turadigan qulay iqlim va betakror tabiatni, o‘zingiz ayting, yana qayerda topish mumkin?

Hamma gap ana shu bebaho boylikni xalqimiz manfaati yo‘lida oqilona va samarali ishlata olishda. Lekin, ochiq tan olishimiz kerak, bu masalada biz orqada qolmoqdamiz. Masalan, 2017 yilda yurtimizda gaz ishlab chiqarish hajmi 56,5 milliard kub metrni tashkil etdi. Ammo mazkur soha yillar davomida modernizatsiya qilinmagani tufayli yo‘qotish miqdori juda katta - 20-23 foizni tashkil etmoqda. Bu boylikning katta qismi bekordan-bekorga isrof bo‘layotgani albatta barchamizni o‘ylantirishi, tashvishga solishi kerak. Chunki Xudo bunday ne’matni hammaga ham bermagan. Uni qadrlash, har bir misqolini asrab-avaylab ishlatish kerak.

Iqtisodiyot - bu hisob-kitob degani. Har bir ishimizda puxta hisob-kitob birinchi o‘rinda turishi lozim. Aks holda, hamma ishimiz eski hammom, eski tos bo‘lib qolaveradi. Mana, masalan, 2018-yilda 66 milliard kub metr tabiiy gaz ishlab chiqarishimiz kerak. Shundan 17 milliard kub metr gaz "O‘zbek-energo" aksiyadorlik jamiyatiga yetkazib beriladi. Buning hisobidan 56 milliard kilovatt elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Afsuski, bizda elektr uzatish tarmoqlari eskirib ketgan. Buning oqibatida 15-20 foiz elektr energiyasi iste’molchiga yetib bormasdan, tarmoqning o‘zida behuda yo‘qotilmoqda.

Yoki yana bir misol. "O‘zkimyosanoat" aksiyadorlik jamiyati tarkibiga kiradigan korxonalar tomonidan yiliga 10 milliard kub metr tabiiy gaz iste’mol qilinadi. Shu asosda mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarilib, fermerlarimizga yetkazib beriladi. Fermer xo‘jaliklaridan buning uchun mablag‘lar o‘z vaqtida undirilmagani sababli "O‘zkimyosanoat" korxonalari 2017-yil 1-dekabrgacha tabiiy gazdan 890 milliard so‘m qarzdor bo‘lib qolgan.

Bozor sharoitida mahsulot yetkazib beruvchi ham, iste’molchi ham o‘z shartnoma majburiyatlarini to‘liq bajarishi kerak. Aks holda, bir joyda depsinib, boshimiz muammodan chiqmaydi.

Iqtisodiyotda boshqaruv tizimi eskirgani, innovatsion g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha samarali mexanizmlar o‘z vaqtida joriy qilinmagani ham jiddiy muammo bo‘lib qolmoqda. Shuningdek, texnologik qoloqlik, resurs va energiyani tejaydigan texnologiyalar, muqobil energiya manbalarini tatbiq etishning sustligi ham iqtisodiy taraqqiyot yo‘lida to‘siq bo‘lmoqda.

Eng yomoni, istiqbolli yirik loyihalarni belgilash va amalga oshirishda jiddiy xatoliklarga yo‘l qo‘yilgani, xorijiy kreditlar samarasiz ishlarga sarflangani iqtisodiyot rivojiga xalaqit bermoqda. Masalan, mamlakatimizda 25 yil davomida olingan kreditlarning aksariyati yetarlicha iqtisodiy samara bermaganini turli ekspert va mutaxassislar ochiq tan olmoqda. Misol uchun, Qoraqalpog‘istonda barpo etilgan Ustyurt gaz-kimyo majmuasi kutilgan iqtisodiy foydani bermayapti. Moliya vazirligida o‘tirgan ba’zi "vallomatlar" vaqtida bu - dunyodagi eng zo‘r loyiha, deb butun olamga jar   solgan edi. Lekin qani natija?

Bunday achinarli holatni xalqimizning eng o‘tkir ehtiyojlari bilan bog‘liq ijtimoiy dasturlar bo‘yicha ham ko‘rish mumkin. Misol uchun, aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida oxirgi 10 yilda 17 ta loyiha doirasida 618 million dollardan ziyod xorijiy kredit mablag‘lari jalb etildi. Agar shuncha valyuta xalqimiz turmush sharoitini yaxshilash uchun samarali ishlatilib, aniq natijaga erishilganida, albatta, bu ishda tashabbuskor bo‘lgan iqtisodiyot kompleksining rahbarlariga bugun ming bor rahmatlar aytar edik. Lekin, afsuski, bunday bo‘lgani yo‘q. Boshlangan loyihalarning ko‘pchiligi oxiriga yetkazilmadi. Ichimlik suvi qancha-qancha odamlar uchun hali ham shirin orzuligicha qolmoqda. Ularning umidi, ishonchi oqlanmagani uchun kim javob beradi?

Biz, avvalo, chetdan kredit va sarmoyalar olib kelish bo‘yicha samarali tizim yaratishimiz, har bir kreditni aniq ishlatishni o‘rganishimiz lozim. Bu masalada yetti o‘lchab, bir marta kesadigan, oqibatini puxta o‘ylab ish olib boradigan davr keldi.

Shu nuqtai nazardan, davlatning innovatsion yangilanish dasturini shakllantirish, innovatsiya va investitsiyalardan samarali foydalanadigan yangi  avlod kadrlarini, yangi sarmoyadorlar sinfini  tayyorlash o‘ta muhim ahamiyatga ega. Buning uchun   O‘zbekistonni texnologik rivojlantirish va ichki bozorni modernizatsiya qilish bo‘yicha kuchli milliy g‘oya, milliy dastur kerak. Ushbu dastur O‘zbekistonni jahondagi taraqqiy topgan mamlakatlar qatoriga tezroq olib chiqishga imkon yaratishi lozim.

Mamlakatimizda asosiy energiya resurslarining narxi past bo‘lib qolayotgani bozor iqtisodiyoti sharoitida o‘zini oqlamasligini albatta hammamiz yaxshi tushunamiz. Masalan, O‘zbekistonda aholi va sanoat korxonalari uchun 1 megavatt soat elektr energiyaning narxi 25 AQSH dollarini tashkil etadi. Germaniyada esa bu narx aholi uchun - 332 dollar, korxonalar uchun - 144 dollardan iborat. Rossiyada tegishlicha 47 va 51 dollarni, Hindistonda 68 va 87 dollarni tashkil etadi. Shuningdek, 1000 kub metr tabiiy gazning narxi O‘zbekistonda 32,9 dollar, Shvetsiyada 1552, Portugaliyada 1132 dollardan ziyod, Italiyada 1045, Germaniyada 785 dollardan, Angliyada esa 770 dollardan ortiqni tashkil etadi. Bu   raqam Rossiyada 83 dollardan, Qozog‘istonda 45   dollardan ziyoddir.

Ko‘rinib turibdiki, bizda energiya va tabiiy gaz resurslari rivojlangan davlatlarga nisbatan bir necha barobar arzon. Lekin resurslardan oqilona foydalanish yo‘qligi natijasida tannarxning pasa-yishiga, mahsulot hajmi o‘sishiga erishish qiyin bo‘lmoqda.

Energiya resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish uchun mamlakatimiz energetika tizimini isloh qilishimiz, bu borada aniq strategiya ishlab chiqishimiz lozim. Avvalo, samarasiz va zarar bilan ishlaydigan korxonalarni xususiylashtirish, monopoliyani tugatish kerak. Shuningdek, elektr energiyasi yetkazib berishda raqobat muhitini shakllantirish va muqobil energiya manbalaridan foydalanishni rag‘batlantirish zarur. Buning uchun xususiy sektorni keng jalb etgan holda, ishlab chiqarishni moliyalashtirish bo‘yicha bozor mexanizmlariga o‘tish talab etiladi.

Biz 2018 yilni Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili deb e’lon qilgan ekanmiz, kelgusi yili faol tadbirkorlikni rivojlantirish e’tiborimiz markazida bo‘ladi. Bu sohani qo‘llab-quvvatlash, biznes subyektlarini jadal va barqaror rivojlantirish yo‘lidagi to‘siq va g‘ovlarni bartaraf etish bo‘yicha zarur choralar ko‘riladi.

Afsuski, tadbirkorlik faoliyatini tashkil etishda hali ham muammolar yo‘q emas.

Yurtimizda tadbirkorlik nima uchun kutilgan darajada rivojlanmayapti? Chunki bu soha vakillarini asossiz ravishda tekshirish holatlari ko‘p. Ochig‘ini aytganda, tadbirkorlikning erkin rivojlanishiga o‘zimiz - davlat idoralari yo‘l qo‘ymayapmiz. Hech kimga kerak bo‘lmagan tartib-taomillar hamon saqlanib qolmoqda, joylarda ko‘pgina amaldorlar faqat o‘z shaxsiy manfaatini o‘ylab ish ko‘rmoqda.

Bu haqda gapirganda, mashhur davlat va siyosat arbobi Uinston Cherchillning bir gapi beixtiyor esga tushadi. Qarang, u nima deb yozgan ekan: "Ba’zilar tadbirkor deganda sog‘in sigirni, faqat sanoqli odamlargina tadbirkor deganda og‘ir aravani tortayotgan mehnatkash otni tushunadi".

O‘ylaymanki, bu gaplarning naqadar to‘g‘ri ekaniga izoh berishning hojati yo‘q.

Bozor iqtisodiyotining talabi shundayki, resurs va imkoniyatlardan foydalanish imkoni, ya’ni faoliyat maydoni hammaga teng bo‘lishi kerak. Yakkahokimlikka hech kimning haqqi yo‘q. Shu nuqtai nazardan qaraydigan bo‘lsak, aholi ehtiyoji uchun zarur bo‘lgan mahsulotlarni mamlakatimizga import qilish faqat ayrim guruhlar qo‘lida to‘planib, ular uchun mo‘may daromad manbaiga aylanib qolganini adolatdan deb bo‘lmaydi.

Ba’zi bir korxonalarga imtiyozlar berish orqali o‘zimiz erkin raqobat muhitini bo‘g‘ib, narxlarning barqaror bo‘lishiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqdamiz.

Endi biz bunday amaliyotdan voz kechamiz. Bu masalada hammaga teng sharoit yaratiladi. Imtiyozlar ayrim korxonalarga emas, balki alohida ishlab chiqarish va xizmat turlarini rag‘batlantirish maqsadida beriladi. Imtiyozni ro‘kach qilib, eng muhim faoliyat turlarini to‘la monopoliya qilib olishga mutlaqo yo‘l qo‘yilmaydi.

Bozor iqtisodiyoti sharoitida teng va halol raqobat muhitini yaratish maqsadida "Mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini yanada samarali ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmon loyihasi ishlab chiqilib, keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Ko‘pchilikka yaxshi ayon: bojxona tartib-taomillarining murakkabligi tadbirkorlikka to‘sqinlik qilayotgan asosiy omillardan biri hisoblanadi.

Jahon bankining hisobotiga ko‘ra, eksport-import hujjatlarini rasmiylashtirish bo‘yicha O‘zbekiston 190 ta davlat orasida 175-o‘rinda turgani achinarli, albatta. Aytaylik, bojxona hujjatlarini rasmiylashtirish uchun Belgiyada 1 soat kifoya qilsa, bizda bunga 1 oylab muddat sarflanadi.

Import tovarlar har bir bojxona rejimida alohida-alohida tekshiruvdan o‘tkaziladi. Bunday bojxona rejimi bizda bir nechta. Nima uchun mamlakatimiz hududining o‘zida bitta yuk bir necha marta tekshirilishi kerak? Bundan kim manfaatdor? Har bir tekshirish xarajat talab qiladi-ku! Nima, bizning moliyaviy imkoniyatlarimiz cheksizmi? Bundan tashqari, tovarning turiga qarab muvofiqlik, gigiyenik yoki veterinariya bo‘yicha sertifikatlarsiz tovarlarni bojxona omboridan chiqarishga yo‘l qo‘yilmaydi. Bizning har bir bojxona omborimiz ekspress-laboratoriyalar bilan jihozlangan emasmi? Bu jarayonlar qanchalik ochiq va oshkora, nega bu haqda mutasaddi idoralar bong urmaydi?

Barcha rivojlangan davlatlarda bojxona ko‘rigi xavf-xatardan ogoh etish tizimi orqali amalga oshiriladi. Bu ham davlat resurslarini, ham tadbirkorlarning vaqtini tejaydi. Lekin bu tizim bizda hanuzgacha joriy etilmagan. Kelgusi yildan boshlab tadbirkorlik subyektlari uchun bojxona ko‘rigida xavf-xatardan ogoh etish tizimi, ya’ni tadbirkorlar qanchalik halol ekaniga qarab, ularni "yashil" va "qizil" yo‘laklar orqali o‘tkazishni joriy etamiz.

Shu munosabat bilan Vazirlar Mahkamasi   (A.Aripov) 2 oy muddatda tegishli qaror loyihasini tayyorlab, kiritishi zarur.

Ayni vaqtda noqonuniy tekshirishlar, xususiy biznes faoliyatiga asossiz aralashishga qarshi kurashni kuchaytirish kerak. Shu maqsadda tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish tizimini tubdan qayta ko‘rib chiqish lozim.

Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi faoliyati davr talabiga javob bermayapti. Buni ochiq tan olish kerak. O‘zingiz o‘ylang, ushbu kengashning ishchi organi ham, eng ko‘p tekshirish o‘tkazadigan nazorat organi ham - soliq idorasining o‘zi. Tekshirish uchun ham o‘zi ruxsat bersa, ham o‘zi tekshirsa, buni qanday tushunish mumkin?

Shu munosabat bilan tekshirishlar o‘tkazishga ruxsat berishning maxsus elektron axborot tizimiga o‘tish va uning nazoratini Bosh prokuraturaga yuklash maqsadga muvofiq, deb o‘ylayman.

Biz 2018-yilga Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili, deb nom berganimiz munosabati bilan barcha tadbirkorlik subyektlarining moliyaviy-xo‘jalik  faoliyatini tekshirishni 2 yilga to‘xtatsak, nima deysizlar?

Bosh prokuror boshchiligida nazorat qiluvchi organlar rahbarlari har oyda namunali, faol tadbirkorlar bilan uchrashuvlar tashkil etib, ularni qiynayotgan muammolarni eshitish, qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilayotgan kamchiliklarni aniqlash va bartaraf etish choralarini ko‘rib borishi talab etiladi.

Tadbirkorlar huquqlarini ishonchli himoya qilishda Savdo-sanoat palatasi tomoshabin bo‘lib o‘tirmasligi lozim. Shu bilan birga, palata faqat davlat organlari yoki mansabdor shaxslar tomonidan yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarni muhokama qilmasdan, tadbirkorlar sodir etayotgan noma’qul ishlarni, ayniqsa, jinoyatlarni tanqidiy muhokama qilishi zarur.

Tadbirkorlar hamjamiyati nopok tadbirkorlarga nisbatan murosasiz bo‘lishi lozim. Ularga nisbatan birinchi navbatda davlat emas, balki tadbirkorlarning o‘zlari munosabat bildiradigan va ushbu muhit sofligini ta’minlaydigan tizim yaratishimiz kerak.

Yana bir muhim masala - yurtimizda fond bozori, fond birjasini yanada rivojlantirish uchun Qimmatli qog‘ozlar bozorini muvofiqlashtirish va rivojlantirish markazi ishini tubdan qayta tashkil etish lozim.

Biz bo‘sh turgan davlat mulki obyektlarini o‘zaro sheriklik asosida xususiy sektorga o‘tkazish bo‘yicha ishlarni davom ettiramiz. Internet tarmog‘ida elektron savdolar va auksionlar orqali yer uchastkalarini, jumladan, tadbirkorlar uchun ajratishning yagona tartibini o‘rnatish zarur. Shu maqsadda 2018 yildan boshlab elektron savdo maydonlari orqali davlat aktivlarini sotish bo‘yicha elektron tizim tashkil etiladi.

Iqtisodiyotni rivojlantirishda puxta va barqaror bank-moliya tizimi ulkan ahamiyatga ega. Biz aholi va tadbirkorlik subyektlarining bank tizimiga ishonchini kuchaytirmasdan turib, "yashirin iqtisodiyot"dan to‘liq xalos bo‘la olmaymiz.

2018-yilda bank tizimi faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha belgilangan vazifalarni amalga oshirishda banklar bilan tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida samarali va o‘zaro manfaatli hamkorlik munosabatlarini ta’minlash masalalariga asosiy e’tiborni qaratish zarur.

Valyuta bozorini isloh qilishga qarshi bo‘lgan ayrim "ekspertlar"ning ikkilanishi va "maslahat"lariga qaramasdan, biz qisqa muddatda xalqaro standartlar asosida valyutani liberallashtirish jarayonini boshladik. Lekin biz yaxshi tushunamizki, bu ish ushbu sohadagi islohotlarning boshlanishi, xolos.

Valyuta siyosati biznes va iqtisodiyotni rivojlantirish manfaatlariga to‘liq xizmat qilishi, investitsiya faoliyatiga ijobiy turtki berishi lozim.

2018-yilda soliq siyosatini amalga oshirishda keskin chora-tadbirlardan voz kechamiz. Chunki    islohotlar davrida davlat tizimining uzluksiz  faoliyat ko‘rsatishi uchun budjet barqarorligi suv bilan havodek zarur.

O‘zbekistonda yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish niyatida bo‘lgan investorlar uchun mamlakatimizni jozibali qilish maqsadida soliq tizimini takomillashtirish bo‘yicha hali ko‘p ish qilishimiz kerak.

Barcha biznes toifalari uchun soliq yukini kamaytirish va qulaylashtirish, shu asosda ishlab chiqarishni va soliqqa tortiladigan bazani  kengaytirish zarur.

O‘z ehtiyoji uchun obyektlar qurayotgan, yangi tashkil etilgan kichik va o‘rta tadbirkorlik subyektlariga yagona soliq to‘lovini ma’lum muddatga kechiktirish huquqini berish darkor. Shuningdek, kichik korxonalar uchun qo‘shimcha qiymat solig‘i to‘lashga o‘tishni rag‘batlantirish shart.

Shu bilan birga, tez rivojlanayotgan, yiriklashib borayotgan korxonalarni rag‘batlantirish siyosatiga o‘tish lozim.

Soliq imtiyozlari berishda individual yondashuvlardan voz kechib, ularni faqat iqtisodiyotning  ma’lum tarmoqlari uchun qo‘llash amaliyotiga o‘tishni taklif etaman.

Eng muhimi, investorlar nazari bilan qaraganda, soliq tizimi uzoq muddat davomida aniq va tushunarli bo‘lishi kerak. Shuning uchun soliq tizimida puxta o‘ylangan, uzoq muddatga mo‘ljallangan   siyosatni amalga oshirish lozim.

Biz mamlakatimiz budjet tizimini qayta ko‘rib chiqishimiz, budjet daromadlari va xarajatlari xalqimiz uchun ochiq va oshkora bo‘lishini ta’minlashimiz zarur.

Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, kuni kecha bo‘lib o‘tgan Senat majlisida O‘zbekiston Respublikasining 2018-yilgi davlat budjeti hamda soliq tizimini takomillashtirish bilan bog‘liq muhim qonunlar ma’qullandi. Ushbu qonunlarga imzo qo‘yishda men ularda xalqimiz manfaatlarini to‘la aks ettirish, tadbirkorlar va investorlar uchun yanada qulay sharoit yaratish, hududlarimizni rivojlantirish bo‘yicha aniq choralar nazarda tutilganmi, yo‘qmi - shunga alohida e’tibor qarataman. Kerak bo‘lsa, bu qonunlarni oddiy odamlarimiz va tadbirkorlarimiz manfaati nuqtai nazaridan qayta ko‘rib  chiqishga ham tayyorman.

Bizda eng katta muammo nima, bilasizlarmi?

Bizda investitsiya dasturlarini shakllantirishda puxta rejalashtirilgan, uzoq muddatga mo‘ljallangan yagona konsepsiya yo‘q.

Har bir davlat tashrifida biz xorijiy investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha bir necha milliard dollarlik kelishuvlarga erishmoqdamiz. Ammo bu kelishuvlarni amalga oshirish juda sustkashlik bilan bormoqda. Negaki, bu borada aniq ishlaydigan tizim mavjud emas.

Amaldagi investitsiya dasturlarida aniq bir  loyihaga oid ma’lumotlar yo‘q. Dasturlarni shakllantirishda Iqtisodiyot vazirligi, mahalliy hokimliklar faqat raqamlar ortidan quvish bilan band. Ular shu maqsadda iqtisodiy naf bermaydigan, istiqboli yo‘q, moliyalashtirish manbalari aniq bo‘lmagan loyihalarni ham dasturga qo‘shib yuborish, loyiha narxini asossiz oshirib ko‘rsatish, bir so‘z bilan aytganda, ko‘zbo‘yamachilik bilan shug‘ullanmoqda.

Bunday noxush amaliyotga chek qo‘yish vaqti keldi. Biz bu holatlarga barham berish va investitsiyalarni iqtisodiyotning real sektoriga jalb qilish,   loyihalarni shakllantirishning butunlay yangi mexanizmini joriy etish bo‘yicha qaror qabul qildik. Shoshma-shosharlik bilan ishlab chiqiladigan soxta investitsiya dasturlarini qabul qilish amaliyotidan butunlay voz kechildi.

Bundan buyon rivojlanishning uzoq muddatga mo‘ljallangan konsepsiyalari ishlab chiqiladi. Bu borada birinchi qadam sifatida O‘zbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturlari qabul qilinib, mazkur dasturlarni moliyalashtirish fondi tashkil etildi.

Iqtisodiyotni rivojlantirishda aholi qo‘lida to‘plangan mablag‘larni investitsiya shaklida harakatga keltirish, odamlarda tadbirkorlik hissini kuchaytirish muhim vazifalarimizdan biridir. Shu maqsadda Internet tarmog‘ida mahalliy va xorijiy investorlarni kerakli statistik axborotlar bilan ta’minlaydigan, biznes yuritish uchun yaratilgan sharoitlar haqida ma’lumot beradigan "Investitsiya portali" ochishni taklif etaman.

Xorijiy tajribalar asosida barcha investorlar uchun tunu kun ishlaydigan bepul mobil telefonlar aloqasini tashkil etish zarur. Chet el investorlari uchun o‘z kapitalini tezroq olib chiqib ketmasdan, uni qayta investitsiya qilishga undaydigan rag‘batlantirish tizimini yaratish haqida ham o‘ylab ko‘rish lozim.

Hokimlar, davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining investitsiyalarni jalb etish, xorijiy investorlar bilan hamkorlik qilish, yangi ishlab chiqarish turlarini tashkil etish, ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha faolligini oshirish zarur. Keyingi yildan boshlab joylarda investorlar uchun yaratilgan  sharoitlarni aniqlash bo‘yicha reyting natijalari e’lon qilib boriladi, kerak bo‘lsa, hudud rahbarlari faoliyatiga ayni shu mezon asosida baho beriladi.

Ma’lumki, bugungi kunda dunyoning 33 ta mamlakatida elchixonalarimiz mavjud. Lekin mamlakatimizning investitsiya sohasidagi jozibasini oshirish, xorijiy investitsiyalarni keng jalb etishga ko‘maklashish bo‘yicha Tashqi ishlar vazirligi o‘z imkoniyatlaridan to‘liq foydalanyaptimi? Elchixonalardagi savdo-iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchilarning ishi qoniqarlimi?

Elchilarimiz uchun iqtisodiyot, investitsiya masalalari, afsuski, ikkinchi darajali bo‘lib qolgan. Ular faqatgina "siyosat" bilan band. Elchixonalarda iqtisodiyot, moliya, investitsiya masalalari bo‘yicha mutaxassislar yetishmaydi. Bundan buyon, kerak bo‘lsa, har bir elchixona xodimini lavozimga tayinlashda ularning iqtisodiy bilim va ko‘nikmalarini alohida o‘rganish tizimini joriy qilish zarur.

Hurmatli do‘stlar!

Tashqi iqtisodiy sohada hali ishga solinmagan katta imkoniyat va zaxiralar mavjudligini ta’kidlash lozim. Bu borada biz Markaziy Osiyo mamlakatlari va yirik sheriklarimiz - Xitoy, Rossiya, Janubiy Koreya, AQSH, Turkiya, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirishni davom ettiramiz.

Kelgusi yilda O‘zbekiston Respublikasining  tashqi savdo yuklarini jahondagi va mintaqadagi asosiy bozorlarga olib chiqadigan ishonchli transport va tranzit yo‘laklarini izchil shakllantirishga alohida e’tibor qaratish lozim.

Bugungi kunda bizning asosiy yuklarimiz Qozog‘iston tranzit yo‘laklari orqali, ayniqsa, eng ko‘p yuklar "Sariog‘och" stansiyasidan o‘tadi va bu marshrut imkoniyatlari bizning ehtiyojlarimizni to‘liq qondirmoqda, deb aytolmaymiz. Ushbu stansiyadan tovarlarni O‘zbekiston hududiga olib kirishda elektrovozlar, zamonaviy terminallar yetishmasligi, temir yo‘l tarmoqlaridagi bandlik mahsulotlarning uzoq muddat qolib ketishiga sabab bo‘lmoqda. Bu esa mamlakatimiz iqtisodiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Shu sababli logistik marshrutlarni diversifikatsiya qilish, bu borada qo‘shnilarimiz bilan amaliy muzokaralar o‘tkazish zarur.

Xitoy davlatining tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan "Bir makon, bir yo‘l" loyihasi doirasida mamlakatimizning transport-kommunikatsiya   infratuzilmalari sohasidagi imkoniyatlarini oshirish lozim. Tranzit davlatlar, xususan, Turkmaniston, Eron, Qozog‘iston, Rossiya, Ozarbayjon va Gruziya hududlaridan asosiy eksport yuklarini tranzit shaklida tashishda preferensiyalarga ega bo‘lish haqida jiddiy o‘ylashimiz kerak. Shu sababli xorijiy va mahalliy investorlarning logistika sohasida aniq loyihalarni amalga oshirish borasidagi harakatlarini rag‘batlantirishimiz darkor.

Shuningdek, milliy yuk tashuvchilarni qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlarga qo‘shimcha sharoitlar yaratish maqsadida "Milliy logistika portali"ni      tashkil etish lozim.

Kelgusi yilda Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralarni qayta boshlaymiz.  Eksportni yanada rag‘batlantirish maqsadida texnik jihatdan tartibga solish tizimini xalqaro standartlarga uyg‘unlashtirish lozim. Asosiy maqsadlarimizdan biri - tashqi bozorga sifatli va sertifikatlangan mahsulotlarni "o‘zbek brendi" nomi bilan olib chiqishdan iborat.

Hozirgi kunda milliy iqtisodiyotga yuqori daromad keltiradigan istiqbolli tarmoqlardan biri - bu turizmdir. O‘zbekiston turizm sohasida ulkan salohiyatga ega bo‘lgan davlat hisoblanadi.  Yurtimizda 7 ming 300 dan ortiq madaniy meros obyektlari mavjud va ularning aksariyati YUNESKO ro‘yxatiga kiritilgan.

Shu bilan birga, mamlakatimizning betakror tabiati, go‘zal dam olish zonalari imkoniyatlaridan foydalanib, yangi turistik yo‘nalishlar ochish mumkin. Bu sohaga jahon brendlarini faol jalb etgan holda, biz ziyorat turizmi, ekologik, ma’rifiy, etnografik, gastronomik turizm va bu sohaning boshqa tarmoqlarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratishimiz zarur. Bu borada davlat-xususiy sheriklik munosabatlarini qo‘llash sohani taraqqiy ettirishda keng    imkoniyatlar ochishini hisobga olishimiz lozim.

Samarqand, Buxoro, Toshkent shaharlaridagi  muqaddas qadamjolar va yodgorliklarni ziyorat qilishdan iborat bo‘lgan "kichik haj" dasturini rivojlantirish va jadallashtirish zarur. Ichki turizm sohasidagi katta imkoniyatlarni ham to‘liq ishga solish lozim.

Bosh vazir o‘rinbosari S.Xolmurodov va Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi   A.Abduhakimov ana shu masalalarni hal etish bo‘yicha hujjatlarni bir oy muddatda ishlab chiqib, taqdim etsin.

Hurmatli majlis qatnashchilari!

Ruxsatingiz bilan, iqtisodiyotimizdagi yetakchi tarmoq - qishloq xo‘jaligi sohasidagi eng muhim vazifalarga to‘xtalib o‘tmoqchiman.

Shu yil 9-dekabrda bo‘lib o‘tgan Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuniga bag‘ishlangan yig‘ilishda biz bu haqda batafsil gaplashib oldik. Aytilgan fikrlarni takrorlamasdan, quyidagi muhim masalalarga e’tibor qaratish zarur, deb hisoblayman.

Ma’lumki, hozirgi kunda yurtimizda 51 foizdan ziyod aholi qishloq joylarda yashaydi. Biroq qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining mamlakat yalpi ichki mahsulotidagi ulushi 17 foizdan oshmaydi. Agrar soha mahsulotlarini qayta ishlash hajmi esa 10 foizga ham yetmaydi. Holbuki, rivojlangan davlatlarda bu ko‘rsatkich 50 foizdan ortiqni tashkil etadi. Shu munosabat bilan qishloq xo‘jaligini yanada isloh qilish bo‘yicha kompleks dastur ishlab chiqish lozim.

Ayniqsa, oziq-ovqat xavfsizligi muammosini hal etish, genetik modifikatsiya qilingan mahsulotlar yetishtirmaslik bo‘yicha qat’iy nazorat o‘rnatishga alohida e’tibor qaratish talab etiladi. So‘nggi yillarda mamlakatimiz bozorlarida import meva-sabzavot mahsulotlari ko‘payib borayotgani bizni albatta hushyorlikka chaqirishi kerak. Bunday holatning oldini olish uchun, avvalo, yo‘qolib borayotgan qadimgi navlarni tiklash, seleksiya ishlarini oqilona va samarali yo‘lga qo‘yish, sohaga ilm-fan yutuqlari, innovatsion ishlanmalarni keng joriy etishimiz zarur.

Ma’lumki, mamlakatimiz to‘qimachilik sanoati 1 million 400 ming tonnagacha paxta tolasini qayta ishlash imkoniyatiga ega. Bu respublikamizdagi tayyor mahsulot ishlab chiqaruvchilar ehtiyojini to‘liq qoplay oladi. Lekin paxta tolasini qayta ishlash sanoatini boshqarishda ko‘pgina muammolar mavjud. Bu esa paxta xomashyosini ishlab chiqarish va qayta ishlashda rentabellikning pasayishiga olib kelmoqda. Shu munosabat bilan sohadagi muammolarni hal etish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni yanada rag‘batlantirishga oid alohida farmon qabul qilindi. Bugungi kungacha o‘zimizning to‘qimachilik korxonalarimizga paxta xomashyosini faqat "O‘zpaxtasanoat" aksiyadorlik jamiyati orqali sotar edik. Farmonga muvofiq to‘qimachilik korxonalari paxta xom-ashyosini endi to‘g‘ridan-to‘g‘ri tuzilgan shartnoma asosida bevosita fermerlardan sotib olish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Navoiy, Buxoro va Sirdaryo viloyatlarida paxta-to‘qimachilik klasterlarini yaratish doirasida paxta xomashyosini bozor talablari asosida yetishtirish, narx-navoni shakllantirish va sotishni tashkil etish bo‘yicha tajriba boshlandi. Kelgusida bunday ijobiy tajribani butun mamlakatimiz miqyosida joriy qilishni bugun hayotning o‘zi taqozo etmoqda.

Chorvachilik sohasiga to‘xtaladigan bo‘lsak, qoramol va parranda sonini ko‘paytirish, bu borada sifat va mahsuldorlikka erishish uchun yetarli sharoit yaratishimiz zarur. Yaqin istiqbolda har bir tumanda ixtisoslashtirilgan bo‘rdoqichilik komplekslari, yuqori texnologik parrandachilik fabrikalari, shuningdek, issiqxona xo‘jaliklari tashkil etilishi lozim.

Biz hozirgi vaqtda 1,5-2 milliard dollar miqdorida meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilmoqdamiz. Lekin ushbu sohada yiliga 10-15 milliard dollar mahsulot eksport qilish imkoniyati mavjud. Mahsulot tayyorlash va eksport qilishda "O‘zagroeksport" aksiyadorlik jamiyati, birjalar, agrofirmalar va ulgurji kompaniyalar katta rol o‘ynashi lozim.

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini samarali realizatsiya qilish juda muhim masaladir. Shu maqsadda fermer xo‘jaliklarida yetishtirilgan mahsulotlar hajmi va miqdori haqidagi ma’lumotlarning yagona bazasini yaratish zarur.

Qadrli xalq noiblari!

Shu o‘rinda hududlarni jadal iqtisodiy rivojlantirish haqida ham qisqacha to‘xtalib o‘tmoqchiman. Bu borada mahalliy davlat hokimiyati organlarining vakolatlari, imkoniyat va javobgarligini kengaytirish maqsadga muvofiq, deb hisoblayman.

Bugungi kunda mamlakatimizning 9 ta tumanida xorijiy investitsiya ishtirokida bironta ham korxona tashkil etilmagan. To‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar asosan Toshkent shahri, Toshkent va Samarqand viloyatlari hamda Farg‘ona vodiysiga to‘g‘ri kelmoqda.

Hududlarda zamonaviy ishlab chiqarish va muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bo‘yicha loyihalarni davlat-ijtimoiy sheriklik munosabatlarini kuchaytirish orqali to‘liq amalga oshirishimiz zarur. Biroq bu borada yetarli ish olib borilmayotganini qayd etish joiz. Shuning uchun Davlat-xususiy sheriklik munosabatlarini joriy etish konsepsiyasini ishlab chiqish va amalga oshirish kerak.

Iqtisodiyotimizning to‘la ishga solinmagan, katta salohiyatga ega yo‘nalishlaridan biri - bu qurilish sohasidir. Kelgusi yilda qurilish sohasini isloh qilish va jadal rivojlantirish asosiy vazifalardan biri bo‘ladi.

Biz qurilish-pudrat tashkilotlari va quruvchilarning zamonaviy avlodini yaratish ustida jiddiy bosh qotirishimiz zarur. Shu maqsadda qurilish sohasini 2030-yilgacha innovatsion rivojlantirish dasturi ishlab chiqiladi. Bu borada xorijdan malakali mutaxassislarni jalb etish va mahalliy mutaxassislarning chet mamlakatlarda malaka oshirishi uchun barcha zarur sharoitni yaratamiz.

Kelgusi yilda shahar va qishloqlarimizning me’moriy qiyofasini yanada yaxshilash borasidagi ishlarni izchil davom ettiramiz.

Biz bir narsani unutmasligimiz kerak: har bir bino, u bog‘cha bo‘ladimi, shifoxona bo‘ladimi, o‘z asosiy vazifasini bajarishdan tashqari, ko‘rinishi bilan odamlarning kayfiyatiga ham bevosita ta’sir etadi. Shu sababli hududlarda qurilishi rejalashtirilayotgan ijtimoiy obyektlarni loyihalashtirishda eski qoliplardan voz kechib, innovatsion yondashuvlarni joriy etish zarur.

Aholi, ayniqsa, yosh oilalar, eski uylarda yashayotgan va boshqa toifadagi fuqarolarning ehtiyojini hisobga olib, biz arzon va sifatli uy-joylar qurish bo‘yicha ishlarni izchil davom ettiramiz. Shu maqsadda 2018-yilda namunaviy va arzon uy-joylar qurish ko‘lamini joriy yilga nisbatan 1,5 barobar ko‘paytirish bo‘yicha aniq rejalar ishlab chiqilgan.

Yana bir muhim masala - xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari faoliyatini tubdan qayta ko‘rib chiqish zarur. Bu borada yangi tuzilgan vazirlik - Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi tashabbus ko‘rsatib ishlashi kerak.

Yangi yilda ko‘pgina aholi punktlarida, avvalo, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlarida aholini toza ichimlik suvi va kanalizatsiya xizmatlari bilan ta’minlash loyihalari amalga oshiriladi. Shu tariqa hududlarda yashayotgan 580 mingga yaqin aholi toza ichimlik suvi bilan ta’minlanadi.

Hurmatli majlis qatnashchilari!

2018-yilda yangi yo‘llar barpo etish, transport-logistika infratuzilmasini yanada rivojlantirish, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish bo‘yicha quyidagi ishlarni rejalashtirganmiz:

birinchidan, 180 kilometr uzunlikdagi temir yo‘llarni qayta tiklash va 200 kilometrdan ortiq temir yo‘llarni elektrlashtirish;

ikkinchidan, Toshkent - Urganch - Xiva tezyurar poyezdi va Toshkent - Samarqand - Buxoro - Urganch - Xiva turistik poyezdi harakatini yo‘lga qo‘yish, Toshkent Janubiy vokzali hamda Xiva yangi vokzalini foydalanishga topshirish;

uchinchidan, Buxoro - Miskin va Qarshi - Kitob temir yo‘l yo‘nalishlarini elektrlashtirish va Shahrisabz bilan birlashtiradigan yangi temir yo‘l tarmog‘ini qurish;

to‘rtinchidan, Toshkent shahrida Sergeli va Yunusobod metro yo‘nalishlari, poytaxtimiz atrofidagi katta halqa yo‘l bo‘ylab harakat qiladigan yer usti metrosi qurish borasidagi ishlarni jadallashtirish;

beshinchidan, sifatli xizmat ko‘rsatish imkonini beradigan zamonaviy infratuzilmalar barpo etish orqali avtomobil yo‘llari va temir yo‘l yo‘nalishlarida yirik tranzit xablarini tashkil etish.

Keyingi yillarda muhim strategik tarmoq - aerokosmik texnologiyalarni sun’iy yo‘ldosh orqali iqtisodiyotimizning yetakchi soha va tarmoqlariga joriy etishga, afsuski, biz yetarlicha e’tibor bermadik. Zamonaviy taraqqiyotning muhim sharti va omili bo‘lgan ushbu sohani rivojlantirish maqsadida davlat-xususiy sheriklik asosidagi loyihalarni amalga oshirishga xorijiy investorlarni jalb qilgan holda, milliy kosmik infratuzilmalarimizni yaratishimiz kerak. Ushbu yo‘nalishga daxldor bo‘lgan ilmiy-tadqiqot institutlarini takomillashtirish va ularning salohiyatini mustahkamlash zarur.

Biz aerokosmik faoliyat borasida alohida davlat organini tashkil etib, bu sohani rivojlantirish bilan bog‘liq vazifalarni kompleks ravishda hal etishimiz kerak.

IV. Ijtimoiy sohani rivojlantirish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlar

Muhtaram parlament a’zolari!

Hurmatli viloyat va tuman Kengashlari deputatlari!

Biz ilg‘or xorijiy tajriba asosida aholining munosib hayot darajasi uchun zarur bo‘lgan daromadlarni aniqlash bo‘yicha "iste’mol savatchasi" tushunchasini qonunchilikda mustahkamlash va uni amalda ta’minlash mexanizmlarini yaratishimiz lozim.

Ayni vaqtda aholining real daromadlari, ish haqi, stipendiya, pensiya va ijtimoiy nafaqalarni bosqichma-bosqich oshirish bo‘yicha ham amaliy choralar ko‘riladi.

Inson salomatligini muhofaza qilish borasida so‘nggi vaqtda olib borayotgan ishlarimizga qaramasdan, afsuski, joylarda ko‘plab muammolar hamon saqlanib qolmoqda. Ana shularni hisobga olib, hududlar aholisi uchun qulay bo‘lgan, sifatli va zamonaviy tibbiy yordam ko‘rsatish, kasalliklarni barvaqt aniqlash bo‘yicha boshlagan ishlarimizni izchil davom ettiramiz. Bu borada masofadan turib profilaktika qilishni ta’minlaydigan "Aqlli tibbiyot" va "Yagona tibbiy axborot markazi" konsepsiyalarini o‘z sharoitimizga moslashtirib tatbiq etishimiz kerak.

Ayni vaqtda xususiy tibbiyotni jadal rivojlantirish uchun xorijiy investorlarni jalb etish va chet ellik mutaxassislar mamlakatimizda doimiy faoliyat yuritishini ta’minlashga qaratilgan ishlarni yanada kuchaytiramiz.

Hech kimga sir emas, aholini dori-darmon bilan ta’minlash odamlarni qiynayotgan dolzarb muammolardan biridir. Bu masalani hal etish maqsadida yaqin vaqt ichida aholini arzon va sifatli dori vositalari bilan ta’minlaydigan 2 mingta ijtimoiy dorixona qurilib, ishga tushiriladi.

Ona va bola salomatligini asrashda muhim omil bo‘lgan skrining markazlari faoliyatini tubdan qayta ko‘rib chiqishni bugun hayotning o‘zi talab etmoqda. 2018 yilda 46 ta tuman va shahar tibbiyot birlashmasi negizida tumanlararo perinatal markazlar tashkil etiladi. Ular zamonaviy tibbiyot uskunalari, yuqori malakali kadrlar bilan ta’minlanadi. Tibbiyot fani yutuqlaridan samarali foydalangan holda, qishloq vrachlik punktlarida kasalliklarni barvaqt aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha zamonaviy diagnostika laboratoriyalarini tashkil etish ko‘zda tutilmoqda.

Aholini telekommunikatsiya xizmatlari bilan to‘liq qamrab olish maqsadida uzoq tumanlarda 2 ming kilometr optik tolali aloqa tizimlari qurish, Internet o‘tkazuvchanligini 2,5 barobar oshirish va 4 mingdan ortiq tayanch mobil aloqa stansiyasini ishga tushirish ko‘zda tutilmoqda. Mazkur chora-tadbirlar natijasida 600 dan ziyod aholi punkti Internet va mobil aloqa bilan ta’minlanadi.

Aholining madaniy hordiq chiqarishi va bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishiga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqiladi va amalga oshiriladi.

Madaniy meros obyektlarini ishonchli qo‘riqlash va ulardan oqilona foydalanish tizimini takomillashtirish maqsadida Arxeologik tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash va arxeologik topilmalarni saqlash dasturini ham qabul qilish lozim.

Shu bilan birga, ilm-fan, madaniyat, san’at va adabiyot sohalarida sidqidildan xizmat qilayotgan yurtdoshlarimizni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, jumladan, ularning uy-joy, ijtimoiy va tibbiy sharoitlarini yaxshilash, gonorarlar miqdorini oshirish, yosh iste’dod egalarining salohiyatini yuzaga chiqarish bo‘yicha qabul qilgan barcha qarorlarimizning ijrosi albatta ta’minlanadi.

Nega deganda, haqiqiy olimlik, haqiqiy ijodkorlik - bu igna bilan quduq qazishdek mashaqqatli ish. Buni bilgan odam biladi, bilmagan bilib olishi zarur.

Jismoniy tarbiya va sport sohasining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha kelgusi yilda keng ko‘lamdagi ishlar ko‘zda tutilmoqda. Jumladan, Nukus shahrida Olimpiya va milliy sport turlariga ixtisoslashtirilgan oliy sport mahorati maktabi, Urganchda "Yoshlik" sport majmuasi, Toshkent, Andijon, Samarqand, Buxoro shaharlarida universal sport komplekslari, Qarshi shahrida sport-sog‘lomlashtirish majmuasi, ko‘p tarmoqli yopiq suzish havzasi barpo etiladi.

Aziz do‘stlar!

Biz yosh avlodni har tomonlama sog‘lom va barkamol etib tarbiyalash borasidagi ishlarimizni yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida "Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida"gi qonunni yangi tahrirda qabul qildik. Shu asosda yangicha yondashuvlar hayotga faol joriy etilmoqda.

Yoshlar haqida gap ketganda, men doim bir narsani o‘ylayman. Mana, bugungi kunda qancha-qancha yoshlarimiz chet ellarda ta’lim olmoqda, mehnat qilmoqda. Albatta, ularning orasida o‘z yo‘lini topib, begona yurtda hech kimdan kam bo‘lmay yashayotganlari ham ko‘p. Lekin Vatan sog‘inchi har qanday odamni ham qiynaydi. Shuning uchun ular bilan doimiy aloqa o‘rnatish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, yurtimizga qaytish istagida bo‘lganlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ishlarni kuchaytirishimiz zarur.

Shu maqsadda O‘zbekiston yoshlari xalqaro assotsiatsiyasini tuzish va uning samarali faoliyat yuritishi uchun tegishli sharoit yaratib berishimiz kerak. Yoshlarimiz xorijdagi tengdoshlari bilan ilm-fan, madaniyat, tadbirkorlik, sport va boshqa sohalarda faol muloqotda bo‘lishlari maqsadga muvofiq. Bu ularning o‘z salohiyatini dunyo miqyosida namoyon etishlari uchun katta imkoniyat yaratadi. Shuning uchun kelgusi yili Samarqand shahrida Markaziy Osiyo yoshlari forumini o‘tkazish ko‘zda tutilmoqda.

Joriy yilda olib borgan islohotlarimizning eng muhim natijalaridan biri - bu, hech shubhasiz, mamlakatimizda bolalar mehnati va majburiy mehnatga butunlay chek qo‘yilgani bo‘ldi. Bunday ijobiy o‘zgarishlar Xalqaro mehnat tashkiloti va boshqa tuzilmalar tomonidan e’tirof etilgani e’tiborga loyiq, albatta.

Biz bundan buyon ham ingliz tili va boshqa xorijiy tillarni chuqur o‘qitish masalasiga ustuvor ahamiyat qaratamiz. Shu bilan birga, biz uchun zarur bo‘lgan mutaxassisliklar bo‘yicha ta’lim olish va kadrlar malakasini oshirish ishlarini keng ko‘lamda yo‘lga qo‘yamiz.

Bu haqda so‘z yuritganda, aytish lozimki, biz ulug‘ bobolarimizning munosib davomchilari bo‘ladigan yetuk insonlarni tarbiyalash masalasiga, afsuski, yetarlicha ahamiyat bermadik. Holbuki, intellektual va madaniy salohiyatning qanday noyob boylik ekani, nodir talant egalarini tarbiyalab kamolga yetkazish hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini unutishga haqqimiz yo‘q. Rivojlangan mamlakatlar bugungi yuksak taraqqiyot darajasiga aynan shuning hisobidan yetgani - bu ham haqiqat.

Ming afsuski, mamlakatimizda katta ilmiy salohiyatga ega bo‘lgan ayrim olimlar, iste’dodli yoshlar o‘rtasida xorijiy davlatlarga ketib qolish holatlari ham yo‘q emas. Qancha-qancha o‘zbek yigitlari, o‘zbek qizlari bugun chet ellardagi yirik  kompaniya va banklarda, nufuzli universitetlar, xalqaro tashkilotlarda katta-katta lavozimlarda xizmat qilmoqda. Men shaxsan o‘zim xorijiy mamlakatlarga safarlarim chog‘ida o‘nlab ana shunday vatandoshlarimiz bilan uchrashib, muloqotda bo‘ldim.

Chet ellardagi yurtdoshlarimizga konsullik xizmatlari va boshqa xizmatlar ko‘rsatish, ularning yurtimizga bemalol kelib-ketishi, mamlakatimizni taraqqiy ettirishda ishtirok etishlari uchun  zarur sharoitlar yaratilmoqda. Biz bu ishlarni  kelgusida yanada kengaytiramiz.

Shu munosabat bilan chet ellarda yashayotgan va ishlayotgan vatandoshlarimiz bilan o‘zaro hamkorlik sohasida davlat siyosati konsepsiyasini ishlab chiqishni taklif etaman.

V. Xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash hamda tashqi siyosat sohasidagi ustuvor yo‘nalishlar

Muhtaram deputat va senatorlar!

Barchamizga ayonki, jahonda keskin iqtisodiy raqobat, axborot xurujlari, terroristik tahdidlar tobora kuchayib bormoqda. Dunyoning turli joylarida, ayniqsa, Yaqin Sharq mintaqasida qonli to‘qnashuv va nizolar davom etmoqda. Ming afsuski, bunday notinch keskinlik o‘choqlari kamayish o‘rniga ko‘payib bormoqda.

Ana shunday tahlikali vaziyatni hisobga olgan holda, biz yurtimizda tinchlik-osoyishtalikni  mustahkamlash, turli xavf-xatarlarga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatimizni har tomonlama  kuchaytirishimiz shart. Bu - zamon talabi.

Avvalo, shu yo‘nalishda shakllangan tizim samaradorligini yanada oshirishimiz, ayniqsa, diniy masalalar bilan bevosita shug‘ullanadigan hokim o‘rinbosarlari, mutasaddi tashkilotlar mas’uliyatini yanada kuchaytirishimiz zarur. Xususan, mahalla raislari, profilaktika inspektorlari, imom-xatiblar, diniy-axloqiy masalalar bo‘yicha maslahatchilar, yoshlar, xotin-qizlar tashkilotlari faollari - barcha-barchamiz birgalikda ish olib borishimiz lozim.

Ishni ana shunday tashkil etsak, har birimiz bu masalaga befarq bo‘lmasdan, o‘z bolamizni, o‘z uyimiz, o‘z mahallamizni o‘zimiz asraydigan bo‘lsak, men ishonaman, bunday balo-qazolar hayotimizdan albatta yiroq bo‘ladi.

Biz diniy ekstremizm g‘oyalari ta’siriga adashib tushib qolgan fuqarolarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish, ularni sog‘lom hayotga qaytarish bo‘yicha ishlarni yanada takomillashtiramiz.

Axborot resurslari orqali tarqatilayotgan  buzg‘unchi g‘oyalarning oldini olish maqsadida huquqni muhofaza qilish organlari tarkibida alohida bo‘linmalar tashkil etish zarur.

Jamiyatimizda diniy konfessiyalar o‘rtasida hamjihatlik va fuqarolar totuvligini mustahkamlashni biz bundan buyon ham eng dolzarb va ezgu vazifamiz deb bilamiz. Shu maqsadda mamlakatimizdagi diniy tashkilotlar faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘riladi.

Hurmatli majlis ishtirokchilari!

Shu o‘rinda yana bir muhim masala - mamlakatimiz mudofaa tizimining tashkiliy tuzilmasi, uning harbiy-jangovar holati, askar va ofitserlarning ma’naviy va ruhiy tayyorgarlik darajasi bugungi tez o‘zgarayotgan davr talablaridan ortda qolayotganini qayd etish lozim.

O‘tgan qisqa davrda milliy armiyamizni isloh qilish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar qabul qilinib, Qurolli Kuchlarimiz qiyofasini tubdan o‘zgartirish jarayoni boshlandi.

Harbiy sohadagi islohotlarimizning samarasini oshirish maqsadida yangidan qabul qilinayotgan Mudofaa doktrinasi muhim rol o‘ynaydi. Ushbu doktrina O‘zbekiston tashqi siyosatining ochiqlik tamoyilini, yaqin qo‘shnilar bilan do‘stona va amaliy munosabatlarni rivojlantirishni ifoda etadi. Unda davlatimiz mustaqilligi va suverenitetini mustahkamlash ustuvor vazifa sifatida aniq belgilab qo‘yilgan.

Mamlakatimiz geostrategik joylashuvining o‘ziga xosligi, shuningdek, mintaqada vujudga kelayotgan harbiy-siyosiy holatni hisobga olgan holda, Qurolli Kuchlar birlashmalarining vazifa va tuzilmalari qayta ko‘rib chiqildi. Milliy gvardiya barpo etildi, armiyani yangi qurol-aslaha va zamonaviy harbiy texnika bilan ta’minlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Mudofaa sanoati bo‘yicha davlat qo‘mitasi tuzildi. Harbiy kadrlar tayyorlash sohasida olib borilayotgan tizimli o‘zgarishlar asosida Qurolli Kuchlar akademiyasining faoliyati tubdan qayta tashkil etildi.

Harbiy xizmatchilar, ularning oilalari va faxriylarni ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu haqda gapirganda, 2017 yilda harbiy xizmatchilar uchun 56 ta ko‘p qavatli uy barpo etilganini va bu ishlar kelgusi yilda yanada katta hajmda davom ettirilishini  ta’kidlash joiz.

Ayni paytda mudofaa sohasida oldimizda yangi va muhim vazifalar turganini barchamiz yaxshi tushunamiz. Avvalo, Milliy xavfsizlik konsepsiyasi hamda Mudofaa doktrinasining samarali va o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta’minlash bo‘yicha hali ko‘p ish qilishimiz kerak.

Davlatimizning mudofaa qobiliyatini yanada  mustahkamlash, armiyamizning jangovar qudrati va salohiyatini oshirish ham eng muhim vazifalarimizdan biri hisoblanadi. Qurolli Kuchlarni zamonaviy qurol-aslaha va harbiy texnikalar bilan ta’minlash uchun Mudofaa-sanoat kompleksini shakllantirish va rivojlantirish davlat dasturini qabul qilishimiz zarur.

Mamlakatimizda qabul qilingan Harakatlar strategiyasiga muvofiq, biz tashqi siyosat sohasida barcha uzoq va yaqin davlatlar, avvalo, qo‘shni mamlakatlar, xalqaro tashkilotlar bilan do‘stona va o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini har tomonlama rivojlantirish siyosatini izchil davom ettiramiz.

Biz O‘zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlar va xalqaro moliya  institutlari bilan siyosiy, savdo-iqtisodiy,  madaniy-gumanitar sohalarda tuzilgan shartnoma va kelishuvlarni o‘z vaqtida, to‘liq va sifatli  bajarish bo‘yicha barcha zarur chora-tadbirlarni ko‘ramiz.

Fursatdan foydalanib, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlab, bizga xayrixoh bo‘lib kelayotgan xalqaro tashkilotlar vakillariga, xorijiy davlatlarning muhtaram elchilariga samimiy minnatdorchilik bildirishga ruxsat etgaysiz.

Hurmatli do‘stlar!

Bugun sizlarning e’tiboringizga taqdim etilgan ushbu Murojaatnomada bayon qilingan reja va loyihalar, hech shubhasiz, mamlakatimiz taraqqiyotini, xalqimiz farovonligini yangi, yanada yuksak bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi.

Ayni vaqtda barchamiz yaxshi tushunamizki, bu ustuvor yo‘nalishlarni to‘liq va samarali amalga oshirish uchun tegishli huquqiy asos va mexanizmlarni yaratish zarur.

Shu munosabat bilan Bosh vazir A.Aripov, Davlat maslahatchilari U.Ismoilov, O.Murodov, Xavfsizlik kengashi kotibi V.Mahmudovga barcha davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar, Toshkent shahri, tuman va shaharlar hokimlari bilan birgalikda, ushbu Murojaatnomadan kelib chiqadigan ustuvor vazifalarni so‘zsiz amalga oshirishga doir kompleks chora-tadbirlarni 2018 yil 10 yanvargacha ishlab chiqish va tasdiqlashni ta’minlash vazifasi topshiriladi.

Aziz va muhtaram vatandoshlar!

Albatta, Murojaatnomada bayon etilgan maqsad va vazifalarni amalga oshirishda hal qiluvchi  bosqich bo‘ladigan 2018-yil biz uchun oson bo‘lmaydi. Buni ochiq aytish kerak. Lekin, xalqimiz ta’biri bilan aytganda, suv kelsa simirib, tosh kelsa kemirib bo‘lsa ham, tanlagan yo‘limizdan qaytmasligimiz shart. Nega deganda, bu hayotda hech narsa o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi. O‘zimiz harakat qilmasak, hech kim bizga beg‘araz yordam bermaydi.

Barchamiz bir haqiqatni chuqur tushunib, anglab olishimiz kerak: bugun gap xalqimiz, Vatanimizning taqdiri va kelajagi, jondan aziz bolalarimizning baxti va kamoli haqida bormoqda. Shunday ulug‘ maqsadlar yo‘lida barchamiz belimizni mahkam bog‘lab ishlashimiz, bor aql-zakovatimiz, bilim va tajribamizni, jonajon Vatanimizga farzandlik mehrimiz va sadoqatimizni safarbar etishimiz kerak.

O‘zimiz o‘zimizga xiyonat qilmasak, o‘zimiz o‘zimizni aldamasak, halol-pok bo‘lib mehnat qilsak, men aminman, ko‘zlagan barcha marralarimizga albatta yetamiz. Bu borada men avvalo ko‘p sinovlardan yorug‘ yuz bilan o‘tgan olijanob xalqimizning mustahkam irodasi va bunyodkorlik salohiyatiga ishonaman.

Ezgu maqsadlarimizga erishish yo‘lida barchangizga kuch-g‘ayrat, sihat-salomatlik, oilaviy baxt va farovonlik tilayman.

 

Katta rahmat sizlarga, sog‘-omon bo‘linglar!