Sidebar

"Қашқадарё" ва "Новости Кашкадарьи" газеталарининг расмий веб-сайти
Ўқимоқчи бўлган газетангиз номи устига босинг!
(Нажмите на логотип газеты, которую планируете прочитать)

22 - aprel, yakshanba.

"QUVNOQ STARTLAR"DAN JAHON CHEMPIONLIGIGACHA

Sport
Tipografiya

Iqtidorlilar - yurt tayanchi

"QUVNOQ STARTLAR"DAN JAHON CHEMPIONLIGIGACHA

Kishi hayotda hech qachon biror marraga shunchaki erishmaydi. Qo‘lga kiritilgan har bir yutuq zamirida o‘z vaqtida to‘g‘ri qo‘yilgan qadam, tirishqoqlik, sabr-toqat bilan yillar davomida qilingan mehnat yotadi.

Qarshi tumanidagi 59-o‘rta maktabning 10-sinf o‘quvchisi, sportning taekvondo turi bo‘yicha jahon chempioni Malika Choriyeva ham bugun erishgan yutuqlarini ana shu jihatlar   bilan bog‘laydi.

- Aslida sportga qiziqishimga jismoniy tarbiya ustozim - Rustam  Suyarov sabab bo‘lgan, - deydi u. - U kishi darslardagi faolligimni ko‘rib, maktab miqyosida tashkil etiladigan "Quvnoq startlar" musobaqalariga qatnashishga undagan. 2010-yilda maktabimizda o‘zbek jang san’ati to‘garagi tashkil etilgach, akam bilan ushbu to‘garakka qatnay boshladik. O‘sha vaqtlardayoq chempion bo‘lishga qat’iy ahd qilgandim. Shu bois mashg‘ulotlarga astoydil kirishdim. Harakatlarim va ustozim Asqar Nikkiyevning ko‘rsatmalari, maslahatlari natijasida dastlab viloyat miqyosidagi musobaqalarda yuqori o‘rinlarni egalladim. Keyin esa ketma-ket 5 marotaba O‘zbekiston chempioni bo‘ldim.

Hayotda shunday insonlar ham borki, qaysi vazifani bajarishni topshirmang, a’lo darajada uddalaydi. Shuning uchun bundaylarga qobiliyatli, iqtidorli, deya ta’rif beriladi. Malika Choriyeva ham qobiliyatli yoshlar sirasidan. U sportning o‘zbek jang san’ati bilan astoydil shug‘ullanib kelib, taqdir taqozosi bilan yo‘nalishini ozgina o‘zgartirdi - maktabdagi boshqa sport to‘garagi - taekvondo ITF bo‘yicha mashg‘ulotlarga qatnay boshlaydi.

Ko‘p o‘tmay ushbu sport turida ham yuqori natijalarni zabt etishga kirishdi. 6 karra O‘zbekiston chempionati, 2 marotaba xalqaro turnirlarning yuqori probali medallari bilan qaytdi. 2016-yilda O‘zbekiston terma jamoasi safiga qabul qilindi. Shu yili Belarusda bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi. 2017-yilda esa unga "Xalqaro toifadagi sport ustasi" unvoni berildi.

Malika Choriyevaning sport sohasida erishgan yutuqlari, mamlakatimiz sportiga qo‘shayotgan hissasi hukumatimiz tomonidan ham munosib e’tirof etildi. Xususan, Prezidentimizning 2018-yil 2-martdagi qaroriga asosan Malika Choriyeva Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlandi.

- Bu mukofotni Prezidentimiz menga bildirgan ulkan ishonch namunasi deb bilaman, - deydi Malika. - Endi bor kuch va mahoratimni ana shu ishonchni oqlash uchun qaratmoqchiman. Nasib etsa, turli xalqaro musobaqalarda yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘tarish, olimpiada chempioni bo‘lish - eng asosiy  maqsadim. Hozirgi kunda esa, ustozim - akam Shohrux Choriyev murabbiyligida may oyida Mo‘g‘uliston poytaxtida bo‘lib o‘tadigan Osiyo chempionatiga tayyorgarlik ko‘rayapman. Ushbu chempionatdan ham   albatta, chempion bo‘lib qaytishni niyat qilganman.

J.BOYMURODOV

* * *

Suratda: Malika Choriyeva dugonalari bilan.

 

Sobir NARZIYEV olgan surat.