Sidebar

"Қашқадарё" ва "Новости Кашкадарьи" газеталарининг расмий веб-сайти
Ўқимоқчи бўлган газетангиз номи устига босинг!
(Нажмите на логотип газеты, которую планируете прочитать)

23 - sentabr, yakshanba.

HAMMAYAM TONGDA TURIB YUGURGISI KЕLADI, BIROQ...

Sport
Tipografiya

Taklif

HAMMAYAM TONGDA TURIB YUGURGISI KЕLADI, BIROQ...

Yaqinda televizorda Yaponiya haqida ko‘rsatuv ko‘rib qoldim. Tong. Chor atrof yam-yashil. Ochiq tabiat qo‘ynida asosan yoshi keksa kishilar turli badantarbiya mashqlarini bajarish bilan band. Bilasiz, u tomonlarning odamlari uzoq yashaydi. Sababi esa ma’lum: jismoniy tarbiyaning nafi bu. Umuman, Yevropa yo Amerika filmlarida ham bunday manzaralarni ko‘p uchratamiz.

Qizig‘i, chetdan juda ko‘p bo‘lar-bo‘lmas narsalarni o‘zlashtiramizu, foydalisiga kelganda e’tibor bermay ketaveramiz. Deylik, ochiq tabiat qo‘ynida badantarbiya bilan shug‘ullanishborasida. Yurtimizning biror joyida ana shunday ommaviymashg‘ulot bilan shug‘ullaniladigan go‘shani uchratganmisiz? Ochiq tabiat qo‘ynida ertalabdan go‘sht chaynab, aroq ichib o‘tirgan, yoinki xo‘rozu kuchuk urishtirayotgan to‘da odamlarga ko‘p duch kelganmiz, ammo ko‘p odam yig‘ilib, badantarbiya qilayotganiga deyarli ko‘zimiz tushmagan.

Yozuvchi Xayriddin Sultonning “Badantarbiya” nomli hikoyasi bor. Unda bir amaldorga yuragini yog‘ bosgani uchun do‘xtir piyoda yurishni, saharda yugurishni maslahat beradi. Jon shirin – amaldor haydovchisiga javob berib, tonglab yugurishni odat qiladi. Ammo birinchi kundanoq muammolarga duch keladi: qo‘ni-qo‘shni, tanish-bilishlar unga hayron bo‘lib qaraydi. Oqibat shu bo‘ladiki, piyoda yurgani sabab uni ishdan bo‘shaganga chiqarishadi, hatto yaqinlarining munosabati ham o‘zgarib qoladi. Amaldor esa ilojsiz yana mashinada yura boshlaydi...

Tongda yugurishni istagan, biroq yon-atrofdagilarning munosabati sabab istagiga muntazamlik baxsh etolmagan juda ko‘p kishilarga tanish holat bu. O‘zimdan misol: bir gal qat’iy ahd bilan kun oqarmasdan yugurishga chiqdim. Shu payt yo‘limdan bir qo‘shni chiqib qolsa-da. “Ha, tinchlikmi?” deydi xavotir bilan. Meni biror tashvish bilan chopib yuribdi deb o‘yladi. Shunday holatda nima qilasiz? Boshqalarni tashvishga qo‘ymaslik uchun yugurmaysiz, tamom-vassalom. Qaysi odamga hijjalab tushuntirasiz sog‘liq uchun yugurayapman deb.

Bordiyu hamma emin-erkin shug‘ullanadigan maxsus joy, maydon bo‘lganida, bunday istiholaga o‘rin qolmasdi. Deylik, o‘sha, televizorda ko‘rganimiz – yam-yashil yalanglik bo‘lsayu, hamma badantarbiya qilsa, yugursa.

Biroq afsuski, bizda bunday sharoit yo‘q. Masalan, Qarshi shahrida ertalabki soat 5-6 larda yugurib yurgan kishilarni ko‘p uchratamiz. Biroq qishloqlarda-chi? Yo‘q, yugurgan yoshlar bo‘lishi mumkin, yoshi kattalarni uchratmaysiz. Sababini esa yuqorida aytdik.

Bunday o‘ylab qarasak, qishloq kishisiga ko‘chani to‘ldirib yugurib yurish sal noqulay. Shahardagi muhit esa sal boshqacha – birov-birovni tanimasligi shu joyda qo‘l keladi. Qolaversa, shaharda qishin-yozin yugurish uchun sharoit bor, qishloqda esa bir kun yog‘ingarchilik bo‘lsa, bir hafta ko‘chaga chiqib bo‘lmaydi.

Shunday ekan, har bir mahallada ommaviy sport, badantarbiya bilan shug‘ullanish uchun maydonlar tashkil qilinishi, mahalla faollari sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishi kerak.

Shu haqda so‘z yuritarkanmiz, odatda yakka tartibda uy-joy qurish uchun yangi yer uchastkalari ajratilarkan, bunda sport maydonchalari ham nazarda tutilgani, ma’lum hudud aynan shuning uchun ajratib qoldirilgani esga keladi. Biroq hozir o‘sha maydonchalar qani, qayerda bor? Bugun ularning bari egali, o‘rniga uy yoki mutlaqo boshqa-boshqa obyektlar qurib olingan va bir vaqtlar shu joy aynan nima uchun bo‘sh qoldirilgani birovning xayoliga kelmaydi. Qolaversa, 2009-yildan qurilishi boshlangan namunaviy loyiha asosidagi turar joylar massivlarida ham ijtimoiy obyektlar qatorida bolalar sport maydonchalari, stadion nazarda tutilgan, ya’niki kishilarning sport bilan shug‘ullanishlariga sharoit yaratish istagi bo‘lgan, biroq ozgina vaqt o‘tishi bilan ularning aksari tadbirkorlik subyektlariga yoki jismoniy shaxslarga butkul o‘zga maqsadlar ko‘yida “beg‘araz” berib yuborilgani alamli hol.

Bundan kim manfaat ko‘rganu kim jabr chekayotganini uzoqdan qidirib yurmasa ham bo‘ladi.

Masalaning muhimligini dalillash uchun bir faktni keltiraman: birgina o‘tgan yili viloyatda yurak kasalliklari bilan bog‘liq 130 mingdan ziyod bemor ro‘yxatga olingan bo‘lsa, ularning 60 mingi doimiy tekshiruvdan o‘tib turishi kerak, 4 ming nafarga yaqin inson esa operatsiyaga muhtoj.

To‘g‘ri, yurak kasalliklarining sabablari ko‘p. Biroq yoshi kattalarda yurak bezovta qilishining asosiy omillardan biri – kam harakatlilikdir. Agar har bir qishloq, mahallada ommaviy ravishda sport bilan shug‘ullanishga, yugurishga sharoitlar yaratib qo‘yilsa (pullik maydonlarni esa barchaning ham cho‘ntagi ko‘tarmaydi), tabiiyki, hammamashg‘ulotlarga boradi. O‘z-o‘zidan sog‘lom odamlar ko‘payadi. Aksincha, hozirgi turishda yuqoridagi raqamlar ortib boraveradi.

B.O‘KTAM