Sidebar

"Қашқадарё" ва "Новости Кашкадарьи" газеталарининг расмий веб-сайти
Ўқимоқчи бўлган газетангиз номи устига босинг!
(Нажмите на логотип газеты, которую планируете прочитать)

21 - iyul, yakshanba.

ULKAN YUTUQLAR QURSHOVIDAGI “BAXT”

Qishloq xo'jaligi
Tipografiya

Mulkdor va davr

ULKAN YUTUQLAR QURSHOVIDAGI “BAXT”

Kasbim taqozo etib, ish yuzasidan viloyatimizdagi ko‘plab tadbirkorlar, fermerlar bilan uchrashganman. Ular bilan faoliyatida erishgan katta natijalar, ertangi rejalar haqida suhbat qurganman. Bu muloqotlar ko‘pincha menda bir jihati bilan esda qoladi. Qaysi bir ishbilarmonni gapga solmay, u odamda kuchli bir ishtiyoqni, intilishni sezaman. Aksariyati ishida biror ko‘rinarli yangilik qilish maqsadi bilan yashaydi. Amalga oshirmoqchi bo‘lgan biznes loyihasining ta’rifini keltiradi. Bunday kishilar hech bir asos bo‘lmasa, aslo muammodan so‘z ochmaydi. Qiyinchilikka duch kelgan bo‘lsa ham biror tadbirini qilib, unga birinchi galda o‘z kuchi bilan yechim topish payida bo‘ladi. Va buning uddasidan chiqqani ham ko‘p. Shu bois bunday kishini tadbirkor, ishning ko‘zini biladigan deb alqaymiz. Shunga qaramay, ular muvaffaqiyatlarining bosh omili sifatida yurtimizda xususiy tadbirkorlikka yaratilgan keng sharoitlarni ko‘rsatadi. Mulkdor bo‘lib, hech ham kam bo‘lmagani, jamiyatda o‘z o‘rniga ega ekani, mamlakatimiz rivojiga ulush qo‘shayotganidan faxrlanadi.

Darhaqiqat, bugun mamlakatimizda o‘zimni ko‘rsataman, tadbirkor bo‘laman degan odamga imkoniyatlar bisyor. Qulay ishbilarmonlik muhiti shakllangan. Qonun doirasida ish yuritsangiz, hech kim faoliyatingizga asossiz aralasha olmaydi. Tadbirkorning huquq va manfaatlari davlat tomonidan himoyalangan. Buning huquqiy asosi avvalo Konstitutsiyamizda mustahkamlab qo‘yilgan. Asosiy qonunimizning 36-moddasida “Har bir shaxs mulkdor bo‘lishga haqli”, deb ko‘rsatilgan. Bu - har bir yurtdoshimiz mulk orttirish, mustaqil biznesini tashkil etish, sarmoyasini o‘zi istagandek tasarruf etishga huquqli degani. Kerak bo‘lsa, bunday tashabbuslar davlat tomonidan ham har tomonlama qo‘llab-quvvatlanadi, rag‘batlantiriladi.

Ayni shunday yuksak e’tiborni iqtisodiyotimizning tayanch ustunlaridan biri bo‘lgan fermerlik harakati misolida ham ko‘rish mumkin. Bugun agrar sohada xususiy sektorning ishtiroki qay darajada samara berayotganini bilish qiyin emas. Tarmoq doim o‘sishda, ishlab chiqarish mahsuldorligi yil sayin ortayapti. Bu ham bo‘lsa, odamlarning yerga munosabati tubdan o‘zgargani, mehnatidan manfaatdorligi harchand oshgani, zamonaviy texnologiyalar muttasil joriy etilayotgani evaziga bo‘layapti. Kechagina kosasi oqarmagan dehqon bugun chin ma’noda qishloq mulkdoriga aylangan. Hududda kechayotgan har qanday o‘zgarishga u ham bir qadar daxldor.

- Mehnatdan qochmagan, astoydil ishlagan kishi borki, boy bo‘layapti, - deydi Qarshi tumanidagi “Baxt” fermer xo‘jaligi raisi Ibrohim Xoliyorov. – Aslida biror-bir yutug‘imiz haqida gapirganda, fermerlikning, tadbirkorlikning ketidan erishayapmiz, deymiz. Yo‘q, avvalo bular uchun tagzamin bo‘lib xizmat qilgan omil mavjud. U ham bo‘lsa, Bosh qomusimizdir. Axir bizning tadbirkorlik qilish, erkin ishlash huquqimiz unda o‘z aksini topgan. Faoliyatimizni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qarorlar ham shu asosda qabul qilinayapti. Buning mevasini esa biz qo‘lga kiritayotgan yutuqlarda ham ko‘rish mumkin. Natija qilingan mehnatga yarasha. Qisqa davr ichida chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaligimiz har jihatdan qaddini tutib oldi. Zotli qoramollar bosh soni 600 taga, parranda soni 2 mingtaga yetgan. Boshqa tarmoqlar ham sermahsulligi bilan ajralib turibdi.

Darhaqiqat, mehnatda gap ko‘p. Boz ustiga yana bu mehnat qo‘llab-quvvatlab, rag‘batlantirib turilsa, ishda unum, daromadda baraka bo‘ladi. Shunga muvofiq istiqlol yillarida qishloqda qaror topgan mulkchilikning yangi shakli – fermerlikning serqirra imkoniyatlaridan oqilona foydalangan mulkdor chinakam mo‘jiza yaratayapti. Mana buning yorqin isboti. “Baxt” fermer xo‘jaligi tomonidan Qovchin qishlog‘ida yangi majmuaga asos solindi. Bu majmuaning bir qismi chorvachilik va parrandachilikni rivojlantirishga, bir qismi esa issiqxona uchun ajratilgan. 20 sotix joyda barpo etilgan issiqxonaga xorijdan keltirilgan 60 tup limon va 30 tup apelsin ko‘chatlari o‘tqazilgan. Fermer xo‘jaligi a’zolari limon va apelsin ko‘chatlari hosilga kirgunga qadar ularning orasida kechki pomidor va bodring yetishtirishni maqsad qilishgan. Ibrohim Xoliyorovning aytishicha, majmua bo‘lmalarining birida kelgusida tuyaqush boqish mo‘ljallangan. Ayni paytda bir bo‘lmada ming bosh bedana parvarishlanayapti. Qolgan bo‘lmalar esa yilqichilikni, bo‘rdoqichilikni rivojlantirishga xizmat qiladi.

Ta’kidlash joizki, ushbu fermer xo‘jaligida nafaqat zarur xomashyo mahsulotlarini yetishtirish, balki ularni sanoat usulida qayta ishlashga ham alohida e’tibor berilmoqda. Shu maqsadda xorijdan zamonaviy ishlab chiqarish liniyalari olib kelib o‘rnatilgan. Ushbu sexlarda bir kunda 1 tonna go‘sht va yana shuncha sutni qayta ishlash imkoni mavjud. Tayyorlanayotgan kolbasa, sut, kefir, pishloq va smetana singari noz-ne’matlar aholiga yetkazib berilayapti. Shuningdek, yana bir sexda qolipli non, patir va makaron mahsulotlari ishlab chiqariladi.

- Joriy yilda yana bir qancha yangiliklarga qo‘l urdik, - deydi fermer. – Biz uchun butunlay notanish bo‘lgan quyonchilikni tashkil etdik. Hozir 300 naslli quyon boqayapmiz. Bu jonivorlar juda go‘shtdor, tez ko‘payib, tez yetiladi. Qolaversa, chetdan qariyb 30 bosh angler zotiga mansub qoramol olib keldik. Bu qoramollar sut yo‘nalishida yuqori mahsuldorlikka ega. Har biri 20 litrga yaqin sut beradi. Albatta, xo‘jalik yumushlariga hududdagi yoshlarni ham jalb qilganmiz. Ularga moddiy ko‘mak berish, mehnatini munosib rag‘batlantirishga asosiy ahamiyat qaratganmiz. Bundan tashqari, kelgusida yana ko‘plab ish o‘rinlari yaratamiz. Buni qishloqda to‘yxona, maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari qurish evaziga amalga oshiramiz.

Aslida dehqon qachon shunday mehnat qiladi? Qachonki mehnati qadr topsa, qachonki yerning haqiqiy egasi ekanligini his etib, buguni-yu ertasi shu zamin bilan bog‘liqligini tushunib yetsa. Qat’iy ishonch bilan aytish mumkin: hozir yurtimizdagi dehqonu fermerda ana shu tuyg‘u shakllanib ulgurdi. Zero mustaqillik yillarida mamlakatimizda qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, sohadagi barcha jarayonlarning tobora takomillashtirilishi, fermerlik harakatining har tomonlama mukammallashtirilishi va yanada ko‘proq qo‘llab-quvvatlanishi, xo‘jaliklar moddiy-texnik bazasining yildan-yilga mustahkamlanib borayotganligi shunday deyishimizga asos bo‘ladi.

M.SHUHRATOV

Sobir NARZIYEV olgan suratlar.