Sidebar

"Қашқадарё" ва "Новости Кашкадарьи" газеталарининг расмий веб-сайти
Ўқимоқчи бўлган газетангиз номи устига босинг!
(Нажмите на логотип газеты, которую планируете прочитать)

23 - yanvar, seshanba.
As soon as you open an account Bet365 will send you a 10 digit Offer Code via email. Receive Your £200 bet365 Welcome Promo Bonus plus £50 Mobile Promo

ROHATINI MEHNATDAN TOPGAN FERMER

Qishloq xo'jaligi
Tipografiya

Ayol va zamon

ROHATINI MEHNATDAN TOPGAN FERMER

Mirishkor tumanidagi “Sanobar Mirzo” fermer xo‘jaligi raisi Sanobar Hamidova mehnatsevarligi, ishbilarmonligi bilan tilga tushgan. Bu ayol hech tinim bilmaydi. Yo‘lingiz shu tomon tushsa, g‘ayrat-shijoatga to‘la bu fermerni uchratmay qolmaysiz. Ishi yurishmay turgan qishloqdoshi bormi, maslahatini, amaliy yordamini ayamaydi. Ayniqsa, qishloq xotin-qizlariga e’tibor ko‘rsatish uning odati. Bugun hududda Sanobar Hamidovaga ergashib, foydali mashg‘ulotni mahkam tutayotgan va bundan samara ham chiqarayotgan ayollar ko‘payib borayotgani shundan.

Mutaxassisligi biolog bo‘lgan bu ayol fermerlikka ancha erta qo‘l urgan. Fermer xo‘jaligining asosiy yo‘nalishlari g‘allachilik va paxtachilik etib belgilandi. U 107 gektar yerning 46 gektarida paxta, 40 gektarida g‘alla yetishtirib kelayapti. 3 gektar maydonda bog‘ barpo qilgan. Asosiysi, Sanobar Hamidova o‘z ishini sevadi, o‘zi erishayotgan yuqori natijalardan rohatlanadi. Tajribali fermer yuqori hosildorlik va sifat daromadni ko‘paytirishini yaxshi tushunadi. Shu tariqa ish olib borayotgani uchun ham bugun qo‘li uzun, imkoniyati keng.

- Yerdan unumli foydalanish, bozorlarimizni sarxil meva-sabzavotlar bilan ta’minlash birmuncha mashaqqatni talab etadi, - deydi fermer ayol. - Shunga qaramay joriy yilda mamlakatimiz xirmoniga har gektardan 60 sentnerdan oshirib g‘alla, 45 sentnerdan paxta saranjomlab sotdik. Bundan tashqari, fermer xo‘jaligimizda issiqxona tashkil etish barobarida yangi ish o‘rinlarini ham yaratdik. 2016-yilda yurtimizda birinchilardan bo‘lib eng ko‘p – rejadagi 70 tonna o‘rniga davlatga 180 tonna g‘alla sotgan fermer xo‘jaligimiz respublika Fermerlar kengashining tashakkurnomasi va “Spark” avtomashinasi bilan taqdirlandi.

Sanobar Hamidova zamonamiz fermeri katta tajriba va malakaga ega bo‘lishdan tashqari zamonaviy bilimlarni ham puxta egallashi kerak, deya hisoblaydi. Ya’ni yuqori marrani ko‘zlagan dehqon zamonaviy boshqaruv usullaridan yetarlicha boxabar bo‘lishi shart. Uning so‘zlariga ko‘ra, Prezidentimiz taklifi bilan joriy yilning Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili deb nomlanishi yurtimiz ishbilarmonlariga qaratilayotgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rliklarning yorqin namunasi bo‘ldi. Shunga javoban fermerlar har bir kunini behuda sarflamasdan, xayrli ishlarga bosh-qosh bo‘lishi lozim. “Qo‘shimcha resurslarni izlab topish va ulardan o‘z o‘rnida foydalanish fermerning foydasiga xizmat qiladi”, deydi u.

- Xo‘jaligimiz tarmoqlarini kengaytirishga imkoniyatimiz bor, - deya davom etadi fermer. - Chorvachilik, baliqchilikni yo‘lga qo‘ymoqchimiz. Bu borada dastlabki ishlar boshlab yuborilgan. Shuning evaziga yangi ish o‘rinlari yaratiladi, xo‘jalikning iqtisodiy imkoniyati yanada oshadi. Shuningdek, joriy yilda chet davlatlardan yangi texnologiyalar olib kelib, o‘zimiz yetishtirayotgan mahsulotlarni qayta ishlaydigan sex ochish ustida ish olib borayapmiz.

Fermer ayolni chetdan kuzatsangiz, tilidan shirin so‘z arimasligi, vaqt topib o‘ziga oro berishga ham ulgurishini ko‘rasiz. Yana bir muhim jihati, yangilikka intiluvchan. Kitob o‘qishni kanda qilmaydi. Davriy nashrlarni kuzatib boradi.

- Bugun shu narsaga amin bo‘ldimki,  astoydil mehnat qilgan odam, albatta, uning rohatini ko‘rar ekan, - deydi Sanobar Hamidova. - Bunga dalalarimizdagi paxta, g‘alla, bog‘larimizdagi sarxil, shirindan-shakar mevalarimiz ortidan topayotgan daromadimiz bir misol. Esimda,  avvallari ayollarning turmush darajasi butunlay boshqacha edi. Rangpar, yupun bolalar, paxta etaklarini nozik beliga tang‘ib olgan nimjon homilador kelinchaklar... Pastqamgina dala shiyponida ko‘plab go‘daklarga “bog‘cha opalik” qilib o‘tirgan onaxonlar... Buni yoshi ulug‘lar juda yaxshi bilishadi. Bugungi kunimizni ko‘ring, butkul boshqacha. Fermer xo‘jaligimizda ishchilar uchun shinamgina dam olish xonalari, yotoqxona, oshxona barpo etganmiz. Har yili fermer xo‘jaligi hisobidan 15 nafar ishchi-xodimga qishki kiyim-kechaklar, oziq-ovqat mahsulotlari tarqatamiz. Oylik maoshlarini vaqtida olib turishadi. Chunki erishgan barcha yutuqlarimiz ularning halol mehnati evaziga ekanligini unutmasligimiz kerak.

Sanobar Hamidovaning yana bir xislati uning muruvvatli inson ekanligida. U har bir bayramda Muruvvat, Mehribonlik va Saxovat uylariga, mahallasidagi ehtiyojmand, nogironligi bor kishilarga o‘z xohishi bilan yordam berishni kanda qilmaydi. Shundan bo‘lsa kerak, u 2017-yilda “Yil ayoli” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichida “Yilning eng muruvvatli ayoli” nominatsiyasi bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Bu e’tirof Sanobar Hamidovadek – oddiy qishloq ayolini yangi natijalar, marralarga ruhlantirdi. Aynan shu rag‘bat samaralari uning keyingi  faoliyatida yanada yorqinroq namoyon bo‘lishiga ishonaman.

Shohista BOZOROVA