Sidebar

"Қашқадарё" ва "Новости Кашкадарьи" газеталарининг расмий веб-сайти
Ўқимоқчи бўлган газетангиз номи устига босинг!
(Нажмите на логотип газеты, которую планируете прочитать)

25 - aprel, chorshanba.

485 DONA MAXSUS TEXNIKA

Qishloq xo'jaligi
Tipografiya

Agrar sektor

485 DONA MAXSUS TEXNIKA

mo‘l hosil, sifatli mahsulot uchun

Ma’lumki, qishloq xo‘jaligida mavsumiy tadbirlarni yuqori darajada, ya’ni tez va sifatli bajarishda maxsus texnikalar muhim ahamiyatga ega. O‘z navbatida ularni keng qo‘llash dehqonchilikdan mo‘l hosil yetishtirish imkoniyatini yanada oshiradi. Biroq bugungi kunda ushbu sohaning asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi texnikalari bilan ta’minlanganlik darajasini qoniqarli deb bo‘lmaydi. Ma’lumotlarga qaraganda, ayni paytda yurtimiz qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishida foydalanilayotgan 146,3 ming texnikaning 56,2 mingtasi ekspluatatsiya muddati 15 yildan oshgan. Bu esa mavjud mashina-traktor parkini yangilashni talab etadi.  Bu haqda Prezidentimizning 2018-yil 4-yanvardagi mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi texnikaviy ta’minotini yanada yaxshilashga qaratilgan qarorida ta’kidlanadi.

Mazkur hujjatga muvofiq, joriy yilda bahorgi agrotexnika ishlarini o‘z vaqtida va sifatli bajarish, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilariga ko‘rsatilayotgan mexanizatsiya xizmatlari darajasini oshirish maqsadida bir qator chora-tadbirlar belgilandi. Jumladan, 2018-yilning birinchi yarmida hududlar kesimida qishloq xo‘jaligi texnikasini yetkazib berish parametrlari tasdiqlandi. Unga ko‘ra, tegishli davrda viloyatimizga jami 485 dona maxsus texnika keltiriladi. Shuning 185 tasini yuqori ot kuchiga ega, eng so‘nggi rusumdagi traktorlar tashkil etadi. Ular orasida ixcham, bog‘ orasida yurishga mo‘ljallangan texnikalar ham bor. Bundan tashqari, 30 donadan ortiq “CASE”, “Dominator” va “Vektor” rusumli g‘alla o‘rish kombaynlari xarid qilinadi. Mazkur ro‘yxatda plug, seyalka, purkagich, kultivator hamda lazerli planirovshik singari osma va tirkamali texnikalar ham asosiy o‘rinni egallagan. Ularning soni qariyb 270 taga yetadi.

Qayd etish joizki, mazkur texnikalarni yetkazib berish ATB “Agrobank” kreditlari, fermer xo‘jaliklari va mashina-traktor parklarining o‘z mablag‘lari va boshqalar hisobidan amalga oshiriladi. Shuningdek, qarorga asosan, mutasaddi vazirlik va tashkilotlarga g‘alla, paxta xomash-yosi va sholining xarid narxlarini shakllantirishda  ishlab chiqaruvchilarga ko‘rsatilajak mexanizatsiya xizmatlari uchun haq to‘lash tariflari miqdorini hisobga olish vazifasi topshirildi.

Hududlarga yetkazib beriladigan qishloq xo‘jaligi texnikalarining asosiy qismi yurtimizdagi ixtisoslashgan korxonalar tomonidan ishlab chiqarilishi ahamiyatga molik.

 

M.JO‘RAYEV