Sidebar

"Қашқадарё" ва "Новости Кашкадарьи" газеталарининг расмий веб-сайти
Ўқимоқчи бўлган газетангиз номи устига босинг!
(Нажмите на логотип газеты, которую планируете прочитать)

22 - iyul, yakshanba.

HORMANG MIRISHKORLAR, ZAFAR MUBORAK!

Qishloq xo'jaligi
Tipografiya

G‘alla - 2018

HORMANG MIRISHKORLAR, ZAFAR MUBORAK!

Joriy mavsumda qish va bahor ancha qurg‘oqchil kelgani, yurtimizda sezilarli suv taqchilligi kuzatilgani ham qishloq xo‘jaligida salmoqli yutuqlar qo‘lga kiritilishiga to‘siq bo‘la olmayapti. Aksincha, mavjud resurslarning oqilona ishga solinishi, obi hayotdan tejab foydalanilishi evaziga sohada mahsuldorlik yuqori bo‘lishi ta’minlanmoqda. Viloyat g‘allakorlari tomonidan davlatga don sotish shartnoma rejasi ortig‘i bilan bajarilgani ham buning yorqin dalilidir.

Aytish joizki, bu yil vohamizdagi 8 ming 969 fermer xo‘jaligi 143 ming gektar maydonda mahalliy iqlimga mos “Yaksart”,“Grom”, “Tanya”, “Krasnodar – 99”, “Bunyodkor”, “Turkiston” singari va serhosil g‘alla navlarini yetishtirdi. Lalmi yerlarda kutilgan samara qayd etilmagan bo‘lsa-da, sug‘oriladigan maydonlarda boshoqli don ekinlari hosili mo‘l bo‘lishiga erishildi. Bunga og‘ir mavsumda g‘alla parvarishigatajribali mirishkorlar maslahati asosida yondashilgani, suvdan tejab, oqilona foydalanilgani va boshoqli don ekinlari mahalliy, mineral o‘g‘itlar bilan o‘z vaqtida oziqlantirilib, zarur agrotexnik talablarga qat’iy rioya etilgani bosh omil bo‘ldi.

Viloyatda o‘rim-yig‘im ishlari qisqa fursatda yakunlangani ham diqqatga sazovor. Buning uchun avvaldan alohida hozirlik ko‘rildi, barcha yumushlar uyushqoqlik bilan tashkil etilgani ahamiyatlidir. Mavjud g‘alla maydonlari o‘rimga puxta tayyorlanib, tashkil etilgan 480 otryadga yuqori unumli kombaynlar biriktirildi. Yirik harakat va katta mehnat evaziga yetishtirilgan donni nest-nobud qilmay qabul punktlariga tashish uchun 2 ming 300 dan ortiq texnika jalb etildi.

Og‘ir iqlim va ob-havo sharoiti, suv yetishmasligi qayd etilganiga qaramasdan viloyat mirishkorlari zimmasiga olgan shartnoma majburiyatini muvaffaqiyat bilan ado etishib, davlatga 332 ming tonnadan ortiq sara don sotishdi. Yana ular el xirmoniga qo‘shimcha 30 ming tonnadan ziyod g‘alla qo‘shishni maqsad qilishgan.

Ushbu yuqori marraning muvaffaqiyat bilan zabt etilishida Mirishkor, Kasbi, Muborak, Kitob tumanlari fermerlari ayniqsa jonbozlik ko‘rsatishdi. Dehqonlarga yetishtirilgan hosilning 1 tonnasi uchun 1 million 200 ming so‘m atrofida haq to‘lanishi belgilangani ham ularni mehnatga rag‘batlantirdi.

E’tiborlisi, vazifa sharaf bilan ado etildi. Biroq vohamiz dalalarida hali saranjomlanmagan hosil ko‘p. Shu bois joylarda o‘rim-yig‘im qizg‘in davom ettirilmoqda, g‘allazorlarda kombaynlar to‘la quvvat bilan ishlamoqda. Hosildan bo‘shagan dalalar somoni peshma-pesh yig‘ishtirib olinmoqda va sifatli shudgor qilinayotgan maydonlarning bir qismiga mosh, loviya hamda ozuqabop ekinlar ekilmoqda. Bu - to‘kinchilik, qo‘shimcha daromaddegani.

Hormang mirishkorlar, zafar muborak!

Mirzohid JO‘RAYEV

Sobir NARZIYEV olgan suratlar.