Sidebar

"Қашқадарё" ва "Новости Кашкадарьи" газеталарининг расмий веб-сайти
Ўқимоқчи бўлган газетангиз номи устига босинг!
(Нажмите на логотип газеты, которую планируете прочитать)

22 - iyul, yakshanba.

YANGI MARKAZ FERMERGA HISOB-KITOB ISHIDA KO‘MAKLASHADI

Qishloq xo'jaligi
Tipografiya

Qishloq xo‘jaligi

YANGI MARKAZ FERMERGA HISOB-KITOB ISHIDA KO‘MAKLASHADI

Yurtimizda faoliyat ko‘rsatayotgan fermer xo‘jaliklari rahbarlarining hammasi ham hisob-kitob ishlariga uquvli emas. Buning uchun alohida buxgalterga ehtiyoj sezadi yoki shu yo‘nalishda faoliyat ko‘rsatuvchi tashkilot xizmatidan foydalanishga zarurat bor. Shundan kelib chiqib, soha vakillariga yanada yengillik yaratish maqsadida muhim yangilik joriy qilinmoqda. Aniqroq aytganda, tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashlari huzurida Fermer xo‘jaliklarida buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritish markazlari tashkil etilmoqda.

Ushbu tizim Prezidentimizning joriy yil 2-yuldagi “Fermer xo‘jaliklarida hisob tizimini tubdan yaxshilash va ularga bank xizmatlari ko‘rsatishni takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq amalga kiritilmoqda.

Xo‘sh, bu markazlar qanday ishlaydi, ular tomonidan qaysi xizmatlar taklif etilmoqda? Tegishli hujjat bilan tanishib, bu savollarga ham to‘liq javob olish mumkin.

Qayd etilishicha, markazlar yuridik shaxs maqomiga ega bo‘ladi. Ular ko‘rsatadigan xizmatlar qamrovi ham keng. Jumladan, fermer xo‘jaliklari bo‘yicha buxgalteriya hisobini yuritadi, xo‘jalik ishchilariga ish haqi va undan majburiy ajratmalarni hisoblaydi. Mavsum yakuniga yetgach, fermer xo‘jaliklarining asosiy vositalari, tovar-moddiy zaxiralari, pul mablag‘lari, debitorlik va kreditorlik qarzlarini inventarizatsiyadan o‘tkazadi.

Shuningdek, soliqlar bo‘yicha hisob-kitoblar, soliq organlari bilan qarzdorlik bo‘yicha solishtirma dalolatnomalarini tuzish hamda soliq va boshqa majburiy to‘lovlarning o‘z vaqtida to‘lanishini tashkil etish ham markaz vazifasiga kiradi. Qolaversa, ushbu tuzilma moliyaviy va statistika hisobotlari tuzib, ularni tegishli organlarga taqdim etadi, fermer xo‘jaligining yil yakuniga ko‘ra daromadlari va xarajatlarini tahlil qilish va keyingi yil uchun biznes-reja tuzishda amaliy yordam beradi.

Aytish joizki, markazlar faoliyati Davlat byudjeti mablag‘lari, fermer xo‘jaliklari tomonidan to‘lanadigan a’zolik badallari va pullik xizmatlar ko‘rsatishdan olinadigan daromadlar hisobiga moliyalashtiriladi.

Qarorda markazlar buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritish bo‘yicha bepul asosda xizmatlar ko‘rsatadigan toifa ham belgilangan. Unga ko‘ra, Kengashga a’zo bo‘lgan va o‘rnatilgan tartibda a’zolik badallarini to‘lagan, davlat xaridlari uchun paxta va g‘alla yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklari bu turdagi xizmatlardan bepul foydalanadi. Boshqa qishloq xo‘jaligi mahsuloti yetishtiruvchilarga esa bu imtiyoz qo‘llanilmaydi.

Ammo paxta xom ashyosi va boshoqli dondan boshqa mahsulot yetishtiruvchi hamda a’zolik badalini o‘z vaqtida to‘lab kelayotgan, yer, suv va boshqa resurslardan unumli foydalanayotgan hamda moliyaviy imkoniyati cheklangan fermer xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritish izdan chiqqan ayrim xo‘jaliklarda hisobotni tiklash maqsadida markazlar ma’lum muddat xizmat ko‘rsatishni bepul amalga oshirishi mumkin. Buning uchun Kengash tavsiyasi kifoya qiladi.

Qarorda fermer xo‘jaliklariga biriktirilgan yer maydonlarini xo‘jaliklarning ixtisoslashuvidan kelib chiqib, ekin turlari va konturlari kesimida ikki oy muddatda xatlovdan o‘tkazish va fermer xo‘jaliklarining yer maydonlari bo‘yicha yagona elektron bazani shakllantirish vazifasi belgilangan.

Mazkur chora-tadbir fermerning faqat hisob-kitob ishlari bilan ovora bo‘lib qolmay, asosiy e’tiborini o‘z faoliyatini yanada rivojlantirishga qaratishiga sharoit hozirlashi bilan muhimdir.

M.SHUHRATOV