Sidebar

"Қашқадарё" ва "Новости Кашкадарьи" газеталарининг расмий веб-сайти
Ўқимоқчи бўлган газетангиз номи устига босинг!
(Нажмите на логотип газеты, которую планируете прочитать)

22 - iyul, yakshanba.

ACHCHIQ QALAMPIR TЕRILAYAPTI,

Qishloq xo'jaligi
Tipografiya

Qashqadaryo va dunyo

ACHCHIQ QALAMPIR TЕRILAYAPTI,

biroz vaqt o‘tib navbat rukkola va rozmarin eksportiga keladi

Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning yagona manbai yer bo‘lsa, ekin maydonlaridanunumli foydalanish muammoning birlamchi yechimidir. Shunga monand, yurtimiz qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar doirasida kundalik ehtiyoj uchun zarur hamda eksport uchun talab yuqori bo‘lgan poliz, meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirishga alohida e’tibor qaratilayapti. Bu borada tadbirkorlarga, dehqon va fermer xo‘jaliklariga qator imtiyozlar, shart-sharoitlar yaratib berilmoqda.

Albatta, fursatni boy bermay, mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanayotgan, izlanish, intilish natijasida yangi tashabbuslarga qo‘l urayotgan, nafaqat ichki bozorda, balki tashqi bozorda ham talab yuqori bo‘lgan mahsulotlarni yetishtirib, yaxshi daromad topayotgan, o‘z imkoniyatlarini yanada oshirib borayotgan dehqonu tadbirkorlarimiz, yer egalari bisyor.

Qishloq xo‘jaligi sohasida faoliyat yuritayotgan Nishon tumanidagi “Nuriston diyori” mas’uliyati cheklangan jamiyati ham ichki bozorda muvaffaqiyat qozonib, qadamba-qadam jahon bozoriga kirib borayotgan ana shunday subyektlar sirasiga kiradi.

- Bugun jahon bozoriga chiqmasdan turib katta yutuqlarga erishish qiyin, - deydi jamiyat rahbari To‘lqin Rasulov. – Buni Prezidentimiz ham juda ko‘p marotaba ta’kidlamoqda. Shundan kelib chiqqan holda, eksportbop mahsulotlar yetishtirishga e’tibor qaratayapmiz. Turli davlatlar bozorlarini o‘rganib, ham o‘zimizning sharoitda yaxshi hosil beradigan, ham jahon bozorida talab yuqori bo‘lgan ekinlar ro‘yxatini tuzib chiqqan edik. Rozmarin va rukkola ekinlari yetishtirish loyihamiz ana shu o‘rganishlarimiz natijasi.

Tadbirkorning aytishicha, rozmarin sovuqqa chidamli, 5 daraja issiqlikda ham yaxshi o‘sadi, ko‘p suv talab qilmaydi. Rukkola esa urug‘idan ko‘paytiriladi, issiqqa chidamsiz, uning maysasi mayin, barglarishifobaxsh va ishtaha ochuvchi xususiyatga ega. Yevropa oshxonalarida har ikkala o‘simlik ko‘katidan keng foydlaniladi. Shuningdek, farmatsevtika sohasi va oziq-ovqat sanoati uchun ham ular muhim xomashyo hisoblanadi. Eng asosiysi, ushbu ko‘katlarni yurtimiz iqlim sharoitida bemalol yetishtirish mumkin.

Hozirda subyekt tomonidan tajriba tariqasida rozmarin nihollari ko‘paytirilmoqda. Ularning asosiysi buyurtmachilarga tarqatiladi. Hali aholi orasida ushbu ekin parvarishi ommalashmagan bo‘lsa-da, daromadbopligini hisobga olib, bunga havasmand bo‘layotganlar ko‘p. Shundan kelib chiqib, hozir 3 mingdan ortiq ko‘chat tayyorlanmoqda. Yil oxirigacha buyurtmachilarga 50 mingdan ortiq o‘simlik ko‘chati yetkazib berilishi rejalashtirilgan.

- Hozirlangan yerda 15 ming tup rozmarin niholi o‘tqazdik, - deydi To‘lqin Rasulov. – Yangi ko‘chat yerga moslashib, tutib ketishi uchun uni kunda parvarish qilib turish kerak. Bu jarayon bir oy davom etadi. Agar ko‘chatlar to‘liq unishi ta’minlansa, har bir tup sog‘lom ko‘chatdan 3 yil davomida barra maysa olinadi.

Aytishlaricha, nimjon bo‘lgan ko‘chat osongina kasallikka chalinishi mumkin. Shu bois ularni turli xil zararkunandalardan asrash, o‘rgimchak kana va zang kasalligidan himoyalash parvarishning eng muhim shartlaridan hisoblanadi. Ahamiyatli jihati, hozirda issiqxona sharoitida parvarishlanayotgan rozmarin va rukkola mahsulotini sotib olish uchun rossiyalik ishbilarmonlar oldindan bo‘nak to‘lashgan.

- Sakkiz yil avval qurgan 1,5 gektarlik issiqxonamizga odatda mahalliy poliz va sabzavot ekinlarini parvarishlab kelar edik, - deydi tabdirkor. -Endilikda bu yerda achchiq qalampir yetishtirishni yo‘lga qo‘ydik. Ilk bor o‘tgan yilning noyabr oyida 40 mingdan ziyod “Qoratol” navli ko‘chat tayyorlab, issiqxonaga o‘tqazgan edik. Ayni vaqtga kelib hosil terishni boshladik. Olingan mahsulotni ichki bozor bilan bir qatorda, rossiyalik hamkorlarimizga peshma-pesh yetkazib berayapmiz.

Bundan tashqari, jamiyatda issiqxona sharoitida dasht anjiri, limon, kabachki va xorijdan keltirilgan qimmatbaho atirgul turlarini ko‘paytirish ham yo‘lga qo‘yilgan. Bu ishlar ortidan esa hududdagi 35 nafardan ortiq fuqarolarning mavsumiy bandligi ta’minlangani ayni muddao.

Dilfuza JUMAYEVA