Sidebar

"Қашқадарё" ва "Новости Кашкадарьи" газеталарининг расмий веб-сайти
Ўқимоқчи бўлган газетангиз номи устига босинг!
(Нажмите на логотип газеты, которую планируете прочитать)

21 - iyul, yakshanba.

ENDI PEDAGOGLAR "USTOZ-SHOGIRD" USULIDA HAM O‘QITILISHI MUMKIN

Ta'lim
Tipografiya

Ta’lim

ENDI PEDAGOGLAR "USTOZ-SHOGIRD" USULIDA HAM O‘QITILISHI MUMKIN

Ma’lumki, keyingi paytlarda barcha sohalarda bo‘lgani kabi ta’lim tizimida ham keskin o‘zgarish va yangiliklar ko‘zga tashlanmoqda. Xususan, pedagoglarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimida ham buni ilg‘ash qiyin emas. Avvalroq – 2017-yil 26-sentabrda qabul qilingan Prezidentimizning tegishli qaroriga asosan xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha joylarda faoliyat ko‘rsatayotgan hududiy institutlar pedagogika yo‘nalishidagi universitetlar tasarrufiga qaytarildi va universitetlar huzuridagi "Xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi" sifatida qayta tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 28-dekabrda qabul qilingan "Pedagog xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori esa ushbu sohani yanada takomillashtirish, ta’lim tizimi xodimlarining malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlashda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Ushbu qarorga ko‘ra, "Maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim muassasalarining pedagog xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish to‘g‘risida"gi Nizom tasdiqlandi.

- Shu paytgacha amalda bo‘lgan Nizomda ta’lim muassasalarining rahbar xodimlari kamida 3 yilda bir marta, pedagog xodimlar esa kamida 5 yilda bir marta malaka oshirish kurslaridan o‘tishlari kerak edi, - deydi Qarshi davlat universiteti huzuridagi Xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi direktori o‘rinbosari, falsafa fanlari nomzodi Tohir Qurbonov. - Endilikda yangi Nizom asosida bu jarayon davriyligi barcha pedagoglar uchun bir xilda - 5 yil etib belgilandi. Malaka oshirish kurslarida o‘qish davomiyligi 4 haftadan iborat bo‘ladi. Pedagog xodimlarni qayta tayyorlash kurslaridagi o‘qish muddati esa o‘quv rejasiga kiritilgan fanlar soni va ularning yuklamalari hajmidan kelib chiqqan holda belgilanadi, bu muddat 16 haftadan kam bo‘lmasligi shart.

Shuningdek, yangi Nizomda pedagog xodimlarni qayta tayyorlash va malakasini  oshirishning to‘g‘ridan to‘g‘ri turlari sifatida malaka oshirish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasasida o‘qitishdan tashqari "ustoz-shogird" usuli bo‘yicha o‘qitish, mustaqil o‘qib bilim orttirish, masofaviy ta’lim, stajirovka shaklida tajriba orttirish kabilar ham ko‘rsatib o‘tilgan. Bulardan kelib chiqqan holda shuni aytish mumkinki, pedagoglar o‘z hududlarida belgilangan muassasalarda maxsus tayinlangan o‘qituvchi-professorlar qo‘l ostida malaka oshirishi mumkin. "Ustoz-shogirdlik" usulida tashkil etiladigan bunday mashg‘ulotlarga rahbarlik qiluvchi mutaxassislar tanlov asosida saralab olinadi va ular o‘z kasbiy mahorati, tajribasi bilan yuqori natijalarga erishgan bo‘lishlari lozim. Bundan tashqari, pedagoglar belgilangan dastur asosida o‘zlari mustaqil o‘qib-o‘rganishlari ham mumkin. Bu holda pedagog tomonidan o‘zlashtirilgan dastur yakuniy nazoratdan o‘tkaziladi va natijaga ko‘ra unga hududiy markaz tomonidan belgilangan namunadagi hujjat - sertifikat taqdim qilinadi. Malaka oshirishning bu shakli barqaror yuqori professional reytingga ega bo‘lgan, zamonaviy axborot texnologiyalari bilan ishlashning amaliy ko‘nikmalarini egallagan, o‘z ustida ishlash jarayoniga tanqidiy va ijodiy yondasha oladigan pedagoglarga tavsiya etiladi.

Xullas, ushbu Nizom pedagog xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirishning eng muhim qoida va yo‘l-yo‘riqlarini o‘zida jamlagan. Bu esa ta’lim tizimini yaxshilash, yangi bosqichga ko‘tarish, o‘qitish sifatini oshirishga xizmat qiladi.

X.QILICHEVA tayyorladi.