Sidebar

"Қашқадарё" ва "Новости Кашкадарьи" газеталарининг расмий веб-сайти
Ўқимоқчи бўлган газетангиз номи устига босинг!
(Нажмите на логотип газеты, которую планируете прочитать)

23 - sentabr, yakshanba.

ABITURIYENTLAR DIAGNOSTIK SINOV TESTLARI ORQALI O‘Z BILIMINI OBYEKTIV BAHOLASH IMKONIGA EGA BO‘LMOQDA

Ta'lim
Tipografiya

ABITURIYENTLAR DIAGNOSTIK SINOV TESTLARI ORQALI O‘Z BILIMINI OBYEKTIV BAHOLASH IMKONIGA EGA BO‘LMOQDA

Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16- noyabrdagi “Respublika oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga kirish test sinovlarini o‘tkazish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori asosida test sinovlarini takomillashtirish, uning adolatli, xolis va shaffof o‘tishini ta’minlash choralari ko‘rilmoqda.

Avvalgilardan farqli ravishda 2018/2019-o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga qabul qilish bo‘yicha test sinovlari 1-avgustdan 15- avgustgacha bo‘lgan davrda o‘tkaziladi va natijalar test o‘tkazilgan kunning ertasiga Davlat test markazining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.

Yana bir jihati, abituriyentlar joriy yildan e’tiboran keng miqyosdagi shartli test sinovlarida bilimni baholash va shunga tayanib oliy o‘quv yurtini tanlash imkoniyatiga ega bo‘layotir.

Misol uchun, may oyida Qarshi olimpiya zaxiralari sport kolleji manejida test sinovlarida ishtirok etuvchi bino rahbarlari va guruh nazoratchilari hamda bir qator akademik litseylarning o‘quvchilari aprobatsiyadan o‘tkazilgan, mazkur jarayon ko‘pchilik tomonidan yuqori baholangan edi.

Xuddi shunday, ayni paytda Qarshi axborot texnologiyalari kollejida ham shartli test sinovlari o‘tkazilmoqda. Katta zalda imtihon o‘tadigan kundagiday sharoit hozirlangan bo‘lib, abituriyentlar test savollarini ishlab, bilimini obyektiv baholashi, kamchiliklari ustida ishlashi, jarayonni ota-onalar ham kuzatib borishi mumkin.

- Bu yilgi test sinovlarida yangilik va o‘zgarishlar ko‘p, - deydi “Oliy maktab” nodavlat ta’lim muassasasi vakili Nursulton Saxatmuratov. – Shuning uchun abituriyent bu jarayonga o‘zini tayyorlab borsa, imtihon payti hech bir qiyinchilik sezmaydi.

Xo‘sh, abituriyent test sinovlari oldidan qo‘shimcha ravishda nimalarni bilib olishi kerak?

Esda tutish kerakki, bu yildan boshlab respublikada test bo‘ladigan joyga shpargalka, telefon va hokazolarni olib kirishga uringan abituriyent o‘sha zahoti imtihondan chetlatiladi. Avvalgidek, telefon nomerlangan konvertga solinib, abituriyentning o‘zi  testga kiritib yuborilmaydi. Olib kirishga urinishning o‘ziyoq akt tuzilib, chetlatishga asos bo‘ladi.

Test sinovlari kunduzgi, maxsus sirtqi va kechki (smenali) ta’lim shakli uchun har yili 1-avgustdan 15-avgustgacha bo‘lgan muddatda, qoida tariqasida, kuniga ikki smenada o‘tkaziladi. Birinchi smena soat 08:00 da, ikkinchi smena soat 15:00 da boshlanadi.

Test sinovlarining 1-kuni ishlatilgan savollar keyingi kunlarda tushmaydi.

15 kun davomida SMSlar va telefon aloqasi o‘chirib qo‘yilmaydi, balki respublika bo‘ylab test o‘tuvchi 57 ta katta pavilyonlarga aloqani uzuvchi moslamalar o‘rnatiladi.

Test topshiriqlarini bajarish uchun 30 ta test topshirig‘iga 1 soat, 60 ta test topshirig‘iga 2 soat, 90 ta test topshirig‘iga 3 soat vaqt belgilanadi. Bu vaqt javoblar varaqasini to‘ldirish bilan birga berilmoqda. Avval savollarni ishlash uchun alohida, javoblar varaqasini to‘ldirish uchun alohida vaqt berilardi.

Test sinovlari jarayonlari internet orqali translyatsiya qilinadi va respublika hamda mahalliy telekanallar orqali to‘g‘ridan o‘g‘ri namoyish etilishi ham rejalashtirilmoqda.

Dilso‘z ESHEVA,

Shahrisabz shahridagi  6-maktab o‘qituvchisi