Sidebar

"Қашқадарё" ва "Новости Кашкадарьи" газеталарининг расмий веб-сайти
Ўқимоқчи бўлган газетангиз номи устига босинг!
(Нажмите на логотип газеты, которую планируете прочитать)

22 - iyul, yakshanba.

OLIY TA’LIM SIFATI DAVR TALABIGA MOSMI?

Ta'lim
Tipografiya

Qaror va ijro

OLIY TA’LIM SIFATI DAVR TALABIGA MOSMI?

Davlatimiz rahbarining joriy yil 5-iyundagi “Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini oshirish va ularning mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori mazkur jabhadagi muammolarni bartaraf etish yo‘llari belgilangani bilan ahamiyatlidir.

Ochiq aytish kerak, har bir ta’lim muassasasida, jumladan, Qarshi davlat universitetida ham qarorda ta’kidlab ko‘rsatilgan qator muammolar mavjud edi. Xususan, talabalar bilimini baholashning bugungi kun talablariga javob bermasligi, professor-o‘qituvchilar faoliyati, bilimi va pedagogik ko‘nikmasiga baho berishning zamonaviy tizimi mavjud emasligi, ta’lim jarayoni ustidan samarali jamoatchilik nazorati o‘rnatilmagani, olimlarimizning mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli va tizimli o‘zgarishlardagi ishtiroki sezilmasligi, tashabbuskorlikning yetishmasligi kabilar shular jumlasidan. Ba’zan esa juda past saviyadagi abituriyentlarning o‘qishga kirib qolishi ta’lim sifatiga o‘ta salbiy ta’sir ko‘rsatib kelayotgandi.

Bunday muammolarni bartaraf etish uchun o‘quv jarayoniga ilg‘or xorijiy tajribalarni joriy etish, shu maqsadda dunyoning yetakchi ilmiy-ta’lim muassasalari bilan yaqin hamkorlik aloqalari o‘rnatish, istiqbolli pedagog va ilmiy kadrlarni xorijning yetakchi ilmiy-ta’lim muassasalarida stajirovkadan o‘tkazish va malakasini oshirish borasidagi ishlar kun tartibidagi masalalar sifatida ko‘rsatib o‘tildi.

Qarorda ilmiy salohiyatning oshishi bilan hal qilinadigan bir muhim jihat mavjud. Bu talabalarni ilmiy faoliyatga yo‘naltirish va ularda innovatsion fikrlashni shakllantirish, shunday fikrlashga yo‘naltirilgan o‘qitish texnologiyalari va interfaol uslublarni joriy etish masalasidir. Shu maqsadda har bir oliy ta’lim muassasasida, jumladan, Qarshi davlat universitetida ham 1-kurs davomida saralab olingan eng iqtidorli talabalar uchun alohida guruhlar tashkil etish, 2-kursdan ularni o‘qitishni alohida o‘quv reja va dasturlar asosida amalga oshirish, ushbu toifadagi talabalarni magistraturaga maqsadli qabul qilish va bu orqali oliy ta’lim muassasalari kafedralari uchun malakali kadrlar tayyorlash tizimi joriy etiladi.

Shuningdek, universitetlarda “Yosh ekspertlar guruhi” tuziladi. Bu orqali davlatimizda innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni rivojlantirishga munosib hissa qo‘shgan yosh olimlar, talabalar va tashabbuskor fuqarolar uchun ta’sis etiladigan “Innovatsion g‘oyalar yetakchisi” ko‘krak nishoniga nomzodlar tayyorlanadi.

Odatda, nazariy jihatdan, viloyatda joylashgan oliy ta’lim muassasasining ishlab chiqarish, umuman, xalq xo‘jaligi bilan integratsiyasi juda jips o‘rnatilishi kerak. Buning uchun esa oliy ta’lim muassasasi olimlarining salohiyati, bitiruvchilarining malakasi yuqori bo‘lishi lozim. Afsuski, hozircha biz universitet olimlarining salohiyati va bitiruvchilarining malakasi yuqoriligi bilan maqtana olmaymiz. 31 ta ta’lim yo‘nalishlarida tahsil olayotgan bakalavriat va 15 ta mutaxassislikda o‘qiyotgan magistratura talabalari orasida innovatsion texnologiyalar va g‘oyalarni rivojlantirish bo‘yicha loyihalar ishlab chiqish va ularning sohalarda tatbiq qilinishiga intiluvchi yoshlar nihoyatda kam. Shu va shunga o‘xshash ba’zi nomaqbul holatlar universitetdagi ta’lim jarayoniga nisbatan ota-onalar, korxona, tashkilot va muassasalar rahbarlarida haqli e’tirozlar paydo bo‘lishiga olib kelgan. Qarorda bunday ahvolni yaxshilashning aniq mexanizmlari ko‘rsatib berilgan.

Qaror e’lon qilingach, universitet bilan aloqador jamoalar va shaxslar tomonidan undagi ikki fikr ko‘p bor katta mamnuniyat bilan tilga olinayotganiga amin bo‘lmoqdamiz. Birinchisi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga 2019/2020-o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalarida talabalar bilimini baholashda muayyan fandan dars beradigan pedagogning yakuniy nazorat jarayonlaridagi ishtirokini istisno etish barobarida “talabaning o‘zlashtirish darajasi – professor-o‘qituvchilar faoliyatini baholashning asosiy mezoni” tamoyilini joriy qilishning aniq mexanizmlarini belgilash bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar ko‘rish; ushbu tamoyil talablariga javob bermaydigan professor-o‘qituvchilar bilan mehnat shartnomasini bekor qilishgacha bo‘lgan choralar ko‘rish belgilangan. Hech shubhasiz, bu tamoyil ta’lim jarayonida talaba bilimini baholashning zamonaviy va xolis usullari tatbiq qilinishini ham ta’minlaydi.

Ikkinchisi, oliy ta’lim muassasasi professor-o‘qituvchilariniularning vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari bilan bog‘liq bo‘lmagan tadbirlarga jalb etishning taqiqlanganidir. Modomiki, biz yuksak madaniyatli, rivojlangan jamiyat qurish sari borayotgan ekanmiz, buning hech taajjublanadigan joyi yo‘q. Jamiyat taraqqiyotini ta’minlovchi eng katta kuch – intellektual salohiyatli yoshlar. Ularsiz hech qachon bardavom taraqqiyotga erishib bo‘lmaydi. Lekin ularni ana shunday salohiyatli ustozlar tarbiyalashini ham unutmaslik kerak. Shuning uchun ham qarorda 2018/2019-o‘quv yilidan boshlab professor-o‘qituvchilarning vaqtini o‘quv jarayoniga xos bo‘lmagan ishlarga sarflashning oldini olish, ularni talabalar bilan ko‘proq ishlashga yo‘naltirish, “Ustoz – shogird” tizimini joriy etish, buning uchun, hatto, o‘quv yuklamalarini hisobga olgan holda vaqt me’yorlarining yangi mexanizmlarini ishlab chiqish va tasdiqlash vazifalari belgilangan.

Universitetda joriy etilgan yana bir yangilikni viloyatimiz ahliga mamnuniyat bilan yetkazishni istar edim. Bu Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan Qarshi davlat universitetida ilmiy darajalar beruvchi kengashlarning ochila boshlanganidir. Hozircha o‘zbek tili va o‘zbek adabiyoti ixtisosliklaridan filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengash ish boshladi. Yaqinvaqtlarda boshqa sohalar bo‘yicha ham ana shunday kengashlarni ochish rejamiz bor. Bu kengashlar muayyan fanlar bo‘yicha katta ilmiy muhitni vujudga keltirishi, ilmiy tasavvurlarni kengaytirishi va yoshlarda ilm-fanga rag‘batni kuchaytirishi bilan alohida ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, bu kengashlar universitet va viloyatda ilmiy salohiyatning keskin ko‘tarilishiga xizmat qiladi.

Kompleks chora-tadbirlardan kelib chiqib, har bir oliy ta’lim muassasasida “yo‘l xaritalari” ishlab chiqildi. Oliy ta’lim tizimidagi vazifalar ijrosidan jamiyatimizning barcha a’zosi birday manfaatdor ekani esa bizni yanada mas’uliyatli bo‘lishga undaydi.

Bahodir SHOIMQULOV,

Qarshi davlat universiteti rektori