Sidebar

"Қашқадарё" ва "Новости Кашкадарьи" газеталарининг расмий веб-сайти
Ўқимоқчи бўлган газетангиз номи устига босинг!
(Нажмите на логотип газеты, которую планируете прочитать)

22 - iyul, yakshanba.

NAFAQADAGI PЕDAGOG BOG‘CHA OCHDI

Ta'lim
Tipografiya

Maktabgacha ta’lim

NAFAQADAGI PЕDAGOG BOG‘CHA OCHDI

Yakkabog‘ tumanidagi Alako‘ylak mahallasida 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan, ya’ni bog‘cha yoshidagi bolalar soni 800 nafardan ortiq. Ammo hududda birorta ham maktabgacha ta’lim muassasasining yo‘qligi aholi uchun talay qiyinchiliklarni keltirib chiqarayotgan edi. Ayniqsa, ota ham, ona ham ishlaydigan oilalarda bog‘cha muammosi juda bilinardi. Ular yosh farzandlarini goh u qarindoshi, goh bu qarindoshinikida qoldirib, o‘zlari ishga borishga majbur bo‘lardi.

Hududdagi oilalarda maktabgacha ta’lim muassasasiga bo‘lgan talab, hukumatimiz tomonidan tizimga xususiy sektorni jalb etishga qaratilayotgan e’tibor, bu borada tadbirkorlarga berilayotgan imtiyoz va imkoniyatlardan ruhlangan nafaqadagi pedagog Dilbar Rahimova o‘z mahallasida bog‘cha tashkil etishga qaror qildi.

- Bu fikrimni turmush o‘rtog‘im, farzandlarim ham birdek qo‘llab-quvvatlashdi, - deydi u. – Ularning ishonchi menga yanada shijoat bag‘ishladi. Shundan so‘ng mahalliy hokimlikka borib, o‘z loyiham haqida aytdim. Bu borada yordam so‘radim. Menga 20 yil oldin bog‘cha bo‘lgan, keyin maktab filialiga, undan so‘ng mahalla idorasiga aylantirilgan, oxirgi yillarda esa qarovsiz bo‘lib qolgan binoni berishdi. Bu yerni ta’mirlab, atrofni obodonlashtirgach, ishni boshlab yubordik. Davlat xususiy sherikchiligi asosida tashkil etilgan “Navoiy dilbandlari” maktabgacha ta’lim muassasamiz aholini ham mamnun etdi.

Tadbirkorning ta’kidlashicha, u dastlab 50 o‘rinli bog‘cha tashkil etmoqchi bo‘lgan. Biroq, bog‘cha ochilishi bilan bu yerga bolalarini yetaklab keluvchilar soni oshib ketgan. Buyog‘i qishloqchilik, bunisining bolasini olib, boshqasiga yo‘q deyish qiyin. Shu bois qo‘shimcha sarmoya sarflab bo‘lsa-da, yana zarur jihozlar xarid qilindi va bog‘cha 100 o‘rinliga aylantirildi. Biroq, hamon mavjud talab oldida bu kam.

- Farzandini yetaklab kelgan har kishini noumid qaytargim kelmaydi, - deydi Dilbar Rahimova. – Lekin karavot, stol-stul kabi jihozlarimiz yetishmaydi, qolaversa, joyimiz tor. Shu bois kredit olish uchun tijorat bankiga murojaat etdim. Agar bu ish amalga oshsa, muassasamizda qo‘shimcha qurilishlar qilib, uni 150 o‘ringa mo‘ljallab, yanada zamonaviy tipda jihozlamoqchimiz.

Dilbar Rahimova uzoq yillar davomida o‘rta maktabda o‘quvchilarga ona tili va adabiyot fanidan dars bergan emasmi, ta’lim va tarbiyaning qanchalik nozik masala ekanligini yaxshi anglaydi. Ayni sababga ko‘ra, bog‘chadagi barcha ishlarni bosqichma-bosqich hamda professional tarzda tashkil etishga harakat qiladi. Uning uchun bolajonlarning ovqatlanishi, dam olish, to‘garak mashg‘ulotlari, barcha-barchasi qat’iy reja asosida bo‘lishi muhim.

- Ayni paytda bog‘chamizda ingliz, rus tili, shaxmat va shashka to‘garaklari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan, - deydi maktabgacha ta’lim muassasasi mudirasi Muhayyo Ismoilova. – Buning uchun malakali mutaxassislarni jalb etdik. Endilikda musiqa, rassomchilik to‘garaklarini ham tashkil etishni mo‘ljallayapmiz.

Bog‘cha faoliyati bilan tanishar ekanmiz, bu yerdagi bolajonlarning chet tillarida biyron-biyron she’r, qo‘shiq aytishlari, raqs tushishlari e’tiborimizni tortadi. Prezidentimizning chekka hududlarda ham zamonaviy maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyatini yo‘lga qo‘yish, bolalarga maktabgacha bo‘lgan davrda chuqur ta’lim va tarbiya berish borasidagi tashabbuslari mohiyatini yanada teranroq anglaymiz. Zero, bugun bu tashabbus tufayli olis va chekka hududlarda ham jajji bolajonlar zamonaviy ta’lim-tarbiya olishmoqda. Qolaversa, tadbirkorlarning sohaga qiziqishi oshib borayotgani zamonaviy bog‘chalar ko‘payishida muhim omil bo‘layotir.

- Shu kunga qadar tumanimizda 8 tanodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi, - deydi Yakkabog‘ tumani maktabgacha ta’lim bo‘limi shu’ba mudiri Mohira Murodova.– Ahamiyatli jihati, ularning aksariyati avval bog‘cha bo‘lmagan va qishloq hududlarda tashkil etilgan. Bu borada yana ko‘plab tadbirkorlar o‘z rejalari bilan murojaat etishgan. Yil oxiriga qadar faqat nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalarimiz soni kamida 25 taga yetadi.

Jahongir BOYMURODOV

Suratlarda: muassasa faoliyatidan lavhalar.

Sobir NARZIYEV olgan suratlar.