Sidebar

"Қашқадарё" ва "Новости Кашкадарьи" газеталарининг расмий веб-сайти
Ўқимоқчи бўлган газетангиз номи устига босинг!
(Нажмите на логотип газеты, которую планируете прочитать)

21 - iyul, yakshanba.

QISH KELTIRADIGAN KASALLIK

Tibbiyot
Tipografiya

Do‘xtir ogohlantiradi

QISH KELTIRADIGAN KASALLIK

Kuz hamda qish fasllarida iqlim sharoitlari, havoning tez-tez o‘zgarib turishi, namgarchilik sabab yosh bolalar o‘rtasida yuqori nafas yo‘llari, faringit, bronxit, pnevmoniya kasalliklari ko‘p uchraydi. Xalqimiz orasida bu ommaviy holat “tumov” yoki “lang” deb ataladi va ko‘pincha oyoqda o‘tkaziladi. E’tiborsiz qaraladigan tumov asoratida bronxit va boshqa jiddiy kasalliklar kelib chiqishini  esa bilmaymiz.

Xususan, o‘tkir tumov – yuqori nafas yo‘llarining shamollashi bo‘lib, ko‘p hollarda bola tanasi sovqotganda boshlanadi. Og‘iz quriydi va burundan suv oqadi, bosh og‘riydi, tana harorati ko‘tariladi. O‘tkir laringit o‘tkir tumovdan so‘ng boshlanadi va hiqildoq yallig‘lanadi. Bu paytda hiqildoq qizaradi, tovush xirillab, dag‘al bo‘lib qoladi. Bemor quruq yo‘taldan qiynaladi, go‘dakning tomog‘i bo‘g‘ilib qolishi ehtimoli ham bor. O‘tkir faringitda tomoq shilliq pardasi yallig‘lanadi, og‘iz qurib, yutinish qiyinlashadi. Tana harorati ko‘tarilib, nafas olish og‘irlashadi. Kamquvvat, kamqon, kamharakat bolalar bu kasalliklarga tez chalinadi. Eng yomoni, o‘z vaqtida davolatilmagan bu xastaliklar bronxitni shakllantiradi.

- Odatda, tumovdan boshlangan kasallik bosqichma-bosqich faringit, laringit, tranxit va oxirida bronxitga aylanadi, - deydi viloyat sil kasalliklari dispanseri shifokori Ma’ruf Berdiyev. - O‘tkir bronxit sababchisi, asosan, viruslar hisoblanadi. Davolash muolajalari o‘z vaqtida olib borilsa, bir necha haftada tuzaladi, aksincha surunkali tus olib, bir necha yillarga cho‘ziladi va tez-tez qo‘zg‘ab turadi. Bolalardagi doimiy yo‘tal va hansirash, lohaslik, nafas qisishi, bo‘shashish surunkali bronxitning asosiy alomatidir. Bu kasallik bilan xastalangan odamlar o‘pka va nafas yo‘llari xastaliklarini quzg‘atuvchi bakteriya va viruslarga sezuvchan yoki doimiy ravishda infeksiyalangan bo‘ladi.

YO‘TAL – BRONXIT DARAKCHISI

Bronxitda eng ko‘p kuzatiladigani yo‘taldir. Bemor quruq yo‘taldan qiynaladi. Bolalar yo‘talganda qizarib va ko‘karib ketadi hamda harakati susayadi. Chunki bu paytda nafas olish qiyinlashadi, shilliq qavat ta’sirlanadi va ko‘p miqdorda shilimshiq ishlab chiqara boshlaydi. Bemor to‘liq davolanmasa, xastalik  yillar davomida surunkali tus oladi. Surunkali bronxitda to‘xtovsiz yo‘tal, tez-tez balg‘am ajralishi, shamollash va isitma, nafas yetishmasligi bezovta qiladi. Shuningdek, holsizlik paydo bo‘ladi, terlash, tez charchab qolish kabi belgilar kuzatiladi. Yo‘tal esa kundalik hayot tarziga aylanadi.

TAMAKI TUTUNI ZARARLI

Mutaxassislar tamaki tutuni surunkali bronxitga chalinish holatining 80 foiziga sababchi  ekanini aytishadi. Shuning uchun chekishdan voz kechish kerak, agar buning iloji bo‘lmasa, bu odatni kamaytirish lozim. Chekish o‘pkaga salbiy ta’sir ko‘rsatib, nafas yo‘llari kiprikchalarini ishdan chiqaradi. Buning oqibatida nafas yo‘llaridagi shilliq qavat qoldiq moddalar va ortiqcha shilliqlarni tozalash vazifasini bajarishdan to‘xtaydi. Vaqt o‘tishi bilan tamaki tutunidagi zararli moddalar nafas yo‘llariga doimiy ravishda ta’sir ko‘rsatib boradi. Bu esa o‘pka va nafas yo‘llari to‘qimalarining kengayishi va havo to‘planishi, o‘pka saratoni kabi jiddiy kasalliklar yuzaga kelish xavfini oshiradi.

OLDINI OLISH MUMKIN...

Dono xalqimizda kasallikni davolashdan ko‘ra oldini olgan ma’qul, degan gap bor. Ushbu xastalikning ham oldini olish muhim. Buning uchun chekish, zararli moddalar bilan ifloslangan havodan nafas olish, noqulay ekologik muhit va boshqalarni bartaraf qilish lozim. Shuningdek, o‘z vaqtida zarur dori-darmonlar bilan birga qo‘shimcha davolovchi mashqlar va boshqa fizioterapevtik usullardan foydalanish lozim. Bu kasallikka chalinganlarga achchiq va sho‘r mahsulotlarni  iste’mol qilish mumkin emas.

Ma’lumki, qish oylarida uy derazalari kam ochiladi. O‘z-o‘zidan xona havosi quruqlashadi. Bu paytda havoni namlantiruvchi vositalardan foydalanish tavsiya etiladi. Masalan, xonaga suv to‘ldirilgan kosa yoki nam sochiq qo‘yish mumkin. Shuningdek, sovuq havoda tanani quruq saqlashga e’tibor berish lozim. Chunki surunkali bronxitda tana haroratining doim bir xil bo‘lib turishiga xizmat qiladigan fiziologik jarayon buziladi. Bu esa ko‘p terlashga sabab bo‘ladi. Ozgina sovuq o‘tishi ham terlagan tanada kasallikni qayta qo‘zg‘atishi mumkin.

DAVOLASH YO‘LLARI...

Surunkali bronxitni davolashga qaratilgan asosiy tadbirlardan biri nafas yo‘llarini ochish va uning faoliyatini tiklashdir. Bu nafas yo‘llarini shilliq to‘planishidan va infeksiya rivojlanishidan himoya qiladi. Shuningdek, shifokor ko‘rsatmasi bilan iste’mol qilingan dori-darmonlar orqali bronxlarni kengaytirish, nafas yo‘llarini ortiqcha shilliqdan tozalash, yallig‘lanishni bostirish, hansirash va nafas yetishmaslik belgilarini kamaytirishga erishish mumkin. Bronxit surunkali tus olsa, keyinchalik o‘tkir pnevmoniya, surunkali o‘pka siqishi kasalligi, astmatik bronxit, o‘pkada qon bosimining oshib ketishi, o‘pka traxeyalarining torayishi, surunkali yurak-o‘pka yetishmasligi kabi bir qancha asoratlarga olib kelishini unutmaslik kerak.

XALQ TABOBATIDA

Keksalarimiz bu kabi kasalliklarni xalq tabobati yo‘li bilan davolashni ma’qul ko‘rishadi. Davolashning bunday usuli nafaqat samarali, balki tanaga quvvat baxsh etadi.

Ichiga sariyog‘ yoki quyruq solib, bug‘da pishirilgan yoxud oshga bosilgan behi iste’mol etilganda, quruq, iztirobli yo‘talni qoldirib, balg‘am ko‘chishini osonlashtiradi, ko‘krakni yumshatadi;

Kartoshka po‘sti bilan qaynatilib, so‘ng yaxshilab eziladi va unga 1 osh qoshiq o‘simlik yog‘i, 2-3 tomchi yod qo‘shib aralashtiriladi. Aralashma issiqligida birorta matoga o‘ralib, ko‘krakdan tomoqqa qadar bosiladi. Ustidan o‘raladi. Bunday tadbir odatda kechasi qilinadi. Ko‘krakka bosilgan aralashma sovigandan so‘ng olinadi. Mazkur muolaja bronxit, yuqori nafas yo‘llarining shamollashida yaxshi foyda beradi.

Aholi orasida “lang” tarqalgan paytda onalarimizdan qattiq e’tibor talab etiladi. Bolani har kuni toza havoda sayr qildirish, u yotadigan va o‘ynaydigan xonalarni vaqti-vaqti bilan shamollatib, havosini yangilab, pollarini ho‘l latta yordamida artib turish zarur. Ayniqsa, qish kunlari isiriq tutatish bilan  xonadonlarni “dezinfeksiyalash” mumkin. Bu usullar qishki xastaliklar, shu jumladan, bronxitga chalinish xavfini birmuncha kamaytiradi.  

 

S. ALLAYOROVA tayyorladi.