Sidebar

"Қашқадарё" ва "Новости Кашкадарьи" газеталарининг расмий веб-сайти
Ўқимоқчи бўлган газетангиз номи устига босинг!
(Нажмите на логотип газеты, которую планируете прочитать)

25 - aprel, chorshanba.

MURAKKAB JARROHLIK AMALIYOTI

Tibbiyot
Tipografiya

Tibbiyot va islohot

MURAKKAB JARROHLIK AMALIYOTI

endi laparoskopik usulda o‘zimizda bajarilayapti

- Meni qorin sohasidagi juda qattiq og‘riq bilan og‘ir ahvolda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qashqadaryo filialining ginekologiya bo‘limiga olib kelishdi, - deydi Qamashi tumani Qo‘shkapa qishlog‘ida yashovchi Zulayho Sobriddinova. - Shifokorlar ahvolim juda og‘irligini ko‘rib, vohamizda birinchi marta laparoskopik operativ usul bilan zarur jarrohlik amaliyotini bajaramiz, deb qolishdi. Oila a’zolarim avvaliga biroz cho‘chishdi, biroq shifokorlar bu usulning afzalliklarini tushuntirishganidan so‘ng rozi bo‘ldik. Adashmagan ekanmiz, operatsiyadan so‘ng olti soatda oyoqqa turib ketdim. Uch kundan so‘ng uyga javob berishdi. Hozir ahvolim juda yaxshi. Hech qanday og‘riq sezmayapman, yana tanamda jarrohlik amaliyotidan qolgan chandiq ham yo‘q.

Yurtimizda tibbiyot sohasidagi islohotlar bugun yangi bosqichda. Natijalar esa ko‘p kuttirayotgani yo‘q. Masalan, kadrlar sohasidagi o‘zgarishlar sabab hozirda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qashqadaryo filialida zamonaviy yuqori texnologik laparoskopik davo usuli keng qo‘llanilmoqda. Joriy yildan boshlab salpingoovarioektomiya, tubektomiya, kistektomiya, xoletsistektomiya, oshqozon va 12 barmoq ichak yarasining teshilishida va pankreonekroz xastaligida laparoskopik jarrohlik usulidan foydalanishga o‘tildi. Torakoskopiya keng qo‘llanilmoqda. Keyingi uch oy davomida 45 dan ortiq laparoskopik appendektomiya amaliyotlari bajarilgan.

- Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev har bir ma’ruzasi va nutqida, turli uchrashuvlarda xalqimizni rozi qilish uchun, eng avvalo, uning sifatli tibbiy xizmatga bo‘lgan talabini qondirish nihoyatda zarurligini ta’kidlaydi, - deydi respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qashqadaryo filiali direktori Shahrizod Boymurodov. - Ayniqsa, Prezidentning 2017-yil 16-martdagi “Shoshilinch tibbiy yordamni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida ko‘zda tutilgan vazifalar, sohaga qaratilgan e’tibor va berilayotgan imtiyozlar, ajratilayotgan zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar noyob texnologik imkoniyatlarni yaratmoqda. Shoshilinch holatlarda diagnostika va davolashning yangi istiqbolli usullarini ishlab chiqish, rivojlantirish va amaliyotga tatbiq qilish imkoniyatlarini yanada kengaytirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, davolash jarayonining samarasini oshiribgina qolmay, statsionar davolash muddatlarini va buning natijasida kelib chiqadigan sarf-xarajatlarni ham keskin kamaytirmoqda.

Filial shifokorlarining so‘nggi eng katta yutuqlaridan biri bachadon miomasi bilan xastalangan bemorlarda laparoskopik operativ usul orqali bachadon amputatsiyasini o‘tkazish bo‘ldi. Bu usulda avvallari faqatgina poytaxtda xorijiy va mahalliy mutaxassislar ishtirokida amaliyotlar o‘tkazilgan bo‘lsa, joriy yilning 15-noyabr kuni viloyatimizda mahalliy shifokorlar tomonidan birinchi marta bajarildi.

- Shu turdagi ochiq operatsiyadan so‘ng qorinda 18-20 santimetr chandiq qolsa, laparaskopik usuldagi aralashuvdan so‘ng ular kattaligi atigi 0,5-1 santimetrni tashkil etadi, - deydi Shahrizod Boymurodov. - Yana shunisi bilan e’tiborliki, qorin ichki a’zolarida ham chandiq hosil bo‘lmaydi, ichaklar tortilishi kuzatilmaydi. Laparoskopik jarrohlik amaliyotlari davomida endovideotizimning qo‘llanilishi eng muhim yangiliklardan biri bo‘ldi. Natijada operatsiyada ishtirok etuvchi barcha tibbiyot xodimlari jarayonni monitor orqali kuzatish imkoniga ega bo‘ldi.

Filial rahbarining ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu jarrohlik amaliyotlarida ishtirok etayotgan mutaxassislar respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida besh oylik o‘quv kursida tahsil olib, endoxirurg sertifikatini olishgan. Shuningdek, ular joriy yilda ushbu markazda Turkiya, Ozarbayjon, Germaniya va Rossiya davlatlaridan kelgan yetuk shifokorlar tomonidan o‘tkazilgan mahorat darslarida ishtirok etishgan. Shahrizod Boymurodov esa shu yo‘nalishda bir necha marta Germaniya, Italiya tibbiy muassasalarida bo‘lib, malaka oshirib qaytgan.

- Laparoskopik operativ usul orqali bachadon amputatsiyasi amaliyotining o‘zimizda o‘tkazishga erishilgani biz uchun juda katta yutuq bo‘ldi, deb o‘ylayman, - deydi muassasa ginekologiya bo‘limi mudiri Ulug‘bek Sultonov. - Bu usulning afzalliklari juda ko‘p. Masalan, bemor ochiq holda operatsiya qilinganda, jarohati yiringlashi mumkin, shuningdek, operatsiyadan keyingi og‘riq sindromi kuchliroq bo‘ladi. O‘zlashtirilgan yangi usul esa bemorning tez tiklanib, ijtimoiy faoliyatga qaytishini osonlashtiradi. Bu jamiyatga ham foyda. Eng muhimi, vohadoshlarimiz endi bunday murakkab amaliyotlar uchun ortiqcha pul sarflab chet el yoki poytaxtdagi klinikalarga borishlari shart emas.

Xulosa qilib aytganda, yuqorida nomi qayd etilgan farmon hamda u bilan tasdiqlangan huquqiy hujjatlar shoshilinch va tez tibbiy yordam tizimini yanada takomillashtirish, ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini yangi bosqichga ko‘tarish, sohada ilmiy-tadqiqot faoliyati ko‘lamini kengaytirish hamda ilg‘or xorijiy tajribalarni amaliyotga joriy etishda dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda. 

Shohista BOZOROVA

Suratda operatsiya jarayoni.

Sobir NARZIYEV olgan surat.