Sidebar

"Қашқадарё" ва "Новости Кашкадарьи" газеталарининг расмий веб-сайти
Ўқимоқчи бўлган газетангиз номи устига босинг!
(Нажмите на логотип газеты, которую планируете прочитать)

21 - iyul, yakshanba.

SHAKARNING HAM OZI SHIRIN

Tibbiyot
Tipografiya

Bilib qo‘ygan afzal

SHAKARNING HAM OZI SHIRIN

Shakar oziq-ovqat mahsulotlari ichida keng tarqalgan bo‘lib, uni barcha, ayniqsa, yosh-yalanglar sevib iste’mol qilishadi. Shakarning kundalik hayotimizda keng qo‘llana boshlaganiga taxminan 200 yil bo‘ldi. Ilgari yashagan ajdodlarimiz esa hatto uning nima ekanini bilishmagan. Shakar ilk kashf qilingan davrlarda noyob dori sifatida faqat dorixonalarda sotilgan. Bugungi kunda esa shakar aralashmagan qandolat mahsuloti, ommabop ichimliklarni topishning o‘zi mushkul. Ular  tarkibida qand miqdori serobligi haqida gapirmasa ham bo‘ladi. Xo‘sh, ota-bobolarimiz shakarsiz qanday yashagan, uni iste’mol qilish salomatligimizga qay darajada ta’sir qiladi?

ARISIZ ASAL BERUVCHI O‘SIMLIK

Shakar ixtirosi o‘ziga xos tarixga ega. Ilk bor Aleksandr Makedonskiy jangchilari Hindistonda shirin maza beruvchi qandaydir o‘simlikka       tasodifan duch kelishgan. Uni arisiz asal beruvchi o‘simlik deb atashgan (keyinchalik bu shakarqamish bo‘lib chiqdi). Ushbu o‘simlikdan olingan shirinlik dastlab Xitoy va Arabistonga tarqalgan, VII asrga kelibgina Yevropaga o‘tgan.

1747-yili Berlin fanlar akademiyasida nemis fizigi A.Markgraf lavlagida ham shakar moddasi borligini e’lon qiladi. Shundan so‘ng Germaniyada ilk shakar zavodi tashkil qilingan. Rossiyada bunday zavod ilk bor 1801-yili qurilgan va o‘sha yili bor - yo‘g‘i 5 pud shakar ishlab chiqarilgan. Tezda bunday shirin mahsulotga barchaning qiziqishi ortib, bozori chaqqon bo‘lgan. XX asrga kelib shakar butun dunyoda eng xushxo‘r mahsulotga aylandi. Ayni paytda Yer yuzi bo‘yicha jamiki shakarning 60 foizi shakarqamishdan, 40 foizi lavlagidan olinmoqda. Keyingi 150 yil davomida toza holdagi (rafinatsiya qilingan) shakar ko‘p iste’mol qilinmoqda. Shu sabab qator kasalliklarning (ateroskleroz, yurak ishemik kasalliklari, qandli diabet, semizlik va u tufayli yuzaga keladigan  xastaliklar va boshqalar) yuzaga kelishi ortdi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, kuniga o‘rtacha 56 gramm shakar iste’mol qilgan kishida yurak-qon tomir xastaligidan o‘lim holati bir sutkada 118 gramm shakar yeydiganlarga qaraganda ikki marta kam kuzatilar ekan. Gap shundaki, me’yoridan ziyod iste’mol qilingan shakar qonda uning miqdorini ko‘paytiradi. Bu hol o‘z navbatida tegishli biokimyoviy o‘zgarishlar bilan oshiqcha shakarni tezgina yog‘ga aylantiradi. Bunday yog‘lar teri tagida, oshqozon-ichak atrofida charvi holiga keladi,  qon tomirlari devorlariga ham kichik toshmachalar ko‘rinishida yopishib qoladi va qon oqishiga to‘sqinlik qiladi. Oqibatda qon bosimi ko‘tariladi va u bilan bog‘liq kasalliklar (miokard infarkti, insult va boshqalar) kelib chiqadi. Bunday holga tushmaslik uchun kunlik toza shakarga bo‘lgan ehtiyoj xotin-qizlarga 50, erkaklarga 60 gramm etib belgilangan. Ushbu ko‘rsatkich ancha kamaytirilsa (25-30 gramm, 5-6 choy qoshiq),  yanada yaxshiroq.

BIR FOYDASI – ENERGIYA BERADI

Ta’kidlash joizki, shakar boshqa oziq moddalar, xususan, yog‘, oqsillardan tubdan farq qilib, energiya berishini hisobga olmasa, hech bir biologik qiymatga ega emas (rafinatsiyalangan shakar tarkibida vitaminlar, mineral va biologik faol moddalar umuman bo‘lmaydi). Uning 100 grammida 374 kkal energiya mavjud. Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, hozirgi paytda har birimiz kuniga o‘rtacha 100-140 gramm shakar yeymiz. Bu sof holdagisi, yana turli-tuman shirinliklar (konfetlar, shokolad, pishiriqlar va  boshqalar) bilan qabul qilingan shakar ham inobatga olinsa, bu miqdorning 200-250 grammga yetib qolishi turgan gap. Shunday qilib, zamondoshlarimiz rosa shakarxo‘r desak, xato bo‘lmaydi.

Savol tug‘iladi: organizmimizda shunga ehtiyoj bormi? Ajdodlarimiz umuman shakar iste’mol qilishmasa ham, uzoq umr ko‘rib, sog‘-salomat yurishgan-ku! Shuni esdan chiqarmaslik kerakki, yeyiladigan barcha uglevodlar (non, kartoshka, makaron, sabzavotlar, mevalar va boshqalar) oldin kraxmal-polisaxarid holidan shakarga, keyin monosaxaridlarga aylanib so‘riladi. Aniqroq aytganda, har qanday oziq moddalar ham (uglevodlar, oqsillar, yog‘lar) ichak devorlarida maxsus o‘tkazuvchi yo‘llardan qonga so‘rilishi uchun albatta polimer ko‘rinishidan tegishli fermentativ jarayonlar tufayli monomer holiga o‘tishi kerak. Masalan, kraxmal glyukozaga, oqsillar aminokislotalarga, yog‘lar glitserin va yog‘ kislotalariga aylanadi. Aks holda polimerlar yirik molekulalardan iborat bo‘lgani bois bu yo‘ldan o‘ta olmaydi. Demak, iste’mol qilinadigan barcha uglevodlar, shu jumladan, non va boshqa un mahsulotlari hazm bo‘lishi uchun shakarga (glyukozaga) aylangani sababli uni qo‘shimcha qabul qilishga ehtiyoj qolmaydi.

Shunga ko‘ra, ajdodlarimizga o‘xshab umuman shakar iste’mol qilmasak ham vujudimiz unga ehtiyoj sezmaydi. Qayd qilingan yo‘l bilan qonga shakar o‘tishining yana bir muhim tomoni bor. Bunda uning miqdori qonda to‘g‘ridan to‘g‘ri shakar, konfet kabi shirinliklar yeyilganidagiga o‘xshab tezda ko‘payib ketmaydi. Bu holning esa o‘z o‘rnida muhim biologik ahamiyati bor. Misol uchun, qonda shakar ko‘payganida (giperglikemiya) me’da osti bezida ortiqcha miqdorda insulin gormoni sintez qilinishi sodir bo‘lganidek, non va undan tayyorlangan boshqa mahsulotlar yeyilganida ushbu organga ortiqcha yuklama tushmaydi, qandli diabet kabi xastaliklarning oldi olinadi va hokazo.

ME’YORIDAN OSHMASA, ZARARI KAM

To‘g‘ri, bugun kundalik taomnomadan shakarni butunlay chiqarib bo‘lmaydi. Usiz ayrim yeguliklar (sharbatlar, pishiriq va tortlar, shokolad va konfetlar) tayyorlashning imkoni yo‘q. Qolaversa, shakar miya faoliyati uchun tez energiya beruvchi mahsulot sifatida ham kerak. Faqat uni iste’mol qilishni meyorda ushlash lozim.

Maxsus tekshirishlarda isbot qilindiki, odam va hayvonlarda hozircha bedavo dard hisoblangan saraton (rak) to‘qimalari qancha shakar ko‘p isme’mol qilinsa, shuncha tez o‘sar ekan. Balki keyingi yillarda kishilar o‘rtasida ko‘p shirinlik iste’mol qilish saratonning ko‘payib borishiga olib kelayotgandir, degan taxmin ham yo‘q emas. Amerikalik bir guruh tadqiqotchilarning aniqlashicha, saraton o‘simtasining o‘sishiga glyukoza parchalanishidan hosil bo‘lgan energiya sabab bo‘lar ekan.

Shuni ham bilib qo‘ygan yaxshiki, zamonamizda har xil gazli shirin ichimliklar ko‘payib ketdi, ularsiz biror bayram tadbiri, to‘y-ma’raka o‘tmaydi. Bunday ichimliklarni nafaqat yosh bolalar, balki kattalar ham xush ko‘rib ichaveradi. Ularning tarkibida shakar miqdori anchagina bo‘lib (1 litrida o‘rtacha 100-105 gramm), ko‘pchilik bir o‘tirishda kamida 0,5 litrini simirib qo‘yganini ham ko‘rganmiz. Demak, shakarga bo‘lgan bir kunlik me’yoriy ehtiyoj mana shu shirin ichimlik bilan to‘liq qoplanib qolayapti. Shunday qilib, qolgan pishiriqlar, tort, shokoladlar, oq non va boshqa yeguliklar bilan qabul qilingan shakar esa vujud uchun oshiqcha. Aynan mana shunday “suyuq shakar”ning (aytib o‘tilgan shirin ichimliklardagi shakar) me’yoridan oshig‘i darhol yog‘ga aylanar ekan. Keyingi yillarda shakarning ko‘p  yeyilishi tobora oshib borishini shu narsa bilan tushuntirish mumkinki, unga inson vujudi kayf beruvchi moddalarga o‘rgangandek bog‘lanib qolar ekan. Ya’ni qabul qilinayotgan shakar ma’lum miqdorda ko‘paytirib borilmasa, organizm uni sezmay qoladi. Mukkasidan ketdikmi, vujudimiz uni doim qo‘msab turaveradi.

MUQOBILI - ASAL

Ma’lumki, ko‘pgina meva-chevalar (olma, anor, xurmo, nok, zardoli, tut, uzum va boshqalar) hamda poliz mahsulotlari (qovun, tarvuz va hokazo) tarkibida polisaxaridlardan tashqari tegishli miqdorda shakar, glyukoza va fruktozalar ham bo‘ladi. Aynan mana shu shirinliklarning o‘zlashtirilishi organizm uchun asqatar ekan. Chunki, ular birinchidan, turli-tuman vitaminlar, boshqa biologik faol moddalar bilan birga qo‘shib iste’mol qilinadi va ikkinchidan, bu tartibda taomlanish tabiiy bo‘lib, odamzod unga tadrijiy moslashgan.

Shirinliklarga bo‘lgan talabni qondirishda asal alohida o‘rin tutadi. Kundalik shirinlik iste’mol qilishda (shirin ichimliklar, pishiriq va tortlarga o‘xshash yeguliklar tayyorlashda) shakar o‘rniga asal ishlatish maqsadga muvofiq. Chunki, uning tarkibida qator vitaminlar, ma’danli moddalar, fermentlar va hatto ayrim gormonlar ham mavjud. Qolaversa, inson uni iste’mol qilishni hali shakar ma’lum bo‘lmagan paytlardan boshlagan. Bunday taomlanishga, yuqorida aytilganidek, tadrijiy moslashgan. Uni iste’mol qilish bilan shakar yeyilganida kuzatiladigan ayrim noxush holatlar kuzatilmaydi. Shuning uchun, mamlakatimizda asalarichilikni rivojlantirishga alohida e’tibor berilishi bejiz emas. Ushbu sa’y-harakatlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash shu kunning talabidir. Bu hol sog‘lom ovqatlanish uchun ham ayni muddao. Shunday ekan, shakarni ko‘p emas, me’yorida iste’mol qilish har tomonlama ma’qul.

Shoniyoz QURBONOV, biologiya fanlari doktori, professor

 Hulkar HAZRATOVA,    Qarshi davlat universiteti magistri