Sidebar

"Қашқадарё" ва "Новости Кашкадарьи" газеталарининг расмий веб-сайти
Ўқимоқчи бўлган газетангиз номи устига босинг!
(Нажмите на логотип газеты, которую планируете прочитать)

21 - sentabr, juma.

JAZIRAMA ORGANIZMNI ZO‘RIQTIRADI...

Tibbiyot
Tipografiya

Oftob urishidan saqlaning!

JAZIRAMA ORGANIZMNI ZO‘RIQTIRADI...

Odamzot tabiati qiziq. Na sovuqqa, na issiqqa chidaydi. Qishda yozni, yozda esa qishni qumsaydi. Aslida, har faslning o‘z ziynati bor. Xususan, yoz oftobining ham sog‘liq uchun foydasi ko‘p. Ayni jazirama kunlarida issiqdan qanday himoyalanish, qay holatda foydalanish haqida biolog Gulnoza Bo‘ronova quyidagilarni gapirib berdi.

- Yoz jaziramasida quyosh taftidan himoyalanish nihoyatda muhim, - deydi u. - Chunki bu paytda ultrabinafsha nurlari ta’siri kuchayadi. Shuni inobatga olib, kunduz soatlarda ochiq havoda mavsumga mos bosh kiyim kiyish yoki soyabon tutish zarur. Havoni o‘tkazuvchi matodan tayyorlangan kiyim va quyosh nurini qaytaruvchi ko‘zoynak ham ayni muddao. Oftob tig‘ida ishlash zarurati tug‘ilganda albatta o‘zimiz bilan suv olib chiqishimiz lozim. Chunki issiq tufayli tanamizning suvga bo‘lgan ehtiyoji har qachongidan ortadi. Bu ehtiyojni qondirish uchun ko‘k choy, sharbatlar, na’matak damlamasi hamda kuniga 3-4 litr suv ichish maqsadga muvofiq. Shuningdek, bodring, pomidor, tarvuz, qovun, olma, o‘rik, olxo‘ri, karam singari meva-sabzavotlar iste’moli bilan ham tanamizni suvsizlanishdan asrash, vitamin, mineral moddalar bilan ta’minlash mumkin.

Bundan tashqari, mutaxassislar mavsumda asal, novvot, qazi, qahva, alkogolli ichimliklar, yog‘li, sho‘r taomlar va qiyin hazm bo‘luvchi yeguliklarni imkon qadar kam iste’mol qilishni tavsiya etadi. Chunki bunday mahsulotlar yurakni lohas qiladi, ortiqcha terlashgasabab bo‘ladi. Ortiqcha terlash esa organizmdan foydali mineral tuzlarni chiqarib yuborishi ba’zi ko‘ngilsizliklarni keltirib chiqaradi.

Jaziramaning yana bir noqulayligi - lanjlik, tez charchash, qon-tomirlar, butun organizm faoliyatida toliqishni yuzaga keltiradi. Bunda oqshom payti chim yoki shag‘al ustida oyoqyalang yurish kerak. Chunki oyoq kafti va tovonida barcha ichki a’zolar faoliyatiga ta’sir etuvchi nuqtalar joylashgan. Bu nuqtalar harakatlansa miya, yurak, buyrak, o‘pka, me’da-ichak tizimi, jigar, taloq, o‘tpufak kabi organlar faoliyati me’yorlashadi.

Sharqirab oqayotgan daryo suvi ham salqinlanishimizga yordam beradi. Issiqdan charchagan odam borki, muzdek suvda cho‘milishga oshiqadi. Mutaxassislar esa issiq kunda sovuq suvga tushish oqibatida qon-tomirlar tortishishi, asab-ruhiy tizimda ham ba’zi noqulayliklar keltirib chiqarishi haqida ogohlantiradi. Shuning uchun cho‘milishdan avval salqin joyda biroz o‘tirib, tanani sovutish kerak. Shuningdek, bunday paytda jismoniy mashqlar bajarish man etiladi. Bunday harakatlar yurak faoliyatining buzilishiga, oftob urishiga sabab bo‘lishi mumkin. Agar tanada qizarish, ko‘ngil aynib, qayt qilish, qaltiroq bosish yoki hushdan ketish kuzatilsa, bu - oftob urishi belgisi. Bunday holatda jabrlangan kishini zudlik bilan salqin joyga o‘tkazib, muzdek choy yoki suv ichirish kerak. Matoni namlab badanini, tomoq, bo‘yin va gavda qismlarini artish lozim.

Xullas, har qanday ob-havoda ham sog‘lom va xushchaqchaq bo‘lish o‘zimizga bog‘liq. Yoz fasli issig‘ida to‘g‘ri harakatlanilsa - foyda, aksincha bo‘lsa - zarar ko‘rishingiz hech gap emas.

S.ALLAYOROVA yozib oldi.