Sidebar

"Қашқадарё" ва "Новости Кашкадарьи" газеталарининг расмий веб-сайти
Ўқимоқчи бўлган газетангиз номи устига босинг!
(Нажмите на логотип газеты, которую планируете прочитать)

22 - iyul, yakshanba.

TIBBIYOT SOHASIDA HAM SOG‘LOM RAQOBAT SHAKLLANMOQDA

Tibbiyot
Tipografiya

Xususiy sektor

TIBBIYOT SOHASIDA HAM SOG‘LOM RAQOBAT SHAKLLANMOQDA

Kitob tumanidagi “Kitob sifat qurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyati, o‘z nomidan ham ma’lum bo‘lganidek, asosan qurilish-pudrat ishlariga ixtisoslashgan. Bu tadbirkorlik subyekti biror g‘isht zavodini ishga tushiribdi yoki zarur qurilish materiali ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yibdi, desa birov hayron bo‘lmaydi. “Endi, o‘z ishiga kerak-da, shunga qilibdi”, deydi. Ahamiyatlisi, mazkur korxona bu yo‘nalishlar qolib, o‘tgan yili tibbiyotga sarmoya kiritdi, yana oz ham emas, 10 milliard so‘mga yaqin mablag‘. Bu soha qurilish bilan hech kesishmasligi aniq. Xo‘sh, tadbirkorni klinika ochishga nima undadi, dersiz.

- Albatta, bunga asosiy sabab yurtimizda xususiy tibbiyot rivojiga qaratilayotgan yuqori e’tibordir, - deya javob beradi jamiyat rahbari Mashrab Sohibov. – Aytishim kerak, bu qarorga kelishimiz oson bo‘lmadi. Korxona ta’sischilari o‘zaro kengashib, shu sohaga investitsiya yo‘naltiradigan bo‘ldik. Boisi, birinchidan, davlatimiz rahbarining tegishli qarorlari bilan mazkur tarmoqda faoliyat yuritish istagidagi ishbilarmonlarga ko‘plab imtiyoz va qulayliklar yaratib berildi. Bunda asosiy talab esa xizmat ko‘rsatish sifati yuqori va zamon talablariga javob bersin. Qolaversa, mamlakatimizda tibbiyot istiqbolli, muvaffaqiyatli biznes qilish mumkin bo‘lgan sohalardan biridir. Shularni hisobga olib, fursatni qo‘ldan boy bermadik. 2017-yil avgustda yangi tibbiyot markazimiz foydalanishga topshirildi. Buning uchun 5 milliard so‘m o‘z mablag‘imiz va 4,5 milliard so‘m tijorat banki kreditini sarfladik.

Bunisi tushunarli, ehtiyoj yuqori faoliyatdan yaxshi daromad olish – tadbirkorning maqsadi. Bundan jamiyatga ham naf kelishi esa yana bir muhim masala. Savol tug‘ilish mumkin: shuncha sa’y-harakat amalda o‘zini oqlayaptimi? Tibbiy markazfaoliyati bilan tanishish asnosida esa bunga javob topgandek bo‘ldik.

Asosan tashxislash va davolashga ixtisoslashgan klinika 4 qavatli zamonaviy binoda joylashgan. Pastki qismda laboratoriya va fizioterapiya bo‘limi joylashgan bo‘lib, ular xorijning ilg‘or tibbiyot uskunalari bilan jihozlangan. Ikkinchi qavat esa to‘liq diagnostika bo‘limi deb yuritiladi. Markazda statsionar tartibda davolanish imkoniyati ham bor. Bir martada 20 nafar bemorga xizmat ko‘rsatiladi. Buning uchun uchinchi qavatda sharoit yaratilgan.

- Markazimizga sohaning malakali mutaxassislarini jalb qilganmiz, - deydi tadbirkor. – Hozirgi vaqtda bu yerda 43 nafar xodim mehnat qilayotgan bo‘lsa, shuning 12 nafari yuqori toifaga ega shifokor sanaladi. Faoliyatimizni 4 yo‘nalishda tashkil etganmiz. Ginekologiya, nevrologiya shular sirasiga kiradi. Yaqinda to‘rtinchi qavatda xirurgiya blogimiz ishga tushirildi. Har kuni o‘rtacha 200 nafarga yaqin fuqaroni qabul qilayapmiz.

Ta’kidlash joiz, bugungi bozor sharoitida har sohada bo‘lgani kabi tibbiyotda ham raqobat kerak. Halol raqobat bor joyda, birinchi navbatda sifat o‘sishi ta’minlanadi. Faoliyat zamonaviy texnologiyalarga asoslanadi.

Tibbiyot sohasida xususiy sektor ishtiroki kengayishi esa shunga yanada ko‘proq imkon berishi tabiiy. Mamlakatimizda mazkur tarmoqqa sarmoya kiritayotgan tadbirkorlik subyektlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan siyosatdan ham shu maqsad ko‘zlanganiga shubha yo‘q.

MIRJAHON

Sobir NARZIYEV olgan suratlar.