Sidebar

"Қашқадарё" ва "Новости Кашкадарьи" газеталарининг расмий веб-сайти
Ўқимоқчи бўлган газетангиз номи устига босинг!
(Нажмите на логотип газеты, которую планируете прочитать)

22 - iyul, yakshanba.

OIV INFЕKSIYASI BILAN ZARARLANGAN BЕMORLAR - QONUN HIMOYASIDA

Tibbiyot
Tipografiya

Qaror va ijro

OIV INFЕKSIYASI BILAN ZARARLANGAN BЕMORLAR - QONUN HIMOYASIDA

Yaqinda ma’lumot olish uchun viloyat OITS markazida bo‘ldim. U yerda bir ayolyosh kelinchak bilan shifokor huzuriga kirish uchun navbat kutib turgan ekan. Ayolning aytishicha, qizi nikohgacha tibbiy ko‘rikdan o‘tishi kerakligini aytishgan, lekin qudalari vaqt tig‘izligini sabab qilib to‘yni tezlashtirishni, tibbiy ko‘rikdan to‘ydan so‘ng o‘tsa ham bo‘lishini ta’kidlashgan, ular esa shubha qilmay, bunga beparvolarcha rozi bo‘lishgan. Qizi homilador bo‘lgandan so‘ng uni tibbiy ko‘rikka olib borgan ona qizida OIV infeksiyasi borligini eshitib dahshatga tushgan. Qizi esa juda ham tushkun kayfiyatga tushib qolgan. “Agar qizimga biror nima bo‘lsa, o‘zimni kechirolmayman”, deya zorlanib yig‘laydi ona.

Vaholanki, OITS kasalligi haqida juda ko‘p eshitamiz. Joylarda olib borilayotgan targ‘ibot tadbirlari orqali ushbu bedavo xastalikka chalinish sabablari va uning oqibatlari xususida ko‘pchilik boshlang‘ich tushunchaga ega. Shunga qaramay, OIV infeksiyasi bilan kasallangan insonlar soni yildan yilga ko‘payib bormoqda. Demak, bu bo‘yicha hali qilinadigan ishlar ko‘p.

Ana shu muammolarni samarali hal etish maqsadida joriy yilning 22-iyun kuni Prezidentimiz tomonidan muhim bir hujjat - “Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik tarqalishiga qarshi kurashish va shifoxona ichki infeksiyalarini profilaktika qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror qabul qilindi.

Ushbu hujjat aholi salomatligini ta’minlash bo‘yicha navbatdagi dolzarb hamda kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalarni o‘zi ichiga olgani bilan ahamiyatli. Birgina tibbiy muassasalardagi ichki infeksiyalarni olib ko‘raylik. Bugun “Kasalxonada OITSga yo‘liqibdi”, “OITS bilan kasallangan bemorni davolagan tibbiyot xodimi kasallikka chalinibdi”, “Sartaroshxonadan OITS yuqtiribdi” degan gaplar qulog‘imizga chalinib turadi.

- OITS bilan kasallanganlar ro‘yxati ichida shifoxonadan yuqtirish holatlari ham bor, - deydi viloyat OITSga qarshi kurash markazi oliy toifali vrach epidemiologi Oqmirza Pardayev. - Lekin bemor bir necha bor turli joyda davolangani sababli aynan qaysi shifoxonadan yuqtirib olgani aniq emas. Yangi qaror bilan davlat tibbiyot muassasalarining OIV infeksiyasini profilaktika va diagnostika qilish, uni davolash bilan shug‘ullanuvchi tibbiyot xodimlarini ijtimoiy muhofaza qilishni kuchaytirish, shuningdek, shifoxona ichki infeksiyalarini profilaktika qilish orqali nafaqat OIV infeksiyasi, balki shifoxona sharoitida yuqishi mumkin bo‘lgan kasalliklar, xususan, virusli gepatitning B, C turlari oldini olishga ham imkoniyat yaratiladi.

Ushbu qarorda OIVni yuqtirib olgan shaxslarni kompleks tibbiy-psixologik qo‘llab-quvvatlash ishlarini tashkil etish ham alohida qayd etilgan.

Hujjat bilan OIV infeksiyasi profilaktikasi, diagnostikasi hamda davolash bo‘yicha kelgusida aholiga ko‘rsatiladigan tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘lamini kengaytirish va takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlari belgilab berildi. Ya’ni normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, OIV infeksiyasi tarqalishining oldini olishda epidemiologik nazoratni kuchaytirish, davlat hamda xususiy sheriklikni bosqichma-bosqich joriy etish, moliyalashtirishni ko‘paytirish, shuningdek, davolash muassasalarini zamonaviy diagnostika va laboratoriya asbob-uskunalari bilan jihozlash, mazkur yo‘nalishda faoliyat ko‘rsatuvchi xorijiy muassasalar bilan yaqin aloqalarni yo‘lga qo‘yish hamda hamkorlikni yanada rivojlantirish kabilar shular jumlasidan.

- Kelgusida viloyatimizda OITSga qarshi kurashish markazi uchun alohida bino qurish, qabul bo‘limini tashkil etish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, tumanlararo OITS diagnostika-laboratoriyalarini qayta ta’mirlash, ularga zamonaviy tibbiy texnologiyalarni tatbiq qilish ko‘zda tutilgan, - deydi Oqmirza Pardayev. - Bu esa sohada tub o‘zgarish yasab, qon tahlillarini tezkor o‘tkazish imkonini beradi.

Xalqimizda “Xasta bo‘lmasdan turib, sog‘liqning qadriga yet” degan hikmat bor. Ezgu maqsadlarga esa faqat salomatlik joyida bo‘lgandagina erishish mumkin. Shu nuqtayi nazardan qaraganda, amaliyotga tatbiq etilgan mazkur qaror ahamiyati har doim yuqori bo‘lib qoladi.

Shohista BOZOROVA