Sidebar

"Қашқадарё" ва "Новости Кашкадарьи" газеталарининг расмий веб-сайти
Ўқимоқчи бўлган газетангиз номи устига босинг!
(Нажмите на логотип газеты, которую планируете прочитать)

21 - iyul, yakshanba.

FANDAGI JASORAT

Yilnoma
Tipografiya

Qashqadaryo olimlari

FANDAGI JASORAT

Amerika Qo‘shma Shtatlarida dunyoda noyob biografiya instituti faoliyat ko‘rsatadi. Institut tomonidan jurnal ham nashr etiladi. Xalqaro faxriy kitob maqomidagi jurnal sahifalarida jahon fani rivojiga hissa qo‘shgan olimlar haqida ma’lumotlar berib boriladi. Unga mashhur o‘zbek olimi, akademik Asqar G‘aniyevich Xolmurodov nomi ham kiritilgan.

ILMDA ILK ODIMLAR

Maktabda o‘qib yurgan chog‘laridayoq Asqarning biologiyaga ayricha mehri bor edi. Shuning uchun o‘rta maktabni bitirib, O‘rta Osiyo Davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) biologiya-tuproqshunoslik fakultetiga o‘qishga kirdi. Besh yil davomida Tesha Zohidov, Yolqin To‘raqulov, Ahror To‘laganov kabi taniqli pedagog-olimlardan ta’lim oldi. Fakultet rahbariyati universitetni muvaffaqiyatli tugatgan qobiliyatli bu talabani aspiranturada o‘qishga tavsiya qildi. 1961-yilda Ukraina Fanlar akademiyasining biokimyo institutiga qarashli akademik Rostislav Chagovets rahbarlik qilayotgan vitaminlar biokimyosi laboratoriyasi aspirantligiga qabul qilindi.

Biologiyaning ajralmas qismi hisoblangan mikrobiologiya oddiy ko‘z bilan ko‘rib bo‘lmaydigan mikroorganizmlar xususiyatlarini o‘rganadi. Mikroorganizmlar, ya’ni bakteriya, virus va zamburug‘lar hisobiga tabiatda ko‘pgina moddalar almashinuvi ro‘y beradi, organik moddalar chiriydi, noorganik mahsulotlar hosil bo‘ladi. Ayrim mikroorganizmlar esa odamlar va hayvonlar uchun xavfli bo‘lib, turli kasalliklarni keltirib chiqaradi.

Asqar Xolmurodov o‘sha davrdan boshlab, mikroorganizmlarni million marta kattalashtirib ko‘rsata oladigan mikroskop bilan hamroh bo‘ldi, shu ko‘rinmas olam sirlarini o‘rganishga jiddiy kirishdi. Rus va ingliz tillarini yaxshi bilgani uchun o‘qishda qiynalmadi. Ko‘p o‘tmay, “biologiya fanlari nomzodi” ilmiy darajasiga erishish uchun ilmiy-tadqiqot ishlariga kirishdi. Laboratoriyada ulkan mikroskop oldida o‘tirib, sabr-toqat bilan tinimsiz mikroorganizmlar ustida kuzatuv va izlanishlar olib bordi. 25 yoshida ilmiy ishini yakunlab, fan nomzodi bo‘ldi va O‘zbekistonga qaytdi. Ikki yil O‘zbekiston Fanlar akademiyasiga qarashli mexanika, biokimyo hamda zoologiya va parazitologiya institutlarida dastlab kichik, keyin katta ilmiy xodim bo‘lib ishladi.

FAN OSMONIDAGI YORUG‘ YULDUZ

1966-yilgi Toshkent zilzilasidan keyin oilaviy sharoitidan kelib chiqib (u ukrain qizi Lyudmila Shvachkoga uylangan, Alisher ismli o‘g‘li bor edi), o‘sha yilning kuzida Kiyevga qaytib ketishga majbur bo‘ldi. Uni olimlik yo‘liga boshlagan qadrdon ilm dargohi – Ukraina Fanlar akademiyasining Aleksandr Palladin nomidagi biokimyo institutiga katta ilmiy xodim vazifasiga qabul qilingan Asqar Xolmurodov yana ilmiy ishga sho‘ng‘ib ketdi. Ustozi akademik Chagovets rahbarligida doktorlik dissertatsiyasi ustida ilmiy ish olib borib, 1974-yil 24-noyabrda uni muvaffaqiyatli yoqladi. Olimning nomzodlik va doktorlik ilmiy ishlarining  natijalari nafaqat funksional va molekulyar vitaminologiya haqida zamonaviy qarashlarni rivojlantirishga yordam berdi, balki yangi preparatlar ishlanmalarini yaratish va ularni hayotga tatbiq etish uchun ham asos bo‘lib xizmat qildi. Beta-pikolin moddasidan murakkab kimyoviy texnologiya asosida sintez qilib olinadigan va tibbiyotda, chorvachilikda keng qo‘llaniladigan nikotin kislotasi chet eldan valyutaga sotib olinardi. Asqar Xolmurodov nikotin kislotasi o‘rnini bosadigan kornik preparatini yaratishga muvaffaq bo‘ldi. Bu kashfiyoti uchun sobiq ittifoq xalq xo‘jaligi yutuqlari ko‘rgazmasining ikkita medali va Ukraina Fanlar akademiyasining Aleksandr Palladin nomidagi mukofotiga sazovor bo‘ldi.

Vitaminli premiks Asqar Xolmurodov tomonidan yaratilib, baliq yetishtiriladigan suv havzalarini boyituvchi va to‘yintiruvchi vosita sifatida ko‘pdan buyon qo‘llanilib kelinmoqda. Muhim fiziologik faol birikmalar – vitaminlar, kofermentlarning mikrob hujayralaridagi biosintez usullari ham bevosita uning kashfiyotidir.

Akademik Chagovets iste’dodli va izlanuvchi shogirdi bilan faxrlanar, uning biokimyo sohasida erishayotgan yutuqlaridan mamnun bo‘lar, vorislikka loyiq deb bilardi. Shuning uchun keksayib qolgan mashhur olim 1976-yil fevral oyida o‘zi rahbarlik qilayotgan institutning vitaminlar biokimyosi bo‘limini boshqarishni Asqarga topshirdi. U mazkur bo‘limda o‘n yil mudir bo‘lib ishlab, ustozining funksional mikrobiologiya va vitaminologiya bo‘yicha tadqiqotlarini davom ettirdi va rivojlantirdi, shu bilan birga, bu sohaning yangi yo‘nalishlarini asoslab berdi. Bu davrda olim biokimyo fanining ko‘plab mutaxassislarini tarbiyaladi, ularning nomzodlik va doktorlik ilmiy ishlariga rahbarlik qildi. O‘sha yillarda nufuzli ilmiy jurnallarda e’lon qilingan 200 dan ortiq maqola va nashr qilingan asarlari biokimyo adabiyoti oltin xazinasidan joy oldi. Olim, shuningdek, vitaminologiyaning dolzarb muammolariga bag‘ishlangan ikki yirik monografiyaning hammuallifidirki, ular hozir ham o‘z dolzarbligini yo‘qotmay, vitaminshunos olimlarning eng zarur qo‘llanmalari hisoblanadi.

Ingliz, rus, ukrain, polyak tillarini yaxshi bilgan Asqar Xolmurodov Stokgolm, Kopengagen, Moskva, Rim, Budapesht, Drezden, Zagreb, Vilnyus, Yerevan kabi dunyoning ko‘pgina shaharlarida o‘tkazilgan xalqaro ilmiy anjumanlarda qatnashib, ma’ruzalar qildi. Dunyodagi yirik ilm dargohlaridan biri, biotexnologiya fakulteti ham mavjud bo‘lgan Isroildagi Xayfa texnologiya institutining taklifiga muvofiq Asqar Xolmurodov ikki marta bu mamlakatga safar qilib, institut olimlari va talabalari huzurida ma’ruza qildi. O‘zbek olimining mikrobiologiya va biotexnologiya sohasidagi faoliyatiga qiziqib qolgan isroillik hamkasblari unga hamkorlik taklif etishdi.

Jahondagi yirik biotexnologiya markazlari ro‘yxatida turadigan Buyuk Britaniyadagi Brayton universiteti mikroblar ta’sirini yuzaga chiqarishda irsiyat masalalarini tatbiq qilish yuzasidan yirik xalqaro dasturni amalga oshirishga kirishgan edi. Bu sohadagi tadqiqotni o‘tkazishga jalb etilgan dunyodagi taniqli olimlar qatorida Asqar Xolmurodov ham borligi uning ilmiy salohiyati butun dunyoda tan olinganining isbotidir.

Biologiya fanlari doktori, professor Asqar Xolmurodovning Ukrainada kechgan chorak asrdan ko‘proq faoliyati faqat bir ilmiy dargohda – Ukraina Fanlar akademiyasi biokimyo institutining vitaminlar biokimyosi bo‘limida, uning laboratoriyalarida, mikroorganizmlar dunyosini namoyon etadigan mikroskoplar oldida o‘tdi. Tinimsiz izlanish va tadqiqotlar, o‘qish-o‘rganishi tufayli ko‘plab kashfiyotlar yaratib, ukrain mikrobiologiya fanining vitaminologiya bo‘limiga asos soldi. Funksional biokimyo va vitaminologiya sohasida dunyoga tanilgan olim darajasiga yetdi. Hamkasb olimlar uni “fan osmonidagi yorug‘ yulduz” deya tan oldi.

VATAN FANINI RIVOJLANTIRISH YO‘LIDA

Asqar Xolmurodov Ukrainada uzoq yillar yashab, qadrdon instituti, ahil olimlar jamoasi bilan bir oila farzandidek bo‘lib qolganiga qaramay, o‘z yurtiga qaytib, O‘zbekiston fanini rivojlantirishga xizmat qilishni orzu qilardi. Nihoyat, unga Toshkentdan O‘zbekistonda ishlash taklifi keldi. Bu taklifni xursandchilik bilan qabul qilgan olim 1985-yilda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Mikrobiologiya instituti direktori etib tayinlandi. Mazkur ilmiy-tadqiqot instituti uning rahbarligi davrida ilmiy jihatdan butunlay  yangilanib, tez orada ilmiy ishlar va biokimyo sohasida mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha sobiq ittifoqda oldingi o‘ringa chiqib oldi.

Dehqonlarga yaxshi ma’lumki, ekilgan chigit, agar yog‘ingarchilik ko‘p bo‘lsa, tez unib chiqmaydi, tuproq ostida chirib ketishi ham mumkin. Buning oldini olish uchun chigit ekilishidan oldin maxsus preparat bilan yuviladi, ammo u odamga va atrof-muhitga zarar keltirish xususiyatiga ega edi. Asqar Xolmurodov boshliq institut jamoasining izlanishlari natijasida ekologik jihatdan toza yangi preparat yaratilib, paxtakorlarga yetkazib berildi. Olimlarning yana bir kashfiyoti ham paxtachilikda keng qo‘llanmoqda. “Biopalan” deb ataladigan bu preparat g‘o‘zaning kasalliklarga chidamliligini oshirib, yuqori hosildorlikka erishishda muhim omil bo‘lmoqda. Omborlarda donni uzoq muddat saqlash imkoniyatini beruvchi yangi preparat ham shu institut laboratoriyalarida yaratildi. Shuningdek, bu yerda oqova suvlar tarkibini tozalash bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqilib, xalq xo‘jaligiga tatbiq etildi. Umuman, Asqar Xolmurodov boshqargan institutning 20 dan ortiq ilmiy ishlanmalari yuksak iqtisodiy va ijtimoiy samara berib, respublika oziq-ovqat sanoati, paxtachilik, yem-xashak ishlab chiqarish, sog‘liqni saqlash sohalariga tatbiq etildi. Izlanuvchan olimning xalq xo‘jaligi bilan bog‘liq tadqiqot ishlari, shular asosida ro‘yobga chiqarilgan kashfiyot va ishlanmalari ilmiy doiralarda yuksak baholandi. 1987-yilda Asqar Xolmurodov O‘zbekiston Fanlar akademiyasining muxbir a’zosi, 1988-yil  oktabrida Fanlar akademiyasining Bosh ilmiy kotibi etib saylandi. Bir yil o‘tib, akademiyaning haqiqiy a’zoligiga saylangan olim “akademik” ilmiy darajasiga sazovor bo‘ldi. Istiqlol yillarida ilm-fan rivojiga sezilarli ulush qo‘shdi.

MANGU BARHAYOT NOM

Uning ilm-fan va parlament sohasidagi jo‘shqin faoliyati kutilmaganda to‘xtab qoldi. 1997-yil 17-yanvarda  butun umrini fanga baxshida etgan, matonat va jasorat ko‘rsatib, uning cho‘qqilarini qadam-baqadam zabt etishga muyassar bo‘lgan, dunyoga tanilgan olim darajasiga yetgan akademik Asqar Xolmurodov 58 yoshida hayotdan ko‘z yumdi. Eski Yakkabog‘ shaharchasining Muchinguzar mahallasida tug‘ilgan alloma ota-onasi mangu qo‘nim topgan Ko‘ktosh ota qabristoniga dafn etildi.

Olim xotirasi uning yaqinlari, shogirdlari qalbida mangu qoldi. Yakkabog‘lik jurnalist va yozuvchi Hakim Sattoriy Ukraina va O‘zbekistonda  Asqar Xolmurodov bilan birga o‘qigan, ishlagan hamkasblari, do‘stlari, shogirdlari, ta’lim bergan ustozlari, yakkabog‘lik qarindosh-urug‘larining olim haqidagi xotiralarini jamladi. 2009-yilda bu xotiralar “Yakkabog‘da tog‘lar ham bor. Akademik Asqar Xolmurodov qissasi” nomli kitob bo‘lib, nashrdan chiqdi. 18 betlik kitobda akademik va professorlardan tortib, uni bilgan va tanigan oddiy insonlarning ham samimiy xotiralari joy olgan.

Akademik “Agar yaqinlarim orasidan mening ishimni davom ettiruvchi inson chiqsa, ham xursand bo‘lardim, ham faxrlanardim”, degandi. Bugungi kunda uning ishlarini jiyani – singlisi Saida opaning qizi Adolat O‘rinova davom ettirmoqda. Tog‘asi bilan birga Mikrobiologiya institutida faoliyat ko‘rsatgan Adolat 2007-yilda “biologiya fanlari nomzodi” ilmiy darajasi uchun dissertatsiyani muvaffaqiyatli  yoqladi. Hozir shu institutning Suv va ma’danlar mikrobiologiyasi laboratoriyasida katta ilmiy xodim bo‘lib faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu esa iste’dodli olim, zahmatkash inson boshlagan yo‘ldan uning izdoshlari dadil borayotganidan dalolatdir.

Mo‘min AZIZOV, jurnalist