Sidebar

"Қашқадарё" ва "Новости Кашкадарьи" газеталарининг расмий веб-сайти
Ўқимоқчи бўлган газетангиз номи устига босинг!
(Нажмите на логотип газеты, которую планируете прочитать)

22 - iyul, yakshanba.

MUTASADDILARNING BEFARQLIGI BOIS

Yilnoma
Tipografiya

Xalq qabulxonasi – adolat maskani

MUTASADDILARNING BEFARQLIGI BOIS

ko‘p yillik muammolar o‘z yechimini topmay kelgan

Prezidentimiz tashabbusi bilan joylarda tashkil etilgan Xalq qabulxonalari aholi murojaatlari bilan ishlash, sansalorlik, qog‘ozbozlik kabi illatlarni bartaraf etish, yillar mobaynida aholini qiynab kelayotgan muammo va kamchiliklarni samarali hal etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Mazkur jarayonda nafaqat fuqarolar muammolarini hal etish, balki  mutasaddilar mas’uliyatini oshirish imkoni ham yuzaga kelmoqda. O‘z navbatida, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, murojaatlar bilan ishlash vaqtinchalik kampaniya emas, xalqning dardu tashvishi bilan yashash, mavjud muammolarni joyida hal etish bo‘yicha doimiy davom etadigan ishdir.

Murojaatlar bilan ishlash jarayonini Nishon tumani misolida ko‘rsak, o‘rganishlar 15-20 yillardan beri yechimini topmayotgan muammolar mavjudligini ko‘rsatmoqda. Davlat tashkilotlari mas’ul shaxslari bilan bir qatorda aholining ham beparvo, loqayd munosabatda bo‘lib kelgani buning bosh omili.

Masalan, tumandagi 2-maktabda o‘tkazilgan sayyor qabulda Nishon hamda Gulzor mahallalari fuqarolari aholini ichimlik, shuningdek, oqova suv bilan ta’minlashda jiddiy muammolar borligini bildirishdi. Bu borada tuman hokimligi, tegishli tashkilotlar rahbarlariga  yillar davomida takror va takror murojaat qilingan bo‘lsa-da, shu paytgacha hech kim uning yechimi bilan jiddiy shug‘ullanmagan.

Ma’lum bo‘lishicha, haqiqatdan ham ushbu mahallalar aholisiga ichimlik suvi ham, oqova suv ham yetib bormagan. Tomorqalar suv yo‘qligi bois bo‘sh yotibdi. Boz ustiga ayni shu hududlar aholisini zax suvlarining ko‘tarilishi tashvishga solayapti. Zax suvlarini qochirish uchun yer ostidan o‘tkazilgan quvurlar ayrim fuqarolar tomonidan yopib qo‘yilgani bois yer osti suvi  sathi tobora yuzaga ko‘tarilmoqda. Mahalla raisi va profilaktika inspektoriga qonunbuzarlarni tartibga chaqirish yuzasidan qilingan murojaatlar e’tiborsiz qoldirilgan. Yer osti sizot suvlari hosil bo‘lishi natijasida uylar, hovli devorlari, molxonalar o‘pirilib tushayapti. Bularning barchasi katta-kichik bo‘g‘indagi rahbarlar, davlat va xo‘jalik organlari xodimlari xalq bilan muloqot qilishni deyarli unutib qo‘yganini ko‘rsatadi.

Keling, shu yerda fuqaro X.Muhammadiyevaning mavjud muammolarni hal etishni so‘rab yozgan murojaati qaysi tashkilotlarda necha yillab “aylanib” yurganiga bir nazar solsak. Nishon tumani hokimligiga 2015-yil 15-iyulda yo‘llangan murojaat dastlab “Nishondavsuvmaxsuspudrat” DUK direktori G‘.Mirzajonovga, keyin meliorativ  ekspeditsiya boshlig‘i B.Bo‘riyevga, undan o‘tib Nishon tumani hokimligi huzuridagi obodonlashtirish boshqarmasiga, undan tuman hokimi o‘rinbosari Sh.Norqobilovga, tuman moliya bo‘limiga...

Bularning barchasida murojaatlar nazoratga olingani, tegishli tashkilotlar rahbarlariga ko‘rsatma berilgani haqida aytilgan. Vaholanki, ushbu ayni masaladagi keyingi murojaatlar joriy yil boshlarida viloyat hokimligigacha yetib kelgan, bu yerdan “Qashqadaryosuvloyiha” MCHJ va viloyat ekologiya va tabiatni muhofaza qilish boshqarmasiga, ular orqali Nishon tumani hokimligi huzuridagi Obodonlashtirish boshqarmasi va “Suv maxsus pudrat” davlat unitar korxonasiga erinmasdan uzatilavergan. Lekin haligacha biror-bir mas’ul idora tomonidan Nishon va Gulzor mahallalari hududlaridagi zax suvlarni chiqarish yuzasidan aniq amaliy ish amalga oshirilmagan.

Murojaatlarga javob yo‘llayotgan mas’ullar sizot suvlarini chiqarish uchun katta mablag‘ evaziga yangi loyihalar asosida ulkan ishlar boshlanishi haqidagi tagi bo‘sh gaplar bilan aholi qo‘ynini puch yong‘oqqa to‘ldirgandan ko‘ra, sizot suvi yo‘lini yopib olgan fuqarolarni mahalla faollari bilan insofga chaqirib, muammoni joyida hal qilishga harakat qilishganda, u bunchalik chuvalashmasdi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 12-fevraldagi “Aholi punktlarini kompleks qurishda shaharsozlik normalari va qoidalari qat’iy bajarilishini nazorat qilishni kuchaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi tuman hokimligi va boshqa tegishli idoralar mas’ul shaxslari tomonidan mutlaqo bajarilmayotgani natijasida noqonuniy qurilish holatlari bo‘yicha e’tirozlar bitilgan murojaatlar ko‘p.

Albatta, mazkur masalalar nazoratga olinib, hal etish choralari ko‘rildi.  Aslida ularni ozgina e’tibor bilan o‘z vaqtida hal etish imkoni bor edi. Ammo ayrim rahbarlarning mas’uliyatsizligi, beparvoligi, sansalorlik bunga yo‘l bermagan.

Shuni unutmaslik kerakki, qayerdaki rahbar mas’uliyatini sezmasa, o‘sha joyda murojaatlar ko‘payaveradi.

F.JUMAYEV,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Nishon tumani Xalq qabulxonasi mudiri