Sidebar

"Қашқадарё" ва "Новости Кашкадарьи" газеталарининг расмий веб-сайти
Ўқимоқчи бўлган газетангиз номи устига босинг!
(Нажмите на логотип газеты, которую планируете прочитать)

23 - yanvar, seshanba.
As soon as you open an account Bet365 will send you a 10 digit Offer Code via email. Receive Your £200 bet365 Welcome Promo Bonus plus £50 Mobile Promo

HAQIQIY BAHONI XALQ BER(A)DI

Yilnoma
Tipografiya

Xalq bilan muloqot samaralari

HAQIQIY BAHONI XALQ BER(A)DI

U ko‘priklar allaqachon yonib ketgan...

2017-yil nihoyalanarkan, ayrim kishilarda bir fikr: “Mana, galdagi yil Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili deb e’lon qilindi. Nima, endi shu bilan xalq bilan boshlangan muloqot jarayonlari poyoniga yet(a)dimi?”

Bu savolga davlat rahbarining o‘zi Konstitutsiyamizning 25 yilligiga bag‘ishlangan tadbirda dangal javobni berdi.

- Bugungi kunda fuqarolarimiz mansabdorlar oldiga emas, balki mansabdor shaxslarning o‘zi xalqimiz oldiga bormoqda. Bu – katta o‘zgarish, - dedi Shavkat Mirziyoyev. – Ayni vaqtda ko‘p rahbarlar bular hammasi vaqtincha, bir yillik ish, degan xom xayol bilan yuribdi. Ammo ular shuni qulog‘iga quyib olsin, ko‘priklar allaqachon yonib ketgan. Endi hech qachon orqaga qaytmaymiz.

Bu gapning yana bir tasdig‘ini Prezidentning Oliy Majlisga Murojaatnomasida ko‘rdik. 4 soatlik tadbir hayotimizning barcha tarmoq va jabhalarini qamrab olarkan, asosiy e’tibor bir masalaga qaratildi – inson manfaatlarini ta’minlash. Demak, xalq bilan muloqot jarayoni keladigan yilda yanada takomillashadiki, o‘tayotgan yilda uyg‘ongan umid qat’iy ishonchga aylanajak.

XALQ BILAN MULOQOT JARAYONLARI NIMA BERDI O‘ZI?

Darhaqiqat, bizda yillarga nom berish amaliyoti bor ediyu, biroq bu qadar qamrovi keng tadbir amalga oshmagandi. Bo‘lmasa deng, faqat nomini eshitganimiz, o‘zini televizordan boshqa joyda ko‘rmaganimiz – vazirlar, deputat va senatorlar, sudya va prokurorlar chekka-chekka qishloqlarda bo‘lib, odamlardan hol-ahvol so‘rashini oldin tasavvur qila olarmidik. Lekin endi bu tasavvurimizda sobitmiz – bularning bari odatiy holga aylanib ulgurdi.

Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili Davlat dasturida nazarda tutilgan tadbirlar ijrosi uchun viloyatda 2 trillion 296 milliard 100 million so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirilgani esa bu boradagi ishlar quruq gap, hol so‘rashdan iborat bo‘lmay, kishilarning birini ikki qilish, kosasini oqartirish, bir so‘z bilan aytganda, hayotdan rozi qilishga qaratilganini ko‘rsatadi.

XALQ QABULXONALARI – ADOLAT MASKANI

Jahonda boshqa biror davlat rahbarining joylarda Xalq qabulxonalari borligi haqida eshitmaganmiz. Bu – mutlaqo yangi amaliyot. Amaliyotki, xalq manfaatlariga xizmat qiladi.

E’tiborlisi, o‘tgan davr mobaynida millionlab kishilar davlatimiz rahbarining Xalq qabulxonalaridan najot topdi, og‘iri yengil, mushkuli oson bo‘lishida yordam oldi.

Birgina viloyat misolida oladigan bo‘lsak, viloyat Xalq qabulxonalarida shu vaqtgacha 26 mingdan ziyod murojaat ko‘rib chiqilgan bo‘lib, ularning 20533 tasi fuqarolar foydasiga hal qilingan, eng muhim muammolarga vaqtida, joyida yechim topilgan.

- Ayrim tushunmovchiliklarga ko‘ra diniy ekstremistik oqim a’zolari ro‘yxatiga kirib qolgandim, - deydi Qarshi shahrilik F.Roziqov. – Mas’ul idoralarga borib uchrashdim. Lekin hech bir natija bo‘lmadi. Qarasam, butun hayotim alg‘ov-dalg‘ov bo‘ladigan. Sha’nim, obro‘yim toptaladigan. Shu orada Prezidentimizning Xalq qabulxonalari tashkil etilgani jonimga ora kirdi. Borib, vaziyatni tushuntirdim, amaliy yordam so‘radim. O‘rganishlardan so‘ng meni diniy   ekstremistik oqim a’zolari ro‘yxatidan chiqarishdi. Xursandman. O‘sha kunlarni eslasam, yuragim orqaga tortib ketadi. Odamlar manfaatini o‘ylab qilinayotgan ishlar men kabi ko‘plab kishilarning hayotini, yomonotliq bo‘lishdan saqlab qolishiga ishonaman.

Yoki birgina Dehqonobod tumanining Do‘stlik va Mustaqillik mahallalari o‘rtasidan oqib o‘tuvchi Kichik o‘ra daryosi ustidagi ko‘prikning yaroqsiz ahvolga kelib qolgani mazkur hududlarda yashovchi qariyb 10 ming aholini anchadan beri qiynab kelayotganini oling. Yillar davomida hal etilmay kelayotgan masala bo‘yicha hudud aholisining Prezident Xalq qabulxonasiga murojaatidan so‘ng mazkur muammo o‘z yechimini topdi. Eni 3, uzunligi qariyb 100 metr bo‘lgan ko‘prik ta’mirlanib, foydalanishga topshirildi. Bunday misollarni yuzlab sanash mumkin.

VIRTUAL QABULXONA

Tan olish kerak: bir necha yil ilgari davlat rahbari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot qilish imkoni yaratiladi, desa hech kim ishonmasdi. Hatto “Bular – bari nomiga, vaqt o‘tib to‘xtab qoladi” deguvchilar ham topilgandi. Biroq bugun virtual qabulxonaga biror masala yuzasidan shikoyatmi, taklifmi, fikrmi bildirmagan odamni topish qiyin yurtimizda. Chunki internet tarmog‘idagi mazkur qabulxona murojaatlar bilan ishlashda, yechimini kutayotgan muammolarni hal etishda muhim vositaga aylandi. Xalqning dardini eshitish va unga malham bo‘lishda qulayliklar tug‘dirdi.

- O‘g‘limning ko‘rish qobiliyatida nuqsoni bo‘lib, uni davolatishga qiynalib, bormagan joyim qolmagandi, - deydi kosonlik Mohigul Sharipova. – Shunday kunlarning birida Prezidentning virtual qabulxonasi orqali fuqarolarning ko‘plab muammolari qisqa vaqt ichida hal etilayotgani, barcha masalaga yechim topilayotganidan xabar topdimu, murojaat qildim. So‘ng zarur tekshiruvlar o‘tkazildi, bolam davolandi. Xudoga shukur, hozir sog‘lig‘i yaxshi. Barchamiz mamnunmiz.

SAYYOR QABUL – SAMARALI USUL

Ma’lumki, odamlarning dardini eshitish, ular bilan ochiq muloqotda bo‘lish, og‘irini yengil qilish – aholining davlat va jamiyatga ishonchini mustahkamlashga xizmat qiladi. Shundan kelib chiqib, davlat organlari, xo‘jalik boshqaruvi organlarining rahbarlari va mansabdor shaxslari, barcha darajadagi hokimlar fuqarolardan tushayotgan arizalar bilan ishlashni tashkil etish maqsadida sayyor qabullar tashkil etmoqda. “Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, degan tamoyil ayni shu joyda namoyon bo‘lmoqda. Viloyat hokimi va uning o‘rinbosarlari, boshqa rahbarlar tomonidan yil davomida 600 dan ziyod sayyor qabullar o‘tkazilgani, albatta, kichik raqamlar emas. Bular hisobotlarda qayd qilingani. Yo‘l-yo‘lakay tashkil qilingan qabullarning sanog‘i ko‘p. Deylik, ularning har birida 10 kishining muammosi hal etilgan bo‘lsa ham bu – minglab muammolar yechildi, shuncha kishining davlatga ishonchi  mustahkamlandi, degani.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlaridan iborat ishchi guruh, prokuratura, bojxona, soliq, bank-moliya va boshqa ko‘plab idoralar mas’ul xodimlari ishtirokida viloyatimizning barcha tuman va shaharlarida aholi, tadbirkorlik subyektlari vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, ularni qiynayotgan masalalarga joyida yechim topilayotgani yangi hodisa bo‘lishi barobarida mansabdorlarni xalq bilan yaqinlashtirgani ahamiyatlidir.

Bunda ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati rahbari boshchiligida muntazam tashkil qilinayotgan sayyor qabullar qamrovi va samarasi bilan alohida o‘rin tutmoqda.

- To‘g‘risini aytsam, shuncha yildan beri holing qanday, nimalar bilan bandsan, deb biror kishi kelmagandi, - deydi Kitob tumanining tog‘li qishlog‘ida yashovchi Mustafo Niyozov. – Prezident devonidan kelishib, yashash sharoitimni o‘rganishgani meni quvontirdi. Tan olish kerak, bahor-yozda chiroyli manzara bo‘lgani bilan qishda tog‘da yashash oson emas. Hammasi sandaldagi laxchaga qarab qoladi: choy qaynatish, ovqat pishirish, isinish deganday. Besh bola bilan qiynalib qolgandik. Bunday paytda birovning ha degani mador bo‘ladi-da. Shu vaqtgacha uyimizda gaz plitasi yo‘q edi, mana endi gazli, plitali bo‘ldik. Bizni ham o‘ylaydigan kishilar borligidan xursandmiz.

YO‘L XARITALARI

Joriy yildan e’tiboran hududlardagi masalalar sektorlarga bo‘lingan holda o‘rganiladigan, hal etiladigan bo‘ldi. Ya’ni hokim, prokuror, ichki ishlar va soliq idorasi rahbari boshchiligida aholining turmush darajasini yuksaltirish, rahbar-xodimlar mas’uliyatini oshirish, har qanday byurokratiya va sansalorlik holatlari yuzaga kelishiga qat’iy ravishda barham berish hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarining tashabbuslarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari ko‘rilmoqda. Aslida bu ham xalq bilan muloqot jarayonining uzviy qismi ekani bilan muhimdir.

QORAMOLDAN TIKUV MASHINASIGACHA

Gapning rosti shuki, kishilarimiz mehnatkash, ozgina madaddan katta rag‘bat olib, o‘ziga va jamiyatga naf keltirishni biladi. Shuni hisobga olgan holda viloyatda aholining shaxsiy yordamchi xo‘jaliklarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari parvarishlash, qoramol, qo‘y, echki, quyon boqish va go‘sht yetishtirish, parrandachilik va asalarichilikni rivojlantirish, ixcham issiqxonalar tashkil etish, xizmat ko‘rsatish va servis sohasini yanada rivojlantirish, ayollar tadbirkorligini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida tijorat banklari tomonidan 289,6 milliard so‘m miqdorida kreditlar ajratildi.

Masalan, Kitob tumani Jovuz qishlog‘ida yashovchi M.Aliyev uzoq yillardan beri bog‘ yaratishni orzu qilib yurardi. Biroq qo‘li kaltalik qilib, bu ishni boshlashga jazmi yetmayotgandi. Uning orzusi joriy yilda ushaldi: tijorat bankining krediti evaziga u bugun katta bog‘ yaratgan, endi pul topish emas, uni qaysi sohaga yo‘naltirish ustida bosh qotirayapti.

Shuningdek, kam ta’minlangan 300 oilaga 311,4 million so‘mlik moddiy yordamlar ko‘rsatilgan bo‘lsa, 42 nafar kishi Prezident sovg‘asi sifatida barcha qulayliklarga ega zamonaviy uyga ega bo‘ldi. Shu bilan birga, 90 nafar xotin-qizga tikuv mashinalari va 30 nafar xotin-qizga maishiy texnika jihozlari berilib, ularning manfaatdorligini oshirishga hissa qo‘shilganini ham qayd etish o‘rinli.

- Uqubat, qiyinchilik degan narsalarni mana bizdan so‘rang, - deydi Qarshi tumanilik Shohista Sa’dullayeva. – Shunday sharoitda odamga orzu-havas qilish ham erish tuyulib qolarkan. Qarangki, bu yil boshimizga baxt qushi qo‘ndi. Ro‘zg‘orni zo‘rg‘a o‘tkazib, amal-taqal qilib turgan joyimizda Prezidentimiz bizga uy sovg‘a qildilar. Yana jihozlab ham berishdi. Tikuv mashinasi esa quvonchimizni yanada oshirdi. Bizdek himoyaga, ko‘makka muhtoj odamni tashlab qo‘ymagan Prezidentimizga rahmat. Yashashga ishtiyoq, yangi orzu-havaslarimizga umid berishganidan minnatdorman.

- Shu vaqtgacha bir hovlida uch ro‘zg‘or qiyinchilikda yashab kelayotgandik, - deydi nishonlik Abdinabi Uzoqov. – Alohida uy qurishning esa o‘zi bo‘lmaydi. Nogironlik pand bergan paytlar ham bo‘lib turadi. Aytsam ishonmaysiz, kutilmaganda 3 xonali uyning egasi bo‘lib turibmiz-da. Xotinim tikuv mashinali bo‘lgan. Qiyinchiligimizni anglab, ahvolimizni tushungan Prezidentimizdan minnatdormiz. Mehnatimiz, namunali hayotimiz bilan jamiyat rivojiga hissa qo‘shishga va’da beramiz.

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, joriy yilda 32 massivda namunaviy loyihalar asosida 1 ming 523 ta yakka tartibdagi uy-joy qurildi. Arzonlashtirilgan uylarga esa birgina shu yilning o‘zida 936 oila ko‘chib kirdi. Bularning barchasidan albatta, odamlarimiz manfaat ko‘rmoqda.

O‘tayotgan yil tom ma’noda o‘ziga xos davr bo‘ldi. Davrki, kishilarga qanot bag‘ishlaydi. Bu yil davlat idoralarining xalqimizga xizmat qilishini ta’minlash, har bir odamning o‘z hayotidan mamnun bo‘lib, hayotga va kelajakka mustahkam ishonch bilan yashashiga erishishga harakat qilindi va bunga ma’lum ma’noda erishildi ham. To‘g‘ri, oldinda qilinadigan ishlar hali ko‘p. Biroq to‘g‘risini tan olaylik, bu yil chin ma’noda xalq bilan muloqot va inson manfaatlarini ta’minlash yili bo‘ldi. Aslida har bir inson bu dunyoga hayotidan rozi bo‘lib, baxtli yashash uchun keladi va bunga uning to‘la haqqi bor. Eng muhimi, buning uchun yurtimizda muhim, mustahkam poydevor qurib olindi. Endi qolgani oson kechadi...

N.XO‘JAYEV