"Қашқадарё" ва "Новости Кашкадарьи" газеталарининг расмий веб-сайти
Ўқимоқчи бўлган газетангиз номи устига босинг!
(Нажмите на логотип газеты, которую планируете прочитать)

22 август, чоршанба.

TEMURIYLAR VA TIBBIYOT

Tipografiya

 Moziy bisotidan

TEMURIYLAR VA TIBBIYOT

Sohibqiron Amir Temur va temuriylar davrida barcha sohalar qatori tibbiyot ham rivoj topgan. Chunki buyuk Sohibqiron jismonan sog‘lik, ma’nan yetuklik farovon jamiyatga erishishning muhim omili ekanini chuqur anglagan va shunga monand harakat qilgan.

Manbalardan ma’lumki, Amir Temur saltanatida "Dor ush-shifo" nomli mahkama bo‘lib, u sog‘liqni saqlash ishlariga bevosita mas’ul tashkilot hisoblangan. Tibbiyotga oid barcha ishlar ushbu idora tomonidan rejalashtirilgan va nazoratga olingan. Unga rahbar etib hakim Mir Sayyid Sharif tayinlangan.

 Bu davrda yirik tabiblardan Hisomiddin Ibrohim Kirmoniy, Mavlono Fazlulloh Tabriziy, Mansur ibn Muhammad, Mir Sayid Jurjoniy, Mavlono Izaddin Mas’ud Sheroziy, Mavlono Farrux va boshqalar Sohibqiron saroyida xizmat qilganlar. Mavlono Jamoliddin va Mavlono Sulaymon kabi o‘z davrining mashhur tabiblari ham Sohibqiron Damashqni egallaganidan so‘ng Samarqandga olib kelingan.

Amir Temurning shaxsiy tabibi Mavlono Fazlulloh Tabriziy esa nafaqat harbiy yurishlarda, balki hayotining so‘nggi paytlariga qadar sarkarda salomatligi uchun qayg‘urgan, javobgar bo‘lgan.

Temuriylar davri tibbiyotining e’tiborli jihati shundaki, barcha shifoxonalar shifobaxsh ma’danli suvlar va buloqlar yonida qurilgan. Atrofi gulzoru bog‘lar bilan o‘ralgan. Bu ham saltanat fuqarolarining salomatligini tiklashda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan.

Xususan, temuriy malika Milkat og‘o va Mirzo Alouddavla zamonida yirik shifoxonalar qurilgan. Shifoxonalarga mashhur tabiblar jalb qilingan. Abu Said Mirzo jannatmonand Oba qishlog‘ida issiq buloq suvi bo‘yida sihatgoh qurdirgan. Husayn Boyqaro esa bu maskanni kengaytirib, turli davlatlardan noyob daraxt ko‘chatlari, gullar keltirib ektirgan.

Ma’rifatparvar shoir Alisher Navoiy ham temuriylar davri tibbiyotiga o‘z hissasini qo‘shgan. Navoiy o‘z hisobidan shifoxonalar, hammomlar va bog‘lar bunyod ettirgan. 1480-1482-yillarda Alisher Navoiy tashabbusi bilan uning sarmoyasiga Hirotda maxsus tibbiy majmua barpo etilgan. Bu majmua "Shifoiya" nomli shifoxona, "Ixlosiya" madrasasi va "Safohiya" nomli hammomdan iborat edi. "Shifoiya" qoshida tibbiy maktab ham bo‘lgan.

Darvish Ali va Mavlono Kamoliddin Mas’ud Shervoniy Gavharshod og‘o va "Ixlosiya" madrasalarida tibbiyotdan saboq berganlar. Mavlono Darvish Ali qon quyish va olish ishlarini yaxshi bilgan. Hakim Nizomiddin Abdulhay Alisher Navoiy tomonidan barpo etilgan "Dor ush-shifo"da ishlagan. U qon-tomirlar va ularning tuzilishi, davolash usullari haqidagi tibbiy bilimlarni takomillashtirgan va bu borada o‘z ilmiy kashfiyotlarini amalga oshirgan.

Bundan tashqari, temuriylar davrida yashagan tabiblar o‘zlarigacha tibbiy sohada yozilgan asarlarga sharhlar bitishgan. Mashhur tabiblardan Mansur ibn Muhammad ibn Yusuf ibn Faqix Ilyos tabobat haqida bir necha asar yaratgan. "Risola dar tashriki badani" - uning ishlaridan biri. Muallif bu kitobda suyak, asab, muskul, arterial va vena qon-tomirlari tabiati, tuzilishi, kasalliklari haqida ma’lumotlar berib o‘tgan. "Kifoyai Mansur" yoki "Kifoyai Majoxidiya" deya nomlangan kitobida u inson tanasining turli a’zolarida paydo bo‘lish ehtimoli bor kasalliklar, ularning oldini olish va davolash haqida maslahat va ilmiy xulosalarini berib o‘tgan. Ushbu kitobda oddiy va murakkab dorilar haqida tahlillar keltirilgan. Bu asarlarda tabiblarning axloq-odob meyorlari ham tilga olingani e’tiborga molik.

Alisher Navoiyning "Mahbub ul-qulub" asarida aytilishicha, tabib muloyim so‘z, ochiq ko‘ngil va kamtarin bo‘lmog‘i darkor. U donishmandlar so‘ziga amal qilib, ularga ergashmog‘i lozim, har vaqt bemor ko‘nglini ko‘taruvchi, andishali, xushfe’l bo‘lmog‘i kerak:

Tabibi hoziq xushbo‘y tan ranjig‘a shifodir,

Omayiin, tundu badho‘y el jonig‘a balodir.

(Mazmuni: Shirin so‘zli mohir tabib tan xastasiga shifodur, Badfe’l qo‘pol va nodon tabib el jonig‘a  balodir.)

Bu satrlar tabobat etikasi va estetikasi ham o‘z davriga monand go‘zal bo‘lganidan, axloq barcha sohalarda  ustunlik qilganidan dalolat beradi.

Umuman olganda, Amir Temur va temuriylar davrining tibbiyot taraqqiyoti keyingi avlodlar uchun ham tajriba berishi, o‘rnak bo‘lishi bilan ahamiyatlidir.

Manbalar asosida S.ALLAYOROVA tayyorladi.