YURIDIK KOLLEJLARGA QABUL TARTIBI QANDAY?

Ta’lim

Fuqarolar murojaatlari bilan ishlash jarayonida bilimga chanqoq, intilishlari bisyor yoshlardan yuridik kollejlarga o‘qishga kirish tartibi borasidagi savollar tushib turadi. Shubhasiz, bu ko‘pchilikni qiziqtiradigan masala. Shu sabab ushbu savolga atroflicha javob topib, keng jamoatchilikka yetkazishni maqsad qildik.

Prezidentning 2018-yil 13-apreldagi "O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorida har bir viloyatda vazirlikning yuridik kollejlarini tashkil qilish nazarda tutilgan bo‘lib, shu asosda Qarshi iqtisodiyot kolleji Qashqadaryo viloyat yuridik kollejiga aylantirildi. Unda davlat xizmatlari, kadrlar masalalari, agrar sektor, shartnomaviy masalalar, notariat, advokatura va ijro yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanadi. Viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimi bo‘yicha yuridik kolleji direktori hisoblanadi. Muassasaga qabul har bir hududning yurisprudensiya sohasi bo‘yicha o‘rta maxsus ta’limga ega bo‘lgan kadrlarga ehtiyojiga qarab, Adliya vazirligi tomonidan belgilanadigan kvotalar doirasida amalga oshiriladi. O‘qish to‘lov kontrakt asosida tashkil etiladi. Kollejni bitirgan yoshlar 2020/2021-o‘quv yilidan boshlab Toshkent davlat yuridik universitetiga hududiy adliya organlarining tanlov asosida beriladigan yo‘llanmalari bilan test sinovlarisiz, yakka tartibda suhbat o‘tkazish orqali bakalavrlar tayyorlashning maxsus uch yillik dasturi bo‘yicha qabul qilinadi. Bunda talaba o‘qishni tugatgach, yo‘llanma asosida yuborilgan tashkilotda uch yil davomida uzluksiz ishlab berish majburiyatini oladi.

 Prezident qarori ijrosini ta’minlash maqsadida qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 23-oktabrdagi "O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining yuridik kollejlarida o‘qishni tashkil qilish choralari to‘g‘risida"gi qarori bilan unga o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom ham tasdiqlandi va 2019-yil 1-apreldan kuchga kirdi.

Xo‘sh, Adliya vazirligining yuridik kollejlariga o‘qishga kirish uchun abituriyentdan qanday hujjatlar talab qilinadi?

Nizom asosida belgilangan tartibga ko‘ra, qabul komissiyasi  abituriyentdan tasdiqlangan shakldagi ariza, 11-sinf yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi  muassasasini tugatganligi haqidagi hujjatning asli va nusxasi, 3,5x4,5 santimetr o‘lchamli 6 dona rangli fotosuratni shaxsan taqdim etishni so‘raydi. Agar asos bo‘lsa, hujjat topshiruvchi arizaga 1- yoki  2-guruh nogironi ekanligi, "Mehribonlik uyi"da tarbiyalanganligi to‘g‘risidagi qaydni ham kiritishi kerak. Chunki, kam ta’minlangan oilalar farzandlari, "Mehribonlik uyi" tarbiyalanuvchilari, shuningdek, ko‘zi ojiz abituriyentlar umumiy qabul kvotalaridan tashqari, Adliya vazirligi tomonidan maxsus ajratilgan o‘rinlarga qabul qilinadi. Ularning o‘qishi qonun hujjatlariga muvofiq davlat granti asosida amalga oshiriladi.

Abituriyentlardan hujjatlarni qabul qilish tegishli o‘quv yilining 5-mayidan kechikmay tuzilgan muassasa qabul komissiyasi tomonidan 1-iyundan 20-iyungacha (shu kuni ham) qabul qilinadi. Qabul komissiyasi raisi va mas’ul kotibi adliya vazirining, qolgan komissiya a’zolari kollej direktorining buyrug‘i bilan tayinlanadi. Qabul muddati, kvota va yo‘nalishlar haqidagi ma’lumot ushbu komissiya tomonidan qabul boshlanishidan bir oy oldin kollej veb-saytida e’lon qilinadi.

Adliya vazirligi yuridik kollejlariga kirish imtihonlari "Huquqshunoslik" hamda "Ona tili va adabiyoti" fanlari bo‘yicha yozma shaklda o‘tkaziladi. Imtihon olishda 30 nafar abituriyentdan iborat guruhlar   shakllantirilib, jarayon videotasvirga tushiriladi. Ikki soat davom etadigan imtihon 9.00 da boshlanadi va  8.30 dan keyin abituriyentlar binoga kiritilmaydi. Yana shunga o‘xshash odatiy cheklovlar ham mavjud bo‘lib, imtihon o‘tadigan binoga uyali telefon, kitoblar va shpargalkalar olib kirish kabilarga yo‘l qo‘yilmaydi. Natijalarni baholash "Huquqshunoslik" fani bo‘yicha 0 dan 100 ballgacha, "Ona tili va adabiyoti" fani bo‘yicha esa 0 dan 50 ballgacha bo‘ladi. Yozma imtihon qayta o‘tkazilmaydi.

Nizomda apellyatsiya shikoyatlarini hal etish tartibi ham belgilangan bo‘lib, uni kollej direktorining buyrug‘i bilan tuziladigan apellyatsiya komissiyasi ko‘rib chiqadi. Abituriyent imtihon natijalaridan norozi bo‘lgan taqdirda, u e’lon qilingan kundan boshlab ikki ish kuni mobaynida apellyatsiya shikoyati berishi mumkin. Apellyatsiya shikoyati ikki ish kunidan ortiq bo‘lmagan muddatda ko‘rib chiqiladi va natijasi bo‘yicha qaror qabul qilinadi.

Umuman, Adliya vazirligi yuridik kollejlarining tashkil etilishi sohada kadrlarga bo‘lgan talabni kelgusida samarali qondirish imkonini berishi bilan ahamiyatli bo‘ldi.

A.OMONOV, huquqshunos