Saralangan satrlar
Bu olamda hammayam o‘ziga ma'qul ish bilan shug‘ullanavermaydi: kimdir tirikchilik vajidan, boshqa birov o‘zgalar gap-so‘zidan cho‘chib, yana kimlardir go‘yo taqdirga tan berib, allaqaylarda uloqib-adashib yuradi. Deylik, cho‘ponda katta me'mor, novvoyda so'z san'atkori, buxgalterda buyuk aktyor yashirin bo‘lishi, qo‘yib bersa, o‘zlari shu sohalarda o‘rnini topishlariga astoydil ishonishlari mumkin. Afsuski, oqibatni oqlaydigan sabablar ko‘p.
Taniqli ingliz yozuvchisi Somerset Moem qalamiga mansub "Oy va sariq chaqa" romani qahramoni Charlz Striklend ham birja sohasida yurib-yurib, yana deng, qirq yoshidan keyin o'zini rassomlikka bag‘ishlaydi.
Mutaxassislar asarga mashhur rassom Pol Gogen hayoti asos qilib olinganini ta'kidlashadi. Nomga kelsak, oy ham, sariq chaqa ham bir-biriga o‘xshaydi: kimdir chaqadan, kimdir oydan huzur tuyadi - hammasi odamning kimligiga, ma'naviy saviyasiga bog‘liq.
Somerset Moem nomi o‘zbek o‘quvchilariga yaxshi tanish. Adibning "Oy va sariq chaqa", "Notanish odam Parijda", "Teatr" kabi romanlari tilimizga o‘girilgan.
Moem London tibbiyot maktabida o‘qigan, biroq vrachlikdan voz kechib, o‘zini yozuvchilikka bag‘ishlagan. Asosan Fransiyada yashab, 60 yillik ijodiy faoliyati davomida ko‘plab romanlar, hikoya va adabiy etyudlar yozgan. Birinchi jahon urushi davrida Britaniya razvedkasi xodimi sifatida bir qancha mamlakatlar, shu jumladan, Rossiyada ham bo‘lib, taassurotlarini badiiy ifoda etgan.
Quyida "Oy va sariq chaqa" romanidan olingan parchalar bilan tanishasiz.
* * *
Bu narsa ko‘proq odamning o‘ziga emas, balki shart-sharoitga va u yashaydigan makonga bog‘liq. Vaziyatning o‘zgarishi tufayli uning mashhurligi ko‘pincha o‘z-o‘zidan qumga singgan suvday yo‘qolib ketishi hech gap emas. Bosh ministr egallagan mansabisiz ezma maqtanchoqqa, general esa armiyasiz bor-yo‘g‘i mahalliy ahamiyatga ega bo‘lgan sherga aylanadi.
* * *
San'atdagi eng muhim narsa deb ijodkor shaxsiyatini tushunaman, agar u original bo‘lsa, barcha nuqsonlarini kechirishga tayyorman.
* * *
San'atga hunar deb qarash, uni faqat hunarmand odamlargina tushunadi, deyish tamomila xatodir. San'at tuyg‘ularni namoyish etish shakli, tuyg‘u esa hamma tushunadigan tilda ifodalanadi. San'at texnologiyasini amaliy jihatdan unchalik tushunmaydigan tanqidchilik esa hech qachon salmoqliroq gap ayta olmaydi, degan fikrga qo‘shilaman.
* * *
Inson tabiatida afsonalar to‘qishga ishtiyoq kuchli bo‘ladi. Shuning uchun ham odamlar o‘zlariga o‘xshagan kishilarning hayoti to‘g‘risida hammani hayron qoldiradigan va sirli hikoyalar to‘qishga intilishadi. Keyinchalik o‘zlari to‘qishgan afsonalarga o‘zlari ham ishonib qolishadi. Bu o‘rtamiyona hayotga qarshi romantikaning isyonidir.
* * *
Ba'zan odam o‘z davridan nariroq o‘tib o‘zga davrlarda ham yashaydi.
* * *
Ko‘pgina er-xotinlar tarixi shu tarzda kechadi. Bunday hayotning o‘ziga xos jozibasi, sehri bor. Bunday hayot ko‘m-ko‘k maysazorlar oralab quyuq daraxtlar tagidan jildirab oqayotgan, lekin dengizga borib quyilmaydigan, osoyishta irmoqchani eslatadi. Lekin dengiz shu qadar osoyishta va befarqki, beixtiyor qalbingga to‘satdan qandaydir g‘am-anduh kirib oladi. Ehtimol, bu narsa o‘sha vaqtlardayoq ma'lum bo‘lib, shaxsiyatimdagi o‘ziga xos g‘alatilik nishonasidir. Ko‘pchilikning bunday qismati hamma vaqt menga chuchmal tuyulardi. Men buning ijtimoiy qimmatini, insonni baxtiyor etishdagi o‘rnini e'tirof etardim-u, qaynoq qonim esa qandaydir boshqacha, isyonkorona hayotni qo‘msardi shekilli. Bunday tabiiy quvonchlar negadir meni cho‘chitardi. Mening yuragim xavf-xatarliroq hayotga intilardi. Hayot yo‘limda suv osti qoyalariyu xiyonatkor sayozliklar uchrasa ham mayli, lekin u bir tekisda, zerikarli o‘tmasin, toki kutilmagan, to‘satdan paydo bo‘ladigan quvonchni anglash imkoni bo‘lsin.
* * *
Odamlar fikridan qo‘rqish inson tuyg‘ulariga nosamimiylik soyasini tashlaydi.
* * *
Atrofdagi barcha odamlar qoralab turganligini ko‘rib turib ham odam bemalol yashashini hech tushunmayman! Ertami-kechmi bu narsa baribir sizga azob beradi. Hammamizda ham vijdon bor, qachonlardir baribir muqarrar ravishda uyg‘onadi.
* * *
Aksariyat odamlar boshqalarning men to‘g‘rimdagi fikrlariga e'tibor bermayman deyishganda, ko‘pincha o‘zlarini aldashadi. Odatda, ular o‘zlari xohlaganday ish yuritishadi va bu tufayli ularni hech kim tentaklikka yo‘ymasliklariga umid qilishadi. Ba'zida esa ko‘pchilikning fikriga qarshi ish tutishadi, zero bu holatda o‘z yaqinlarining istagiga muvofiq ish yuritgan bo‘lishadi. Agar ma'lum rasm-rusumlar do‘stlaringiz tomonidan qabul qilingan bo‘lsa, ularni pisand qilmaslik unchalik to‘g‘ri emas. Bu holatda odam o‘z shaxsiyatiga haddan tashqari e'tibor bergan bo‘ladi. O‘z jasoratiga mahliyo bo‘lib xavf-xatar tuyg‘usini unutib qo‘yadi. Lekin mashhurlikka intilish ishtiyoqi madaniy odamlarning hech qachon so‘nmaydigan eng jo‘shqin ishtiyoqidir. Atrofdagilarning fikri men uchun sariq chaqa deb ishontirmoqchi bo‘lganlarga ishonmayman. Bu quruq maqtanchoqlik, xolos. Mohiyat-e'tibori bilan bunday odamlar shunchaki mayda-chuyda ta'nalarga unchalik e'tibor bermasligi mumkin. Chunki ular bunday gap-so‘zlarga ko‘pchilik uncha ishonavermasligini yaxshi bilishadi.
* * *
Mening nazdimda jamiyat o‘z xavfsizligini muhofaza qilish uchun ishlab chiqqan qoidalar odamlardagi vijdon tufayligina amalga oshadi. Shu boisdan, vijdonni qoidalarning bajarilishi ustidan nazorat qiladigan posbon, mirshab desa bo‘ladi. Boshqacha aytganda, bizning "men"ligimizni belgilab turadigan asosiy a'zoyimizdagi josus bu.
* * *
Inson shuhratga o‘ch bo‘ladi, ba'zida shuhrat uchun yovuz dushmanga eshikni ochib berishga ham tayyor turadi. Dushman esa bunday odamni yaltoqilik bilan o‘z tarafiga og‘diradi, to‘dadan ajrab inson bo‘lib shakllanishiga yo‘l qo‘ymaslikka intiladi. Chinakam inson jamiyat farovonligi shaxsiy farovonlikdan yuqori turishini anglay boshlaydi. Insonni insoniyat, jamiyat bilan bog‘lab turgan rishtalar juda mustahkam rishtalardir. Bir kuni u dunyoda shaxsiy manfaatlardan ham yuqori turuvchi manfaatlar borligi to‘g‘risidagi fikrga keladi, keyinchalik shu e'tiqodining quliga aylanadi, unga sajda qila boshlaydi, buni tan olmagan odamlarni qoralashga tushadi. Zero, u endi shu jamiyatning a'zosi bo‘lgach, bundaylarga qarshi chorasiz ekanligini anglaydi.
* * *
Go‘zallik g‘aroyib va har kimga ham nasib etavermaydigan, san'atkor ahli og‘ir ruhiy iztiroblar tufayligina dunyoga keltiradigan noyob hodisa. U kashf qilingandan keyin ham hammaning tishi unga o‘tavermaydi. Go‘zallik san'atkor bizga chalib beradigan kuy. Yuragimizda bu kuy aks-sado berishi uchun bilim, hissiyot, fantaziya kerak odamga.
* * *
Odam shunchalik tez o‘zgarib turuvchi xilqatki, uni tushunish butunlay mumkin emasdir.
* * *
Sevgi - butun vujudni qamrab oladigan tuyg‘u. U odamni o'zligidan mahrum etadi, hatto kelajakni oldindan aniq ko‘ra oladigan odamlar ham bu masalada bashorat qila olmaydilar. Sevgi odamning butun jon-tanini qamrab oladi, xom xayollarga to‘ldiradi. Shunday bo‘lsa-da, yana ko‘proq sevaveradi, o‘zligidan mahrum bo‘ladi. U endi shaxs bo‘lmay qoladi, maqsadga erishish yo‘lidagi narsa qurolga aylanadi.
* * *
Hayot g‘oyat shafqatsiz. Hech kim bu dunyoda ne sababdan yuribdi-yu, qayoqqa ketayotganini bilmaydi. Itoatkorlik hammamizga xos xususiyat. Biz xotirjamlikning g‘animatligini qadrlamog‘imiz kerak. Toki qismat bizni topmaguncha hayotda ham xotirjam va tinchgina yashashni o‘rganmog‘imiz lozim. Oddiy odamlardagi sevgining qadrini bilmoq joiz. Ularning omiligi bizning bilimdonligimizdan yaxshiroq. Bamaylixotir, yaratganning berganiga shukrona qilib, itoatkorlik bilan yashamoq kerak. Hayotning butun falsafasi shu.
* * *
Odamlar go‘zal so‘zini shu qadar beparvo talaffuz etadilarki, natijada bu so‘z o‘z ma'nosini yo‘qotadi-da, fikr yuritilayotgan narsa go‘zalligi va ulug‘ligidan mahrum bo‘ladi. Bir so‘z bilan aytganda odamlar ko‘ylak, it, nasihatni go‘zal deb tasvirlashadi, haqiqiy go‘zallikka duch kelishganda, uni ifodalashga so‘z topolmay qoladilar.
* * *
Yozuvchi hukm chiqarishdan ko‘ra ko‘proq o‘rganishga da'vat etilgan.
* * *
Erkakning yuragi koinotning yuksak kengliklariga intiladi, ayol esa uni hisob-kitob daftarchasining ichiga yashirmoqchi bo‘ladi.
* * *
Biz boshqalar ustidan hukm-ronligimizni ko‘proq ongsiz ravishda ularning bizning fikrimizga qanday munosabatda bo‘lishlariga qarab belgilaymiz, ta'sirimizga tushishni istamaydiganlarni yomon ko‘ra boshlaymiz. Inson g‘ururi uchun bundan ko‘ra shafqatsizroq alam yo‘q.
* * *
O‘ziga niqob kiyib yuradigan odam vaqt o‘tishi bilan bu niqobga o‘rganib qoladi va haqiqatan ham avvaliga qanday ko‘rinmoqchi bo‘lsa, o‘shanga o‘xshab qoladi. Lekin o‘z kitobi va rasmlarida u o‘zini himoya qila olmaydi. Uning da'volari esa havoyiligini ko‘rsatadi. Tarasha tarashaligicha qoladi-da. Hech qanday kuchanishlar o‘rtamiyona asarni oliy asarga aylantira olmaydi. Didli zarshunos eskizdayoq uni yaratgan rassomning qalbini ko‘ra oladi.
* * *
Har bir odam mis minoraga qamalgan va o‘z qardoshlari bilan imo-ishoralar orqaligina muomala qilishi mumkin. Lekin bu belgilar hamma uchun ham bir xil emas va shu tufayli barcha uni tushunavermaydi. Biz boshqalar bilan o‘z qalb xazinamizni zo‘r berib baham ko‘rmoqchi bo‘lamiz, lekin ular bundan qanday bahramand bo‘lishni bilishmaydi. Zero, biz hayotda ular bilan birgalikda yelib boramiz. Lekin ularni doimo ham tushunavermaymiz, ular ham bizni tushunavermaydi. Biz begona yurtda bu yerdagilarning tilini deyarli bilmasdan yashayotgan odamlarga o‘xshaymiz. Ular bizga juda ko‘p ajoyib teran fikrlarni aytmoqchi bo‘lishadi-yu, ammo biz tushunishimiz uchun eng sodda so‘zlarni gapirishadi. Ularning miyasida bir-biridan qiziqroq g‘oyalar g‘ujg‘on uradi-yu, biroq o‘ta sodda so‘zlar bilan cheklanishadi.
B.SAYFIYEV tayyorladi.
